Janubiy Koreya va Qishloq xo’jaligi vazirligi mutasaddilari o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi

Janubiy Koreya va Qishloq xo’jaligi vazirligi mutasaddilari o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi

Toshkentda Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari hamda Janubiy Koreyaning KOTRA agentligi vakillari o‘rtasida yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda O‘zbekiston bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish istagida bo‘lgan koreyalik yetakchi korxonalarning uchuvchisiz parvoz apparatlari taqdim etildi.

Jumladan Janubiy Koreyaning “Geospatial Information”, “HUINS”, “PRENEU”, “Samsung drone”, “Meissa” va “SEESAW D&U” kompaniyalari ishlab chiqargan va aynan qishloq xo‘jaligida qo‘llash mumkin bo‘lgan dronlar – uchuvchisiz parvoz apparatlari (UPA) bilan o‘zbekistonlik mutaxassislar tanishtirildi.

O‘zbekiston tomonidan uchrashuvda qatnashgan vazirlik Geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Izzatilla Ikromov, yerlar degradatsiyasi, qurg‘oqchilik, sahrolashuv to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va qayta ishlash boshqarmasi boshlig‘i Sa’dulla Zaynobudinov va “O‘zdaverloyiha” instituti bo‘lim boshlig‘i Abdusattorxo‘ja Mirzaev O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida geoaxborotlarni shakllantirish, yerlar holatini va ekinlar parvarishining borishini o‘rganish va tahlil qilishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish holati va istiqbollari haqida koreyalik mehmonlarga so‘zlab berdilar.

Tadbirda Janubiy koreyalik mutaxassislar ishlab chiqqan yuqori unumdor va ko‘p funksiyali dronlar, sun’iy intellekt texnologiyalari, ekin ekish ishlarining kompleks monitoringi, o‘g‘itlash va o‘simliklar kasallanishiga qarshi kurashni yuqori aniqlikda o‘tkazish imkonini beruvchi innovatsion yechimlardan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida foydalanish imkoniyatlari muhokama etildi.

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.