O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

QISHLOQ XO‘JALIGIGA MO‘LJALLANGAN YER UCHASTKALARINING ELEKTRON ONLAYN-AUKSION SAVDOLARI ORQALI IJARAGA BERILISHI MUNOSABATI BILAN VAZIRLAR MAHKAMASINING AYRIM QARORLARIGA O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH, SHUNINGDEK, BA’ZILARINI O‘Z KUCHINI YO‘QOTGAN DEB HISOBLASH TO‘G‘RISIDA

Keyingi yillarda mamlakatimizda yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, erga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek, erning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar obyekti sifatida erkin muomalaga kiritishga doir izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga berishning belgilanishi elektron onlayn-auksion savdolarini o‘tkazish tartibini ishlab chiqishni taqozo etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 18-yanvardagi PF-15-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2024-yil 18-yanvardagi PF-15-son Farmonining va 4-bandlarida2024-yil 1-martdan boshlab:

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga elektron onlayn-auksion savdolari joriy etilishi;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini yer uchastkasidan foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat berilganligi, bunda:

ijaraga oluvchi yer uchastkasidan kamida uch yil davomida, ushbu bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda esa, kamida besh yil davomida o‘zi foydalangan bo‘lishi shartligi, bu muddat ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab hisoblanishi;

yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion savdolari, ochiq elektron tanlov yoki tanlov o‘tkazmasdan davlat organlarining qarorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berilgan yer uchastkalarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijaraga berishga) ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab besh yildan keyin yo‘l qo‘yilishi;

ijaraga beruvchi ochiq elektron tanlov natijasiga ko‘ra ijara muddatiga teng taqsimlanadigan qo‘shimcha to‘lovlarni yoki elektron onlayn-auksion savdolari natijalariga ko‘ra bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan to‘lovlarni bir yo‘la to‘lashi shartligi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 1-ilovagamuvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:

Bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash;

elektron onlayn-auksion savdoni o‘tkazish uchun materiallarni tayyorlash, elektron onlayn-auksion savdoni tashkil etish va undan tushadigan mablag‘larni taqsimlash, ushbu Nizom talablariga rioya etilishini nazorat va monitoring qilish tartibi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovagamuvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
  2. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach kuchga kiradi.
  3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar

  1. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qarorida:
  2. a) 1-bandda:

ikkinchi va uchinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;

to‘rtinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin;

  1. b) 2-bandning ikkinchiva uchinchi xatboshilaridagi“ochiq elektron tanlov” so‘zlari “elektron onlayn-auksion savdo” so‘zlari bilan almashtirilsin;
  2. v) 21-bando‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
  3. g) quyidagi mazmundagi 32-band bilan to‘ldirilsin:

“32. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdoga chiqarish materiallarini tayyorlash, tashkil etish, unda ishtirok etish, elektron onlayn-auksion savdo g‘olibini aniqlash va natijalari to‘g‘risidagi bayonnomani rasmiylashtirish hamda g‘olibning yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini nazarda tutuvchi Bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom 32-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;

  1. d) 1va 2-ilovalaro‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
  2. e) quyidagi mazmundagi 32-ilova bilan to‘ldirilsin:

Bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun jismoniy va yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibini belgilaydi.
  2. Mazkur Nizom talablari:
  3. a) o‘rmon fondi yerlarini ijaraga berish;
  4. b) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ikkilamchi ijaraga berish uchun tatbiq etilmaydi.
  5. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

“E-ijara” axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — “E-ijara” AT) — yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va vakolatli tashkilotlar bilan kelishishga mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan axborot tizimi;

“E-auksion” elektron savdo platformasi (keyingi o‘rinlarda — savdo platformasi) — yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini realizatsiya qilish uchun elektron onlayn-auksion savdolarni tashkil etish va o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan axborot tizimi;

vakolatli tashkilotlar — yer tuzish loyihasini kelishadigan tashkilotlar — Qishloq xo‘jaligi vazirligi (yer uchastkasidan foydalanish maqsadi va ixtisosligi bo‘yicha), Suv xo‘jaligi vazirligi (suv ta’minoti, irrigatsiya va melioratsiya inshootlari bo‘yicha), Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi (yer uchastkasi chegaralari bo‘yicha) hududiy bo‘linmalari;

