Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmonibilan tasdiqlangan 2024-yilda davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali joriy etiladigan davlat xizmatlari roʻyxatida Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va chetdan olib kelinadigan oziq-ovqat mahsulotlariga, ularni ishlab chiqarish vositalariga va xalq isteʼmoli mollariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish xizmatini joriy qilish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
- Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 1-ilovagamuvofiq tasdiqlansin:
davlat xizmatini koʻrsatish, sanitariya-epidemiologiya ekspertizasini oʻtkazish tartibi;
sanitariya-epidemiologik xulosa berish, uni oʻzgartirish va qayta rasmiylashtirish, xulosaning amal qilishi muddatini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi;
Sanitariya-epidemiologik xulosalar reyestrini yuritish.
- Sogʻliqni saqlash vazirligi:
- a) Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-yanvardan boshlab ushbu qaror bilan tasdiqlangan Reglamentga muvofiq davlat xizmatining davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali koʻrsatilishini taʼminlasin;
YIDXPda davlat xizmati koʻrsatilishining har bir bosqichida murojaatlarning koʻrib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin;
- b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
- Adliya vazirligi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ushbu qarorga muvofiq davlat xizmati koʻrsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
- Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovagamuvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
- Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov va adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 13-noyabr,
720-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-noyabrdagi 720-son qaroriga
1-ILOVA
Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
- Ushbu Reglament tadbirkorlik subyektlariga (yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlar) davlat xizmatlari markazlari va Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
- Sanitariya-epidemiologik xulosa Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-yanvardagi 43-son qarori bilan tasdiqlangan Sanitariya-epidemiologik xulosa majburiy tartibda olinishi lozim boʻlgan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari roʻyxatidagimahsulotlarga beriladi.
- Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishni soʻrab murojaat qilgan tadbirkorlik subyektlari (yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlar);
vakolatli organ — akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyaga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, uning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) boʻlimlari;
maxsus ekspertiza — aholining va alohida shaxslarning sogʻligʻi hamda kasallanish holatini maxsus ekspertiza qilishning sanitariya-gigiyenik turlari va boshqa turlari, shuningdek, loyiha hujjatlari, texnik hujjatlar hamda boshqa hujjatlarning, uskunalar, asboblar hamda apparatlarning, kimyoviy moddalar, turli birikmalar, materiallar va muhitlarning, oziq-ovqat xomashyosi va mahsulotlarining, sanoat buyumlar, radioaktiv materiallar, radiatsiyaviy texnikaning ekspertizalari davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlar, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi muassasalari, ilmiy-tadqiqot, oliy taʼlim muassasalari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan ariza beruvchining mablagʻlari hisobidan oʻtkaziladigan ekspertiza;
sanitariya-epidemiologik xulosa — oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga (keyingi oʻrinlarda — sanitariya qoidalari) muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat.
- Sanitariya-epidemiologik xulosa uch yil muddatga beriladi.
Chetdan olib kelinayotgan mahsulotga sanitariya-epidemiologik xulosa mahsulotning yaroqlilik davriga, yaroqlilik muddatiga ega boʻlmagan mahsulotga esa — muddati koʻrsatilmasdan beriladi.
Aynan bir xil tovarlarga bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida sanitariya-epidemiologik xulosa bir kalendar yildan oshmagan muddatga bir marotaba beriladi.
- Chetdan olib kirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining yorliqlarida qayd etilgan mahsulotning yaroqlilik muddatlari Oʻzbekiston Respublikasida amal qiluvchi sohaga oid normativ hujjatlarda qayd etilgan yaroqlilik muddatlaridan farq qilgan taqdirda, akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriya tomonidan ularning qayd etilgan yaroqlilik muddatiga muvofiqligi va xavfsizlik koʻrsatkichlariga sinovlar oʻtkazilib, ijobiy baholanganidan soʻng respublika hududiga olib kirishga ruxsat etiladi.
