O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-son Farmoni hamda “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 8-apreldagi PQ-136-son qarori ijrosini ta’minlash hamda qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish orqali qishloq xo‘jaligi subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
- O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksigamuvofiq:
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar foydalanish turiga ko‘ra — qishloq xo‘jaligi yerlariga va qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlarga hamda suv bilan ta’minlanish darajasiga ko‘ra — sug‘oriladigan yerlarga va sug‘orilmaydigan yerlarga bo‘linishi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlarda ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga muvofiq yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan obyektlarni joylashtirishga (qurishga) yo‘l qo‘yilishi, bunda mazkur yerlar ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga asosan qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlar sifatida hisobga olinishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
- Belgilab qo‘yilsinki:
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlarda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan obyektlarni joylashtirishdan (qurishdan) oldin tegishli axborot tizimlari orqali ariza beruvchida ushbu uchastkasiga ijara huquqining mavjudligi, davlat yer kadastri bo‘yicha yer uchastkasining jami maydoni, shundan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va ular tarkibidagi sug‘oriladigan yerlar maydoni tekshiriladi;
ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasida yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan obyektlarni yer uchastkasi tarkibidagi sug‘orilmaydigan yerlarga joylashtirish (qurish) nazarda tutiladi;
yengil konstruksiyali qurilmalar va vaqtincha qurilmalar joylashtirishni (qurishni) nazarda tutuvchi ichki xo‘jalik yer tuzish loyihalari tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan, kapital bino va inshoot hisoblangan qurilish obyektlarini joylashtirishni (qurishni) nazarda tutuvchi ichki xo‘jalik yer tuzish loyihalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan tasdiqlanadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan tasdiqlangan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlarda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan obyektlarni joylashtirishni (qurishni) nazarda tutuvchi ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasi Vazirlar Mahkamasining “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2022-yil 20-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan qurilish sohasiga oid ma’muriy reglamentlarga muvofiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish, obyektlarni qurishga ruxsat beruvchi hujjatlarni olishda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi;
obyektlar joylashtirilgan (qurilgan) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlar alohida yer uchastkasiga bo‘linmaydi, joylashtirilgan (qurilgan) obyektlarni alohida sotishga ruxsat etilmaydi (yer uchastkasining foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda unga bo‘lgan huquq va majburiyatlarni obyekt bilan birga boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijara berish) holatlari bundan mustasno);
chorvachilik yo‘nalishlarida ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlarda ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga muvofiq 1 gektardan ko‘p bo‘lmagan, biroq ijaraga berilgan kontur maydonining bir foizidan oshmagan qismida qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlarni (chorva mollarini parvarishlash va saqlash, yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar, saralash va qadoqlash joylari, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari qurilmalari va hovuzlari, transformator stansiyalari, muqobil energiya inshootlari, dala shiyponi, texnika parki hamda Foydalanish maqsadlari bo‘yicha kapital qurilish obyektlarining klassifikatorida nazarda tutilgan boshqa obyektlar) joylashtirishga ruxsat etiladi;
chorvachilikdan boshqa yo‘nalishlarda ijaraga berilgan yerlarda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan obyektlarni (yengil konstruksiyali issiqxonalar va muzlatkichli omborxonalar, saralash va qadoqlash joylari, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari qurilmalari va hovuzlari, transformator stansiyalari, muqobil energiya inshootlari, dala shiyponi, texnika parki hamda Foydalanish maqsadlari bo‘yicha kapital qurilish obyektlarining klassifikatorida nazarda tutilgan boshqa obyektlar) joylashtirishga (qurishga) yo‘l qo‘yiladigan yer maydoni 20 sotixdan, biroq ijaraga berilgan kontur maydonining bir foizidan oshmasligi kerak;
yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan obyektlarni joylashtirishga (qurishga) yo‘l qo‘yiladigan ayni bir yer maydoni bir marta belgilanadi, kelgusida ushbu obyekt turini o‘zgartirishga xizmat ko‘rsatuvchi yer maydonini oshirmaslik sharti bilan yo‘l qo‘yiladi;
tumanlar (shaharlar) hokimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan tasdiqlangan ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasi davlat yer kadastrida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yer uchastkasini qishloq xo‘jaligi yeridan qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yer sifatida hisobga olish uchun asos bo‘ladi;
ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi qishloq xo‘jaligi yeridan qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerga o‘zgartirilgan taqdirda, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rni yer uchastkasining o‘zgargan qismi bo‘yicha yer ijarachisi tomonidan qoplanadi;
qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlar joylashtirilgan (qurilgan) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlar yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazilmaydi, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar toifasidagi yerlar sifatida hisobga olinmaydi va xususiylashtirilmaydi;
qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlar joylashtirilgan (qurilgan) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlarga nisbatan yer solig‘i miqdori 2026-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun belgilangan tartibda hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-son Farmoniga muvofiq “E-auksion” savdo platformasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha elektron onlayn-auksion savdolarida g‘olib bo‘lgan yer ijarachilari yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq dehqonchilik yo‘nalishida erkin faoliyat yuritadi;
fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining ixtisosligi yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq aniqlanadi.
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yil uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilashda ushbu qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksigategishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha taklif kiritsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlarda chorva mollarini parvarishlash va saqlash, yengil konstruksiyali issiqxonalar va muzlatkichli omborxonalar, saralash va qadoqlash joylari, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari qurilmalari va hovuzlari, transformator stansiyalari, muqobil energiya inshootlari, dala shiyponi, texnika parki va Foydalanish maqsadlari bo‘yicha kapital qurilish obyektlarining klassifikatorida nazarda tutilgan boshqa obyektlarni joylashtirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqqan yer ijarachilari murojaatlari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plagan holda, O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 441-moddasiga muvofiq xulosalar Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan umumlashtirilishini;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlar qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlarga o‘zgartirilgan taqdirda, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rni qoplanishini ta’minlasin.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda 2025-yil 31-dekabrga qadar:
chorva mollarini parvarishlash va saqlash, yengil konstruksiyali issiqxonalar va muzlatkichli omborxonalar, saralash va qadoqlash joylari, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari qurilmalar va hovuzlari, transformator stansiyalari, muqobil energiya inshootlari, dala shiyponi, texnika parki va boshqa ruxsat etilgan obyektlar joylashtirilgan (qurilgan) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlar hamda yer fondining boshqa toifalari tarkibidagi maydonlarni xatlovdan o‘tkazsin;
xatlov natijalariga ko‘ra bunday turdagi yerlarni qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlar sifatida hisobga olish, zaruratga ko‘ra yer fondi toifasini o‘zgartirish masalasini hal qilish, yer solig‘i miqdorini qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar sifatida belgilash bo‘yicha qaror qabul qilish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga kiritsin.
- “O‘zbekkosmos” agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi:
ikki oy muddatda davlat yer kadastrida qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlar sifatida hisobga olingan yer uchastkalari haqidagi ma’lumotlarni onlayn rejimda almashish imkoniyatini yaratsin;
kosmik va aerosuratlar orqali ushbu yerlardan foydalanishda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilinishi ustidan doimiy ravishda nazorat o‘rnatilishini ta’minlasin.
- Vazirlar Mahkamasining “Yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari va kapital qurilish obyektlarining yagona klassifikatorini amalga kiritish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 30-sentabrdagi 614-son qarorigailovagamuvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
- Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-sentabr,
594-son