Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan foydalanishni kengaytirish va qishloq xoʻjaligi quyi boʻgʻinida boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

[Koʻchirma]

Iqtisodiyot tarmoqlarida, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni boshqarishda samaradorlikni oshirish, iqlim oʻzgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish monitoringini rivojlantirish, energetika sohasida nazoratni kuchaytirish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

  1. Quyidagilar iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan foydalanishni kengaytirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

(a) geologiya, yer munosabatlari va ekologiya sohalarida qonunchilik buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash maqsadida yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoringi oʻtkazilishini yoʻlga qoʻyish;

(b) masofaviy nazorat mexanizmlarini joriy etishni jadallashtirish orqali boshqaruv jarayonida inson omilini qisqartirish, hududlarda shakllantirilayotgan maʼlumotlar aniqligini oshirish;

(v) gidromodul rayon hududlari chegaralari va xaritalarini qayta koʻrib chiqish, yangilash, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida samaradorlikni oshirish;

(g) suv sathini oʻlchaydigan hisoblagichlarni oʻrnatish va ularni aerokosmik maʼlumotlar bilan integratsiya qilish orqali haqiqiy suv hajmi boʻyicha ishlash tizimiga oʻtish.

II. Aerokosmik maʼlumotlardan foydalanishni kengaytirish

  1. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan quyidagi holatlarni aniqlash maqsadida yiliga kamida uch marta davlat kosmik monitoringi oʻtkaziladi:

(a) geologiya sohasida — yer qaʼridan oʻzboshimchalik bilan foydalanish, shu jumladan, ruxsatnomada koʻrsatilgan hududdan tashqariga chiqish;

(b) yer munosabatlari sohasida — yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish hamda ularda bino va inshootlar qurish;

(v) ekologiya sohasida — mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish, shuningdek, noqonuniy yangi chiqindi zonalari vujudga kelishi.

  1. Davlat kosmik monitoringi doirasida shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya qilgan holda (shu jumladan, maʼlumotlar egasizlantirilgan holda) 2026-yil 1-martga qadar 1-ilovagamuvofiq vazirlik va idoralarning elektron tizimlarini Agentlikning “Space Gov Monitoring” markazlashgan yagona platformasi (keyingi oʻrinlarda — SGM platformasi)ga integratsiya qilish taʼminlansin. Bunda vazirlik va idoralar rahbarlari integratsiya qilinadigan axborot tizimlari hamda beriladigan maʼlumotlardan oqilona va maqsadli foydalanish boʻyicha javobgar etib belgilansin.
  2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2026-yil 1-martdan boshlab:

(a) Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Kadastr agentligi oʻzi aniqlagan huquqbuzarlik holatlari boʻyicha maʼlumotlarni onlayn ravishda tegishli konturlar kesimida raqamli koʻrinishda integratsiya orqali SGM platformasiga taqdim etib boradi. Bunda maʼlumotlar ogohlantirish berilgani, huquqbuzarlik bartaraf etilgani, hujjatlar prokuratura va sud organlarida koʻrib chiqilayotgani toʻgʻrisidagi belgilarni oʻz ichiga oladi;

(b) Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Kadastr agentligi aniqlagan huquqbuzarlik holatlari boʻyicha oxirgi yuborilgan maʼlumotlar bilan Agentlik tomonidan aniqlangan holatlar taqqoslanib, faqat yangi aniqlangan holatlar SGM platformasiga kiritiladi. Bunda taqqoslash natijalari boʻyicha kiritilgan qaydlar vazirlik va idoralar tomonidan joyiga chiqib oʻrganish uchun yakuniy maʼlumot sifatida inobatga olinadi;

(v) Agentlik Bosh prokuratura bilan birgalikda davlat kosmik monitoringi doirasida taqdim etilgan kosmik maʼlumotlar asosida vazirlik va idoralar tomonidan huquqbuzarlik holatlari bartaraf etilgan deb topilgan holatlar boʻyicha qayta nazorat oʻrnatadi va haqiqatda huquqbuzarlik bartaraf etilganligi holatini monitoring qilib boradi.

