O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bog‘  va tokzorlarni barpo qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida

Mamlakatimiz aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlash, intensiv usulda bog‘ va tokzorlar barpo qilish, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish, qayta ishlash, eksport salohiyatini oshirish hamda yuqori daromadli ish o‘rinlarini tashkil etish maqsadida:

1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining:

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi negizida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligini (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tashkil etish;

Agentlik huzurida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi negizida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Quyidagilar:

Agentlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2024-2025-yillarda tog‘ oldi va qir-adirlik, iqtisodiy samarasiz hamda eskirgan bog‘ va tokzorlar o‘rnida yangidan sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlar barpo etishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. 2024-yil 1-oktabrdan boshlab respublikada sanoatlashgan yangi intensiv bog‘ va tokzorlarni barpo etish hamda moliyalashtirish bo‘yicha quyidagi tizim joriy etilsin:

a) tuman (shahar) hokimliklari Agentlik bilan birga muntazam ravishda yangidan tashkil etiladigan sanoatlashgan yangi intensiv bog‘ va tokzorlarni (keyingi o‘rinlarda — yangi bog‘lar) hamda issiqxonalarni barpo etish maqsadida zaxiradagi yer uchastkalari hamda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va qishloq xo‘jaligi korxonalariga (keyingi o‘rinlarda — yer egalari) tegishli past hosilli paxta va g‘alla yer maydonlari, tog‘ oldi, qir-adirliklar, shuningdek, samarasiz hamda eskirgan bog‘ va tokzorlar ro‘yxatini shakllantirib boradi. Bunda:

yer egalariga tegishli yerlarda yangi bog‘larni barpo etish Agentlik tomonidan ishlab chiqiladigan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga muvofiq amaldagi yer egalarining o‘zlari tomonidan amalga oshiriladi;

zaxiradagi yer uchastkalarida yangi bog‘larni barpo etish Agentlik tomonidan ishlab chiqiladigan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga muvofiq Agentlik yoki u tomonidan tanlangan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladi;

zaxiradagi yer uchastkalari yangi bog‘larni barpo etish uchun Agentlikka yoki u tomonidan tanlangan tadbirkorlik subyektiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi bilan ajratiladi, bunda, istisno tariqasida, investitsiya loyihasining qiymati 10 million AQSh dollaridan kam bo‘lishiga, eng yaxshi taklifni tanlash bo‘yicha tanlov o‘tkazilmasligiga, oldindan maxsus hisobvaraqqa pul joylashtirmasdan hamda yer uchastkalarining aniq ro‘yxatini yer ijarasi shartnomalarida belgilash sharti bilan yer uchastkalarini realizatsiya qilishga ruxsat beriladi;

Agentlikka o‘ziga ijara huquqi bilan ajratilgan yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tadbirkorlik subyektlariga qayta ijaraga berish huquqi beriladi;

zaxiradagi yer uchastkalarini ijaraga (qayta ijaraga) olgan tadbirkorlik subyektlari Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asoslarda belgilangan shartlarga muvofiq yangi bog‘larni barpo etish majburiyatini oladi, bunda yangi bog‘larni barpo etishda Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘laridan foydalanilmaydigan taqdirda, ularga faqat texnik shart beriladi;

b) Agentlik yangi bog‘larni barpo qilish uchun hududlarning ixtisoslashuvi hamda tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, meva va uzumlar navlarini inobatga olib, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqadi.

Bunda Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asoslar bo‘yicha yangi bog‘larni barpo etish loyihasini amalga oshirish boshlanganda, loyiha doirasidagi har bir gektar yer maydoni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida bir martalik texnik-iqtisodiy asoslar to‘lovi joriy etiladi;

v) loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida belgilangan shartlarda va muddatlarda yangi bog‘lar hamda issiqxonalarni tashkil etish uchun talabgorga yer uchastkasi bog‘ va tokzorlardan foydalanish huquqi bilan birga 30 yil muddatgacha ijaraga beriladi;

g) yer uchastkasi ijaraga olingandan boshlab loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida belgilangan sug‘orish tizimlarini joriy etish va yer maydonlarini ekishga tayyorlash, ko‘chat ekish ishlari ko‘pi bilan 14 oy muddatda to‘liq bajarilmaganda, yer uchastkasining ijara shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi;

d) 2025-yildan boshlab yangi bog‘larni barpo etishda faqat ko‘chatchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar yetishtirgan va muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan ko‘chatlar ekiladi.

