Qishloq xo‘jaligida sun’iy intellekt: Malayziya kompaniyasi bilan yangi hamkorlik yo‘nalishlari shakllanmoqda
Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJ direktori Utkir Maxmudov Malayziyaning “Meraque Group Sdn Bhd” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Rozali Ismail bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda qishloq xo‘jaligi sohasida sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish va bu borada yangi hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv boshida Utkir Maxmudov markaz tomonidan amalga oshirilayotgan raqamlashtirish loyihalari, yaratilgan axborot tizimlari hamda ularning amaliy natijalari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, shu kungacha ishlab chiqilgan platformalar ma’lumot almashinuvini tezlashtirib, fermerlar ish faoliyatida sezilarli samaradorlik yaratmoqda.
Muloqot chog‘ida ushbu tizimlarni kelgusida sun’iy intellekt asosida yanada rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Malayziya kompaniyasining ilg‘or texnologiyalari agrar jarayonlarda aniq prognozlar tuzish, ishonchli tahlillar olish va jarayonlarni optimallashtirishga keng imkoniyat yaratishi ta’kidlandi. Bu esa qishloq xo‘jaligi boshqaruvida tezkor va sifatli qarorlar qabul qilishni ta’minlashiga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin kunlarda amalga oshiriladigan aniq amaliy qadamlarni belgilab, o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
