Agroportalda yana bir xizmat ishga tushirildi
Amaldagi qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini qisman ikkilamchi ijaraga berish tizimi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-fevraldagi 77-son qaroriga muvofiq takomillashtirildi.
Endilikda “Agroportal” orqali qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilar yer uchastkalarini to‘liq yoki bir qismini ikkilamchi ijaraga to‘liq elektron tarzda berishlari mumkin.
Kadastr agentligi bilan hamkorlikda joriy etilgan mazkur mexanizm ikkilamchi ijaraga beriladigan yerlarning chegara va maydonini belgilash, shartnomani tuzish, yerga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shuningdek ikkilamchi ijaraga olingan yerlarlarda yangi foydalanuvchi tomonidan ekinlarni joylashtirish va mahsulot yetishtirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanishlari mumkin.
Bunda, yerning asosiy foydalanuvchisi ikkilamchi ijaraga beriladigan yer uchastkasi yoki uning bir qismini elektron xaritada tanlaydi, ikkilamchi ijaraga oluvchi subyektning STIR raqamlarini kiritadi va avtomatik tarzda shakllantiriladigan shartnomani bir tomonlama imzolab, ijaraga oluvchiga yuboradi.
Ikkilamchi ijaraga oluvchi tomonidan lozim topilsa xizmat haqi to‘lanadi va shartnoma imzolanadi, shartnoma va yer uchastkasiga tegishli ma’lumotlar integratsiya orqali Davlat kadastrlari palatasiga o‘rnatilgan tartibda taqdim etiladi.
Mazkur raqamlashgan xizmat qishloq xo‘jaligi yerlarini ikkilamchi ijaraga berish jarayonlarini yanada soddalashtirish, shaffoflikni ta’minlash hamda ortiqcha ovoragarchilikni qisqartirishga xizmat qiladi.
Xizmatdan foydalanish bo‘yicha batafsil ma’lumotni quyidagi videoqo‘llanmadan olishingiz mumkin: Youtube
Foydalanuvchilarni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash:
Telegram: t.me/agrogovuzchat