Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
- Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovagamuvofiq tasdiqlansin:
qonunchilik hujjatlarida yoki ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasiga ijara huquqini ijaraga beruvchining roziligisiz kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish;
yer uchastkasiga ijara huquqini garovga qoʻyishni rasmiylashtirish;
ijara huquqidan garovga oluvchining talablarini qanoatlantirish;
undiruv qaratilgan yer uchastkasiga ijara huquqini ochiq kimoshdi savdosida realizatsiya qilish tartibi.
- Tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlariga ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda, ichki qoidalariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tavsiya etilsin.
- Manfaatdor vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
- Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-sentabr,
613-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-sentabrdagi 613-son qaroriga
ILOVA
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
- Ushbu Nizom ijara huquqi asosida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini (keyingi oʻrinlarda — yer uchastkasiga ijara huquqi) banklar va mikromoliya tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda — kredit tashkiloti) kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish tartibini belgilaydi.
- Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yer uchastkasi — yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, huquqiy rejimga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlarga ega boʻlgan qismi;
ijaraga beruvchi — tuman (shahar) hokimliklari yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yer uchastkasiga ijara huquqini berishga vakolatli davlat organlari;
ijaraga oluvchi — yer oʻziga ijara huquqi asosida biriktirilgan va yer uchastkasi mavjud boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs (fermer xoʻjaligi, agroklaster, kooperatsiya, dehqon xoʻjaligi va boshqa tadbirkorlik subyektlari);
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari — qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun foydalaniladigan yer uchastkalari.
- Ijaraga oluvchi faqat qonunchilikda yoki ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollardagina yer uchastkasiga boʻlgan oʻz ijara huquqlarini ijaraga beruvchining roziligisiz garovga qoʻyishga haqli.
- Yer uchastkasiga ijara huquqi quyidagi hollarda garov obyekti boʻlishi mumkin emas:
ikkilamchi ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijara huquqi bekor qilingan yoki nizoli boʻlgan (sudlashilayotgan, surishtiruv yoki tergov harakatlari olib borilayotgan) yer uchastkalari;
yer uchastkasining ijara shartnomasida garovga qoʻyishni taqiqlovchi holatlar nazarda tutilgan yer uchastkalari;
ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan yer uchastkalari;
ijara shartnomasida ijaraga berish muddati tugagan yer uchastkalari;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan yer uchastkasida oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi mavjud boʻlsa;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq yer uchastkasi yoki unga boʻlgan huquqlarni garovga qoʻyish mumkin boʻlmagan boshqa hollarda.
- Yer uchastkasiga ijara huquqini garovga olgan holda kredit berish tartibi kredit tashkiloti tomonidan ichki qoidalarga muvofiq mustaqil belgilanadi.
- Kredit tashkiloti tomonidan kredit taʼminoti sifatida ijara huquqi yer uchastkasining ijaraga berish muddati va yer uchastkasining bozor qiymatidan kelib chiqib garovga olinadi.
Bunda garovga qoʻyilayotgan yer uchastkasining ijara huquqi muddati kreditni qaytarish muddatidan kamida besh yildan ortiq boʻlishi lozim.
- Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasiga ijara huquqining qiymati baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq baholash orqali belgilanadi.
- Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish tartibi ushbu Nizomga ilovadakeltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Yer uchastkasiga ijara huquqini garovga qoʻyishni rasmiylashtirish
- Garov sifatida taklif qilinayotgan yer uchastkasiga ijara huquqi rejasini tuzish va garovga beriladigan qismini ajratish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutining hududiy boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
- Yer uchastkasiga ijara huquqini garovga qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnomada baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan yer uchastkasiga ijara huquqining qiymati koʻrsatilishi kerak.
- Yer uchastkasiga ijara huquqini garovga qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnoma yozma shaklda tuziladi va davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi hamda belgilangan tartibda notarial tasdiqlanadi.
- Yer uchastkasiga ijara huquqi garovini davlat roʻyxatidan oʻtkazish koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiali tomonidan amalga oshiriladi.
- Garov huquqi yer uchastkasiga ijara huquqini garovga qoʻyish toʻgʻrisidagi shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
- Yer uchastkasiga ijara huquqi universal huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, garov huquqi oʻz kuchida qoladi.
Agar garovga oluvchi bilan kelishuvda boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, garovga qoʻyuvchining huquqiy vorisi uning oʻrniga oʻtadi va garovga qoʻyuvchining hamma majburiyatlarini bajaradi.
- Garovga qoʻyilgan yer uchastkasiga ijara huquqi garovga oluvchining barcha talablari qanoatlantirilgandan keyingina qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda begonalashtirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga muvofiq yer uchastkasiga ijara huquqi bekor qilinganda, kredit tashkiloti berilgan kreditlar hamda unga hisoblangan foizlar va penyalarni muddatidan oldin garovga qoʻyuvchining boshqa mol-mulki hisobidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda undirib olishga haqli.
Garovga qoʻyilgan yer uchastkasiga ijara huquqi olib qoʻyilganda, kredit tashkiloti qarz oluvchiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash sifatida olingan summadan oʻz talabini qanoatlantirishda imtiyozli huquqqa ega.
3-bob. Garovga oluvchining talablarini qanoatlantirish
- Yer uchastkasiga ijara huquqini garovga qoʻyuvchi tugatilganda, garovga oluvchi garov narsasiga muddatidan oldin undiruv qaratish huquqiga ega.
- Kredit tashkiloti oʻz talablarini garovga qoʻyilgan yer uchastkasining ijara huquqi hisobidan, shuningdek, qarz oluvchining boshqa mol-mulki hisobidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qanoatlantirishga haqli.
- Undiruv qaratilgan yer uchastkasiga ijara huquqi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida, elektron onlayn-auksion savdo shaklidagi ochiq kimoshdi savdosida sotish orqali majburiy ravishda realizatsiya qilinadi.
Bunda elektron onlayn-auksion savdolarida yashash joyidan (joylashgan yeri), tashkiliy-huquqiy shaklidan, boshqa yer uchastkasi mavjud yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar, barcha yuridik va jismoniy shaxslar (rezidentlar) ishtirok etishi mumkin.
- Garovga qoʻyilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan yer uchastkasiga ijara huquqi bevosita sotish orqali yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi mumkin.
- Kreditning taʼminoti sifatida garovga qoʻyilgan yer uchastkasiga ijara huquqini realizatsiya qilishdan olinadigan mablagʻlar kredit qarzdorligini qoplash uchun yetarli boʻlmaganda va (yoki) realizatsiya qilinmaganda, kredit tashkiloti qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qarzdorning boshqa mol-mulki hisobidan undirish huquqiga ega.
- Garovga qoʻyilgan yer uchastkasiga ijaraga huquqi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda realizatsiya qilinganda yoki kredit tashkilotining balansiga qabul qilinganda, kredit tashkiloti tomonidan ajratilgan kredit qoplanishidan ortgan qismi garovga qoʻyuvchiga qaytarib beriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
- Mazkur Nizom bilan tartibga solinmagan munosabatlar amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
- Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.