Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishni oʻtkazish toʻgʻrisida” 2025-yil 19-sentabrdagi PF-173-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishni oʻtkazish dasturi 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishni oʻtkazish uchun savolnoma shakllari roʻyxati 3-ilovaga hamda mazkur shakllar 3.1 — 3.6-ilovalarga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish hamda natijalarini eʼlon qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish ishlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini samarali qoʻllash va axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) tarkibi 5-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlarini oʻtkazishning ahamiyati va mazmun-mohiyati boʻyicha targʻibot media-rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Ishchi guruh:

bir oy muddatda Milliy statistika qoʻmitasining “Aholini roʻyxatga olish axborot tizimi” (keyingi oʻrinlarda — roʻyxatga olish axborot tizimi) negizida, qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish savolnomalarini qoʻshgan holda mazkur tizimni takomillashtirishni, sinovdan oʻtkazishni va uning uzluksiz ishlashini;

2025-yil 15-oktabrga qadar roʻyxatga olish axborot tizimi oʻrnatiladigan “mahalla yettiligi” xodimlarining planshet qurilmalari xatlovdan oʻtkazilishini;

2025-yil 1-noyabrga qadar roʻyxatga olish jarayonlarini texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash uchun “Koll-markaz” tashkil etish ishlarini;

2025-yil 1-dekabrga qadar roʻyxatga olish axborot tizimining maxsus mobil ilovasini “mahalla yettiligi” tizimi va boshqa jalb qilinadigan xodimlarning planshet qurilmalariga oʻrnatishni;

2026-yil yanvar-fevral oylari davomida roʻyxatga olish axborot tizimi server quvvati hamda “OneID” tizimining uzluksiz ishlashini taʼminlasin.

Bunda Milliy statistika qoʻmitasi Ishchi guruhning ishchi organi hisoblanadi.

  1. Raqamli texnologiyalar vazirligi Milliy statistika qoʻmitasi bilan hamkorlikda roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish davrida:

roʻyxatga olish axborot tizimi va maʼlumotlar bazasi uchun zarur server quvvatlarini ajratish;

“mahalla yettiligi” xodimlarining planshet qurilmalarini himoyalangan virtual aloqa kanali (VPN) bilan taʼminlash;

respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida “OneID” tizimida roʻyxatga olishning osonlashtirilgan tartibini joriy etsin va mazkur tizimning uzluksiz ishlashini taʼminlasin;

roʻyxatga olish jarayonida murojaatlarni qabul qilish uchun tashkil etiladigan “Koll-markaz” uchun respublika doirasida ishlovchi yagona qisqa raqam ajratsin;

statistika organlari hamda tuman va shahar roʻyxatga olish shtablarini yuqori tezlikdagi aloqa kanallari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

  1. Belgilansinki, roʻyxatga olish tadbirida roʻyxatga oluvchi sifatida ishtirok etadigan “mahalla yettiligi” tizimida ishlovchi xodimlar tegishli boʻlgan vazirlik, idora va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan:

Milliy statistika qoʻmitasiga belgilangan tartibda taqdim etiladigan soʻrovnomaga asosan roʻyxatga olish tadbirida ishtirok etgan xodimlar uchun ragʻbatlantirish toʻlovlari ajratiladi;

2025-yil 1-noyabrga qadar “mahalla yettiligi” tizimidagi mavjud boʻsh ish oʻrinlari malakali mutaxassislar bilan toʻldiriladi va ularni oʻqitish jarayonlaridagi ishtiroki taʼminlanadi;

mahallalarda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlarini oʻtkazishda haqqoniylik va shaffoflik tamoyillariga rioya qilinishi uchun “mahalla yettiligi”ning masʼuliyati belgilab qoʻyilsin.

  1. Milliy statistika qoʻmitasi, Oʻzbekiston Mahallalari uyushmasi roʻyxatga olish tadbirida toʻplangan maʼlumotlarning sifatini taʼminlash maqsadida:

2025-yil 1-noyabrdan boshlab roʻyxatga olish axborot tizimidan foydalanish boʻyicha “mahalla yettiligi” xodimlari uchun amaliy oʻquv-seminarlarini tashkil etsin;

aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish jarayonlarini roʻyxatga olish axborot tizimi orqali roʻyxatdan oʻtkazish choralarini koʻrsin;

roʻyxatga olish ishlarining oʻz muddatida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan kunlik nazorat tizimi joriy etilsin.

  1. Milliy statistika qoʻmitasiga roʻyxatga olish maʼlumotlarini yigʻish va tahlil qilish jarayonida foydalanish uchun:

2025-yilning 15-oktabr va 2026-yilning 15-yanvar holatiga Adliya vazirligi oila tarkibi toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlar bazasini hamda Ichki ishlar vazirligi aholining doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini elektron shaklda mazkur sanalardan keyingi kunda;

2025-yil 15-oktabr va 2026-yil 1-yanvar holatiga Kadastr agentligi roʻyxatga olish jarayonida foydalanish uchun mahallalarning chegaralari hamda har bir jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli yer uchastkalari konturlari koʻrsatilgan holda yangilangan elektron xaritalarni, shuningdek, ushbu yer uchastkalari boʻyicha identifikatorlar, toifalari va boshqa zarur maʼlumotlar bilan birga, maʼlumotlar bazasini mazkur sanalardan keyingi kunda taqdim etsin.

