Respublikada moyli ekinlar yetishtirishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

Respublikada moyli ekinlar maydoni va hosildorligini oshirish orqali o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos, serhosil, moydorligi yuqori, sho‘r va qurg‘oqchilikka bardoshli moyli ekinlarning nav va duragaylarini yaratish hamda birlamchi urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermerlari kengashi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining respublika hududlarida moyli ekinlar urug‘liklarini yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan tumanlar to‘g‘risidagi takliflari 1-ilovagamuvofiq ma’qullansin.
  2. Belgilansinki:
  3. a) hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan maydonlarning 5 foizigacha almashlab ekish tizimida moyli ekinlar ekilishiga ruxsat beriladi hamda moyli ekinlar bir dalada 2 yildan ortiq ekilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  4. b) kungaboqar ekinining tuproq unumdorligiga ta’sirini inobatga olib, asosiy va takroriy maydonlarga ekilgan kungaboqar ekinidan keyin siderat (raps, xantal, javdar, tritikale va boshqalar) ekinlarini ekish va tuproq ostiga shudgor qilish amaliyoti qo‘llaniladi;
  5. v) Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi asosiy va takroriy maydonlarga ekilgan kungaboqar ekinidan keyin siderat (raps, xantal, javdar, tritikale va boshqalar) ekinlari ekishni kosmik tasvirlar orqali monitoring qilib boradi;
  6. g) qayta ishlovchi yog‘-moy korxonalari bilan mahsulot yetishtiruvchi subyektlar o‘rtasida moyli ekinlar hosilini xarid qilish bo‘yicha shartnomalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimi orqali tuziladi.

Bunda shartnomalarga asosan fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi subyektlariga moyli ekinlar hosilini yetishtirish va xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 15-dekabrdagi PQ-52-son qarorida belgilangan shartlarda imtiyozli kreditlar ajratiladi.

  1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari har yili 15-fevralga qadar moyli ekinlar yetishtiruvchi subyektlarning takliflari asosida hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, ekiladigan moyli ekinlarning turi va miqdori bo‘yicha ma’lumotlarni tumanlar (Quvasoy shahar) kesimida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etib borsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:

2026-yil hosilidan boshlab, moyli ekinlar yetishtiriladigan maydonlarning aniq hisob-kitobini yuritsin va ushbu ekin maydonlarining 500 gektarida ilmiy asoslangan almashlab ekish tizimini joriy qilsin;

har yili fevral oyida Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi sohasida “E-urug‘” axborot tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 18-martdagi 166-son qarorida belgilangan tartibda moyli ekinlar urug‘liklarini yetishtirishga ixtisoslashgan 57 ta tumanda va Quvasoy shaharda moyli ekinlar urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun fermer xo‘jaliklari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi subyektlari o‘rtasida tanlovlar o‘tkazsin;

har yili may oyida moyli ekinlar urug‘liklarini yetishtirish huquqiga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi subyektlarining ekin maydonlarida mahalliy va xorijiy hamkorlar bilan shartnoma asosida moyli ekinlar navlari va duragaylarining 50 tonna yuqori avlodli urug‘liklari yetishtirilishini yo‘lga qo‘ysin;

har yili avgust oyida sohaning olim va mutaxassislarini jalb qilgan holda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan va lalmi yerlarda zamonaviy agrotexnologiyalar asosida moyli ekinlar yetishtirish, ularni qayta ishlash, eksport qilish bo‘yicha seminar-treninglar, shuningdek, moyli ekinlarning urug‘chilik tizimi rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish ishlarini tashkil etsin;

urug‘lik maydonlaridan kelgusi yil hosili uchun belgilangan tartibda moyli ekinlar urug‘liklari jamg‘arilishini hamda muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan urug‘liklarni mahsulot yetishtiruvchi subyektlarga yetkazib berilishini ta’minlasin;

suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan va lalmi yerlarda moyli ekinlarni tuproqqa “nol” ishlov berish (No-Till) texnologiyasi asosida yetishtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlarni olib borsin.

  1. Respublikada moyli ekinlar yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha 2025 — 2027-yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi 2-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:

O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti Moyli va tolali ekinlar ilmiy-tajriba stansiyasining (keyingi o‘rinlarda — Stansiya) 61 gektar yer maydonida hamda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tarkibidagi ilmiy muassasalarning yer maydonlarida moyli ekinlar urug‘liklarini yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlarga shartnoma asosida har yili moyli ekinlarning kamida 50 tonna superelita avlodli urug‘liklarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘ysin;

2026-yil yakuniga qadar Stansiyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jumladan, laboratoriyalarni yangi zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlash, urug‘liklarni tozalash, saralash va qadoqlash uskunalarini xarid qilish uchun turli manbalardan investitsiyalarni hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2025-yil sentabr oyidan boshlab ilm-fan yutuqlari asosida respublikamizda moyli ekinlar yetishtirishni yanada rivojlantirish maqsadida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida:

turli tuproq-iqlim sharoitlariga mos, serhosil, doni to‘kilmaydigan, yuqori moydorlikka va iste’mol sifatiga ega bo‘lgan, sho‘rga, qurg‘oqchilikka hamda kasallik va zararkunandalarga bardoshli moyli ekinlarning mahalliy navlarini yaratish va birlamchi urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish;

yetakchi xorijiy davlatlar tajribalari, ilg‘or ilm-fan yutuqlari asosida moyli ekinlar yetishtirish bo‘yicha maqsadli fundamental, amaliy va innovatsiya loyihalarining moliyalashtirib borilishini tashkil etsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda moyli ekinlar yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  2. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2025-yil 14-iyul,

438-son