Kuni kecha Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev Malayziyaning “Meraque Group Sdn Bhd” kompaniyasining Bosh ijrochi direktori Mohammad Razali Ismail bilan video-konferens aloqa shaklida muloqot o‘tkazdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, agrar sohada ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida, ayniqsa, sun’iy intellekt imkoniyatlarini qishloq xo‘jaligiga tatbiq etish yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Tahlillarga ko‘ra, bu texnologiyalar suv va o‘g‘it sarfini optimallashtirish, hosildorlikni tahlil asosida boshqarish hamda mehnat unumdorligini bir necha barobarga oshirish imkonini beradi.

Muhokamada Toshkent davlat agrar universitetida sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha yangi ta’lim dasturini ochish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, soha xodimlari va yosh mutaxassislar uchun malaka oshirish hamda amaliy o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida raqamli transformatsiyani jadallashtirish, innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etishda hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldilar.

Kelgusida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik aloqalarini davom ettirish, qo‘shma loyihalar doirasida aniq yo‘nalish va ustuvor vazifalarni belgilab olish bo‘yicha navbatdagi muloqotlarni o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Bugun dunyo agrar bozorida raqobatning hal qiluvchi omili – bilim, texnologiya va tahlil. Shunday sharoitda O‘zbekistonning sun’iy intellekt yo‘nalishida tashlayotgan ilk qadamlari – nafaqat yangi o‘quv dasturlari, balki butun soha tafakkurini zamon bilan hamnafas qilish yo‘lidagi muhim bosqichdir.