  1. Ichki ishlar vazirligi roʻyxatga olish davrida roʻyxatga olish jarayoniga jalb etiladigan shaxslarning xavfsizligini taʼminlasin. Bu borada Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida Milliy gvardiya ichki ishlar organlariga koʻmaklashsin.
  2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish, birlamchi maʼlumotlarni qayta ishlash va yakuniy maʼlumotlarni chop etish bilan bogʻliq xarajatlarni Oʻzbekiston Respublikasining 2025 — 2027-yillar uchun Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablagʻlar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar doirasida moliyalashtirishni taʼminlasin.
  3. Tashqi ishlar vazirligi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo roʻyxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun xorijdagi konsullik boʻlimlari tomonidan roʻyxatga olish boʻyicha targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirsin va ularning Internet jahon axborot tarmogʻi (keyingi oʻrinlarda — internet tarmogʻi) orqali roʻyxatdan oʻtishlarini taʼminlasin.
  4. Milliy statistika qoʻmitasi:

Oʻzbekiston Respublikasining “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga qatʼiy rioya etilishini;

roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish ishlarini bajarish uchun hududiy statistika organlariga fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb etiladigan mutaxassislarning bir oylik ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 baravari miqdorda belgilanishini taʼminlasin;

roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish va dastlabki maʼlumotlarni eʼlon qilish davriga qadar statistika organlari va boshqa vazirlik, idoralardan mutaxassislarni jalb qilgan holda shtab tashkil etsin hamda mazkur shtab aʼzolarini har oy Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonda statistika tizimi salohiyatini mustahkamlash” loyihasi (keyingi oʻrinlarda — loyiha) doirasida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 20 baravarigacha miqdorda ragʻbatlantirish choralarini koʻrsin.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ikkitadan umumiy oʻrta taʼlim maktabida roʻyxatga olishning aholi oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini ommalashtirish maqsadida “Statistika sinflari”ni tashkil qilsin va ularni tadbir doirasida xarid qilinadigan mebel jihozlari va kompyuter texnikalari bilan jihozlash choralarini koʻrsin;

roʻyxatga oluvchi xodimlar guvohnomasi shaklini ishlab chiqib, vaqtincha jalb qilinadigan “mahalla yettiligi” tizimi xodimlarini roʻyxatga olish guvohnomasi bilan taʼminlasin;

2026-2027-yillarda roʻyxatga olishning birlamchi maʼlumotlarini qayta ishlash maqsadida budjet mablagʻlari hisobidan roʻyxatga olish maʼlumotlarini qayta ishlovchi mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishga jalb qilish hamda yakuniy maʼlumotlarni chop etish ishlarini tashkil qilsin.

Bunda vaqtincha jalb qilinadigan roʻyxatga olish maʼlumotlarini qayta ishlovchi mutaxassislarning bir oylik ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 7 baravari miqdorida etib belgilanishini taʼminlasin.

  1. Milliy statistika qoʻmitasiga roʻyxatga olish jarayonlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish, shuningdek, keyinchalik statistika dasturida belgilangan ishlarni samarali tashkil etish maqsadida loyiha doirasida amaldagi meʼyorlardan tashqari Milliy statistika qoʻmitasi markaziy apparatiga 1 ta elektromobil va hududiy statistika organlariga 14 ta “Damas” avtomobili sotib olishga ruxsat berilsin.
  2. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi roʻyxatga olishni oʻtkazishning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalari hamda internet tarmogʻida keng yoritilishini taʼminlasin.
  3. Vazirlar Mahkamasining 7-ilovagamuvofiq ayrim hujjatlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
  4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Milliy statistika qoʻmitasi raisi B.S. Hamrayev hamda Qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2025-yil 7-oktabr,

629-son

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-oktabrdagi 629-son qaroriga
1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish (keyingi oʻrinlarda — roʻyxatga olish) tartibini belgilaydi.

Ushbu Nizomda Oʻzbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi va “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi qonunlarida belgilangan atamalar va taʼriflardan foydalaniladi.

  1. Roʻyxatga olish Oʻzbekiston Respublikasi aholisi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olish, aholi soni va tarkibini joriy hisob-kitob qilish, mehnat resurslarining joylashuvi va foydalanilishini oʻrganish, hududlarda qishloq xoʻjaligining tarkibiy holatini baholash, qishloq xoʻjaligi faoliyatiga xizmat qiluvchi infratuzilmani rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish, roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlari tahlili natijasida qisqa, oʻrta va uzoq muddatli prognozlar ishlab chiqish va pirovardida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga oid davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda indikativ rejalashtirish, shuningdek, ilmiy — tadqiqotlar oʻtkazish maqsadida tashkil etiladi.
  2. Roʻyxatga olish 2026-yilning 15-yanvaridan 28-fevraliga qadar oʻtkaziladi va roʻyxatga olish boshlanishining aniq payti 2026-yil 15-yanvar (keyingi oʻrinlarda — roʻyxatga olish sanasi) soat 00:00 etib belgilanadi. Roʻyxatga olishni oʻtkazish davomiyligi — 45 kun.

Respondentlarning shaxsga va qishloq xoʻjaligi faoliyatiga doir maʼlumotlarini toʻplash jarayonida roʻyxatga olish sanasidan keyingi oʻzgarishlar hisobga olinmaydi.

Jumladan, roʻyxatga olish savolnoma shakllari va boshqa roʻyxatga olish hujjatlari 2026-yilning 15-yanvaridan keyin tugʻilgan bolalarga nisbatan toʻldirilmaydi, biroq roʻyxatga olish sanasidan keyin vafot etgan shaxslarga nisbatan toʻldiriladi.

Xuddi shunday roʻyxatga olish hujjatlari 2026-yilning 15-yanvaridan keyin xoʻjalikka yangi chorva mollari keltirilgan yoki tugʻilgan chorva mollariga nisbatan toʻldirilmaydi, biroq roʻyxatga olish sanasidan keyin nobud boʻlgan, soʻyilgan yoki sotilgan va boshqa sabablarga koʻra xoʻjalik hisobidan chiqib ketgan chorva mollariga nisbatan toʻldiriladi.

