O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

Qishloq xo‘jaligi subyektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-300-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi subyektlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, sohada sug‘urta xizmatlarini faol joriy etish va rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qishloq xo‘jaligi subyektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovagamuvofiq tasdiqlansin:

qishloq xo‘jaligi subyektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya (keyingi o‘rinlarda — subsidiya) ajratish bo‘yicha talab etiladigan hujjatlar hamda ularni ko‘rib chiqish tartibi;

subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosani qabul qilish va subsidiya ajratish tartibi;

sug‘urta shartnomasi muddatidan avval bekor qilinganda, shuningdek, sug‘urta hodisasi sodir bo‘lmaganda va (yoki) sug‘urta tovoni to‘lanmagan bo‘lsa, sug‘urta shartnomasi bo‘yicha qoplab berilgan sug‘urta mukofotining foydalanilmagan davriga mutanosib qismini qaytarish tartibi.

  1. O‘zbekiston sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi sug‘urta kompaniyalari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda tabiiy va iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda hududlar uchun alohida xavf-xatarlarni hamda tabaqalashgan sug‘urta tariflarini joriy etsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bir oy muddatda:

qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda adjaster, aktuar va syurveyer xizmatlarini tuzilgan shartnomalarga muvofiq tashkil etsin hamda ularning faoliyatini sertifikatlash, reyestrini yuritish va nazorat qilishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin;

Gidrometeorologiya xizmati agentligi bilan birgalikda iqlim o‘zgarishiga oid tabiiy ofatlar bilan bog‘liq ma’lumotlarni doimiy shakllantirgan holda, sug‘urta kompaniyalari foydalanishi uchun ularning elektron platformalarga integratsiya qilinishini ta’minlasin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi:

qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalash sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, o‘qitish va ularning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘ysin;

sug‘urta kompaniyalari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda bilim va ko‘nikmalarga ega tajribali agronomlarni qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalash jarayonlariga jalb qilish choralarini ko‘rsin.

  1. Belgilansinki:

2024-yilda ushbu subsidiyalar 2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining hosilini sug‘urtalash xarajatlarining 50 foizini qoplashga subsidiyalar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida beriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yildan boshlab har yili Qishloq xo‘jaligi vazirligining hisob-kitoblariga asosan qishloq xo‘jaligi subyektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun zarur mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutib boradi.

  1. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

Qishloq xo‘jaligi subyektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Nizom qishloq xo‘jaligi subyektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining 50 foizini, biroq sug‘urta summasining 4 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash tartibini belgilaydi.

Ushbu Nizom bevosita qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, dehqon xo‘jaliklari, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar va boshqa qishloq xo‘jaligi subyektlariga nisbatan tatbiq etiladi.

  1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

“Agroplatforma” axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — “Agroplatforma” AT) — Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi tarkibiga kiruvchi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyilida xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini ta’minlab beradigan axborot tizimi;

“Agrosubsidiya” axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — “Agrosubsidiya” AT) — qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratish yuzasidan materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish hamda vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish hamda imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish imkonini beruvchi axborot tizimi;

“CropAgro” axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — “CropAgro” AT) — qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanuvchilarning takliflarini qabul qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini elektron joylashtirish, kelishish, ma’lumot va hisobotlarni shakllantirish uchun foydalaniladigan axborot tizimi;

subsidiya — qishloq xo‘jaligi subyektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta shartnomasida belgilangan sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlari o‘rnini qisman qoplash uchun beriladigan mablag‘;

sug‘urta — muayyan hodisa yuz berganda qishloq xo‘jaligi ekinlari va ularning hosiliga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, tovonlar va boshqa to‘lovlar to‘lash uchun maqsadli pul jamg‘armalarini tashkil etish hamda ulardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan, qishloq xo‘jaligi subyektlarining manfaatlarini himoya qilishga doir munosabatlar;

sug‘urta mukofoti — sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta shartnomasida belgilangan tartibda va muddatlarda sug‘urtalovchi tashkilotga to‘lanishi shart bo‘lgan sug‘urta to‘lovi;

sug‘urta summasi — sug‘urtalovchi tashkilot bilan sug‘urta qildiruvchining o‘zaro kelishuviga asosan belgilanadigan pul mablag‘lari miqdori bo‘lib, sug‘urtalovchi tashkilot sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta tovonini undan oshmagan miqdorda to‘lash majburiyatini oladi;