yer tuzish loyihasi — yagona mavze bo‘yicha konturlar yaxlitligi saqlab qolingan holda, yer uchastkasi chegaralari, hududning ixtisosligi, ishlab chiqarish elementlari hisobga olingan muayyan yer uchastkasini ijaraga olish huquqini elektron onlayn-auksion savdo orqali realizatsiya qilish uchun ishlab chiqilgan hujjatlar to‘plami;

yer uchastkasi — yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, huquqiy rejimga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlariga ega bo‘lgan qismidir;

yer uchastkasini ijaraga olish huquqining boshlang‘ich narxi — savdoga qo‘yilayotgan yer uchastkasini ijaraga olish huquqini elektron onlayn-auksion savdo orqali realizatsiya qilish uchun ushbu yer uchastkasining normativ qiymati bo‘yicha aniqlangan narxi;

zakalat — ishtirokchi tomonidan elektron onlayn-auksion savdoda qatnashish uchun kafolat ta’minoti sifatida oldindan kiritiladigan mablag‘;

ijaraga beruvchi — tuman (shahar) hokimliklari yoki Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi;

ijrochi — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti va uning hududiy bo‘linmalari;

ishtirokchi — yer uchastkasi joylashgan hudud bo‘yicha elektron onlayn-auksion savdoda ishtirok etish uchun belgilangan tartibda ariza bergan, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, muomalaga layoqatli, tegishli viloyat yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar;

lot — elektron buyurtmaga asosan elektron onlayn-auksion savdoda yer uchastkasini ijaraga olish huquqini elektron onlayn-auksion savdo orqali realizatsiya qilish uchun savdo platformasiga qo‘yilgan obyekt;

operator — savdo platformasida elektron onlayn-auksion savdoni tashkil etish hamda o‘tkazish vakolati berilgan “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” aksiyadorlik jamiyati;

shaxsiy kabinet — ishtirokchiga elektron onlayn-auksion savdolarda ishtirok etish uchun buyurtma berish, ularda qatnashish, shaxsiy hisobni boshqarish, uning holati va boshqa statistika ma’lumotlarini ko‘rish hamda operator tomonidan jo‘natilayotgan xabarlar bilan tanishib borish imkonini beruvchi savdo platformasining maxsus bo‘limi;

elektron buyurtma — yer uchastkalarini savdo platformasi orqali realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksion savdolarni tashkil qilish yuzasidan ijrochi tomonidan operatorga beriladigan elektron buyurtma;

elektron onlayn-auksion savdo — savdo platformasi orqali jismoniy va yuridik shaxslarga obyektni realizatsiya qilish bo‘yicha narxni oshirib borish tamoyili asosida onlayn tartibda o‘tkaziladigan savdo shakli;

elektron raqamli imzo (keyingi o‘rinlarda — ERI) — elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus o‘zgartirish natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik mavjud emasligini aniqlash va elektron raqamli imzo kalitining egasini identifikatsiya qilish imkonini beradigan imzo.

  1. Bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemada belgilangan tartib-taomillari bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
  2. Qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalari:
  3. a) dehqon xo‘jaliklariga — O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi hamda “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan muddat va o‘lchamda ijaraga beriladi;
  4. b) fermer xo‘jaliklariga va boshqa yuridik shaxslarga — O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksida belgilangan muddatlarda va o‘lchamlarda ijaraga beriladi;
  5. v) agrosanoat klasterlari, shu jumladan, kooperatsiya shaklidagi klasterlarga — O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksida belgilangan muddat va o‘lchamda ijaraga beriladi.
  6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari talablariga asosan ijtimoiy daftarga kiritilganlar, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” hamda xorijdan qaytgan mehnat migrantlari ro‘yxatiga kiritilgan talabgorlar uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha “E-auksion” elektron savdo platformasida hamda “E-ijara” ATda alohida toifa (kategoriya) ochiladi.