  1. Shaxsga doir maʼlumotlar quyidagicha toʻplanadi:

respondentlar tomonidan roʻyxatga olish savolnomalarini Internet jahon axborot tarmogʻi (keyingi oʻrinlarda — internet tarmogʻi) orqali maxsus dasturiy taʼminot yordamida mustaqil toʻldirish;

vaqtincha roʻyxatga olish xodimlari tomonidan respondentlar yashaydigan (boʻlib turgan) turar joy va boshqa binolarga tashrif buyurgan holda respondentlar bilan soʻrov oʻtkazish va ularning ogʻzaki javoblari asosida maʼlumotlarni planshet qurilmalari yordamida roʻyxatdan oʻtkazish savolnomalariga kiritish;

oʻzi yashaydigan (boʻlib turgan) turar yoki noturar joyda roʻyxatdan oʻtishni istamagan respondentlar tomonidan mahalla fuqarolari yigʻini binolarida tashkil etiladigan statsionar roʻyxatga olish uchastkalariga borgan holda roʻyxatga olish savolnomalarini toʻldirish;

roʻyxatga olish davrida yashash (turgan) joyida hozir boʻlmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar (respondentlar) toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar mazkur uy xoʻjaligining voyaga yetgan aʼzolari tomonidan maʼlum qilinadi. Oʻziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar toʻgʻrisidagi shaxsga doir maʼlumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan maʼlum qilinadi;

respondent roʻyxatga olish savolnoma shakllaridagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda, roʻyxatga olish savolnoma shakllari mahalla fuqarolari yigʻinidagi yoki mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridagi mavjud maʼlumotlar asosida toʻldiriladi;

gapirish va eshitishida nuqsoni boʻlgan fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlari tegishli hudud boʻyicha nogironlik jamiyatlarining xodimlari yoki ushbu shaxslar bilan muomala qilish imkoniyati mavjud boʻlgan shaxslar koʻmagida yigʻiladi.

Aholining ayrim toifalari boʻyicha shaxsga doir maʼlumotlarni toʻplash, roʻyxatga olish savolnoma shakllari va boshqa roʻyxatga olish hujjatlarini toʻldirish Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Qonuni 24-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Muassasa yoki tashkilotlar hududi yoki ularga tegishli boʻlgan joylardagi qishloq xoʻjaligi faoliyatiga doir maʼlumotlarni yigʻish ularning maʼmuriyatlari tomonidan internet tarmogʻi orqali maxsus dasturiy taʼminot yordamida yuboriladi.

Internet tarmogʻi va planshet qurilmalari yordamida roʻyxatga olishda savollar soni va mazmunini saqlagan holda tahririy oʻzgartirish va qayta guruhlarga ajratilishi mumkin.

  1. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Qonunigamuvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha Oʻzbekiston Respublikasida boʻlib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo aholini roʻyxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari respondent sifatida roʻyxatga olinadi.
  2. Aholi soni va uning tarkibini hisoblashda:

bir yildan ortiq muddatda mamlakat hududida boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari boʻlgan chet el fuqarolari hamda ularning oila aʼzolari;

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega boʻlgan boshqa shaxslar hisobga olinmaydi.

  1. Roʻyxatga olishda Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning oʻzi bilan birga boʻlgan oila aʼzolari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar va bir yildan koʻp muddatda respublika hududida yashab kelayotgan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar hisobga olinadi.
  2. Respondentlar oʻzining (doimiy yoki vaqtincha) yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinadi. Bunda kunlik tungi dam olishining koʻproq qismini oʻtkazadigan uy (hovli), kvartira, yashash uchun foydalanilayotgan boshqa turar joy yoki noturar joy bino yashash joyi hisoblanadi.

Bu joy respondent roʻyxatdan oʻtgan (roʻyxatga qoʻyilgan) manzil bilan mos kelishi yoki mos kelmasligi ham mumkin.

  1. Roʻyxatga olish savolnoma shakllari Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish dasturiga (keyingi oʻrinlarda — roʻyxatga olish dasturi) kiritilgan savollardan iborat boʻladi.

2-bob. Roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishni amalga oshiruvchi davlat organlari

  1. Roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish quyidagi organlar tomonidan amalga oshiriladi:

statistika organlari — Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy statistika qoʻmitasi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalari, tuman (shahar) statistika boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda — hududiy statistika organlari). Hududiy statistika organlarida roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish roʻyxatga olish boʻlimlari tomonidan amalga oshiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Qonuni 17-moddasiga muvofiq tegishli vazirlik va idoralar;

roʻyxatga olishni tashkil etish va oʻtkazishda vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining harakatlarini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasida 2026-yilda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazishni tashkil etish boʻyicha respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasida 2026-yilda aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazishni tashkil etish boʻyicha hududiy komissiyalar (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiya) tomonidan amalga oshiriladi.

  1. Milliy statistika qoʻmitasi roʻyxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi sifatida quyidagilarni amalga oshiradi:

roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish ishlarini rejalashtirish va muvofiqlashtirish, ularning amalga oshirilishi yuzasidan nazoratni olib borish;

roʻyxatga oluvchi xodimlar guvohnomasi shaklini ishlab chiqish va tasdiqlash;

roʻyxatga olishni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha uslubiy hamda yoʻriqnoma materiallarini belgilangan tartibda tayyorlash va tasdiqlash;

roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun moliyaviy hamda moddiy-texnik taʼminotni amalga oshirish;

roʻyxatga olish hujjatlarini chop etish, moddiy-texnik taʼminot vositalarini tayyorlash (xarid qilish) va ularning respublika hududlariga oʻz vaqtida yetkazilishini tashkil etish;

roʻyxatga olish xodimlarini tanlab olish va oʻqitish tartibini belgilash, hududiy statistika organlari xodimlarini oʻqitishni tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda 2026-yilgi roʻyxatga olish tadbiri toʻgʻrisida aholini xabardor qilish ishlarini (jumladan, SMS-xabarnoma orqali xabardor qilish, reklama audio va videomateriallari, nashrlar va boshqalarni tayyorlash orqali) muvofiqlashtiradi;

hududiy komissiyalar bilan birgalikda roʻyxatga olish jarayonlarining sifatli oʻtkazilishini tashkil etish;

respondentlarning shaxsga doir maʼlumotlarini qayta ishlash, roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlarini shakllantirish dasturini ishlab chiqish, ushbu maʼlumotlarni tarqatish va saqlash tartibini belgilash.

