O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

Issiqxona xo‘jaliklariga issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isida isitish uchun ko‘mir qozonini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining “Issiqxona xo‘jaliklari va meva-sabzavotlarni eksport qiluvchi korxonalarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023-yil 27-oktabrdagi 567-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va mahsulot yetishtirish hajmlarini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Issiqxona xo‘jaliklariga issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isida isitish uchun ko‘mir qozonini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovagamuvofiq tasdiqlansin:

issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isida isitish uchun ko‘mir qozonini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha talab etiladigan hujjatlar, ularni ko‘rib chiqish hamda subsidiya ajratish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish tartibi;

issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isida isitish uchun ko‘mir qozonidan foydalanish yuzasidan monitoring yuritish tartibi.

  1. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (J. Xodjayev)(keyingi o‘rinlarda — Hukumat komissiyasi) bir oy muddatda2024-yilda ko‘mir yoqilg‘isida isitish uchun ko‘mir qozonini xarid qilish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladigan issiqxonalarning manzilli ro‘yxatini tasdiqlasin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq “Agrosubsidiya” axborot tizimiga kiritilgan issiqxona xo‘jaliklariga o‘z vaqtida subsidiya ajratilishini nazorat qilib borsin.
  3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

Issiqxona xo‘jaliklariga issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isida isitish uchun ko‘mir qozonini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Nizom issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isida isitish uchun ko‘mir qozonini xarid qilish xarajatlarining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan qoplash tartibini belgilaydi.
  2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

issiqxona xo‘jaliklari — sanoat usulida issiqxonada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, dehqon xo‘jaliklari, agroklasterlar va boshqa yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi subyektlari;

ko‘mir qozon — issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isida isitish uchun O‘zbekiston Respublikasida yoki xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan va muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan qozon;

talabgor — ko‘mir qozonini xarid qilgan va xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun murojaat qilgan qishloq xo‘jaligi subyekti;

subsidiya — issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isida isitish uchun mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilingan ko‘mir qozoni xarajatlarining Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplab beriladigan qismi;

“Agrosubsidiya” AT — O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsiya platformasi tarkibiga kiruvchi hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar va subsidiyalarni ajratish, mahsulot yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini ta’minlab beradigan axborot tizimi.

  1. Issiqxona xo‘jaliklariga issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isida isitish uchun xarid qilingan ko‘mir qozoni xarajatlarining 20 foizgacha qismini qoplash maqsadida, biroq 80 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan bir martalik subsidiya beriladi.

Issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isida isitish uchun ko‘mir qozonini xarid qilish xarajatlarining bir qismi ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha qoplanadi.

  1. Subsidiya “V” va undan yuqori tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reyting darajasiga ega issiqxona xo‘jaliklariga beriladi.

Bunda tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reyting darajasidan kelib chiqib, subsidiyaning amaldagisiga nisbatan quyidagi miqdorlarda taqdim etiladi:

“AAA” toifa — amaldagi miqdorning 100 foizi;

“AA” toifa — amaldagi miqdorning 90 foizi;

“A” toifa — amaldagi miqdorning 80 foizi;

“VVV” toifa — amaldagi miqdorning 70 foizi;

“VV” toifa — amaldagi miqdorning 60 foizi;

“V” toifa — amaldagi miqdorning 50 foizi.

2-bob. Subsidiya ajratish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilish

  1. Har bir tuman (Quvasoy shahar)da issiqxona xo‘jaliklariga issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isida isitish maqsadida ko‘mir qozonini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishga ko‘maklashuvchi tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda — tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi) mazkur Nizomga 2-ilovagamuvofiq namunaviy tarkibda tashkil etiladi.
  2. Talabgor issiqxonani ko‘mir yoqilg‘isida isitish maqsadida ko‘mir qozonini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhiga “Agrosubsidiya” AT orqali ariza bilan murojaat qiladi hamda quyidagilarni ilova qiladi:

atmosfera havosini ifloslantiruvchi statsionar manbalarda samaradorligi 99,5 foizdan past bo‘lmagan chang va gazlarni tutib qoluvchi qurilmalarning mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar;

issiqxona xo‘jaligining kadastr ma’lumotlari;

ko‘mir qozonining muvofiqlik sertifikati;

faoliyati bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi;

ko‘mir qozonining oldi-sotdi va/yoki pudrat shartnomasi, o‘rnatish ishlari sifatli bajarilganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma hamda hisob-faktura hujjatlari nusxasi;

ko‘mir qozonining issiqxonani isitish uchun talab etiladigan isitish quvvatiga egaligi va issiqxona maydonining isitish qozoniga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar.

