O‘zbekiston Respublikasining manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonuni

O‘zbekiston Respublikasining manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonuni

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va amal qilish sohasi

Ushbu Qonunning maqsadi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonunning amal qilishi davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlariga (bundan buyon matnda davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar deb yuritiladi) nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu Qonunning amal qilishi:

o‘z ustav fondida (ustav kapitalida) davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan;

o‘z ustav fondida (ustav kapitalida) ushbu modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan tashkilotlarning ulushi jami 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan faqat ularning davlat xaridlari sohasidagi munosabatlariga tatbiq etiladi.

2-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik

Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritishni, shuningdek sud ishini yuritish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga oid boshqa qoidalar belgilanishi mumkin.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi — davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida yoxud saylab qo‘yiladigan yoki tayinlanadigan lavozimlarda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan boshqaruv xodimi;

manfaatlar to‘qnashuvi — shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat;

manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma (bundan buyon matnda maxsus bo‘linma deb yuritiladi) — davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari (va) yoki kadrlar bo‘linmalari;

shaxsiy manfaatdorlik — davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud u bilan aloqador shaxslar ushbu xodim tomonidan bevosita yoki bilvosita qaror qabul qilinishi yoki xodimning ushbu jarayonda boshqacha tarzda ishtirok etishi natijasida olishi mumkin bo‘lgan har qanday naf yoki afzallik;

yaqin qarindoshlar — ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari.

4-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishning asosiy prinsiplari

Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning va davlatning qonuniy manfaatlari ustuvorligi;

ochiqlik va shaffoflik;

xolislik;

korrupsiyaga nisbatan murosasizlik.

5-modda. Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar

Quyidagi shaxslar davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deb e’tirof etiladi:

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari;

davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs;

davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsda boshqaruv organining rahbari yoki a’zosi bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxs.

6-modda. Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish chog‘idagi huquq va majburiyatlari

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish chog‘ida:

maxsus bo‘linmaga maslahat so‘rab murojaat etish;

ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlardan tashqari qo‘shimcha ma’lumotlarni elektron yoki yozma shaklda taqdim etish huquqiga ega.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi:

o‘z lavozim majburiyatlarini yoki xizmat vakolatlarini vijdonan bajarishi va ularning bajarilishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘z shaxsiy manfaatlari bilan bog‘liq har qanday harakatlardan o‘zini tiyishi;

lavozim majburiyatlarini yoki xizmat vakolatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi;

mavjud manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, o‘z ish yurituvidagi hujjatlar bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar o‘zining bevosita rahbarini (tashkilot rahbari — yuqori turuvchi rahbarni) yoki maxsus bo‘linmani xabardor qilishi;

o‘zining bevosita bo‘ysunuvidagi xodimlarni yoki boshqa xodimlarni bevosita yoki bilvosita o‘zining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlovchi harakatlarga (harakatsizlikka) majburlamasligi;

o‘zi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilot nazorati ostidagi tashkilotdan yoki uning tarkibiy bo‘linmasidan ishga qabul qilish to‘g‘risida takliflar kelib tushganligi holati haqida bir ish kuni ichida xabar berishi;

boshqa xodimlarga nisbatan o‘ziga ma’lum bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvi hollari to‘g‘risida xabar berishi;

ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish maqsadida maxsus bo‘linmaning so‘roviga ko‘ra ma’lumotlar taqdim etishi shart.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

7-modda. Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslarning manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish chog‘idagi huquq va majburiyatlari

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar mazkur xodim mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan munosabatlarga kirishganda:

manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish uchun maxsus bo‘linmadan bepul maslahat olish;

davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha harakatlari (harakatsizligi) yoki qarorlari ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar mazkur xodim mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan munosabatlarga kirishganda:

shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi;

ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani elektron yoki yozma shaklda to‘ldirishi, unga bila turib yolg‘on va noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritmasligi shart.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi bilan aloqador shaxslar tomonidan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilganligi ushbu Qonunda belgilangan huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