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va boshqa tegishli vazirlik hamda idoralar Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Qonuni 24-moddasidabelgilangan aholining ayrim toifalarini roʻyxatga olish boʻyicha ishlarni tashkil etadi.

Shuningdek, mazkur aholining ayrim toifalari mavjud muassasa va tashkilotlar oʻz hududida va unga tegishli boʻlgan joylarda qishloq xoʻjaligi faoliyatiga doir koʻrsatkichlarni yigʻish ishlarini tashkil etadi.

  1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklari:

maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olgan holda, doimiy yashovchi aholi soni koʻrsatilgan aholi punktlarining toʻliq roʻyxatini tuzish;

maʼmuriy-hududiy birliklarda koʻchalar nomi, uy va xonadon raqamlari koʻrsatilgan koʻrsatkichlarning mavjudligini taʼminlash;

har bir hududda yashovchi aholi sonidan kelib chiqib, respublika hududini roʻyxatga olish uchastkalari (hisob uchastkalari)ga ajratishni kelishish;

roʻyxatga olishga vaqtincha jalb etilgan xodimlar tarkibini tasdiqlash;

roʻyxatga olishga jalb etilgan shaxslarning oʻqishi uchun yaroqli boʻlgan mebellar va aloqa vositalari bilan jihozlangan vaqtincha binolar yoki xonalar ajratish;

roʻyxatga olishga vaqtincha jalb etilgan xodimlar faoliyatini taʼminlash uchun zarur transport vositalarini taqdim etish;

roʻyxatga olishning xavfsiz oʻtkazilishi boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirishni taʼminlaydi.

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi:

roʻyxatga olishga jalb etilgan shaxslarning xavfsizligini;

jinoyatchilik koʻp uchraydigan hududlar va tarbiyasi ogʻir oilalar (jinoyatchilik yoki huquqbuzarlik sodir etgan aʼzolari boʻlgan oilalar, spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar isteʼmoli yuqori boʻlgan oilalar, moliyaviy jihatdan yetarli darajada taʼminlanmagan va ijtimoiy xavf ostida boʻlgan oilalar, oilaviy nizolar, zoʻravonlik va oʻzaro hurmatsizlik mavjud boʻlgan oilalar va boshqalar, doimiy yashash joyisiz yoki yashash sharoiti ogʻir boʻlgan oilalar) roʻyxatlari shakllantirilishini;

roʻyxatga oluvchilarni ichki ishlar organlari xodimlari hamrohligida ijtimoiy xavfli oilalar yashaydigan manzillar boʻyicha kuzatib borilishini tashkil etishni;

roʻyxatga olish davrida hududlarda tinchlik va jamoat tartibini taʼminlaydi.

  1. Roʻyxatga olishni oʻtkazish va uning natijalarini tahlil hamda eʼlon qilish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining 2025 — 2027-yillar Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan, xalqaro moliya institutlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

3-bob. Roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish ishlarini tashkil etish

  1. Roʻyxatga olishning tashkiliy rejasi (keyingi oʻrinlarda — tashkiliy reja) hududiy komissiyalar tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) boʻyicha alohida tuziladi, shundan soʻng Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan Respublika tashkiliy rejasini shakllantiradi.

Mahalla chegarasi doirasida mahallaning jami aholisi bitta roʻyxatga olish uchastkasi deb belgilanadi. Roʻyxatga oluvchilarga toʻgʻri keladigan yuklama shahar joylarda oʻrtacha 900 kishi, qishloq joylar va borish qiyin boʻlgan hududlarda oʻrtacha 700 kishi etib belgilanadi.

Ayrim hollarda roʻyxatga oluvchiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha yuklama mahalladagi aholi zichligidan kelib chiqib, belgilangan normalardan koʻp boʻlishi, jami aholisi soni normalardan kam boʻlgan mahallalarda esa kam boʻlishi mumkin.

Mahalla aholisi sonidan kelib chiqib, roʻyxatga oluvchilar soni aniqlanadi hamda mahalla raislari tomonidan ular oʻrtasida roʻyxatga olinadigan mahalla aholisi taqsimlanadi.

Tashkiliy rejani tuzishda kutilmagan holatlar (kasallik, baxtsiz hodisa, yuklatilgan vazifalarni bajarmaslik va boshqalar) inobatga olingan holda roʻyxatga olish xodimlarining umumiy sonining 5 foizidan oshmagan miqdorda kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.

Kutilmagan holatlar yuzaga kelganda, roʻyxatga olish jarayonlariga zaxiradan xodimlar jalb etiladi va ragʻbatlantiriladi.

Internet tarmogʻi orqali roʻyxatdan oʻtgan respondentlar roʻyxati Milliy statistika qoʻmitasi axborot tizimida avtomatik ravishda shakllantiriladi. Shu asosda roʻyxatga oluvchilar yuklamasi amaldagi tasdiqlangan tashkiliy reja doirasida axborot tizimi orqali avtomatik tarzda qayta taqsimlanadi. Bunda hududiy komissiyalar tomonidan qoʻshimcha tasdiq yoki alohida qaror qabul qilish talab etilmaydi.

Roʻyxatga oluvchi sifatida ishtirok etmagan “mahalla yettiligi” xodimlari avtomatik hisob-kitob natijasiga muvofiq zaxiraga oʻtkaziladi.

  1. Tuman va shaharlar boʻyicha tayyorlangan tashkiliy rejalar tuman va shahar komissiyalari tomonidan kelishiladi va hududiy statistika boshqarmalariga taqdim etiladi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha tayyorlangan tashkiliy rejalar hududiy komissiyalar tomonidan kelishiladi va Milliy statistika qoʻmitasiga taqdim etiladi.

Hududlar boʻyicha tuzilgan, tasdiqlangan va umumlashtirilgan holda kelishish uchun kiritiladigan tashkiliy rejalar Respublika komissiya raisi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi.