2-bob. Elektron onlayn-auksion savdoni o‘tkazish uchun materiallarni tayyorlash

  1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining (keyingi o‘rinlarda — Kadastr agentligi) Davlat kadastrlari palatasi yer uchastkalari to‘g‘risida quyidagi ma’lumotlarni ijrochiga “E-ijara” AT elektron axborot almashinuv orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kunning o‘zida yuboradi:

yer uchastkasi kadastr raqami, yer turi va geografik joylashuvi, maydoni (gektarda);

yer uchastkasini elektron xaritada ko‘rsatish uchun yer uchastkasining kadastr xaritasi (koordinatali nuqtalari, chegaradosh yer uchastkalaridan foydalanish turlari ko‘rsatilgan vaziyat bilan bog‘liq sxema);

mavjud davlat kadastrlari obyektlari (gaz, aloqa va energetika obyektlari, avtomobil va temir yo‘llar, tabiiy va texnogen xavfi yuqori bo‘lgan tegralar, transport quvurlari, gidrotexnik inshootlar, muhofaza qilinadigan obyekt va hududlar hamda boshqalar) mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar (izoh ko‘rinishida). Bunda davlat kadastrini yurituvchi vazirlik va idoralar davlat kadastrlari yagona tizimida ma’lumotlarning to‘liqligiga javobgar hisoblanadi.

  1. Ijrochi uch ish kuni ichida “E-ijara” AT orqali yuklab olingan yer uchastkasini joyiga chiqqan holda o‘rganadi va yer uchastkasining haqiqiy holati (loyihalashtirilayotgan yer uchastkasining holati, hududning ixtisosligi, suv bilan ta’minlanganlik darajasi hamda irrigatsiya va melioratsiya tizimining holati, ball-boniteti, sho‘rlanish darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar)dan kelib chiqib, yer uchastkasining yer tuzish loyihasini ishlab chiqadi hamda yer uchastkasining ixtisoslashuvini va dehqon xo‘jaligi uchun yoki yuridik shaxslar uchun ajratilishini belgilab berish uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yuboradi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi uch ish kuni muddatda yer uchastkasining ixtisoslashuvini va dehqon xo‘jaligi uchun yoki yuridik shaxslar uchun ajratilishini ijrochiga ma’lum qiladi.

Ijrochi elektron onlayn-auksion savdoga qo‘yilayotgan yer uchastkasi bo‘yicha ushbu Nizomning 5-bandida bayon etilgan qishloq xo‘jaligi maqsadlari va o‘lchamlaridan kelib chiqqan holda yer tuzish loyihasini ishlab chiqishi mumkin.

Har bir yer tuzish loyihasiga “E-ijara” ATda avtomatik tarzda o‘ziga xos raqam beriladi. Bunda har bir lot bitta yer uchastkasidan iborat bo‘ladi.

Bitta yaxlit konturdagi bir nechta lotlar uchun umumlashgan yagona yer tuzish loyihasi ishlab chiqilishi mumkin. Bunda ijrochi tomonidan har bir lotning buyurtmasiga yer uchastkasini identifikatsiya qilish imkonini beruvchi ma’lumotlar kiritiladi.

  1. Ijrochi har bir yer tuzish loyihasini Kadastr agentligidan olingan dastlabki formatlarda kelishish uchun vakolatli tashkilotlarga quyidagi ma’lumotlardan tashkil topgan yer tuzish loyihasini tasdiqlash uchun 3 ish kuni ichida ijaraga beruvchiga “E-ijara” AT orqali yuboradi:
  2. a) yer uchastkasining maydoni (gektarda) va toifasi hamda yer turlari konturlar kesimida jadval shaklidagi ma’lumot;
  3. b) infratuzilma obyektlari mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot;
  4. v) yer uchastkasining qishloq xo‘jaligi elektron xaritasidan ko‘chirmasi, yer tuzish loyihasining chegaralari va manzili;
  5. g) chegaradosh yer uchastkalari foydalanuvchilari haqida ma’lumotlar.
  6. d) yer maydonidagi tuproqning amaldagi ball bonitirovkasi aniqlangan sana va ko‘rsatkichi.

Elektron onlayn-auksion savdoga qo‘yilayotgan yer uchastkasida davlat kadastrlari obyektlari (gaz, aloqa va energetika obyektlari, avtomobil yo‘llari va temir yo‘llar, tabiiy va texnogen xavfi yuqori bo‘lgan tegralar, transport quvurlari, melioratsiya va irrigatsiya inshootlari, muhofaza qilinadigan obyekt va hududlar hamda boshqalar) mavjud bo‘lgan holatlarda qo‘shimcha ravishda davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi vakolatli davlat organlari bilan ham kelishiladi.

