Kuni kecha Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJda qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida raqamlashtirish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhokamalar tashkil etildi. Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev, shuningdek, Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosarlari Mirolimjon Karimov va Rustam Qarshiyev ishtirok etishdi.

Dastlab markaz mutaxassislari hozirgacha amalga oshirilgan loyihalar, joriy etilgan axborot tizimlari va ularning sohaga keltirayotgan natijalari boʻyicha taqdimot o‘tkazishdi.

Ta’kidlandiki, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida axborot texnologiyalarining ahamiyati sezilarli darajada oshdi. Yaratilgan platformalar idoralararo ma’lumot almashinuvi tezligini oshirmoqda, fermerlar uchun esa kundalik ish jarayonlarida yuqori samaradorlikka erishishga yordam bermoqda.

Alohida qayd etilgan jihatlardan biri — suv resurslaridan samarali foydalanish, suv iste’molini nazorat qilish va irrigatsiya jarayonlarini boshqarishda raqamli yechimlarning tobora muhim o‘rin egallab borayotgani bo‘ldi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi sifatida hozirda ishlab chiqilayotgan “SRBISA” axborot tizimi muhokama qilindi. Ushbu tizim suv xo‘jaligi boshqaruvini optimallashtirish, jarayonlarning shaffofligini ta’minlash va real vaqt rejimida monitoring olib borishni yo‘lga qo‘yishi bilan ahamiyatli ekani aytib o‘tildi. Tizimni yaratish va joriy etish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish zarurligi ham ta’kidlandi.

Yakunda ikki vazirlik vakillari yaqin hamkorlikni davom ettirish, tajriba almashish va yangi raqamli yechimlarni birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishib olishdi.