  1. Joylarda roʻyxatga olish ishlarini tashkil etish va oʻtkazilishini muvofiqlashtirish, hududlar darajasida oʻzaro hamkorlikni taʼminlash hududiy komissiyalar tomonidan hududiy statistika organlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
  2. Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hududiy organlari 2025-yilning 15-oktabriga qadar hududiy statistika organlariga roʻyxatga oluvchi xodimlar xavfsizligi taʼminlanishi lozim boʻlgan manzillar toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etadi.

Olingan maʼlumotlar roʻyxatga olish uchastkalari boʻyicha guruhlanadi hamda roʻyxatga olish uchastkalari rahbarlariga roʻyxatga oluvchilarni ogohlantirish uchun yetkaziladi.

4-bob. Roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun jalb qilinadigan xodimlar toifalari

  1. Roʻyxatga olish ishlariga quyidagi toifadagi xodimlar jalb qilinadi:

respublika darajasida — Milliy statistika qoʻmitasi, vazirlik va idoralar xodimlari, shuningdek, Respublika komissiyasi tarkibiga kiritilgan shaxslar;

hududiy darajada — hududiy statistika organlari xodimlari va hududiy komissiyalar aʼzolari.

  1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimliklari tashkiliy rejalar asosida roʻyxatga oluvchi vaqtincha xodimlarni tanlab olishni taʼminlaydi hamda roʻyxatga olishga jalb qilinadigan xodimlar roʻyxatini shakllantiradi.

Xodimlar roʻyxati 2025-yilning 1-noyabriga qadar hududiy komissiyalar tomonidan tasdiqlanadi.

  1. Aholining ayrim toifalari boʻyicha shaxsga va mazkur toifalar mavjud muassasa va tashkilotlar hududida hamda unga tegishli boʻlgan joylarda qishloq xoʻjaligi sohasiga doir maʼlumotlarni yigʻishga vaqtincha jalb etiladigan xodimlar roʻyxati tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari tomonidan shakllantiriladi va statistika organlariga roʻyxati taqdim etiladi.
  2. Roʻyxatga olish uchastkalarining faoliyatini tashkil etish uchun “mahalla yettiligi” xodimlari jalb etiladi.

Roʻyxatga olish uchastkalarida vaqtincha lavozimlar quyidagicha taqsimlanadi:

roʻyxatga olish uchastkasi boshligʻi bir vaqtning oʻzida statsionar roʻyxatga oluvchi — mahalla raisi;

roʻyxatga olish uchastkasi boshligʻi oʻrinbosari — profilaktika inspektori;

roʻyxatga oluvchi xodimlar (zaxira xodimlarni qoʻshgan holda) — hokim yordamchisi, ijtimoiy xodim, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, soliq inspektori va boshqa jalb qilinadigan xodimlar.

Roʻyxatga olish uchastkalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari faoliyatiga tuman (shahar) statistika boʻlimlari boshliqlari rahbarlik qiladi.

  1. Roʻyxatga oluvchi vaqtincha xodimlar maxsus oʻquv jarayonidan oʻtadi va unda quyidagilar oʻrgatiladi:

roʻyxatga olishning maqsad va vazifalari, unga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishni tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjatlar, roʻyxatga oluvchilarning majburiyatlari va axloqiy qoidalari;

mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi boʻyicha yoʻriqnoma;

planshetlarga oʻrnatilgan roʻyxatga olishning dasturiy taʼminoti bilan tanishish va amaliyot mashgʻulotlari;

muammoli masalalar muhokamasi, xatolar tahlili va yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni tushuntirish.

  1. Roʻyxatga olish tadbirida roʻyxatga oluvchi boʻlib ishtirok etgan “mahalla yettiligi” xodimlari, ularga biriktirilgan roʻyxatga olish uchastkasi hududida respondentlarni roʻyxatga olishning toʻliq qamrovi taʼminlangandan soʻng, mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining bir yarim baravari miqdorida (soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni inobatga olgan holda) bir martalik ragʻbatlantiriladi.

Bunda zaxira xodimlar ham roʻyxatga oluvchi sifatida jalb etilsa, ular ham bir martalik ragʻbatlantiriladi.

5-bob. Roʻyxatga olish ishlarini tashkil etish

  1. Roʻyxatga olishda respondentlar soʻrovi quyidagi muddatlarda tashkil etiladi:

2026-yilning 15 — 31-yanvar kunlari — internet tarmogʻi orqali roʻyxatga olish (17 kun). Bunda respondentlar tashkil etilgan census.stat.uz portali orqali oʻzlari ixtiyoriy ravishda roʻyxatdan oʻtishlari mumkin.

Shuningdek, tashkil etilgan mobil guruhlar va roʻyxatga oluvchi xodimlar oʻzlariga biriktirilgan hududda joylashgan yirik korxona hamda tashkilotlarga tashrif buyurgan holda, ularda ishlovchi xodimlarni elektron roʻyxatdan oʻtishlariga amaliy yordam koʻrsatadi;

2026-yilning 1 — 3-fevral kunlari — internet tarmogʻi orqali roʻyxatdan oʻtgan respondentlar va ularning uy manzillari roʻyxati shakllantiriladi (3 kun). Olingan roʻyxatlar hududiy statistika organlari va roʻyxatga olish uchastkalari boshliqlari (ularning oʻrinbosarlari)ga yetkaziladi;

2026-yilning 4 — 28-fevral kunlari — roʻyxatga oluvchilar respondentlarni ularning yashash (vaqtincha boʻlish) manzilida roʻyxat oladi (25 kun).

Internet tarmogʻi orqali roʻyxatdan oʻtishni xohlamagan (yoki imkoniyati boʻlmagan), shuningdek, roʻyxatga oluvchilarning uyiga kelishidan bosh tortgan respondentlar roʻyxatga olishdan oʻtish uchun mahalla fuqarolari yigʻini binolarida joylashgan statsionar uchastkalarga borishlari mumkin.

