“Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” jamosi O‘zbekiston xalqini Mustaqillik bayrami bilan tabriklaydi
Bugun Vatanimiz ozodlikka erishganiga, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘lga kiritganiga 33 yil to‘ldi.
Har qanday millat va xalq uchun eng muqaddas qadriyat, bu shubhasiz, hurriyatdir. Erkinlikning qanchalar oliy ne’mat ekanini his etish uchun bir on xayolan bo‘lsa-da erksizlikni, qaramlikni tuyib ko‘rish kifoya.
Ming shukrki, bundan 33 yil oldin xalqimiz uzoq yillar orziqib kutgan mustaqilligini, suverenitetini tantanavor e’lon qilib, o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi.
Vatanimiz o‘tgan yillar davomida mustaqilligini har tomonlama mustahkamlab bordi, zamonaviy armiya va xavfsizlik tuzilmalari shakllantirildi, xalqaro maydonda ham o‘z o‘rniga, o‘z so‘ziga ega bo‘la oldi.
Eng muhim o‘zgarish esa xalqimiz ongida ro‘y berdi: yillar davomida singdirilgan mustabid tuzumning soxta g‘oyalariga bo‘lgan ishonch yemirildi, xalqimiz dunyoqarashida mustaqillik tuyg‘usi, erk hissi chuqur ildiz otdi, butun boshli yangi avlod – istiqlol farzandlari yetishib chiqdi.
“Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” jamosi bugungi eng ulug‘ bayram bilan eng avvalo istiqlolni oliy qadriyat deb biluvchi, xalqimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimizni samimiy muborakbod etadi.
Ilohim, tinchlik-omonlik, fayz-u baraka O‘zbekistonimizni hech ham tark etmasin!
Erishayotgan yutuqlarimiz bardavom, turmushimiz farovon, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!