“Agrosubsidiya” axborot tizimida “Import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya” xizmati ishga tushirildi
Vazirlar Mahkamasining “Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibi o‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2024-yil 26-yanvardagi 52-son qaroriga muvofiq “Agrosubsidiya” axborot tizimida “Import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya” xizmati ishga tushirildi.
“Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra subsidiya xorijiy davlatlardan nasldor qoramol, qo‘y va echkilarni olib kiruvchi tashkilotlarga ajratiladi. Subsidiya olish uchun ariza dastlab tuman va viloyat komissiyalari tomonidan so‘ngra Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Chorvachilik xo‘jaliklariga 2023-yil 1-sentabrdan boshlab 2025-yil 31-dekabrga qadar davlat tomonidan xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 mln so‘m, nasldor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘m miqdorda subsidiya ajratiladi.