- Bolalar uchun moʻljallangan oziq-ovqat mahsulotlari, energetik ichimliklar akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalar tomonidan toksikologik sinovlardan oʻtkazilib, xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha ijobiy baholanganidan soʻng respublika hududiga olib kirilishiga ruxsat etiladi.
- Sanitariya-epidemiologik xulosa sanitariya qoidalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlari boʻlgan mahsulot turlariga beriladi.
- Sanitariya-epidemiologik xulosa quyidagi holatlarda olinishi lozim:
yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilganda;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot tarkibi oʻzgarganda;
mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonining konstruksiyalari, jamlanmalari oʻzgarganda;
tajriba uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarga;
respublika hududiga olib kiriladigan oziq-ovqat va qishloq xoʻjalik mahsulotlariga;
mahsulot ishlab chiqarish uchun berilgan sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilish muddati tugaganda.
- Bir-birini takrorlovchi sinovlar oʻtkazilishining oldini olish maqsadida akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalar tomonidan boshqa akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarning sinov natijalari tan olinadi.
- Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ oʻrtasidagi axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi oʻrinlarda — ERI) majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
- Sanitariya-epidemiologik xulosani berish boʻyicha davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovagamuvofiq sxema asosida koʻrsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini koʻrsatish uchun hujjatlarni qabul qilish tartibi
- Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
Soʻrovnoma YIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin.
Bunda soʻrovnoma ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari tushganda, kalendar boʻyicha navbatdagi ish kuni vakolatli organga tushgan va ular tomonidan qabul qilingan kun hisoblanadi.
Ariza beruvchi yoki uning nomidan murojaat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shaklda soʻrovnomani elektron shaklda toʻldiradi.
- Soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar PDF, PNG yoki JPEG formatda, ularning asl nusxalaridan olingan holda ilova qilinadi:
- a) ishlab chiqariladigan oziq-ovqat mahsulotlariga:
texnologik yoʻriqnomasi va retsepturasi;
vakolatli organga tegishli boʻlmagan va boshqa laboratoriyalar tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun sinov bayonlari — sinovlar ariza berilgunga qadar soʻnggi bir hafta mobaynida oʻtkazilganda;
- b) chetdan olib kelinayotgan mahsulotlarga:
aynan bir xil mahsulot bir tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) doirasida chetdan olib kelinayotgan hollarda, ushbu tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) nusxasi;
maxsus kiritiladigan biologik aktiv moddalar va oziq-ovqat qoʻshimchalarini olib kirish hamda ishlab chiqarish uchun ruxsatnoma, agar ularning Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirilishi uchun vakolatli organ tomonidan toksikologiya-gigiyena jihatidan baholash asosida ruxsatnoma berilgan boʻlsa;
xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalar tomonidan oʻtkazilgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun sinov bayonlari;
ariza beruvchi ishonchnoma asosida harakat qilayotganda, notarial tasdiqlangan ishonchnoma (yuridik shaxs tomonidan berilgan ishonchnoma bundan mustasno).
Taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqqoniyligiga ariza beruvchi masʼul hisoblanadi.
- Chetdan olib kelinadigan oziq-ovqat mahsulotiga sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirib berish boʻyicha soʻrovnoma berilayotgan vaqtda mahsulotning yaroqlilik muddati umumiy yaroqlilik muddatidan 60 foizdan kam boʻlmasligi shart (ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan umumiy yaroqlilik muddatiga nisbatan foizda).
- Soʻrovnomaga zarur maʼlumotlar kiritilgandan soʻng ariza beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
- Davlat xizmatini koʻrsatish uchun ariza beruvchidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Davlat xizmati koʻrsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda, ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.
Davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlangani axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
- Yigʻimlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
- a) Davlat xizmatlari markaziga murojaat etilganda:
18 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi maxsus hisobvaragʻiga (Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar vakolatli organning budjetdan tashqari maxsus jamgʻarmasiga;
- b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
11,75 foizi — “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasidagi shaxsiy hisobvaragʻiga (shu jumladan, 0,5 foizi yigʻim toʻlanganligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablagʻlar vakolatli organning budjetdan tashqari maxsus jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
- Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi. Bunda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
- Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga murojaat etganda, uning soʻrovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, talabgor tomonidan tasdiqlangandan soʻng oʻn daqiqada vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YIDXP orqali murojaat qilinganda esa, soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
- Vakolatli organ soʻrovnoma kelib tushgandan soʻng bir ish kun ichida soʻrovnomada va (yoki) hujjatlarda xato-kamchiliklar boʻlmasa hamda toʻliq taqdim etilgan boʻlsa, maxsus ekspertiza oʻtkazilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan tariflar boʻyicha shakllantirilgan invoys raqamini Davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXP orqali elektron shaklda yuboradi.
- Invoys ariza beruvchiga yuborilganidan keyin unda koʻrsatilgan toʻlov uch kalendar kun ichida toʻliq toʻlanmagan taqdirda, vakolatli organ maxsus ekspertiza oʻtkazishni rad etadi.
- Vakolatli organ tomonidan taqdim etilgan invoys raqamiga asosan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish boʻyicha toʻlovlar ariza beruvchi tomonidan toʻlanadi.
- Toʻlov summasi ushbu Reglamentning 17-bandidabelgilangan tartibda taqsimlanadi.
- Ariza beruvchi tomonidan soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilganda, ushbu Reglamentning 13-bandidabelgilangan hujjatlar toʻliq ilova qilinmaganda, vakolatli organ kamchiliklarni va ularni bartaraf etish mumkin boʻlgan muddatni koʻrsatgan holda Davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXP orqali murojaat etilganda — ariza beruvchiga xabarnoma yuboradi.
Xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻladigan vaqtga mutanosib boʻlishi, lekin besh ish kunidan ortiq boʻlmasligi lozim.
Soʻrovnomaning takroran koʻrib chiqilgani uchun ushbu Reglamentning 16-bandida belgilangan yigʻim undirilmaydi.
Xabarnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar bilan soʻrovnomani qabul qilishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ariza beruvchi kamchiliklarni bartaraf etish xabarnomasida koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin murojaat qilgan taqdirda, soʻrovnoma yangi topshirilgan hisoblanadi va vakolatli organ tomonidan umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
Bunda ariza beruvchining dastlabki murojaatiga kamchiliklarni bartaraf etish xabarnomasi yuborilganligini inobatga olgan holda, keyingi murojaatiga kamchiliklarni bartaraf etish xabarnomasi yuborilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Vakolatli organ tomonidan maxsus ekspertiza oʻtkazish tartibi
- Invoysda belgilangan toʻlov ariza beruvchi tomonidan toʻliq toʻlanganidan keyin vakolatli organ tomonidan uch ish kuni ichida belgilangan tartibda mahsulot ishlab chiqarish korxonasi yoki mahsulot saqlanayotgan obyektning sanitariya qoidalariga muvofiqligi yuzasidan maxsus ekspertiza oʻtkazish hamda laboratoriya sinovlari uchun mahsulotlardan namunalar olish uchun masʼul sanitariya vrach(lar)i (keyingi oʻrinlarda — masʼul sanitariya vrachi) tayinlanadi.
Masʼul sanitariya vrachi bir ish kuni ichida belgilangan tartibda mahsulot ishlab chiqarish korxonasi yoki mahsulot saqlanayotgan obyektni sanitariya qoidalariga muvofiqligi yuzasidan joyiga chiqqan holda oʻrganadi hamda sanitariya-epidemiologik tekshiruv oʻtkazilgani haqida dalolatnoma rasmiylashtirib, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan namunalar olish boʻyicha dalolatnoma tuzadi va laboratoriyaga namuna taqdim etadi.
- Maxsus ekspertiza oʻtkazilishida mahsulot boʻyicha taqdim etilgan hujjatlarning mahsulotlarga muvofiqligi taqqoslanadi.
Shuningdek, mahsulotlarni tashishda qoʻllanadigan transport vositasining sanitariya holati (mahsulot tashish uchun ixtisoslashtirilgani, saqlash rejimiga rioya qilinishi, mahsulot tashish uchun yaratilgan sharoit) va mahsulotlarni saqlash sharoitlariga ham baho beriladi.