  1. “E-ijara” ATga yer tuzish loyihasi joylashtirilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida:
  2. a) vakolatli tashkilotlar tomonidan ushbu loyihalar kelishiladi yoki kelishish rad etiladi, bunda:

“E-ijara” ATda qabul qilingan tegishli qaror haqida elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadigan belgi qo‘yiladi;

kelishuv hech qanday e’tiroz va shartlarsiz amalga oshiriladi;

kelishish rad etilganda, sohaga oid qonunchilik hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda, taqdim etilgan yer tuzish loyihasini amalga oshirish imkoni yo‘qligining asoslangan sabablari ko‘rsatiladi hamda mazkur loyiha aynan qaysi jihatdan ushbu normalarga muvofiq emasligi ko‘rsatiladi;

qonunchilik hujjatlari normalariga zid bo‘lgan sabablar ko‘rsatilmagan holda rad etish yoki kelishmaslikka yo‘l qo‘yilmaydi;

belgilangan muddatda yer tuzish loyihasi kelishilmasligi natijasida kelib chiqqan huquqiy oqibatlar uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli tashkilotlarning mansabdor shaxslariga javobgarlik choralari qo‘llaniladi;

Kadastr agentligiga kelishish uchun ma’lumotlar elektron axborot almashinuvi orqali yuboriladi;

  1. b) ijaraga beruvchi taqdim etilgan yer tuzish loyihasini ko‘rib chiqib, ERI bilan tasdiqlaydi hamda “E-ijara” AT orqali ijrochiga yuboradi, bunda:

ijaraga beruvchi elektron onlayn-auksion savdoga ijaraga berish huquqi qo‘yilayotgan yer uchastkasi yer tuzish loyihasini unga tuzatishlar kiritish uchun ijrochiga qaytarishi mumkin, boshqa sabablar bilan yer tuzish loyihasini qaytarishga yo‘l qo‘yilmaydi;

belgilangan muddatda javob berilmagan hollarda yer tuzish loyihasi tasdiqlangan hisoblanadi.

  1. Ijrochi uch ish kuni ichida kamchiliklarni bartaraf etib, loyihani tasdiqlash uchun ijaraga beruvchiga qayta kiritadi.

Bunda vakolatli tashkilotlar bilan qaytadan kelishish talab etilmaydi.

  1. Ijaraga beruvchi ikki ish kuni ichida taqdim etilgan yer tuzish loyihasini ko‘rib chiqib, ERI bilan tasdiqlaydi.

Bunda yer tuzish loyihasi asosida qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijaraga berish huquqi uchun ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi elektron buyurtma “E-ijara” AT orqali avtomatik tarzda operatorga yuboriladi.

  1. Buyurtmaga yer tuzish loyihasi hamda elektron onlayn-auksion savdo g‘olibi bilan imzolanadigan ijara shartnomasi bir tomonlama ijaraga beruvchi tomonidan imzolangan holda ilova qilinadi.

Ijara shartnomasida yer uchastkasini ijaraga olish huquqini sotib olish bo‘yicha to‘lovlar va yer uchastkasining ijara haqini to‘lash tartibi alohida aks ettiriladi.

Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalari lotlarga bo‘lingan konturning yaxlitligini ta’minlagan holda, bir xil turdagi mahsulot ekish bo‘yicha yer tuzish loyihasi bilan birga yuboriladigan buyurtmalarga asosan elektron onlayn-auksion savdolarga chiqariladi.

  1. Buyurtmaga yer tuzish loyihasi ilova qilinmagan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilgan taqdirda, operator tomonidan buyurtma kelib tushgan kundan boshlab bir ish kunidan kechikmasdan ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun buyurtmani “E-ijara” AT orqali ijrochiga qaytaradi.
  2. Ijrochi buyurtmani qaytarishga asos bo‘lgan kamchiliklarni bir ish kuni ichida to‘liq bartaraf etib, takroran buyurtmani “E-ijara” AT orqali operatorga yuboradi.

3-bob. Elektron onlayn-auksion savdoni tashkil etish

  1. Operator buyurtmani olgan kundan ikki ish kunidan kechiktirmay, elektron onlayn-auksion savdo o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnomani savdo platformasida e’lon qiladi.

Bunda elektron onlayn-auksion savdosini o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnoma 15 kalendar kun oldin, takroriy savdoda esa 5 kalendar kun oldin e’lon qilinadi.

  1. Elektron onlayn-auksion savdo Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari asosida tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
  2. Elektron onlayn-auksion savdoda ishtirok etish uchun arizalar ushbu Nizomga 3 va 4-ilovalarga muvofiq savdo platformasi orqali yuboriladi.