  1. Belgilansinki, Agentlik tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Oʻrmon agentligi) bilan birgalikda 2026-yildan boshlab har kalendar yil yakuniga qadar respublika boʻyicha kosmik texnologiyalar imkoniyatidan kelib chiqqan holda daraxtzorlarning (bundan maydoni 0,002 gektardan kichik uchastkalar va choʻllardagi daraxtzorlar mustasno) noqonuniy kesilishini kosmik monitoring orqali aniqlash yoʻlga qoʻyiladi. Bunda Agentlik tomonidan amalga oshiriladigan ishlar bilan bogʻliq xarajatlar Agentlikka Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
  2. Belgilab qoʻyilsinki, Agentlikning yakuniy maʼlumotlari asosida aniqlangan hamda vakolatli organlar tomonidan 2-ilovadagiroʻyxatda koʻzda tutilgan holatlar boʻyicha qoʻllangan taʼsir choralari, shu jumladan, jarima va zarar boʻyicha undiriladigan mablagʻlarning 10 foizi Agentlikka yoʻnaltiriladi.
  3. Belgilansinki, kosmik tadqiqotlar oʻtkazish va uning natijalaridan foydalanishni kengaytirish maqsadida 2026-yildan boshlab quyidagi loyihalar sinov tariqasida amalga oshiriladi:

(a) energetika sohasida — Energetika vazirligi tomonidan Agentlik bilan birgalikda Agentlik imkoniyatlaridan foydalangan holda:

(i) elektr uzatish tarmoqlaridagi nosozliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 2026-yil 1-avgustga qadar Toshkent viloyati Boʻka tumanida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari holati aerokosmik monitoringdan oʻtkaziladi;

(ii) “yashil” energetikani rivojlantirish maqsadida 2026-yil 1-oktabrga qadar Surxondaryo viloyatida quyosh panellarini joylashtirish va yuqori samaradorlikka erishish imkoniyati mavjud boʻlgan maydonlar aniqlanadi;

(b) transport sohasida — Transport vazirligi tomonidan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda Agentlik bilan birgalikda temir yoʻllar holatini tezkor nazorat qilishga oʻtish maqsadida Agentlik imkoniyatlaridan foydalangan holda 2026-yil 1-oktabrga qadar Toshkent — Angren yoʻnalishidagi temir yoʻlda aerokosmik monitoring amalga oshiriladi;

(v) avtomobil yoʻllari sohasida — Agentlik tomonidan Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda avtomobil yoʻllari sohasidagi qurilish va taʼmirlash ishlarida shaffoflikni oshirish maqsadida 2026-yil 1-oktabrga qadar “A-373” Toshkent — Angren avtomobil yoʻlida aerokosmik monitoring oʻtkaziladi. Bunda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi mazkur yoʻlni qurish va taʼmirlash boʻyicha tuzilgan barcha hujjatlarni Agentlik soʻroviga asosan taqdim etadi;

(g) kosmik taʼlim yoʻnalishida — Agentlik tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda hududlarda kosmik taʼlimni keng targʻib qilish va yoshlarni kosmik sohaga jalb qilish maqsadida 2026-yil 1-dekabrga qadar “maktabdan — oliygohgacha” zanjiri asosida sunʼiy intellekt, STEMga asoslangan oʻquv dasturi va VRga asoslangan “SpaceBuzz” misolida raketa modelini joriy etish orqali kosmik taʼlim loyihasi amalga oshiriladi. Bunda mazkur kichik bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PQ-358-son qaroriga asosan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.

(d) suv xoʻjaligi sohasida — Agentlik Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar davlat kosmik monitoringi doirasida Qashqadaryo viloyatidagi bitta tumanning iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, suv isteʼmoli hajmini moslashtirish maqsadida davlat kosmik monitoringi uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida yerusti nazorat uskunalarini joylashtiradi. Bunda Suv xoʻjaligi vazirligi ushbu nazorat uskunalarining uzluksiz ishlashini taʼminlaydi.

  1. Agentlik tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning 7-bandidanazarda tutilgan loyihalarning natijalari asosida tegishli tajribani butun respublika miqyosida tatbiq etish yuzasidan takliflarni 2026-yil 1-dekabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
  2. Bosh prokuratura Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi, Kadastr agentligi, Adliya vazirligi hamda Agentlik bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar tegishli hududlarda avval “yashil” hududlar, sport maydonchasi, bolalar oʻyingohi, umumiy oʻrta taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalari, tegishli hududlarda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yerlarni boshqa maqsadlar, shu jumladan, bino-inshootlar qurish uchun berib yuborish holatini aniqlasin hamda tegishli choralar koʻrib, tahliliy maʼlumotnomani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin. Bunda Agentlik tomonidan amalga oshiriladigan ishlar bilan bogʻliq xarajatlar Agentlikka Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
  3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Oʻrmon agentligi Agentlikning kosmik monitoring maʼlumotlari orqali aniqlangan daraxtzorlar noqonuniy kesilishi holati boʻyicha:

(i) maʼlumot taqdim etilgan kundan boshlab besh kun ichida joyiga chiqib oʻrganish ishlarini tashkil etadi va tasdiqlovchi hujjatlarni integratsiya orqali SGM platformasiga kiritadi;