Talabgor arizadagi ma’lumotlar va ilova qilingan hujjatlarning to‘g‘riligi uchun javobgar hisoblanadi.

Talabgordan ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Talabgor ko‘mir qozonini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan kundan boshlab bir yil mobaynida subsidiya ajratish yuzasidan tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhiga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

  1. Ushbu Nizomning 6-bandidanazarda tutilgan hujjatlar to‘liq bo‘lmaganda yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan holda taqdim etilganda tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi tomonidan arizani qabul qilish rad etiladi.

3-bob. Talabgorning murojaatini ko‘rib chiqish va subsidiya ajratish

  1. Tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi har yili 1-martga qadar:

talabgor tomonidan o‘rnatilgan ko‘mir qozonining energiya jihatdan samaradorlik darajasini hamda belgilangan tartibda o‘rnatilganligini, issiqxonani isitish uchun talab etiladigan quvvatga egaligi va issiqxona maydonining qurilma quvvatiga muvofiqligini, shuningdek, issiqxona loyihasining parametrlariga ko‘ra joylashtirilganligini joyiga chiqqan holda o‘rganadi;

o‘rganish natijalariga ko‘ra ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq xulosani rasmiylashtirgan holda talabgorlarning manzilli ro‘yxatini shakllantiradi;

talabgorlarning manzilli ro‘yxatidan kelib chiqib, talabgorlarga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosani rasmiylashtirgandan so‘ng talabgorlarning manzilli ro‘yxatini va xulosalarni ko‘rib chiqish uchun “Agrosubsidiya” AT orqali Agentlikka yuboradi.

Talabgorlarning manzilli ro‘yxatini shakllantirishda quyidagi mezonlar inobatga olinadi:

issiqxona obyektlari soz holatda bo‘lganligi;

issiqxona xo‘jaliklari amalda faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yib, yil davomida kamida bitta mahsulot turini yetishtirayotganligi;

“V” va undan yuqori Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reyting darajasiga ega issiqxona xo‘jaliklari ekanligi.

  1. Tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhi talabgorlarning manzilli ro‘yxatini shakllantirishda quyidagilarga shaxsan mas’ul hisoblanadi:

tuman (Quvasoy shahar) hokimi — ishchi guruh faoliyatini tashkil qilishga va ishchi guruh tomonidan talabgorning subsidiya ajratish to‘g‘risidagi arizasini joyiga chiqqan holda muddatida va to‘liq o‘rganishga hamda rasmiylashtirilgan hujjatlarning to‘g‘riligiga;

tuman (Quvasoy shahar) hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — subsidiya ajratish to‘g‘risidagi hujjatlar o‘z vaqtida rasmiylashtirilishi va muvofiqlashtirilishiga;

tuman (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i — issiqxona xo‘jaligining kadastr ma’lumotlari to‘g‘riligiga;

tuman (Quvasoy shahar) iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i — talabgorga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banki va hisobvaraqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘g‘riligiga;

tuman (Quvasoy shahar) soliq inspeksiyasi rahbari — talabgorning soliq hisobotlarini topshirib borishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘g‘riligiga;

xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banki rahbari — talabgorning bank hisobvarag‘idan pul aylanmasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘g‘riligiga;

tuman (Quvasoy shahar) statistika bo‘limi boshlig‘i — talabgorning statistika hisobotlarini topshirib borishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘g‘riligiga;

tuman (Quvasoy shahar) fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi — quruvchi-pudrat tashkilotlari bilan tuziladigan shartnomada talabgorning huquqi himoya qilinishiga;

tuman (Quvasoy shahar) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i — qishloq xo‘jaligi subyektining faoliyati bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi mavjudligi hamda ko‘mir qozoni chang-gaz tozalash uskunasi bilan jihozlanganligiga;

Agentlikning tuman (Quvasoy shahar) loyiha ofisi rahbari — ko‘mir qozonining muvofiqlik sertifikati mavjudligi, issiqxonani isitish uchun talab etiladigan isitish quvvatiga egaligi va issiqxona maydoniga muvofiqligiga.

