O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

Issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida

Respublikada issiqxona xo‘jaliklarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirish va ularning faoliyatini samarali tashkil etish uchun qulay sharoit yaratish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish maqsadida, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Issiqxona xo‘jaliklari va meva-sabzavotlarni eksport qiluvchi korxonalarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 27-oktabrdagi 567-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovagamuvofiq tasdiqlansin:

issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan jalb qilinadigan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislari ro‘yxatini shakllantirish hamda malakali agronomlar “yashil reyestri”ni yuritish tartibi;

issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha talab etiladigan hujjatlar, ularni ko‘rib chiqish hamda subsidiya ajratish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish tartibi;

issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilinishi yuzasidan monitoring yuritish.

  1. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (J. Xodjayev) (keyingi o‘rinlarda — Hukumat komissiyasi) bir oy muddatda 2024-yilda xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladigan issiqxonalarning manzilli ro‘yxatini tasdiqlasin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq “Agrosubsidiya” axborot tizimiga kiritilgan issiqxona xo‘jaliklariga o‘z vaqtida subsidiya ajratilishini nazorat qilib borsin.
  3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

Issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash tartibini belgilaydi.
  2. Issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini, biroq bir oyga bir nafar mutaxassis uchun 1 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan qismini O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligiga (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan qoplash uchun subsidiya ajratiladi.

Bunda subsidiya uchun talab etiladigan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining buyurtmanomasiga asosan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida Agentlik uchun ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida yuritiladi.

  1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

issiqxona xo‘jaliklari — sanoat usulida issiqxona xo‘jaliklarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, dehqon xo‘jaliklari, agroklasterlar va boshqa yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi subyektlari;

malakali agronomlar “yashil reyestri” — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladigan xorijdan jalb qilinadigan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislari ro‘yxati;

mutaxassis — agronom, entomolog yoki laboratoriya mutaxassisligi yo‘nalishida oliy ta’lim tashkilotini tugatgan, issiqxona xo‘jaligi faoliyati bo‘yicha kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan hamda malakali agronomlar “yashil reyestri”ga kiritilgan xorijiy mutaxassis;

subsidiya — issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining qoplab beriladigan qismi;

talabgor — issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilgan qishloq xo‘jaligi subyekti;

“Agrosubsidiya” AT — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsiya platformasi tarkibiga kiruvchi hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar va subsidiyalarni ajratish, mahsulot yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini ta’minlab beradigan axborot tizimi.

  1. Issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizi ushbu Nizomga 1-ilovagamuvofiq sxema bo‘yicha qoplanadi.
  2. Subsidiya “V” va undan yuqori toifalardagi tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi darajasiga ega issiqxona xo‘jaliklariga beriladi.

Bunda tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi darajasidan kelib chiqqan holda toifalarga subsidiya miqdori quyidagi nisbatlarda taqdim etiladi:

“AAA” toifa — subsidiya miqdorining 100 foizi;

“AA” toifa — subsidiya miqdorining 90 foizi;

“A” toifa — subsidiya miqdorining 80 foizi;

“VVV” toifa — subsidiya miqdorining 70 foizi;

“VV” toifa — subsidiya miqdorining 60 foizi;

“V” toifa — subsidiya miqdorining 50 foizi.

2-bob. Xorijdan jalb qilinadigan malakali mutaxassislar ro‘yxatini shakllantirish

  1. Talabgor Agentlikning tuman (Quvasoy shahar) loyiha ofisiga xorijdan jalb qilinadigan malakali mutaxassisning davlati va uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, oliy ta’lim tashkilotini tugatganligi to‘g‘risidagi hujjat va unga tenglashtirilgan boshqa hujjatlarning nusxalari, xorijdan jalb qilinadigan malakali mutaxassis bilan tuzilgan mehnat shartnomasining nusxasi, mehnat faoliyati davri, telefon raqami haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.

Agentlikning tuman (Quvasoy shahar) loyiha ofisi uch ish kuni ichida xorijdan jalb qilinadigan malakali mutaxassislar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtirgan holda Agentlikka yuboradi.

Agentlik uch ish kuni ichida xorijdan jalb qilinadigan malakali mutaxassislar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqadi va umumlashtirgan holda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi besh ish kuni ichida Agentlik tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni o‘rganib chiqadi hamda o‘rganish natijalariga ko‘ra o‘zining rasmiy veb-saytidagi malakali agronomlar “yashil reyestri”da xorijdan jalb qilinadigan malakali mutaxassislar ro‘yxatini e’lon qilib boradi.