Bunda:

ikki yoki undan ortiq lotlar bo‘yicha elektron onlayn-auksion savdoda g‘olib bo‘lgan ishtirokchiga faqat bitta yer uchastkasi uchun bayonnoma rasmiylashtiriladi va unga yer uchastkalaridan birini tanlash imkoniyati beriladi, qolgan lotlar bo‘yicha elektron onlayn-auksion savdo natijalari bekor qilinadi hamda bekor qilingan lotlar bo‘yicha zakalat puli ishtirokchiga qaytariladi;

elektron onlayn-auksion savdoda bir marotaba g‘olib bo‘lgan ishtirokchiga keyingi elektron onlayn-auksion savdolarida ishtirok etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

4-bob. Elektron onlayn-auksion savdo natijalarini rasmiylashtirish

  1. Lot bo‘yicha taklif etilgan eng yuqori ijaraga olish qiymatining dastlabki 15 foiz miqdori 10 ish kuni ichida elektron onlayn-auksion savdo g‘olibi tomonidan to‘langandan so‘ng unga operator tomonidan bir ish kuni ichida elektron onlayn-auksion savdo natijalari to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Bunda elektron onlayn-auksion savdoga ishtirok etish uchun shakllantirilgan zakalat puli miqdori qo‘shib hisoblanadi hamda elektron onlayn-auksion savdo g‘olibi tomonidan “bo‘lib-bo‘lib to‘lash” tanlangan taqdirda, to‘lov grafigiga asosan teng taqsimlanadi.

Elektron onlayn-auksion savdo g‘olibi bayonnomaga asosan o‘n ish kuni ichida yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini imzolaydi.

Agar elektron onlayn-auksion savdo g‘olibi belgilangan muddatda lot qiymatini dastlabki 15 foizini to‘lamasa (to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmasa) va (yoki) ijaraga olish shartnomasini imzolamasa, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartibda ish yuritiladi.

Elektron onlayn-auksion savdo g‘olibi jismoniy shaxs bo‘lsa, elektron onlayn-auksion savdo g‘olibi shartnoma imzolash uchun berilgan o‘n ish kuni ichida o‘zining yagona ta’sischiligida tashkil etilgan fermer xo‘jaligi yoki boshqa yuridik shaxs to‘g‘risidagi axborotni yoxud dehqon xo‘jaligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida dehqon xo‘jaliklarining yagona davlat reyestridan ko‘chirmani shaxsiy kabineti orqali savdo platformasiga kiritadi.

Elektron onlayn-auksion savdo natijalariga doir elektron bayonnomada g‘olib sifatida ushbu jismoniy shaxs, ijara shartnomasida esa u tomonidan tashkil etilgan fermer xo‘jaligi yoki boshqa yuridik shaxs ko‘rsatiladi.

  1. Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn-auksion savdo g‘olibi ixtiyoriy ravishda dehqon xo‘jaligini yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshirish istagini bildirgan taqdirda, ikki ish kuni ichida dehqon xo‘jaligi sifatida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tadi.

Bunda elektron onlayn-auksion savdo natijalariga doir bayonnomada g‘olib sifatida ushbu jismoniy shaxs, ijara shartnomasida esa u tomonidan ta’sis etilgan dehqon xo‘jaligi ko‘rsatiladi.

  1. Elektron onlayn-auksion savdo natijalariga oid bayonnoma savdo platformasi orqali “E-ijara” ATga yuboriladi.
  2. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ijrochi tomonidan yer tuzish hujjatlari va ijara shartnomasi “E-ijara” ATda elektron axborot almashinuvi orqali bir ish kuni ichida Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi hududiy bo‘linmalariga yuboriladi.
  3. Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi hududiy bo‘linmalari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining ijara shartnomasi asosida ikki ish kuni ichida elektron onlayn-auksion savdo g‘olibining yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi va tegishli reyestrdan ko‘chirmani elektron axborot almashinuvi orqali ijrochiga yuboradi.
  4. Ijrochi elektron onlayn-auksion savdo g‘olibining yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kunning o‘zida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining ijara shartnomasini hamda elektron onlayn-auksion savdo g‘olibining yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha reyestrdan ko‘chirmani elektron onlayn-auksion savdo g‘olibiga “E-ijara” AT orqali yuboradi.
  5. Ijrochi uch ish kuni ichida elektron onlayn-auksion savdo g‘olibiga yer uchastkasining chegarasini joyida ko‘rsatib beradi va bu haqida tegishli ma’lumotlarni “E-ijara” ATga joylashtiradi.
  6. Ishtirokchilarning integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali olinadigan ma’lumotlari haqqoniyligiga, o‘z vaqtida kelmasligi (umuman kelmasligi) yoki mavjud emasligi oqibatida yuzaga keladigan nizolarga operator javobgar hisoblanmaydi.

