Paxta qabulida shaffoflikni ta’minlash — ustuvor vazifa
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yilgi paxta terimi va qabul jarayonlari, shuningdek, kuzgi g‘alla ekish ishlariga tayyorgarlik masalalari keng muhokama qilindi.
Yig‘ilishda, avvalo, paxta qabulida joriy etilgan zamonaviy tizim — “AgroTarozi” platformasi bo‘yicha mas’ullar hisobot berdi. Vazir ta’kidlaganidek, ushbu tizim nafaqat paxta qabulida shaffoflikni ta’minlaydi, balki fermerlar mehnatini adolatli baholashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois mas’ullarga tizimni yanada takomillashtirish va barcha qabul maskanlarida uning to‘liq ishlashini ta’minlash yuzasidan qat’iy topshiriqlar berildi.

Shuningdek, yig‘ilishda paxta qabul qilish bo‘yicha tashkil etilgan ishchi guruhlar faoliyati ham ko‘rib chiqildi. Ularning joylardagi ishlari, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etishdagi samaradorligi alohida e’tiborga olindi.
Bundan tashqari, paxta qabul maskanlaridagi laboratoriya va tarozixonalar o‘rtasida to‘liq integratsiyani yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi. Ushbu integratsiya paxta sifatini haqqoniy baholash hamda jarayonlarni soddalashtirishda katta imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda nafaqat paxta mavsumi, balki kelgusi yil hosildorligi uchun muhim bo‘lgan kuzgi g‘alla ekish ishlari ham muhokama qilindi. Vazir ekish ishlari belgilangan muddatlarda va agrotexnik talablarga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirilishi lozimligini ta’kidladi hamda mas’ullarga aniq vazifalar yukladi.
