Qishloq xo‘jaligida yuqori o‘sish sur’atini ta’minlash – taraqqiyot sari dadil qadam
So‘nggi tahlillar natijasida qishloq xo‘jaligida 2026-yil uchun o‘sish sur’ati avval rejalashtirilgan 4,2 foizdan 6 foizga oshirildi. Bu 571 trln so‘mlik yalpi mahsulot hajmi va qo‘shimcha 32 trln so‘mlik o‘sish demakdir.
Asosiy e’tibor oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, aholini barqaror ta’minlash va eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan. 2026-yilda don – 11 mln tonna, paxta – 4,5 mln tonna, sabzavot – 14,7 mln tonna, go‘sht – 3,1 mln tonna, sut – 13,1 mln tonna ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Birinchi chorakda 55,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish prognoz qilinmoqda. Chorvachilik va sabzavotchilikdagi barqaror o‘sish ichki bozorda mahsulot tanqisligining oldini olishga xizmat qiladi.
Paxtachilikda intensiv texnologiyalar joriy etilib, 800 ta paxta terish mashinasi va zamonaviy texnikalar xarid qilinmoqda. 30 ming gektar yangi intensiv bog‘ va tokzor barpo etiladi.
Eksport hajmini 4 mlrd dollarga yetkazish, 555 mln dollarlik 16 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
“Raqamli qishloq xo‘jaligi” platformasi ishga tushirilib, sun’iy intellekt va dron xizmatlari asosida 600 ming gektarda agrotexnik tadbirlar amalga oshiriladi.
Belgilangan vazifalarning bosh maqsadi – hosildorlikni oshirish, har bir qarich yerdan samarali foydalanish va sohada shaffof, samarali boshqaruvni ta’minlashdir.