- Mahsulot idishlari, qadoq materiallarining holati boʻyicha quyidagilar oʻrganiladi:
nomi, shifri, navi, TIF TN kodi;
mahsulot ishlab chiqaruvchining nomi;
isteʼmolga yaroqlilik va ishlab chiqarilgan muddati (yaroqlilik muddati tugagan mahsulotlar maxsus ekspertizadan oʻtkazilmaydi);
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning roʻyxat raqamlari;
mahsulotlarni saqlash sharoiti, buzilish alomatlari, zararlangani, begona hidlarning bor yoki yoʻqligi;
qadoqlangan mahsulotning butligi;
oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, qadoqlash materiallari, yordamchi materiallar xavfsizlik koʻrsatkichlarining sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normalariga javob berishi.
- Mahsulot ishlab chiqarish korxonasi yoki mahsulot saqlanayotgan obyektning sanitariya qoidalariga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida ushbu Reglamentga 3-ilovagamuvofiq shaklda sanitariya-epidemiologik tekshiruv oʻtkazilganligi haqida ikki nusxada belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
- Masʼul sanitariya vrachi tomonidan mahsulot namunasini yoʻnalishi boʻyicha sanitariya-gigiyena, radiatsion gigiyena, bakteriologiya, virusologiya, parazitologiya sinovlari uchun texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan miqdorda oladi va mahsulot egasi yoki uning vakili ishtirokida ushbu Reglamentga 4-ilovagamuvofiq shaklda oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olish boʻyicha ikki nusxada dalolatnoma rasmiylashtiradi.
Oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olish boʻyicha dalolatnoma masʼul sanitariya vrachi va mahsulot egasi yoki uning vakilining shaxsiy imzosi bilan imzolanadi. Uning bir nusxasi mahsulot egasi yoki uning vakiliga topshiriladi.
- Masʼul sanitariya vrachi tomonidan namunalar toza idishga joylanadi, surgʻuchlanadi va oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olish boʻyicha dalolatnomaning bir nusxasini hamda mahsulot namunasini akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyaga taqdim qilinadi.
Bakteriologik sinovlar uchun olingan namunalar sterillangan idishda yoki original oʻramda joʻnatiladi.
- Olingan namunalar mahsulot partiyasini toʻliq ravishda aks ettirishi lozim.
- Turi bir xil, navi va nomlanishi bir xil, bir smenada ishlab chiqarilgan va texnologik jihatdan bir xil ishlovdan oʻtgan mahsulot bir xil partiya hisoblanadi.
Bitta ishlab chiqarish obyektida tayyorlangan, maʼlum hajm va ogʻirlikdagi, bir xil yuk xati va sifat sertifikatiga ega boʻlgan mahsulot bir xil yuk partiyasi hisoblanadi.
- Bir necha turdagi mahsulotlarga xulosa berish davrida sanitariya vrachi taqdim etilgan hujjatlar va mahsulotlarni oʻrganib chiqib, turi, navi, tarkibi va nomlanishi bir xil, bir smenada ishlab chiqarilgan, texnologik jihatdan bir xil ishlovdan oʻtgan, bitta yuk xatiga ega boʻlgan mahsulotlardan umumlashtirish yoʻli bilan laboratoriya sinovlari oʻtkazish uchun namunalar olishi mumkin.
Mazkur talab konservalangan oziq-ovqat mahsulotlari, bolalar uchun moʻljallangan oziq-ovqat mahsulotlari, ozuqaviy qoʻshimchalar, ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
- Mahsulotlar turi boʻyicha sanitariya qoidalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablardan kelib chiqqan holda, xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha laboratoriya mutaxassislari (bakteriolog, toksikolog, virusolog, sanitariya-gigiyenik, parazitolog, kimyo, radiolog) tomonidan 10 ish kuni ichida sinovlar oʻtkaziladi.