Fermer xoʻjaliklari, yuridik shaxs tashkil etgan dehqon xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar, hokimlik zaxirasidagi yer maydonlari (asosiy faoliyat turi qishloq xoʻjaligi boʻlmagan qishloq xoʻjaligi yerlariga ega tashkilotlarni qoʻshgan holda) uchun 2026-yilning 15-yanvaridan — 28-fevraliga qadar roʻyxatga olishning toʻliq davrida internet tarmogʻi orqali roʻyxatdan oʻtadilar.

Roʻyxatga olishning toʻliq davri tugagandan soʻng 3 kun davomida har bir roʻyxatga olish uchastkasidagi uy-joy manzillarining 10 foizigacha tanlanma ravishda nazorat kuzatuvi asosida oʻrganiladi.

  1. Vazirliklar, idoralar va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlari oʻz xodimlari hamda ularning oila aʼzolari uchun internet tarmogʻi orqali roʻyxatdan oʻtish boʻyicha barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishlari hamda xodimlar va ularning oila aʼzolarini toʻliq roʻyxatdan oʻtishlari yuzasidan nazorat oʻrnatishlari shart.
  2. Roʻyxatga oluvchilar tomonidan soʻrov oʻtkazish va xonadonlarni aylanib chiqish soat 9:00 dan 21:00 gacha amalga oshiriladi.

Qishloq joylarida roʻyxatga olish uchastkalarining boshliqlari soʻrovni boshlash yoki tugatish vaqtini mustaqil belgilash huquqiga ega. Soʻrov jarayoni dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan grafik asosida tanaffuslar bilan oʻtkaziladi. Grafik roʻyxatga olish uchastkasi boshligʻi yoki uning oʻrinbosari tomonidan tuziladi va zarurat tugʻilganda oʻzgartiriladi.

  1. Roʻyxatga olish davomida roʻyxatga oluvchi xodimlar quyidagilarga amal qilishi shart:

soʻrov oʻtkazishdan oldin oʻzini tanishtirishi, tashrif maqsadini tushuntirishi, shuningdek, roʻyxatga olishda ishtirok etishning muhimligi, respondentlarning shaxsga va xoʻjalikka doir maʼlumotlarining maxfiyligi taʼminlanishi va soʻrov taxminan qancha vaqt davom etishi toʻgʻrisida maʼlumot berishi;

shaxsga va qishloq xoʻjaligi faoliyatiga doir maʼlumotlarni yigʻish jarayonlarida roʻyxatga olish dasturida belgilangan savollar roʻyxatiga rioya etishi, ularning mazmuni buzilishiga yoʻl qoʻymasligi;

roʻyxatga olish savolnoma shakllarida keltirilgan ketma-ketlik boʻyicha savollar berishi, roʻyxatga olish savolnoma shakllarida mavjud boʻlmagan savollarni bermasligi;

roʻyxatga olish savolnoma shakllarini toʻldirish boʻyicha yoʻriqnomada keltirilgan tushuntirishlardan tashqari respondentga qulaylik yaratish maqsadida qoʻshimcha ravishda tushuntirishlar berishi;

shaxsga doir maʼlumotlarni aniq yozib borishi va ularni buzib koʻrsatmasligi, respondent talabi boʻyicha u haqida toʻldirilgan roʻyxatga olish varaqlari bilan tanishtirishi;

soʻrov oʻtkazishda xushmuomala boʻlishi, boshqa shaxslarning oʻz majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilmasligi yoki ularning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkiga xavf solmasligi, shuningdek, oʻzlari ishlaydigan idora obroʻsiga putur yetkazadigan harakatlardan saqlanishi;

shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashi va ularning mazmunini oshkor qilmasligi;

roʻyxatga olish uchastkasi boshligʻi va uning oʻrinbosari koʻrsatmalarini oʻz vaqtida va aniq bajarishi.

Belgilangan vazifalarni bajarish uchun roʻyxatga oluvchi boshqa roʻyxatga oluvchilar bilan hamkorlik qiladi.

  1. Roʻyxatga olish savolnoma shakllarini toʻldirish uy xoʻjaligi tarkibini aniqlashdan boshlanadi.

Uy xoʻjaliklari shaxsiy va jamoaviyga boʻlinadi.

Shaxsiy uy xoʻjaliklari tarkibiga turar joy binolari — uylar (hovlilar), kvartiralar, yotoqxonalar, dala hovlilar va boshqa yashash uchun foydalaniladigan binolarda yashovchi shaxslar kiradi.

Jamoaviy uy xoʻjaliklari tarkibiga ijtimoiy va tibbiyot muassasalarida, kazarmalarda, qamoqxonalarda va diniy tashkilotlarda (madrasalarda) doimiy yashovchi shaxslar guruhi kiradi.

Aholining ayrim toifalari yashaydigan muassasalar (tashkilotlar) jamoaviy uy xoʻjaliklari hisoblanadi.

Quyidagi joylarda roʻyxatga olish ishlari ularning maʼmuriyatlari tomonidan amalga oshiriladi:

bolalar internatlari, tarbiya muassasalari;

ijtimoiy muassasalar;

diniy muassasalar;

shifoxonalar va boshqa sogʻliqni saqlash tashkilotlari;

ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari;

qamoqda saqlash joylari, tergov izolyatori, jazoni ijro etish muassasalari va maxsus muassasalar;

harbiy qismlar va kursantlar tayyorlovchi taʼlim muassasalari joylashgan hududlar.

Roʻyxatga oluvchilar oʻziga biriktirilgan hududda joylashgan mehmonxona turidagi muassasalarda roʻyxatga olish ishlarini ushbu muassasaning maʼmuriyati bilan birgalikda amalga oshiradi.

  1. Roʻyxatdan oʻtkazish davrida uy xoʻjaligi boshligʻining oʻzi boʻlmaganda, xoʻjalikka (tomorqa xoʻjaligi, yuridik shaxs tashkil etmagan dehqon xoʻjaligiga) doir maʼlumotlar ushbu xoʻjalikning voyaga yetgan aʼzosi tomonidan maʼlum qilinadi.