sug‘urtalovchi tashkilot — sug‘urta qilish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan va sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tovoni to‘lovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi yuridik shaxs bo‘lgan tashkilot;

sug‘urta qildiruvchi — sug‘urtalovchi tashkilot bilan sug‘urta shartnomasini tuzgan, sug‘urta shartnomasida kelishilgan sug‘urta mukofotini to‘lovchi va sug‘urtalovchi tashkilot bilan aniq sug‘urta munosabatlariga kiruvchi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi subyektlari;

sug‘urta hodisalari — sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan (qishloq xo‘jaligi ekinlariga va ularning hosiliga zarar yetkazuvchi hamda nobud qiluvchi kuchli yomg‘ir (jala), do‘l, suv toshqini, dovul, havo haroratining keskin pasayishi (sovib ketishi, muzlashi) yoki ko‘tarilishi (jazirama issiq, garmsel), kasallik va zararkunandalarning keskin ko‘payib ketishi) va ularning sodir bo‘lishi bilan sug‘urtalovchi tashkilot tomonidan sug‘urta tovoni to‘lovini amalga oshirish majburiyatini keltirib chiqaradigan tabiat hodisalari;

sug‘urta shartnomasi — sug‘urtalovchi tashkilot va sug‘urta qildiruvchi o‘rtasida yozma yoki elektron shaklda tuziladigan bitim bo‘lib, bunda sug‘urta qildiruvchi unga muvofiq sug‘urta mukofotini (sug‘urta to‘lovini) sug‘urta shartnomasida belgilangan tartibda, muddatlarda va hajmda to‘lash hamda sug‘urta shartnomasida yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish, sug‘urtalovchi tashkilot esa sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan muayyan hodisalar (sug‘urta hodisalari) yuz berganda, sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Bunda sug‘urta shartnomasi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni hamda ushbu Nizom bilan belgilangan shartlarga mos kelishi lozim;

qishloq xo‘jaligi subyektlari — yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi subyektlari, jumladan, fermer xo‘jaliklari, dehqon xo‘jaliklari, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar va boshqa subyektlar;

qishloq xo‘jaligi ekinlari — g‘o‘za, boshoqli don, sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli va moyli ekinlar, bog‘lar (mevali va rezavor mevali), uzumzorlar, ko‘chatlar;

hosil — qishloq xo‘jaligi subyektlari tomonidan yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlaridan olinadigan mahsulot (xomashyo).

  1. Qishloq xo‘jaligi subyektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining 50 foizini, biroq sug‘urta summasining 4 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratiladi.

Bunda subsidiya uchun talab etiladigan mablag‘lar Qishloq xo‘jaligi vazirligining buyurtmanomasiga asosan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har yili “O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonunda nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiya uchun ajratilgan mablag‘lar hisobi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida Qishloq xo‘jaligi vazirligi uchun ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida yuritiladi.

  1. Qishloq xo‘jaligi subyektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining bir qismi ushbu Nizomga ilovagamuvofiq sxema bo‘yicha qoplanadi.

2-bob. Qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatining 50 foizini qoplab berish bo‘yicha murojaat qilish tartibi

  1. Sug‘urta qildiruvchi qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50 foizini, biroq sug‘urta summasining 4 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun subsidiya olish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-avgustdagi 330-son qaroribilan tasdiqlangan “Agroplatforma” axborot tizimidan foydalanishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq “Agroplatforma” AT imkoniyatlaridan foydalangan holda ro‘yxatdan o‘tadi.

Sug‘urta qilish nazarda tutilgan sug‘urta qildiruvchining qishloq xo‘jaligi ekinlari “CropAgro” ATga elektron joylashtirilgan bo‘lishi lozim.

  1. Sug‘urta qildiruvchi sug‘urta tashkilotiga sug‘urta mukofotini to‘liq to‘lagandan keyin Qishloq xo‘jaligi vazirligiga sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining subsidiya hisobidan qoplab beriladigan qismini olish uchun “Agrosubsidiya” AT orqali quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qiladi:

sug‘urta shartnomasi;

sug‘urta polisi;

sug‘urta shartnomasida qayd etilgan sug‘urta mukofotining to‘liq to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov topshiriqnomasi va hisob-faktura.

Sug‘urta qildiruvchi arizadagi ma’lumotlar va ilova qilingan hujjatlarning haqqoniyligi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.

