Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Agrar sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini koʻpaytirish, agrar sohada davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, respublika aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash va sohaning iqtisodiy samaradorligini oshirish maqsadida qaror qilaman:
- Maqsadlar
- Quyidagilar mazkur Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) agrar sohani moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini raqamlashtirish orqali mehnat va vaqt resurslari sarfini 2 baravarga qisqartirish, ajratiladigan mablagʻlar samaradorligini oshirish;
(b) oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga davlat tomonidan koʻrsatiladigan qoʻllab-quvvatlash choralarini unifikatsiya qilish orqali ularning sonini 2028-yil yakuniga qadar 50 foizgacha qisqartirish;
(v) sohada qoʻllab-quvvatlash choralari samaradorligini oshirish hisobiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2030-yilga qadar bosqichma-bosqich 20 foizga koʻpaytirish.
- Agrar sohani moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning samarali tizimini yoʻlga qoʻyish
- Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Agrar sohada toʻlovlar agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tashkil etilsin.
- Belgilansinki,Agentlik:
(a) oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari (keyingi oʻrinlarda — qoʻllab-quvvatlash choralari) koʻrilishini tashkil qiladi;
(b) qoʻllab-quvvatlash choralarining samaradorlik koʻrsatkichlarini ishlab chiqish, ijrosini monitoring va tahlil qilish, natijadorligini oshirish hamda samara bermayotgan choralarni bekor qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
(v) qoʻllab-quvvatlash choralarining yangi turlarini joriy qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
(g) qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrsatish uchun arizalarni topshirishdan boshlab, ularni koʻrib chiqish, maʼqullash va toʻlov jarayonigacha boʻlgan barcha bosqichlarni toʻliq raqamlashtiradi.
- Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) 1-ilovada keltirilgan qoʻllab-quvvatlash choralari Agentlik tomonidan amalga oshiriladi, bundan Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan ajratiladigan imtiyozli resurslar va foiz xarajatlari bilan bogʻliq choralar mustasno;
(b) 2-ilovada koʻrsatilgan qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshirish toʻxtatiladi;
(v) qoʻllab-quvvatlash choralarining yangi turlarini joriy qilish va amaldagilarini bekor qilish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish faqat Agentlik tomonidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
(g) qoʻllab-quvvatlash choralari tadbirkorlik subyektlariga alohida maxsus hisob raqamlar (23210) ochish orqali moliyalashtiriladi;
(d) qoʻllab-quvvatlash choralarining bir turidan iqtisod qilingan mablagʻlarni ularning boshqa turiga qayta taqsimlash Agentlikning manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan takliflariga koʻra Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
(j) qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning qoʻllab-quvvatlash choralarini olish uchun belgilangan talablarni bajarganligi boʻyicha dala tekshiruvlari Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi;
(z) Agentlik bir yilda ikki marotaba (olti oylik va yil yakuni bilan) qoʻllab-quvvatlash choralarining samaradorligi va natijadorligi, ularni taqdim etishda yuzaga kelayotgan muammolar va bartaraf etish mexanizmlari yuzasidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga hisobot kiritadi.
- Qishloq xoʻjaligi vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2025-yil yakuniga qadar “Agrosubsidiya” platformasini Soliq qoʻmitasi, Bojxona qoʻmitasi, “Oʻzbekkosmos” agentligi, Kadastr agentligi, tijorat banklari hamda boshqa manfaatdor davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlariga integratsiya qilish choralarini koʻrsin. Bunda vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va resurslaridagi maʼlumotlar doimiy ravishda qonunchilikka muvofiq begʻaraz asosda taqdim etib borilsin.
- Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada toʻlovlar agentligining faoliyatini samarali tashkil qilish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.
- Belgilansinki:
(a) qishloq xoʻjaligi vazirining moliya-iqtisodiyot masalalari yuklatilgan oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida Agentlik direktori hisoblanadi va oʻrindoshlik asosida faoliyat yuritadi;
(b) Agentlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
(v) Agentlik shtat birliklari 4-ilovaga muvofiq vazirlik va idoralarning 23 ta shtat birligini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi.
III. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026-yildan boshlab Qishloq xoʻjaligi vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga koʻra Agentlikka qoʻllab-quvvatlash choralari uchun talab etiladigan mablagʻlarni har yilgi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
- Savdo-sanoat palatasiQishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Agentlikni Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Sh. Rustaveli koʻchasi 8-uy manzilidagi binoga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirsin.
- Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Agentlik faoliyatini tashkil etish uchun zarur boʻlgan jihozlar, moddiy-texnik vositalar va aloqa turlari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
- Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Agentlik tuzilmasi va Agentlik toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
(b) qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga davlat tomonidan koʻrsatiladigan qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida keng jamoatchilikni muntazam ravishda xabardor qilib borish tavsiya etilsin.
- Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qoʻchqorov, qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abduraxmonov belgilansin.
- Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-noyabr,
PF-224-son