“Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformasiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-162-son Qaror imzolandi
Prezidentning 2023-yil 24-may kuni “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformasiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-162-son Qarori imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–14-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, Prezidentning “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformasiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida ham muhim masalalar qamrab olingan.
Aholi va tadbirkorlik subyektlariga raqamli xizmatlardan foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, byurokratik tartibotlarni qisqartirish, shuningdek, davlat boshqaruvi, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini hamda hududlarni raqamli transformasiya qilish maqsadida:
“Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari doirasida 2023–2024-yillarda amalga oshiriladigan 300 ta ustuvor loyihalar, shu jumladan:
– davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha 112 ta ustuvor loyihalar;
– iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini raqamlashtirish bo‘yicha 51 ta ustuvor loyihalar;
– hududlarni raqamli transformasiya qilish bo‘yicha 137 ta ustuvor loyihalar;
– 2023-yil yakuniga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sonini 570 taga yetkazish doirasida portalda birinchi navbatda joriy etiladigan 95 ta xizmat va servislar ro‘yxati hamda reja-jadvali;
– ijtimoiy-iqtisodiy sohaning ayrim tarmoqlarida billing tizimlarini joriy etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar rejasi;
– “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integrasiyalashuv platformasiga raqamli shaklda taqdim etilishi orqali 2023-yil 1-dekabrdan boshlab aholi va tadbirkorlik sub’yektlaridan talab qilish bekor qilinadigan 47 turdagi ma’lumotlar;
Aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmatlardan foydalanish holati bo‘yicha yuboriladigan eslatma va xabarnomalar tasdiqlandi.
Raqamlashtirish loyihalarini samarali amalga oshirish hamda mas’ul vazirliklar bilan hamkorlikda ishlash va ularga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish uchun “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “loyiha ofislari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
2023 yil 1 iyundan boshlab respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashqi kredit va beg‘araz ko‘mak mablag‘lari asosida amalga oshiriladigan loyihalarning raqamli komponentlarga yo‘naltiriladigan qismi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan majburiy tarzda kelishiladi.
“Raqamli geoportal” axborot tizimi va “Xalq nazorati” platformasi 2023-yil 1-sentabrga qadar Angren, Ohangaron, Yangiyo‘l, Chirchiq va Nurafshon shaharlari, 2023-yil yakuniga qadar esa Jizzax va Urganch shaharlarida ishga tushiriladi.
Bunda, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda “Xalq nazorati” portaliga aholi tomonidan kelib tushgan ariza va shikoyatlarni tahlil qilgan holda ularning vujudga kelish sabablarini kelgusida bartaraf etish maqsadida inobatga olish majburiy hisoblanadi;
“Raqamli geoportal” axborot tizimi va “Xalq nazorati” platformasiga 8-ilovadagi ro‘yxatga muvofiq vazirlik va idoralarning 70 ta ma’lumotlari integrasiya qilinadi.
Elektron tijorat sohasini rivojlantirish orqali savdo aylanmasi hajmini 2023 yilda 500 million AQSH dollariga yetkazish, shuningdek, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish maqsadida 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga elektron tijorat faoliyati doirasida erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan chakana savdo operasiyalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi o‘rinlarda – IT-Park) rezidentlari tomonidan amalga oshirilishiga ruxsat etilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga qo‘shimcha yo‘nalishlar kiritildi.
– dasturiy ta’minotdan foydalangan holda multimedia, dizayn va multiplikasiya mahsulotlarini ishlab chiqish va xizmat ko‘rsatish;
– IT-park va uning filiallari hududida joylashgan va yuridik manzilda ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar tomonidan axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni venchur moliyalashtirish hamda akselerasiya dasturlarini amalga oshirish.
Raqamli texnologiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassis va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:
“Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichi sifatida xorijiy nufuzli ta’lim platformalarida IT-yo‘nalishdagi onlayn o‘quv kurslarda tahsil olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.
– Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan 15 ming nafar yoshlar saralanib, xalqaro miqyosda faoliyat yuritish ko‘nikmalari shakllantiriladi;
– xorijiy nufuzli ta’lim platformalarida muvaffaqiyatli o‘qishni yakunlagan va tegishli sertifikatga ega yoshlarga kompyuter xaridi uchun iste’mol kreditlari ajratilishi amaliyoti davom ettiriladi;
– 2023-yil 1-avgustdan boshlab yoshlarga kompyuter xaridlari uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan mikroqarz shaklida hamda “Yoshlar daftari” hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamg‘armalari hisobidan beriladigan subsidiya mablag‘larini ijtimoiy kontrakt asosida yoshlar xohishiga ko‘ra alohida ochilgan bank kartasiga (naqdlashtirish imkoniyatisiz) o‘tkazishga ruxsat beriladi.
2023-yil 1-oktabrdan boshlab B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega bo‘lgan fuqarolar tomonidan tizim boshqaruvi, ma’lumotlar bazasi va “bulutli” platformani boshqarish, axborot xavfsizligini ta’minlash va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi joriy etiladi.
Bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi IT-Park rezidenti bo‘lgan kompaniyalarga ishga joylashgan nodavlat o‘quv markazlariga har bir bitiruvchi uchun Raqamli texnologiyalar jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha, nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
2024-yil 1-apreldan boshlab maxsus axborot platformasi orqali davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari va xodimlari raqamlashtirish sohasidagi qoidalar va qonunchilik talablari bo‘yicha “hayot davomida ta’lim olish” tamoyili asosida o‘qitiladi.
Aholini sifatli raqamli infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida barcha aholi yashash maskanlari 2024-yil yakuniga qadar keng polosali mobil aloqa va keng polosali ma’lumotlar uzatish tarmoqlari bilan to‘liq qamrab olinadi.