Aziz va munis onaxonlar, qadrli opa-singillar, sohamizda faoliyat yuritayotgan muxtaram ayollar hamda dilbar qizlar! Barchangizni bahorning eng go‘zal ayyomlaridan biri – 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan chin qalbimizdan samimiy muborakbod etamiz.

Ayol – mehr, go‘zallik, latofat va sadoqat timsolidir. Bejizga ayolni bahorga, bahorni esa ayolga qiyoslashmaydi. Chunki bahor qanday qilib tabiatga yangilanish va yashnash olib kelsa, ayollar ham oila va jamiyatimizga quvonch, fayz va baraka olib kiradi. Bahorning ilk kunlari aynan xotin-qizlar bayrami bilan boshlanishi ham ana shu go‘zal ramziy ma’noni anglatadi.

Ayoli bor xonadon doimo fayzli, mehrli va barakali bo‘ladi. Yurtimiz taraqqiyoti, jamiyatimiz ravnaqi, oilalarimiz totuvligi va farovonligida ayollarimizning o‘rni beqiyosdir. Ularning aql-zakovati, sabr-toqati, fidoyiligi hamda cheksiz mehr-muhabbati har qanday ezgu ishning mustahkam tayanchidir.

Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy hayotning turli sohalaridagi yutuqlarimizda ham ayollarimizning hissasi katta. Sizlarning bilim, iste’dod va tashabbusingiz jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Aziz va muxtaram opa-singillar!
Sizlarni yana bir bor 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilalaringizga tinchlik va totuvlik, xonadonlaringizga to‘kin-sochinlik, qalblaringizga esa cheksiz quvonch tilaymiz.

Hayotingiz doimo bahorday go‘zal, qalbingiz doimo quvonchlarga to‘la bo‘lsin. Ayollik baxti, bekalik taxti va onalik ulug‘ martabasi Sizlarga hamisha hamroh bo‘lsin!