5-bob. Elektron onlayn-auksion savdodan tushadigan mablag‘larni taqsimlash

  1. Elektron onlayn-auksion savdolari orqali ijara huquqini sotishdan tushgan mablag‘lar ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin operator xizmat haqi chegirilgan holda quyidagi tartibda taqsimlanadi:

10 foizi — Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarga (2 foiz — “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJga, 3 foiz — “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutiga, 5 foiz — Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta’minoti jamg‘armasiga);

bazaviy hisoblash miqdorining bir yarim baravari miqdorida — yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning hisobvarag‘iga (dehqon xo‘jaligiga ajratilgan yerlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi);

qolgan mablag‘lar — tegishli tuman (shahar) mahalliy budjetiga.

  1. Yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn-auksion savdolari g‘oliblariga ularning tanloviga ko‘ra yer uchastkasi narxini uch yil muddatda, elektron onlayn-auksion savdolari g‘olibi bo‘lgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan fuqarolarga yer uchastkasi narxini besh yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Bunda ishtirokchining “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turganlik holati elektron onlayn-auksion savdoda ishtirok etish uchun ariza berish jarayonida savdo platformasiga integratsiya qilingan axborot tizimlari orqali aniqlanadi.

Ishtirokchi elektron onlayn-auksion savdolarida ishtirok etish uchun arizada yer uchastkasi narxini bo‘lib-bo‘lib to‘lashni tanlagan bo‘lsa, to‘lov grafigi “E-auksion” elektron savdo platformasida avtomatik tarzda shakllantiriladi va yer ijara shartnomasi bilan birga elektron onlayn-auksion savdo g‘olibiga topshiriladi.

  1. Elektron onlayn-auksion savdo g‘olibi yer uchastkasi narxini bo‘lib-bo‘lib to‘lashni tanlagan hollarda, to‘lov grafigiga asosan uzrli sabablarsiz ketma-ket uch oy davomida to‘lovlarni amalga oshirmasa, yer uchastkasi narxini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bajarilmagan hisoblanadi.

Bunda ijaraga beruvchiga kechiktirilgan har bir oy uchun elektron onlayn-auksion savdo g‘olibini ogohlantirish majburiyati yuklanadi.

Elektron onlayn-auksion savdo g‘olibining uzrli sabablari bo‘lmaganda hamda ogohlantirishlarga qaramasdan ketma-ket uch oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘lovlarini amalga oshirmaganda, elektron onlayn-auksion savdo natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma hamda yer uchastkasini ijaraga olish bo‘yicha shartnoma o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

Yer uchastkasini ijaraga olish bo‘yicha shartnoma o‘z kuchini yo‘qotganligi haqida ijaraga beruvchi o‘zining “E-ijara” ATdagi kabineti orqali ijrochini yer uchastkasini elektron onlayn-auksion savdolariga takroriy chiqarilishi bo‘yicha xabardor qiladi.

5-bob. Ushbu Nizom talablariga rioya etilishini nazorat va monitoring qilish

  1. Prokuratura organlari, adliya organlari hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni ushbu Nizom talablariga davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan so‘zsiz rioya etilishi bo‘yicha tizimli nazorat va monitoringni amalga oshiradi. Tizimli nazorat va monitoring yer uchastkasi materiallarini tayyorlash jarayoniga aralashmasdan, “E-ijara” AT orqali amalga oshiriladi.

Ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibni buzish davlat xizmatlari ko‘rsatish talablari va tartibini buzish hisoblanadi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Elektron onlayn-auksion savdo o‘tkazilmagan deb topilganligi sababli lot takroriy elektron onlayn-auksion savdoga chiqarilganda, boshlang‘ich narx normativ qiymat o‘zgarishi munosabati bilan qayta hisob-kitob qilinishi talab etilmaydi.
  2. Ushbu Nizomni qo‘llashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
  3. Mazkur Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.