8-modda. Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar

Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish maqsadida davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi:

xizmat mavqeyini suiiste’mol qilish orqali shaxsiy naf olishga;

anfaatlar to‘qnashuvi haqidagi axborotni oshkor etish chog‘ida ma’lumotlarni yashirishga yoxud bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborot taqdim etishga;

biri boshqasiga bo‘ysunuvchi yoki biri boshqasining nazoratidagi tashkilotlarda o‘rindoshlik bo‘yicha ishlashga, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;

tijorat tashkilotlarining ta’sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) bo‘lishga, bundan aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada bo‘lgan aksiyalarining o‘n foizigacha egalik qilish hollari mustasno;

o‘zi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilotning nazoratida bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati subyektining aksiyalariga yoki ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga egalik qilishga, shuningdek ushbu tadbirkorlik faoliyati subyektlarining boshqaruv organi a’zosi bo‘lishga, bundan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan yoki bu faoliyat qonunchilikka muvofiq lavozim majburiyatlari hisoblanadigan hollar mustasno. Bunda davlat organi yoki boshqa tashkilot nazoratida bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati subyektlarining aksiyalariga yoki ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga egalik qilgan yoxud mazkur tadbirkorlik faoliyati subyektlarining boshqaruv organlari a’zosi bo‘lgan shaxs mazkur davlat organida yoki boshqa tashkilotda xodim lavozimini egallagan hollarda, u qonunchilikda belgilangan tartibda ushbu aksiyalarni yoki ulushlarni bir oy ichida realizatsiya qilishi, boshqaruv organlarining a’zoligidan chiqishi kerak;

o‘zi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda o‘ziga taalluqli bo‘lgan ishlarni ko‘rib chiqishda yoki o‘ziga aloqador shaxslarga taalluqli bo‘lgan ishlarni ko‘rib chiqishda vakil sifatida ishtirok etishga, agar u qonunchilikka muvofiq qonuniy vakil bo‘lmasa;

o‘zi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan tashkilotning mol-mulkini sotib olishda yoki ijaraga olishda o‘zi ishtirok etishga haqli emas.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning o‘zi bilan mehnat shartnomasi tugatilgan yoki xizmatdan bo‘shatilgan xodimi ikki yil ichida oxirgi ish joyida o‘zi bevosita yoki bilvosita nazoratni amalga oshirgan tashkilotlar yoki ularning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan ishga ushbu xodim mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirgan tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘linmasi vazifasini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning xulosasiga asosan qabul qilinadi.

Ushbu modda birinchi qismining beshinchi xatboshisida ko‘rsatilgan cheklov faqat davlat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat maqsadli jamg‘armalarining xodimlariga, davlat muassasalarining va davlat unitar korxonalarining, o‘z ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlarining rahbarlariga nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisida ko‘rsatilgan cheklov davlat organi yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslarga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Ushbu Qonunning maqsadlarini nazarda tutgan holda mazkur moddada “nazorat” deganda davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining tegishli tashkilot faoliyatini shaxsan yoki o‘zining bo‘ysunuvidagi shaxs orqali tekshirish yoxud unga nisbatan qonunchilikda belgilangan har qanday imtiyozlarni (preferensiyalarni) qo‘llash yoki uni har qanday javobgarlikka tortish (javobgarlikka tortish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatish) yoxud unga litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni berish (xabarnomani qabul qilish) huquqi tushuniladi.

Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar xodimi lavozim majburiyatlarining yoki xizmat vakolatlarining o‘ziga xos xususiyati hisobga olingan holda, unga nisbatan qonunchilikda belgilangan boshqa cheklovlar qo‘llanilishi mumkin.

2-bob. Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solish

9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Maxsus vakolatli davlat organi:

manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq axborotni va materiallarni davlat organlaridan yoki boshqa tashkilotlardan so‘rab oladi va o‘rganadi;

davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi faoliyatini, shu jumladan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida o‘rganadi;

manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar aniqlanganda, bitimni bekor qilish, qarorni hamda boshqa hujjatni o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risida davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga taqdimnoma kiritadi yoxud ularni haqiqiy emas deb topish haqida sudga da’vo kiritadi;

Manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestrining, mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnomaning hamda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllarini tasdiqlaydi;

davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar uchun manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha uslubiy tavsiyalarni e’lon qiladi;

manfaatlar to‘qnashuvi natijasida fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning manfaatlariga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanishiga erishilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

maxsus bo‘linmalar xodimlarining tizimli ravishda malakasini oshirishni, ularda tegishli ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o‘qitishni tashkil etadi;

ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etmaganlik bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik haqida bayonnomani tuzadi va uni ko‘rib chiqish uchun sudga yuboradi.

Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

10-modda. Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari

Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasida:

xodimlar tomonidan mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabardor qilish tizimini tashkil etadi;

ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning va mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnomaning belgilangan shaklini o‘zining rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi;

manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan qarorlarni belgilangan tartibda o‘zgartiradi yoki bekor qiladi;

manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitimlarni o‘zgartiradi yoki bekor qiladi yoxud bunday bitimlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida belgilangan tartibda sudga da’volar bilan murojaat etadi;

odob-axloq komissiyalarining va maxsus bo‘linmalarning manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha faoliyatini tashkil etadi;

davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha ichki idoraviy tartibni belgilaydi;

aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha xizmat tekshiruvining xolisona tashkil etilishini va uning natijalari odob-axloq komissiyalari tomonidan ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi;

manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishda o‘rnak bo‘layotgan xodimlarni rag‘batlantirish choralarini ko‘radi;

manfaatlar to‘qnashuvi natijasida fuqarolarga, tashkilotlarga, jamiyatga yoki davlatga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini ta’minlash, shuningdek aholining tegishli davlat organiga yoki boshqa tashkilotga bo‘lgan ishonchini tiklash choralarini ko‘radi.

Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

11-modda. Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar odob-axloq komissiyasining manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi tomonidan ushbu Qonun talablariga rioya etilishi ustidan nazorat ushbu davlat organida yoki boshqa tashkilotda tuzilgan odob-axloq komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Odob-axloq komissiyasi:

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi tomonidan ushbu Qonunda belgilangan talablarga rioya etilishini ta’minlash choralarini ko‘radi;

manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan ko‘rilayotgan choralarning yetarliligi (to‘g‘riligi) haqidagi masalalarni ko‘rib chiqadi;

mavjud manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq hollar ustidan kollegial nazoratni amalga oshiradi;

ushbu Qonunda belgilangan talablarning davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimlari tomonidan buzilishlari mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra xulosa chiqaradi;

manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar qilmagan, bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborot taqdim etgan yoxud bunday axborotni yashirgan xodimni javobgarlikka tortish haqida davlat organining yoki boshqa tashkilotning rahbariga taklif kiritadi.

Odob-axloq komissiyasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

12-modda. Maxsus bo‘linmaning manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari

Maxsus bo‘linma:

davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi tomonidan aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi hollari to‘g‘risidagi axborotni umumlashtiradi;

davlat organining yoki boshqa tashkilotning ushbu Qonun talablarini buzgan xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvini o‘tkazadi;

davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimlari o‘rtasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan qonunchilikka muvofiq tushuntirish ishlarini amalga oshiradi;

ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalarni, shuningdek mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnomani ko‘rib chiqadi, ularning natijalariga ko‘ra odob-axloq komissiyasiga takliflar kiritadi;

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi xabarlari munosabati bilan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risida xulosa beradi;

davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi hollarini tahlil qiladi hamda ularni tartibga solish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;

davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda ushbu Qonun talablariga rioya etilishi holati to‘g‘risidagi har yilgi hisobotlarni tayyorlaydi hamda hisobotlar uning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini ta’minlaydi.

Maxsus bo‘linma qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

3-bob. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etishga va manfaatlar to‘qnashuvini aniqlashga doir choralar

13-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish

Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi tomonidan mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabarnoma hamda ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etish orqali amalga oshiriladi.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish ularning ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etishi orqali amalga oshiriladi.

14-modda. Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma

Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnomada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:

mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berayotgan davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi, shuningdek jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelayotgan yaqin qarindoshining familiyasi, ismi, otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud bo‘lgan taqdirda) yoxud davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimiga aloqador shaxsning nomi va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;

mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborot.

Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan choralarni o‘z ichiga olishi, davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining va (yoki) uning bevosita rahbarining (ayrim hollarda, uning o‘rinbosarining) o‘z qo‘li bilan qo‘yilgan imzosi yoki elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanishi kerak.

15-modda. Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnomani taqdim etish tartibi

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi quyidagi hollarda mavjud manfaatlar to‘qnashuvi o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan paytdan e’tiboran bir ish kuni ichida mavjud manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi belgilangan shakldagi xabarnomani to‘ldirishi va o‘zining bevosita rahbariga (tashkilot rahbariga — yuqori turuvchi rahbarga) yoki maxsus bo‘linmaga taqdim etishi shart, agar:

yaqin qarindoshlari bevosita xodimning bo‘ysunuvidagi ishga qabul qilingan bo‘lsa (davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi lavozimga ishga qabul qilingan hollar bundan mustasno) yoki xodimning ishiga fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida o‘ziga aloqador shaxslar jalb etilgan bo‘lsa;

u o‘ziga aloqador shaxslarga taalluqli masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etayotgan bo‘lsa;

yaqin qarindoshi tekshiruv o‘tkazilayotgan obyektda (yuridik shaxsda) tekshiruv yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul mansabdor shaxs sifatida ishlayotgan bo‘lsa yoki mazkur tekshiruv obyekti (yuridik shaxs) unga aloqador shaxs bo‘lsa;

boshqa har qanday mavjud manfaatlar to‘qnashuvi o‘ziga ma’lum bo‘lib qolsa.