Respondent roʻyxatga olish savolnoma shakllaridagi savollarga javob berishni rad etgan yoki roʻyxatga olishni oʻtkazish davrida yashash joyida (binoda), kvartirada hech kim boʻlmagan taqdirda, roʻyxatga olish savolnoma shakllari mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi yoki mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridagi mavjud maʼlumotlar asosida toʻldiriladi.

Agar roʻyxatga oluvchilar oʻz uchastkasida uysizlarga duch kelsa, ularni ham roʻyxatga oladi.

  1. Soʻrov davlat tilida oʻtkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida soʻrovdan oʻtkazilishi mumkin. Bunda roʻyxatga oluvchi xodimlar ushbu hududda yashovchi yoki shu hududning aholisi bilan erkin muloqot qila oladigan shaxslar orasidan tanlanadi.

Respondent bilan muloqotni taʼminlash maqsadida, agar respondent gaplashadigan tilni bilmasa, roʻyxatga oluvchi (roʻyxatga olish uchastkasi boshligʻi yoki uning oʻrinbosari bilan kelishilgan holda) respondent gaplashadigan chet tilini biladigan shaxslarni (talabalar yoki boshqa chet tilini biladigan shaxslar) jalb etishi mumkin.

  1. Roʻyxatga oluvchilar mustaqil ravishda ish rejasini tuzadi, zarur hollarda roʻyxatga olish uchastkasi xodimlari bilan maslahatlashadi, oʻziga biriktirilgan hududdagi barcha binolarni hisobga olgan holda soʻrov oʻtkazish uchun qulay boʻlgan yoʻnalishni kunlik belgilaydi. Bu yoʻnalish shunday tartibda tuzilishi kerakki, bunda xonadonlarni aylanib chiqish va u yerda yashovchi (vaqtincha boʻlib turgan) respondentlardan soʻrov oʻtkazish imkonini berishi kerak.

Roʻyxatga oluvchilar ish rejasini tuzishda quyidagilarni hisobga olishi zarur:

kam vaqt sarf etib va qisqa masofani bosib, maksimal miqdorda binolarni aylanib, roʻyxatga olish ishlarini oʻtkazish;

jinoyatchilik koʻp uchraydigan hududlar va tarbiyasi ogʻir oilalar boʻlgan xonadonlarga Milliy gvardiya yoki ichki ishlar organlari xodimlari bilan birgalikda tashrif buyurgan holda zarur xavfsizlik choralarini koʻrish.

  1. Agar roʻyxatga oluvchi rejadan sezilarli darajada ortda qolayotgan boʻlsa, roʻyxatga olish uchastkasi boshligʻi (uning oʻrinbosari) ushbu holatning sababini aniqlashtiradi va zarur hollarda zaxira tarkibidan qoʻshimcha roʻyxatga oluvchilar jalb etilishi yuzasidan qaror qabul qiladi.
  2. Roʻyxatga oluvchi roʻyxatga olish uchastkasi boshligʻi (uning oʻrinbosari) koʻrsatmalarini oʻz vaqtida va aniq bajarishi shart.

Roʻyxatga oluvchilar ish jarayonlarida yuzaga keladigan muammolar va ularning sabablari boʻyicha roʻyxatga olish uchastkasi boshligʻi (uning oʻrinbosari)ga xabar beradi hamda imkon qadar mustaqil ravishda ushbu muammolarni bartaraf qilish choralarini koʻradi.

Shuningdek, roʻyxatga oluvchilar zarurat tugʻilganda oilaviy ahvoli, sogʻligʻi va boshqalar bilan bogʻliq kutilmagan holatlar haqida roʻyxatga olish uchastkasi boshligʻi (uning oʻrinbosari)ga oʻz vaqtida xabar berishi kerak.

  1. Agar respondent yashab turgan xonadonida (joyida) roʻyxatdan oʻtishni istamasa, roʻyxatga oluvchi unga mahalla fuqarolar yigʻini binolarida joylashgan roʻyxatga olish uchastkalarida (statsionar) roʻyxatdan oʻtishni taklif etadi va mahalla manzilini beradi.
  2. Roʻyxatga olish davrida roʻyxatga olish uchastkalari boshliqlari (ularning oʻrinbosarlari) har kuni roʻyxatga oluvchilarning ishini nazorat qiladi, shuningdek, soʻrov oʻtkazilgan respondentlar sonini va roʻyxatga oluvchilar tomonidan ish jadvaliga rioya qilinishini tekshirib boradi.

6-bob. Roʻyxatga olishning shaxsga doir maʼlumotlarini himoya qilish tartibi

  1. Shaxsga doir maʼlumotlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda himoya qilinadi.
  2. Roʻyxatga oluvchi xodimlar tarkibiga kiruvchi shaxslar shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash zarurligi toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
  3. Roʻyxatga olish savolnomalari toʻldirilgandan soʻng, ular bilan tanishish va respondent talabiga binoan maʼlumotlarni aniqlash jarayonidan keyin shaxsga doir maʼlumotlarga faqatgina vakolatli statistika organlari xodimlari kirish huquqiga ega boʻladilar.
  4. Milliy statistika qoʻmitasi shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlashda quyidagilarni taʼminlaydi:

shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish uchun masʼul boʻlgan boʻlinmalarni yoki mansabdor shaxslarni belgilash;

umumiy foydalaniladigan aloqa tarmogʻi orqali shaxsiy maʼlumotlar uzatilayotganda ularni himoya qilish boʻyicha ishlarni tashkil qilish;

shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlashda ularni himoya qilish;

shaxsga doir maʼlumotlar qayta ishlanayotgan binolarda maxsus kirish tartibini joriy etish;

shaxsga doir maʼlumotlarga kirish huquqini ularni qayta ishlashda ayrim shaxslar doirasi boʻyicha cheklash;

shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlashga moʻljallangan dasturiy-texnik vositalarni yongʻin va xavfsizlik signalizatsiyasi bilan jihozlangan xonalarga joylashtirish;

Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq roʻyxatga olish axborot tizimlarini himoya qilish vositalarini qoʻllash;

maʼlumotlarni himoya qilish choralari koʻrilmasdan dasturiy-texnik vositalardan foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik;

shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlash jarayonlarida ularni himoya qilish boʻyicha boshqa choralarni koʻrish.