- Mahsulotlarning xavfsizlik koʻrsatkichlari sanitariya qoidalari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda koʻrsatilgan usullar boʻyicha aniqlanadi.
- Tez buziluvchi mahsulotlardan olingan namuna boʻyicha 2 soatlik muddat ichida sinov boshlanishi lozim.
- Laboratoriya sinovlari oʻtkazilgandan soʻng mahsulotlar qoldigʻi 10 kun muddatgacha laboratoriyada saqlanadi, tez buziluvchi mahsulotlar esa, yaroqlilik muddati tugaganda yoʻq qilinadi.
- Namuna qoldiqlari sinov natijalari berilgunga qadar saqlanib, soʻng laboratoriya rahbari ruxsati bilan belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
Tekshirilgan oziq-ovqat namunalarining qoldigʻi mahsulot egasiga qaytarilmaydi.
- Oʻtkazilgan sinovlarning, laboratoriya tekshiruvlarining haqqoniyligi va sifatliligiga sinovlar oʻtkazgan laboratoriya javobgar hisoblanadi.
- Oʻtkazilgan laboratoriya sinovi bayonnomasi sinov oʻtkazilgan mahsulotning partiyasiga taalluqli boʻladi.
4-bob. Sanitariya-epidemiologik xulosani berish tartibi
- Mahsulot namunalarining laboratoriyadagi sinov natijalari asosida ushbu Reglamentga 5-ilovagamuvofiq shaklda ikki nusxada mahsulot namunalarini tekshirish bayonnomasi rasmiylashtiriladi hamda bir nusxasi masʼul sanitariya vrachiga taqdim qilinadi.
Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sanitariya qoidalari, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, boshqa hujjatlarga muvofiq deb topilganda masʼul sanitariya vrachi tomonidan axborot tizimiga, ushbu Reglamentga 6-ilovaga muvofiq shaklda sanitariya-epidemiologik xulosani elektron shaklda joylashtiriladi.
- Laboratoriya sinovi bayonnomasi, sanitariya-epidemiologik tekshiruv oʻtkazilgani haqidagi dalolatnomalar mahsulotning inson hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsizlik koʻrsatkichlari talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida sanitariya-epidemiologik xulosa berish uchun asos boʻladi.
- Vakolatli organ sanitariya-epidemiologik xulosani QR-kod (matrik shtrixli kod) orqali tasdiqlaydi hamda bir ish kunida Davlat xizmatlari markaziga, YIDXP orqali murojaat etilganda esa ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.
- Davlat xizmatlari markazi sanitariya-epidemiologik xulosa va unga ilova qilingan hujjatlar kelib tushgandan soʻng bir soat ichida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat qilgan taqdirda, uning soʻroviga koʻra, Davlat xizmatlari markazi ariza beruvchiga sanitariya-epidemiologik xulosa va unga ilova qilingan hujjatlarni elektron yoki qogʻoz shaklida taqdim etishi mumkin.
5-bob. Sanitariya-epidemiologik xulosani berishni rad etish
- Oʻtkazilgan laboratoriya sinovlari natijasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan yoki chetdan olib kelinayotgan mahsulotlar isteʼmol qilishga hamda foydalanishga yaroqsiz deb topilgan taqdirda, masʼul sanitariya vrachi tomonidan bir ish kunida ikki nusxada sanitariya-epidemiologik tekshiruv oʻtkazilgani haqida dalolatnoma tuziladi.
Bunda mahsulotni ishlab chiqaruvchi yoki uni olib keluvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, mahsulotining qayerdan keltirilgani, nomi va turi, ogʻirligi, miqdori, toʻplami, ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati, mahsulotining qadoq turi, ushbu mahsulotning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga nomuvofiqligi koʻrsatiladi.