(ii) belgilangan tartibda qonuniy choralar koʻrilgan kundan soʻng bir kun ichida bu haqdagi maʼlumotlarni Agentlikka taqdim etadi. Bunda 2026-yil 1-martdan boshlab ushbu maʼlumotlar integratsiya orqali raqamli koʻrinishda SGM platformasiga kiritib boradi;

(b) 2026-yil 1-martdan boshlab boshoqli don ekinlaridan boʻshagan (oʻrimdan soʻng) yer maydonlarida somonpoyalar va ularning qoldiqlarini yoqish (dalalar yoqilishi) kabi salbiy holatlarga chek qoʻyish va nazorat tizimlarini rivojlantirish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Agentlikning kosmik monitoring maʼlumotlari asosida:

(i) har yili somonpoyalarni yoqish holatlari boʻyicha maʼlumot taqdim etilgan kundan boshlab bir kun ichida joyiga chiqib oʻrganish ishlarini tashkil etadi va tasdiqlovchi hujjatlarni integratsiya orqali SGM platformasiga kiritadi;

(ii) belgilangan tartibda qonuniy choralar koʻrilgan kundan soʻng bir kun ichida bu haqdagi maʼlumotlarni raqamli koʻrinishda Agentlikka taqdim etadi.

  1. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Agentlik bilan hamkorlikda quyidagi yoʻnalishlarda loyihalarni amalga oshiradi:

(a) yiliga ikki marta har kalendar yil yakuniga qadar auksion savdolari orqali realizatsiya qilingan yer uchastkalaridan belgilangan maqsadlarda foydalanish va iqtisodiy aylanmaga kiritish;

(b) yiliga bir marta kalendar yil yakuniga qadar hududlarda foydalanilmasdan boʻsh turgan yer uchastkalarini aniqlash va ushbu yerlarni tadbirkorlik, shaharsozlik va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish faoliyatini amalga oshirish yoʻnalishida auksion savdolariga chiqarish uchun takliflar kiritish. Bunda mazkur yoʻnalishlarda loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat aktivlarini boshqarish agentligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

III. Hududlarda aerokosmik maʼlumotlardan foydalanishni tashkil etish

  1. Hududlarda aerokosmik maʼlumotlardan samarali foydalanishni tashkil etish hamda sohani qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlarning mavjud shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan:

(a) Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha 2 ta shtat birligidan iborat hududiy vakillari (jami 28 nafar) lavozimi joriy etilsin;

(b) hududiy vakillar faoliyatini muvofiqlashtirish, sinov loyihalarini amalga oshirish, xalqaro hamkorlik va axborot xizmatini yoʻlga qoʻyish maqsadida Agentlikka qoʻshimcha 8 ta shtat birligi ajratilsin. Bunda Agentlik boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 60 nafar etib belgilansin.

  1. Quyidagilar:

(a) Hududlarda aerokosmik maʼlumotlardan keng foydalanishni tashkil etish boʻyicha Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi zimmasiga yuklanadigan qoʻshimcha vazifalar 3-ilovaga muvofiq;

(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hududiy vakillarining asosiy vazifalari 3a-ilovaga muvofiq;

(v) Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan foydalanishni kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha Agentlikning hududiy vakillarini oʻzining vazifalariga bevosita bogʻliq boʻlmagan ishlar va yigʻilishga jalb qilish, shuningdek, ularga topshiriqlar berish taqiqlansin.
  2. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyuldan boshlab hududlarda Agentlikning aerokosmik maʼlumotlaridan samarali foydalanish holati boʻyicha mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralar reytingini yuritish yoʻlga qoʻyiladi.
  3. Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining SGM platformasining operatori etib Agentlik huzuridagi Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazini belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda Agentlik SGM platformasining lozim darajada yuritilishi uchun javobgar hisoblanadi va u bilan bogʻliq xarajatlar Agentlikka davlat kosmik monitoringi uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.

IV. Qishloq xoʻjaligi sohasida ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni keng joriy etish

  1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning bittadan tumanlarida sinov tariqasida Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining tuman filialini tashkil etish;

(b) tashkil etilayotgan tuman filiallariga qishloq xoʻjaligi korxonalarida ilm-fan yutuqlaridan kelib chiqib, agroxizmatlarni koʻrsatish, hosildorlikni oshirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni joriy etish, fermer xoʻjaliklari xodimlarining malakasini oshirish vazifalarini yuklash;

(v) tashkil etilayotgan tuman filiallariga Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlardan maqbullashtirilgan shtat birliklari hisobidan 5 tadan shtat birligini ajratish.

V. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 5-ilovagamuvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
  2. Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abduraxmonov, suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev, raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov va Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktori Sh.M. Kadirov hamda Bosh prokuror oʻrinbosari — Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshligʻi J.J. Xatamov belgilansin.
  3. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 26-sentabr,

PF-177-son