Bunda malakali agronomlar “yashil reyestri”dagi xorijdan jalb qilinadigan malakali mutaxassislar ro‘yxati har oyda yangilab boriladi.

  1. Yer maydoni 1 gektardan 10 gektargacha bo‘lgan va sanoat usulida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi issiqxona xo‘jaligi tomonidan mavsum davrida xorijdan 1 nafar malakali mutaxassis (agronom yoki entomolog yoxud laborant) jalb etiladi.

Bunda tutash hududlarda joylashgan va umumiy maydoni 10 gektardan oshmaydigan bir necha issiqxona xo‘jaliklari o‘zaro kelishuv asosida xorijdan jalb qilingan malakali mutaxassis xizmatidan foydalanishi mumkin.

3-bob. Subsidiya ajratish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilish

  1. Issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun subsidiya ajratishga ko‘maklashuvchi tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda — tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi) har bir tumanda mazkur Nizomga 2-ilovagamuvofiq namunaviy tarkibda tashkil etiladi.
  2. Talabgor xorijdan malakali mutaxassisni jalb qilgandan so‘ng bir oy ichida tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhiga “Agrosubsidiya” AT orqali issiqxona xo‘jaligiga xorijdan malakali mutaxassisni jalb qilish xarajatining 50 foizini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha o‘zining shaxsiy identifikatsiya raqami, joylashgan joyi (pochta manzili, elektron manzili), xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banki va hisobvarag‘i ko‘rsatilgan ariza bilan murojaat qiladi hamda arizaga quyidagilarni ilova qiladi:

xorijdan jalb qilinadigan malakali mutaxassisni ishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqni ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan berilgan O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomaning nusxasi;

xorijdan jalb qilinadigan malakali mutaxassis bilan tuzilgan mehnat shartnomasining nusxasi;

xorijdan jalb qilinadigan malakali mutaxassisga ish haqi to‘lash uchun tijorat bankidagi hisobvarag‘idan mablag‘ ko‘chirilganligi to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi.

Talabgor arizadagi ma’lumotlar va ilova qilingan hujjatlarning to‘g‘riligi uchun javobgar hisoblanadi.

Talabgordan ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

4-bob. Talabgorning murojaatini ko‘rib chiqish va subsidiya ajratish

  1. Tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi har yili 1-fevralga qadar:

ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan talablarga muvofiq talabgorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqadi;

o‘rganish natijalariga ko‘ra talabgorlarning manzilli ro‘yxatini shakllantiradi;

talabgorlarning manzilli ro‘yxatidan kelib chiqqan holda ularga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosalarni rasmiylashtirgandan so‘ng “Agrosubsidiya” AT orqali talabgorlarning manzilli ro‘yxatini va xulosalarni ko‘rib chiqish uchun Agentlikka yuboradi.

Talabgorlarning manzilli ro‘yxatini shakllantirishda quyidagi mezonlar inobatga olinadi:

issiqxona obyektlari soz holatda ekanligi;

issiqxona xo‘jaliklari amalda faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yib, yil davomida kamida bitta mahsulot turini yetishtirayotganligi;

“V” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reyting darajasiga ega issiqxona xo‘jaligi ekanligi;

yer maydoni 1 gektardan 10 gektargacha bo‘lgan va sanoat usulida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi issiqxona xo‘jaligi tomonidan xorijdan malakali mutaxassisning jalb qilinganligi.

  1. Tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi a’zolari talabgorlarning manzilli ro‘yxatini shakllantirishda quyidagilarga shaxsan mas’ul hisoblanadi:

tuman (Quvasoy shahar) hokimi — ishchi guruh faoliyatini tashkil qilishga va ishchi guruh tomonidan talabgorning subsidiya ajratish to‘g‘risidagi arizasini muddatida va to‘liq o‘rganilishiga hamda rasmiylashtirilgan hujjatlarning to‘g‘riligiga;

tuman (Quvasoy shahar) hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — subsidiya ajratish to‘g‘risidagi hujjatlar o‘z vaqtida rasmiylashtirilishi va muvofiqlashtirilishiga;

tuman (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i — xorijdan jalb qilinadigan malakali mutaxassis malakali agronomlar “yashil reyestri”dagi ro‘yxatga kiritilganligiga;

tuman (Quvasoy shahar) iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i — talabgorga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banki va hisobvaraqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘g‘riligiga;

tuman (Quvasoy shahar) soliq inspeksiyasi rahbari — talabgorning soliq hisobotlarini topshirib borishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘g‘riligiga;

xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banki rahbari — talabgorning bank hisobvarag‘idan pul aylanmasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘g‘riligiga;

tuman (Quvasoy shahar) statistika bo‘limi boshlig‘i — talabgorning statistika hisobotlarini topshirib borishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘g‘riligiga;

tuman (Quvasoy shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i — talabgor bilan xorijdan jalb qilinadigan mutaxassis o‘rtasida mehnat shartnomasining tuzilganligiga;

tuman (Quvasoy shahar) fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi — talabgorning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilmasligiga;

Agentlikning tuman (Quvasoy shahar) loyiha ofisi rahbari — xorijdan jalb qilinadigan malakali mutaxassisga oid hujjatlarning to‘g‘riligiga.