16-modda. Mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnomani ko‘rib chiqish tartibi

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning rahbar xodimi hamda maxsus bo‘linmaning rahbari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish uchun mas’ul hisoblanadi.

Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar tarkibiy bo‘linmasining rahbari mavjud manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida ko‘rilgan choralar to‘g‘risida maxsus bo‘linmaga bir ish kuni ichida axborot taqdim etishi shart.

Maxsus bo‘linma ko‘rilgan choralarning yetarliligi (to‘g‘riligi) to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish uchun axborotni uch ish kuni ichida odob-axloq komissiyasiga taqdim etadi.

17-modda. Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya

Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining lavozimi hamda uning familiyasi, ismi, otasining ismi, shuningdek uning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi yaqin qarindoshlarining familiyasi, ismi va otasining ismi, ularning jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud bo‘lgan taqdirda), shuningdek ish joyi va lavozimi;

davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoki uning yaqin qarindoshlari aksiyador bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatining rasmiy nomi va uning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshi muassis (ishtirokchi), boshqaruv organi a’zosi bo‘lgan yuridik shaxsning rasmiy nomi, shuningdek uning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami.

Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya uni to‘ldirgan davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining o‘z qo‘li bilan qo‘yilgan imzosi yoki elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

18-modda. Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish tartibi

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi shaxsga doir ma’lumotlari o‘zgargan taqdirda, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldirishi va har yili 15-yanvardan kechiktirmay maxsus bo‘linmaga taqdim etishi kerak.

Davlat organiga yoki boshqa tashkilotga ishga qabul qilinayotgan nomzod, shuningdek boshqa ishga o‘tkazilgan xodim ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi belgilangan shakldagi deklaratsiyani to‘ldirishi va taqdim etishi kerak.

Maxsus bo‘linma:

ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi har yilgi deklaratsiyani har yili 15-fevralgacha umumlashtiradi va tahlil qiladi;

ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha choralarning yetarliligini (to‘g‘riligini) ta’minlash uchun har yili 1-martga qadar odob-axloq komissiyasiga taklif kiritadi;

odob-axloq komissiyasi tomonidan qabul qilingan xulosaga asosan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rish to‘g‘risida davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining bevosita rahbariga yoxud davlat organining yoki boshqa tashkilotning yuqori turuvchi rahbariga taklif kiritadi.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimligiga nomzod ishga qabul qilinayotganda yoxud davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimi boshqa ishga o‘tkazilayotganda, ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etganidan keyin maxsus bo‘linma ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan ishlarni besh kunlik muddatda amalga oshiradi.

19-modda. Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar tomonidan taqdim etiladigan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar tomonidan taqdim etiladigan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimiga aloqador shaxs hisoblangan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, shaxsiy identifikatsiya raqami yoxud yuridik shaxsning nomi va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining familiyasi, ismi va otasining ismi, lavozimi;

davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi bilan qarindoshlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

yuridik shaxsning davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimiga aloqadorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya uni to‘ldirgan jismoniy shaxsning yoki yuridik shaxs vakilining (ishonchli shaxsining) o‘z qo‘li bilan qo‘yilgan imzosi yoki elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

20-modda. Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash

Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash quyidagi manbalardan olingan ma’lumotlarni o‘rganish orqali amalga oshiriladi:

ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyadan;

davlat xaridlari jarayonida olingan takliflardan, xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalaridan, tuzilgan shartnomalardan;

jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatidagi mavjud manfaatlar to‘qnashuvi yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi murojaatlaridan yoki xabarlaridan;

tijorat tashkilotlarining affillangan shaxslari va yakuniy naf oluvchilari (benefitsiarlari) ro‘yxatlaridan;

O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish modulidan;

“FHDY Yagona elektron arxivi” axborot tizimidan;

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo apparat-dasturiy majmuidan;

Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysidan;

maxsus vakolatli davlat organi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha kiritilgan taqdimnomadan.