  1. Agentlik har yili 20-martga qadar:

talabgorga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosani va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqadi;

talabgorning manzilli ro‘yxatga kiritilganligini tekshiradi;

hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra talabgorga subsidiya ajratish yoki subsidiya ajratishni rad etish haqida qaror qabul qiladi;

talabgorlarning manzilli ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi.

  1. Talabgorga xarid qilingan ko‘mir qozoni xarajatlarining bir qismini qoplashni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

talabgorning o‘z arizasiga asosan;

ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda;

ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan mezonlarga muvofiq kelmaganda;

talabgor tomonidan soxta hujjatlar, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganda;

ko‘mir qozoni sifatsiz o‘rnatilganda va issiqxona loyihasining parametrlariga ko‘ra joylashtirilmaganda;

qishloq xo‘jaligi subyekti tugatilganda.

Ushbu bandda ko‘rsatilmagan boshqa asoslar bilan talabgorga subsidiya ajratishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agentlik subsidiya ajratishni rad etgan taqdirda, talabgorni bir kun muddatda “Agrosubsidiya” AT orqali rad etishning aniq sabablarini ko‘rsatgan holda xabardor qiladi.

Subsidiya ajratish rad etilgan talabgor Agentlikning qarorida ko‘rsatilgan rad etish sabablarini birinchi marta murojaat qilgan kundan boshlab bir yil davomida bartaraf etgan holda qayta murojaat qilishi mumkin.

Talabgor tuman (Quvasoy shahar) ishchi guruhining subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi har yili 1-aprelga qadar Agentlik tomonidan taqdim etilgan talabgorlarning manzilli ro‘yxatini o‘rganib chiqib, Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasiga (keyingi o‘rinlarda — Hukumat komissiyasi) tasdiqlash uchun kiritadi.
  2. Hukumat komissiyasi har yili 15-aprelga qadar talabgorlarning manzilli ro‘yxatini tasdiqlaydi.
  3. Agentlik Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan talabgorlarning manzilli ro‘yxatiga muvofiq o‘n ish kuni ichida talabgorning tijorat bankidagi hisobvarag‘iga subsidiyani o‘tkazib beradi.

4-bob. Ko‘mir qozonidan foydalanish yuzasidan monitoring yuritish

  1. Talabgor issiqxonani isitish uchun o‘rnatilgan ko‘mir qozonidan besh yil mobaynida foydalanishi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishi shart.
  2. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan holda va talabgor ishtirokida bir yilda bir marta (hisobot yilining oktabr oyidan keyingi yilning aprel oyiga qadar) ko‘mir qozonidan foydalanish yuzasidan monitoring o‘tkazadi.

Monitoring natijalari asosida Agentlik tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi hamda dalolatnomaning bir nusxasi Agentlikda va ikkinchi nusxasi talabgorda saqlanadi.

  1. Agentlik va talabgor o‘rtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan talablarning buzilish holatlari aniqlanganda, Agentlik uch ish kuni ichida talabgorga ajratilgan subsidiyani qaytarish haqidagi ogohlantirish xatini yuboradi.
  2. Talabgor ogohlantirish xatini olgan kundan e’tiboran bir oy ichida ajratilgan subsidiyani Agentlikning shartnomada ko‘rsatilgan maxsus shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga qaytaradi.

Shartnomada nazarda tutilgan talablarning buzilish holatlari aniqlangan yilga qarab, subsidiya quyidagi tartibda qaytariladi:

1 yilda — 100 foiz;

2 yilda — 80 foiz;

3 yilda — 60 foiz;

4 yilda — 40 foiz;

5 yilda — 20 foiz.

  1. Talabgor subsidiyani belgilangan muddat va miqdorda qaytarmaganda, Agentlik subsidiyani sud tartibida undirish choralarini ko‘radi.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

  1. Subsidiya berishda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar tomonlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish orqali hal etiladi.

Bunda taraflar o‘rtasida kelishmovchiliklar muzokaralar o‘tkazish orqali hal etilmagan taqdirda, nizolar sud tartibida hal qilinadi.

  1. Issiqxona xo‘jaliklariga issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isida isitish uchun ko‘mir qozonini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
  2. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

 

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.