Sug‘urta qildiruvchidan ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

3-bob. Sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatining 50 foizini qoplab berish bo‘yicha murojaatni ko‘rib chiqish va subsidiya ajratish tartibi

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi uch ish kuni ichida:

sug‘urta qildiruvchining arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni o‘rganib chiqadi;

o‘rganish natijalariga ko‘ra “Agrosubsidiya” AT orqali sug‘urta qildiruvchiga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining 50 foizini, biroq sug‘urta summasining 4 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun subsidiya ajratish maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi yuzasidan xulosani tayyorlaydi va elektron imzo bilan tasdiqlaydi.

  1. Sug‘urta qildiruvchi qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining 50 foizini, biroq sug‘urta summasining 4 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun subsidiya ajratishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

sug‘urta qildiruvchining o‘z arizasiga asosan;

ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda;

sug‘urta qildiruvchi tomonidan soxta hujjatlar, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganda;

qishloq xo‘jaligi subyekti tugatilganda.

Ushbu bandda ko‘rsatilmagan boshqa asoslar bilan sug‘urta qildiruvchiga subsidiya ajratishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi sug‘urta qildiruvchiga subsidiya ajratishni rad etgan taqdirda, sug‘urta qildiruvchini bir kun muddatda “Agrosubsidiya” AT orqali rad etishning aniq sabablarini ko‘rsatgan holda xabardor qiladi.

Subsidiya ajratish rad etilgan sug‘urta qildiruvchi Qishloq xo‘jaligi vazirligining xulosasida ko‘rsatilgan rad etish sabablarini bartaraf etgan holda qayta murojaat qilishi mumkin.

Sug‘urta qildiruvchi Qishloq xo‘jaligi vazirligining subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosasidan norozi bo‘lganda, belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi subsidiya ajratish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosa qabul qilingandan so‘ng besh ish kuni ichida qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50 foizini, biroq sug‘urta summasining 4 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun subsidiyani subsidiya.mf.uz elektron tizimi orqali sug‘urta qildiruvchining tijorat bankidagi hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.
  2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi har chorak yakuni bilan sug‘urta shartnomasini tugaganligi yoki muddatidan avval bekor qilinganligini monitoring qilib borish maqsadida sug‘urtalovchi tashkilot va sug‘urta qildiruvchidan sug‘urta shartnomasiga oid hujjatlarni va ma’lumotlarni talab qilishga haqli.
  3. O‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra sug‘urta shartnomasi muddatidan avval bekor qilinganligi aniqlanganda, shuningdek, sug‘urta hodisasi sodir bo‘lmaganda va (yoki) sug‘urta tovoni to‘lanmagan bo‘lsa, Qishloq xo‘jaligi vazirligi sug‘urta shartnomasi bo‘yicha qoplab berilgan sug‘urta mukofotining foydalanilmagan davriga mutanosib qismini (sug‘urta agenti vositachiligida tuzilgan sug‘urta shartnomalar bo‘yicha vositachilik haqi chegirilmaydi) qaytarish haqida sug‘urta qildiruvchiga ogohlantirish xatini yuboradi.
  4. Sug‘urta qildiruvchi ogohlantirish xatini olgan kundan e’tiboran bir oy ichida ajratilgan subsidiyani Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida Qishloq xo‘jaligi vazirligi uchun ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i qaytaradi.

Agar sug‘urta qildiruvchi ixtiyoriy ravishda subsidiyani ogohlantirish xatida ko‘rsatilgan muddatda va miqdorda qaytarmasa yoki qaytarishni rad etsa, Qishloq xo‘jaligi vazirligi subsidiyani sud tartibida undirish choralarini ko‘radi.

  1. Sug‘urta qildiruvchi tomonidan qaytarilgan yoki sud tartibida undirilgan mablag‘lar Qishloq xo‘jaligi vazirligining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga kelib tushgan kunda to‘liq O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga qaytariladi.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida ajratilgan subsidiyalar miqdori hamda sug‘urta qildiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oyda Qishloq xo‘jaligi vazirligining ochiq ma’lumotlar portalida e’lon qilib boriladi.
  2. Subsidiya berishda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar tomonlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish orqali hal etiladi.

Bunda taraflar o‘rtasida kelishmovchiliklar muzokaralar o‘tkazish orqali hal etilmagan taqdirda, nizolar sud tartibida hal qilinadi.

  1. Qishloq xo‘jaligi subyektlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalashda sug‘urta mukofoti uchun to‘lov xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
  2. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.