Agroportalda yangi moliyaviy xizmat: endi bank xizmatlaridan onlayn foydalanish mumkin
Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi – Agroportal tizimida fermerlar va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun yana bir muhim xizmat joriy etildi. Endilikda platformada “Bank xizmatlaridan foydalanish” nomli yangi moliyaviy xizmat ishga tushirildi.
Mazkur xizmat orqali foydalanuvchilar Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu esa kredit to‘lovlarini tez va qulay amalga oshirish, vaqtni tejash hamda ortiqcha byurokratik jarayonlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yangi xizmat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga moliyaviy xizmatlardan oson va tez foydalanish imkonini beradi. Platforma orqali fermer va dehqonlar o‘z faoliyatiga oid hisobotlarni elektron shaklda tayyorlash, ularni saqlash hamda buxgalteriya hisobini yuritish jarayonlarini ham ancha soddalashtirishi mumkin.