Ushbu modda birinchi qismining beshinchi — to‘qqizinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan manbalardan ma’lumotlar olish maxsus bo‘linma rahbarining so‘rovi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining ommaviy axborot vositalariga, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirilgan mavjud manfaatlar to‘qnashuvi yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi holatlari ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va o‘rganish orqali aniqlanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ma’lumotlarni o‘rganish maxsus bo‘linma tomonidan amalga oshiriladi.

4-bob. Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan choralarni ko‘rib chiqish va tekshirish

21-modda. Manfaatlar to‘qnashuviga oid hollarga nisbatan ko‘riladigan choralar

Manfaatlar to‘qnashuvi hollarini tartibga solish uchun ularning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda quyidagi choralardan biri ko‘rilishi kerak:

o‘ziga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan rahbarning bevosita bo‘ysunuvidagi davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimini manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelmaydigan boshqa rahbarning bo‘ysunuviga o‘tkazish;

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimini manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kollegial organ tarkibidan ixtiyoriy ravishda o‘zini o‘zi rad etishi orqali yoki majburan chetlashtirish;

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining lavozim majburiyatlari yoki xizmat vakolatlari doirasini qayta ko‘rib chiqish;

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan axborotidan va hujjatlaridan foydalanishiga cheklovlar belgilash;

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yakka tartibda qarorlar qabul qilishga doir vakolatlarini qonunchilikka muvofiq amalga oshirishi ustidan kollegial nazoratni ta’minlash;

davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga o‘zidagi shaxsiy manfaatdorlikni qonunchilikka muvofiq bartaraf etishi to‘g‘risida takliflar taqdim etish;

xodim tomonidan o‘zi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlariga zid bo‘lgan shaxsiy manfaatdorligidan voz kechishi;

davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining shaxsiy manfaatdorligini bartaraf etish choralarini ko‘rish mumkin bo‘lmagan taqdirda, xodimning roziligi asosida uni avvalgi lavozimiga teng boshqa lavozimga o‘tkazish yoki mehnat shartnomasini (kontraktni) umumiy asoslarda bekor qilish.

Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha choralar davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining roziligi bilan ko‘rilishi kerak.

Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar tomonidan manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishga doir choralarni ko‘rish chog‘ida biror-bir shaxslarga, guruhlarga yoki tashkilotlarga afzallik, ustunlik berishga yoxud davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning xodimlarini, shuningdek fuqarolarni kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar o‘z xodimi bilan o‘zaro kelishuvga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa choralarni ham ko‘rishi mumkin.

22-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq hujjatlarning maxfiyligini ta’minlash

Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish va aniqlashda ishtirok etadigan xodimlarga ishonib topshirilgan yoxud ularga kasbiy, xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan ma’lum bo‘lib qolgan shaxslarning shaxsga doir ma’lumotlarini oshkor etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatidagi manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish chog‘ida shaxsga doir ma’lumotlarni muhofaza qilish shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.

23-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlar to‘qnashuvi hollari to‘g‘risidagi murojaatlari va xabarlarini ko‘rib chiqish

Jismoniy va yuridik shaxslarning xodimdagi mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga kelib tushgan har bir murojaati yoki xabari qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqiladi hamda tekshiriladi.

Tekshirish davomida aniqlangan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi bilan bog‘liq hollar to‘g‘risidagi ma’lumotlar odob-axloq komissiyasi tomonidan maxsus bo‘linma taqdim etganidan keyin o‘n ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Odob-axloq komissiyasi davlat organining yoki boshqa tashkilotning rahbariga manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish bo‘yicha choralarni ko‘rish yoxud xodimni tegishli javobgarlikka tortish to‘g‘risida taklif kiritadi.

24-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotning hisobini yuritish

Davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar Manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestrini yuritadi.

Mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvlari Manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestriga quyidagi asoslarga ko‘ra kiritiladi:

davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga ishga qabul qilishda nomzod tomonidan taqdim etilgan deklaratsiya asosida mavjud manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanganda;

davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi boshqa ishga o‘tkazilgan taqdirda, o‘zidagi mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni xabar qilganda;

davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi tomonidan taqdim etiladigan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi har yilgi deklaratsiya asosida mavjud manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanganda;

mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabarnoma taqdim etilganda;

ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etilganda;

rasmiy elektron ma’lumotlar bazalari orqali davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimida manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanganda;

kelib tushgan murojaatga yoki xabarga asosan davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimida manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi tasdiqlanganda;

qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkaziladigan xizmat hamda boshqa turdagi tekshiruvlar natijasida davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimida manfaatlar to‘qnashuvi aniqlanganda.

Manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestriga ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan asoslardan tashqari quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:

mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvlarini tartibga solish yuzasidan ko‘rilgan choralar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

manfaatlar to‘qnashuvini oshkor etish chog‘ida bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborotni taqdim etgan yoxud bunday axborotni yashirgan davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga nisbatan ko‘rilgan ta’sir choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Maxsus bo‘linma aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi hollarining hisobi o‘z vaqtida va to‘liq yuritilishi uchun javobgardir.

25-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi hollarini tartibga solish uchun ko‘rilgan choralarni ko‘rib chiqish

Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning odob-axloq komissiyasi mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvlari to‘g‘risida har yarim yilda xulosa qabul qiladi hamda ularni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan choralarning yetarliligini (to‘g‘riligini) ko‘rib chiqadi.

Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning odob-axloq komissiyasi aniqlangan manfaatlar to‘qnashuvi hollarini maxsus bo‘linma bilan birgalikda tahlil qiladi va davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimlari o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boradi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

26-modda. Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qarorlar qabul qilish yoki bitimlar tuzish

Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan qarorlar yoki tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi.

Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan qaror yoki tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu qaror qabul qilinganligi yoki bitim tuzilganligi natijasida olingan foyda bitim bo‘yicha olingan hamma narsani qaytarib berish to‘g‘risida talab qo‘yilmagan holda, sud tartibida davlat daromadiga o‘tkaziladi. Bunda haqiqiy emas deb topilgan bunday bitimning ijrosi bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan shaxsning hisobidan qoplanadi.

Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda qabul qilingan qaror yoki tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilganligi natijasida jismoniy yoki yuridik shaxslarga, shu jumladan davlat organlariga yoki boshqa tashkilotlarga yetkazilgan zarar davlat organining yoki boshqa tashkilotning aybdor xodimlaridan regress tartibida undirib olinishi mumkin.

27-modda. Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha qabul qilingan qarorlari ustidan shikoyat qilish

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan davlat organlari yoki boshqa tashkilotlar tomonidan qabul qilingan qarorlar ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi tashkilotga, maxsus vakolatli davlat organiga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.

28-modda. Nizolarni hal etish

Davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning faoliyatidagi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

29-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

30-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish

  1. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, № 8, 787-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:

1) 1758-moddaning to‘rtinchi qismidagi “va manfaatlar to‘qnashuvi” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

2) quyidagi mazmundagi 1934-modda bilan to‘ldirilsin:

“1934-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsi yoki xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi haqida xabar bermaslik, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsiga ma’lum bo‘lib qolgan, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rmaslik, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar davlat xaridlari sohasida sodir etilgan bo‘lsa, —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”;

3) 245-moddaning birinchi qismi “1933” raqamidan keyin “1934” raqami bilan to‘ldirilsin;

4) 24510-moddaning birinchi qismidagi “2157-moddasida” degan so‘zlar “1934 va 2157-moddalarida” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

  1. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda, № 9, 494, 498-moddalar; 2007-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 4, 156, 164-moddalar, № 8, 367-modda, № 9, 416-modda, № 12, 598, 608-moddalar; 2008-yil, № 4, 192-modda, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011-yil, № 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106, 109-moddalar, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda, № 12, 773-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 3, 161, 166-moddalar, № 5, 267-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880, 886-moddalar; 2020-yil, № 1, 3, 4-moddalar, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 801-modda, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 217, 218-moddalar, № 4, 3-modda, № 5, 46-modda, № 6, 570, 577-moddalar) quyidagi qo‘shimchalar kiritilsin:

1) 114-modda quyidagi mazmundagi uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:

“Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu bitimni tuzish natijasida olingan foyda bitim bo‘yicha olingan hamma narsani qaytarib berish to‘g‘risida talab qo‘yilmagan holda, sud tartibida davlat daromadiga o‘tkaziladi. Bunday bitimni ijro etish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan shaxsning hisobidan qoplanadi.

Korrupsiyaga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitim haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, bunday bitimni tuzish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni aybdor shaxslar tomonidan sud tartibida qoplanadi”;

2) 116-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:

“Korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgan bitim sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi”.

  1. O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘RQ-419-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 1, 1-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda, № 5, 267-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) 3-moddasining to‘rtinchi xatboshisiquyidagi tahrirda bayon etilsin:

manfaatlar to‘qnashuvi — shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat”.

31-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

32-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

33-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.

 

Add a Comment

Your email address will not be published.