Qishloq xo‘jaligida raqamli islohotlar: shaffoflik va samaradorlik sari
Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Valijon Hasanov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda agrar sohada raqamli yechim sifatida keng joriy qilingan “AgroTarozi” platformasi va “Hosil qabuli” tizimlari va boshqa raqamlashtirish loyihalari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Bu tizimlar nafaqat hosilning qabul jarayonini tartibga solmoqda, balki tarozi nazoratida inson omilini kamaytirib, hisob-kitoblarni shaffoflashtirmoqda. Endilikda fermerlar ham, xaridorlar ham natijaga ishonch bilan qarashi mumkin.
Muhokamalarning asosiy mavzusi esa Inspeksiya faoliyatida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan joriy etilgan tizim va ma’lumotlardan foydalanish bo‘ldi. Bunday uyg‘unlik kelgusida butun agrar sohada nazorat va tahlil jarayonlarini yanada samarali yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Shuningdek, Vazirlik va Markaz mutaxassislari shu kungacha ishlab chiqilgan axborot tizimlari haqida batafsil to‘xtalib, ularning imkoniyatlari va istiqboldagi vazifalarini ham taqdim etdi.
Darhaqiqat, raqamli texnologiyalar bugun qishloq xo‘jaligi sohasida shunchaki yangilik emas, balki taraqqiyot garovi bo‘lib bormoqda. Shunday uchrashuvlar esa bu jarayonning amalda qanday natija berayotganini, ertangi kun uchun qanday yo‘nalishlarni belgilab berishini ko‘rsatib turibdi.