  1. Agentlik har yili 20-fevralga qadar:

xorijdan malakali mutaxassisni jalb qilgan talabgorlarga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosalarni va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqadi;

talabgorlarning manzilli ro‘yxatga kiritilganligini tekshiradi;

hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra talabgorlarga subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish haqida qaror qabul qiladi;

talabgorlarning manzilli ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi.

  1. Talabgorga xorijdan malakali mutaxassisni jalb qilish xarajatlarining 50 foizini qoplashni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

talabgorning o‘z arizasiga asosan;

ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda;

ushbu Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan mezonlarga muvofiq kelmaganda;

talabgor tomonidan malakali agronomlar “yashil reyestri”ga kiritilmagan mutaxassis jalb qilinganda;

talabgor tomonidan soxta hujjatlar, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganda;

qishloq xo‘jaligi subyekti tugatilganda.

Ushbu bandda ko‘rsatilmagan boshqa asoslar bilan talabgorga subsidiya ajratishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agentlik subsidiya ajratishni rad etgan taqdirda, bir kun muddatda talabgorni rad etishning aniq sabablarini ko‘rsatgan holda “Agrosubsidiya” AT orqali xabardor qiladi.

Talabgor Agentlikning xabarnomasida ko‘rsatilgan subsidiya ajratishni rad etish sabablarini bartaraf etgan holda, xabarnoma yuborilgan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida subsidiya ajratish bo‘yicha qayta murojaat qilishi mumkin.

Talabgor Agentlikning subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi har yili 1-martga qadar Agentlik tomonidan taqdim etilgan talabgorlarning manzilli ro‘yxatini o‘rganib chiqib, Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda — Hukumat komissiyasi) tasdiqlash uchun kiritadi.
  2. Hukumat komissiyasi har yili 15-martga qadar talabgorlarning manzilli ro‘yxatini tasdiqlaydi.
  3. Agentlik Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan talabgorlarning manzilli ro‘yxatiga muvofiq o‘n ish kuni ichida talabgorning tijorat bankidagi hisobvarag‘iga subsidiyani o‘tkazib beradi.

5-bob. Xorijdan malakali mutaxassislarning jalb qilinishi natijadorligi yuzasidan monitoring yuritish

  1. Tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi tomonidan hosil yili yakuni bilan issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali mutaxassislarning jalb qilinishi natijadorligi bo‘yicha monitoring o‘tkaziladi.

Tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi xorijdan malakali mutaxassislarning jalb qilinishi natijadorligi bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijalari bo‘yicha Agentlikka hisobot taqdim etadi.

  1. O‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, xorijdan jalb qilingan mutaxassis issiqxona xo‘jaligida faoliyat yuritgan davrda hosildorlik o‘tgan yilgi hosildorlikka nisbatan kamida 20 foizga oshmagan yoki kamayib ketgan hollarda (noqulay iqlim sharoitlari va fors-major holatlari bundan mustasno), ajratilgan subsidiya talabgor tomonidan qaytariladi.

Agentlik issiqxona xo‘jaligiga xorijdan malakali mutaxassisni jalb qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun ajratilgan subsidiyani qaytarish haqida talabgorga ogohlantirish xatini yuboradi.

  1. Talabgor ogohlantirish xatini olgan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida ajratilgan subsidiyani O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida Agentlik uchun ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga qaytaradi.

Agar talabgor subsidiyani ixtiyoriy ravishda ogohlantirish xatida ko‘rsatilgan muddatda va miqdorda qaytarmasa yoki qaytarishni rad etsa, Agentlik subsidiyani sud tartibida undirish choralarini ko‘radi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun berilgan subsidiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oyda Agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
  2. Subsidiya ajratishda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar tomonlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish orqali hal etiladi.

Bunda taraflar o‘rtasida kelishmovchiliklar muzokaralar o‘tkazish orqali hal etilmagan taqdirda, nizolar sud tartibida hal qilinadi.

  1. Issiqxona xo‘jaliklariga xorijdan malakali mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizini qoplash maqsadida ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
  2. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

 

 

 

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.