7-bob. Respondentlarning shaxsga doir maʼlumotlarini qayta ishlash, roʻyxatga olishning dastlabki maʼlumotlarini shakllantirish

  1. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Qonuni 10-moddasigamuvofiq, roʻyxatga olishning shaxsga doir maʼlumotlari maxfiy hisoblanadi va oshkor etilmasligi hamda tarqatilmasligi lozim.

Milliy statistika qoʻmitasi respondentlarning shaxsga doir maʼlumotlarini “Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishda shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom va “Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlarini shakllantirish Dasturi”ga muvofiq qayta ishlaydi.

Maʼlumotlarni qayta ishlash jarayonida shaxsga doir maʼlumotlar shaxsini aniqlash imkoni boʻlmagan holatga keltiriladi (egasizlantiriladi).

  1. Roʻyxatga olishning dastlabki maʼlumotlari respondentlarning internet tarmogʻi va planshet qurilmalari yordamida toʻplangan shaxsga doir maʼlumotlarini qayta ishlashda olingan jamlangan maʼlumotlari asosida shakllantiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kesimida roʻyxatga olishning dastlabki maʼlumotlari 2026-yilning 1-iyulgacha tayyorlanadi.

  1. Shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlash jarayonlarida hamda roʻyxatga olish natijalarini tahlil qilish maqsadida Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oʻzbekiston fermerlar kengashi, Kadastr agentligi va boshqa tegishli vazirlik hamda idoralarning maʼmuriy maʼlumotlar manbalaridagi mavjud axborotlardan foydalanilishi mumkin.

8-bob. Roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlarini eʼlon qilish va saqlash

  1. Oʻzbekiston Respublikasi va hududlar boʻyicha roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlari 2027-yilning 1-iyuliga qadar eʼlon qilinadi.

Yakuniy maʼlumotlar Milliy statistika qoʻmitasi va hududiy statistika boshqarmalari tomonidan rasmiy veb-saytlarda joylashtirish va bosma nashrlarda eʼlon qilish orqali maʼlum qilinadi.

Nashr qilingan maʼlumotlardan tashqari qoʻshimcha maʼlumotlar foydalanuvchilarning soʻrovlariga binoan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga rioya qilgan holda shakllantiriladi.

  1. Elektron maʼlumotlar bazalari va boshqa doimiy saqlash muddatiga ega hujjatlar, shuningdek, roʻyxatga olishning yigʻmahujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi Qonuniva boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartib va muddatlarga muvofiq, “Oʻzarxiv” agentligi tizimiga kiruvchi tegishli viloyat, shahar va tuman davlat arxivlariga (shaxsiy tarkib hujjatlari arxivlaridan tashqari) saqlash uchun topshiriladi.

9-bob. Yakuniy maʼlumotlarni taqdim etish

  1. Oʻzbekiston Respublikasi aholisining demografik, qishloq xoʻjaligi va ijtimoiy-iqtisodiy holatining asosiy koʻrsatkichlarini tavsiflovchi roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlari rasmiy statistika maʼlumotlari hisoblanadi va rasmiy statistika foydalanuvchilariga belgilangan tartibda taqdim etiladi.
  2. Yakuniy maʼlumotlar tushunarlilik va oshkoralik, aniqlik va ishonchlilik, xolislik va obyektivlik, shuningdek, statistik maxfiylik tamoyillari asosida foydalanuvchilarga taqdim etiladi.
  3. Yakuniy maʼlumotlarni taqdim etish jarayonida statistika organlari oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tasdiqlangan rasmiy statistikaning asosiy tamoyillari hamda statistika dasturiga muvofiq amalga oshiradi.
  4. Roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlari Milliy statistika qoʻmitasining rasmiy veb-saytida, statistik toʻplamlar, byulletenlar va boshqa bosma nashrlar koʻrinishida, ommaviy axborot vositalarida esa press-relizlar, xabarlar, sharhlar va boshqa axborot materiallari shaklida eʼlon qilinadi.
  5. Ochiq manbalarda joylashtirilmagan yakuniy maʼlumotlarni foydalanuvchilar soʻrovlari asosida shakllantirish va taqdim etish shartnoma asosida, mazkur ishlarni bajarish tashabbusi bilan chiqqan jismoniy va yuridik shaxslarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
  6. Yakuniy maʼlumotlarni toʻlovli shartnoma asosida taqdim etish boʻyicha axborot xizmati koʻrsatishning asosi boʻlib foydalanuvchilardan yozma yoki elektron shaklda olingan ariza hisoblanadi. Arizada soʻralgan yakuniy maʼlumotlar roʻyxati, maʼlumotni olish vositalari va foydalanish maqsadi koʻrsatilishi kerak.
  7. Yakuniy maʼlumotlarning hajmi va shakllantirish murakkabligiga qarab ularni taqdim etish muddati uzaytirilishi mumkin, ushbu holatda ariza beruvchi xabardor qilinadi.
  8. Agar soʻralgan maʼlumotlar muayyan respondentning shaxsiy maʼlumotlarining maxfiyligini taʼminlashga xavf tugʻdirsa, yaʼni maxfiylikka taʼsir qilsa, bu maʼlumotlarni taqdim etish rad etiladi.
  9. Roʻyxatga olishning yakuniy maʼlumotlari Milliy statistika qoʻmitasi bilan tuzilgan kelishuvlar hamda rasmiy statistika maʼlumotlari almashinuvi asosida xalqaro tashkilotlarga va xorijiy davlatlar statistika organlariga taqdim etiladi.

10-bob. Yakunlovchi qoida

  1. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.