Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev Koreya Respublikasi kompaniyalari vakillari bilan Zoom orqali onlayn muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish, “aqlli qishloq xo‘jaligi” tamoyillarini kengaytirish va kadrlar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qahramon Yuldashev SI texnologiyalarini joriy etish hosildorlikni oshirish, xarajatlarni kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

“Agrosanoat majmuasini raqamlashtirish markazi” MCHJ vakillari aniq dehqonchilik, suv va yer resurslarini tejash hamda ma’lumotlarni real vaqt rejimida boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarni taqdim etdilar.

Koreya kompaniyalari vakillari esa o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, O‘zbekistonda SI sohasida o‘quv dasturlari tashkil etish va xalqaro ekspertlarni jalb qilish bo‘yicha takliflar bildirdilar.

Uchrashuv yakunida Toshkent viloyatida iqlim o‘zgarishiga javob beruvchi raqamli qishloq xo‘jaligi platformasini yaratish loyihasi taqdimoti muhokama qilindi.