Agrar sohani raqamlashtirish bo‘yicha hamkorlik aloqalari kengaymoqda
Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev Qirg‘iz Respublikasining Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri o‘rinbosari Asel Kenenbayeva bilan muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish sohasida qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot avvalida Asel Kenenbayeva O‘zbekiston agrar sohasida, xususan, raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi. U O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish tizimi yuqori darajada yo‘lga qo‘yilganini, bu boradagi tajriba Qirg‘iz Respublikasi uchun ham o‘rnak bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” direktori U.Maxmudov tomonidan markazda yaratilgan elektron platformalar, ularning fermerlar va agrar soha subyektlari faoliyatidagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Xususan, hosildorlik monitoringi, suv resurslaridan samarali foydalanish, elektron yer hisobi tizimlari, raqamli agroxizmatlar kabi loyihalar taqdim etildi. Shuningdek, Qirg’iz tomoniga mobil dron kompleksi ham tanishtirildi.

Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston tajribasini chuqur o‘rganish, agrar sohada raqamli yechimlarni o‘z mamlakatida ham joriy etishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Shu maqsadda, tomonlar o‘rtasida ekspert almashinuvi, o‘quv dasturlarini tashkil etish hamda o‘zaro axborot tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha ham takliflar o’rtaga tashlandi.
Uchrashuv yakunida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona hamkorlikni yanada mustahkamlash, agrar sohani raqamli transformatsiya yo‘nalishida yangi tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish borasida o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.