- Tuzilgan sanitariya-epidemiologik tekshiruv oʻtkazilgani haqida dalolatnoma va hujjatlar toʻplami PDF formatda masʼul sanitariya vrachi tomonidan vakolatli organning axborot tizimiga joylashtirilganidan soʻng vakolatli organ sanitariya-epidemiologik tekshiruv oʻtkazilgani haqida dalolatnoma asosida ikki ish kuni ichida isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, undan foydalanish yoki respublikaga olib kirishni taqiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
- Isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan mahsulot turiga qarab, tegishli tashkilotlar bilan kelishgan holda qayta ishlash yoki yoʻq qilish usuli va shartlari belgilanadi. Isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan mahsulotdan qayta ishlashda foydalanish yoki uni yoʻq qilish usullari va shartlari vakolatli organ, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga chetdan olib kelinayotgan mahsulot isteʼmol qilishga yoki foydalanishga yaroqsiz deb topilgan taqdirda, yuk egasi oziq-ovqat mahsulotini qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan olib chiqib ketish huquqiga ega.
Isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan mahsulot qayta ishlashda foydalanish yoki yoʻq qilishga qadar alohida joyda (rezervuarda), hisobda toʻplami, ishlatish (qayta ishlash) yoki yoʻq qilish usullari va shartlari aniq koʻrsatilgan holda saqlanishi shart.
Isteʼmolga yoki foydalanish uchun yaroqsiz deb topilgan mahsulotning toʻliq saqlanishi uchun masʼuliyat mahsulot egasi zimmasiga yuklanadi.
Isteʼmolga yaroqsiz deb topilgan mahsulotni belgilangan tartibda maxsus ekspertiza qilish, yoʻq qilish usullari va shartlarini belgilash, qayta ishlash, saqlash, tashish, yoʻq qilish yoki Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan olib chiqib ketish bilan bogʻliq xarajatlar mahsulot egasining hisobidan amalga oshiriladi.
- Quyidagilar sanitariya-epidemiologik xulosani berishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirib berish vaqtida oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati 60 foizdan kam boʻlganida (ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan umumiy yaroqlilik muddatiga nisbatan foizda);
chetdan olib kelinayotgan mahsulotlarning xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalar tomonidan oʻtkazilgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun sinov bayonnomalari boʻlmasa;
vakolatli organga tegishli boʻlmagan boshqa akkreditatsiya qilingan laboratoriyalar tomonidan oʻtkazilgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun sinov bayonnomalari boʻlmasa;
laboratoriya sinovlarining salbiy natijalari;
oziq-ovqat mahsuloti sifatida ishlatilmaydigan (urugʻlik, koʻpaytirish, seleksiya, dekoratsiya, hayvonlar uchun ozuqa va laboratoriya uchun reaktiv), koʻrgazma va oʻz ehtiyoji uchun hamda laboratoriya sinovlarini oʻtkazishga yetmaydigan miqdorda olib kelingan taqdirda.
Davlat xizmatini koʻrsatish ushbu bandda koʻrsatilmagan boshqa asoslarga, shu jumladan, maqsadga muvofiq emas degan sabablarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- Sanitariya-epidemiologik xulosa berishni rad etish haqida qaror qabul qilinganda, vakolatli organ ushbu Reglamentga 7-ilovagamuvofiq shaklda QR-kod qoʻyilgan xabarnomani sanitariya-epidemiologiya ekspertizasini oʻtkazishni rad etishning aniq asoslarini qonunchilik hujjatlari bilan asoslagan va kamchiliklar hamda yetishmayotgan hujjatlarni koʻrsatgan, shuningdek, ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqqan holda rasmiylashtiradi va Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda), YIDXP orqali murojaat etilganda esa ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.
6-bob. Sanitariya-epidemiologik xulosani qayta rasmiylashtirish
- Quyidagi hollarda sanitariya-epidemiologik xulosa qayta rasmiylashtiriladi:
yuridik shaxs qayta tashkil etilganda, tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgartirilganda;
yuridik shaxs nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgarganda;
yakka tartibdagi tadbirkorning (jismoniy shaxs) unga davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani haqida berilgan guvohnomada koʻrsatilgan familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat koʻrsatadigan joyi oʻzgarganda.
