Dron texnologiyalari: samaradorlik va raqamlashtirish sari muhim qadam
Kuni kecha Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida agrar tarmoqda zamonaviy dron texnologiyalaridan keng va tizimli foydalanish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarida samaradorlikni oshirish hamda innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MCHJ huzuridagi “Drone Service” MCHJ rahbari Nurali O‘rinov tomonidan qishloq xo‘jaligida dron xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari, ushbu texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bosqichlari hamda fermerlar va soha mutaxassislari uchun yaratiladigan yangi qulayliklar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimotda dronlar yordamida:
- ekin maydonlarini tezkor monitoring qilish,
- agrotexnik tadbirlarni aniq va samarali bajarish,
- hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni erta aniqlash
imkoniyatlari keng yoritildi. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari va agrar soha vakillarini dronlardan samarali foydalanishga o‘qitish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish muhim vazifa sifatida belgilandi.

Bundan tashqari, dron operatorlarini tayyorlash va ularning sonini ko‘paytirish, maxsus o‘quv-trening markazini tashkil etish, dronlar orqali qo‘shimcha xizmatlarni yo‘lga qo‘yish hamda ularni nazorat qilishning yagona raqamli tizimini yaratish bo‘yicha takliflar bildirildi. Yosh kadrlarni sohaga jalb etish va qishloq xo‘jaligidagi og‘ir, mashaqqatli mehnat turlarini avtomatlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, dron texnologiyalarini keng joriy etish nafaqat ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytiradi, balki inson omilini yengillashtirib, agrar tarmoqda raqamli boshqaruvni yangi bosqichga olib chiqadi.
Mazkur yo‘nalishdagi tashabbuslar qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni mustahkamlash, sohani barqaror rivojlantirish va uning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.