Bunda mazkur asoslarni tasdiqlovchi maʼlumotlar vakolatli organ tomonidan “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinadi hamda ariza beruvchidan ushbu maʼlumotlarni talab qilish taqiqlanadi.
Ariza beruvchi ushbu bandda koʻrsatib oʻtilgan asoslar yuzaga kelgandan soʻng besh ish kuni ichida ushbu Reglamentning 2-bobida belgilangan tartibda murojaat qilishi shart.
Yangi tashkil etilgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida sanitariya-epidemiologik xulosaga ega boʻlgan ariza beruvchi yuridik shaxslar qoʻshib yuborilgan taqdirda, sanitariya-epidemiologik xulosani ushbu bandda nazarda tutilgan tartibda qayta rasmiylashtirish mumkin.
- Yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyatni amalga oshirish joyiga nisbatan berilgan sanitariya-epidemiologik xulosaga ushbu shaxsning faoliyatni amalga oshirish manzili oʻzgarganda, ariza beruvchining soʻrovnomasi asosida vakolatli organ tomonidan oʻzgartirish kiritiladi.
- Sanitariya-epidemiologik xulosa vakolatli organ tomonidan soʻrovnoma kelib tushganidan soʻng uch ish kuni mobaynida qayta rasmiylashtirib beriladi.
Sanitariya-epidemiologik xulosani qayta rasmiylashtirish uchun toʻlov undirilmaydi.
- Sanitariya-epidemiologik xulosaga sanitariya-epidemiologik xulosani qayta rasmiylashtirib berish uchun belgilangan tartibda oʻzgartirish kiritiladi.
Sanitariya-epidemiologik xulosa qayta rasmiylashtirilganda, vakolatli organ tomonidan sanitariya-epidemiologik xulosalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
7-bob. Sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilishi muddatini toʻxtatib turish, tugatish va uni bekor qilish
- Sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilish muddati davomida nazorat amalga oshirilayotganda vakolatli organ sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilishini oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish, shuningdek, sudga sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilishini 6 oydan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish yoki uning amal qilishini bekor qilish tashabbusi bilan murojaat qilish huquqiga ega.
- Nazoratdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, xarid qilish, qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, tashish va realizatsiya qilish bilan bogʻliq faoliyat natijasida odamlarning hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan, aholining yashashi va xoʻjalik faoliyati bilan shugʻullanish, zarar yetkazish yoki zarar yetkazilishining aniq xavfi yuzaga kelishi sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilishini belgilangan tartibda toʻxtatib turish uchun asos boʻladigan bir martalik qoʻpol buzilishi hisoblanadi.
- Sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish, uni bekor qilish Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni 32 — 34-moddalaridanazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
8-bob. Sanitariya-epidemiologik xulosalar reyestri
- Vakolatli organ sanitariya-epidemiologik xulosalarning elektron reyestrini yuritadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining rasmiy veb-sahifasida joylashtirib boradi.
Sanitariya-epidemiologik xulosalar reyestrida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
- a) ariza beruvchining nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, JSHSHIR yoki STIR, joylashgan yeri (pochta manzili);
- b) sanitariya-epidemiologik xulosalarning roʻyxatdan oʻtkazish raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati;
- v) sanitariya-epidemiologik xulosalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini toʻxtatib turish, tugatish va amal qilishini tiklash, sanitariya-epidemiologik xulosani bekor qilishning asoslari va sanasi.
- Sanitariya-epidemiologik xulosalar reyestridagi maʼlumotlar yuridik va jismoniy shaxslarning tanishishi uchun ochiq hisoblanadi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
- Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ davlat xizmatini koʻrsatish jarayonida olingan maʼlumotlarning sir saqlanishini taʼminlaydi.
- Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglament talablari bajarilishi boʻyicha vakolatli organning faoliyati ustidan davlat xizmatlarini koʻrsatish davomida, shu jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat va monitoringni amalga oshiradi.
- Ariza beruvchi davlat xizmatini koʻrsatishda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining qarorlari, xatti-harakatlari ustidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishlari mumkin.
- Ushbu Reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.