Bunda Agentlik muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lgan ko‘chatlar yetkazib beruvchi ko‘chatchilikka ixtisoslashgan xo‘jalik yoki “in-vitro” laboratoriyalari reyestrini yuritadi hamda doimiy ravishda ekiladigan sertifikatlangan ko‘chatlarning ekilishi va agrotexnika tadbirlarini monitoring qiladi;

e) ko‘chatchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar yoki “in-vitro” laboratoriya tomonidan talabgorga yetkazib berilgan ko‘chatlarning navlariga bog‘ hosilga kirguniga qadar 3 yil davomida kafolat berishi shart;

j) talabgorlar tomonidan yangidan barpo etiladigan bog‘larga zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatishi majburiy hisoblanadi.

4. Belgilansinki, bog‘lar va issiqxonalardan belgilangan tartib va shartlar asosida foydalanish holati Agentlik tomonidan doimiy monitoring qilib boriladi.

Bunda monitoring natijasida bog‘lar va issiqxonalardan samarasiz hamda noqonuniy yoki boshqa maqsadlarda foydalanish, o‘zboshimchalik bilan buzib tashlash holatlari aniqlanganda, Agentlik tomonidan har yili 1-oktabrga qadar yer maydonlarini qaytarib olish hamda keltirilgan zararni qoplash bo‘yicha nazorat organlariga xulosa kiritib boriladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Agentlik bilan birgalikda ikki oy muddatda iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlarning yaroqsizligini aniqlash va ular o‘rniga yangi bog‘lar barpo etish tartibi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

5. 2024-yil 1-oktabrdan boshlab respublikada yangi bog‘larni barpo etishni Jamg‘arma kredit resurslari hisobidan tijorat banklari orqali moliyalashtirishning quyidagi tartibi joriy etilsin:

birinchi bosqichda — yerni ekishga tayyorlash uchun imtiyozli kreditning 10 foizigacha miqdorda;

ikkinchi bosqichda — ko‘chat sotib olish va ekish xarajatlariga imtiyozli kreditning 40 foizigacha miqdorda;

uchinchi bosqichda — sug‘orish tizimlarini o‘rnatish xarajatlariga imtiyozli kreditning 30 foizigacha miqdorda;

to‘rtinchi bosqichda — bog‘ hosilga kirgunga qadar 3 yil parvarishlash xarajatlariga imtiyozli kreditning 20 foizi miqdorida ajratiladi.

Bunda:

yangi bog‘larni barpo etish bo‘yicha loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarida ko‘zda tutilgan yer maydoniga mutanosib ravishda, ammo 1 gektarga ko‘pi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan oshmagan miqdorda imtiyozli kreditlar ajratiladi;

tashabbuskorlarga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan bank marjasi 4 foiz) milliy valyutada 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga kreditlar ajratiladi;

mazkur shartlar meva va uzum mahsulotlarini zamonaviy saralash, qadoqlash va qayta ishlashni tashkil etish loyihalariga ham tatbiq etiladi.

6. Agentlikka yangi bog‘larni barpo etish bo‘yicha loyiha tashkilotlari, mahalliy va xorijiy maslahatchilarni (ekspertlarni) qonunchilikda belgilangan tartibda jalb qilishga ruxsat etilsin.

7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2025-yil 1-yanvardan boshlab iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bog‘ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, ular o‘rnida intensiv bog‘ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga o‘tkazish to‘g‘risida xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi tomonidan iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosilli bog‘ va tokzorlar deb xulosa berilgan sanadan boshlab 12 oy davomida yangi bog‘ yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ushbu bog‘ va tokzorlar joylashgan maydonlar uchun yer solig‘ini 3 baravarga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Bunda, Agentlik iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosil beradigan deb topilgan bog‘lar va tokzorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning soliq to‘lovchilar kesimida Soliq qo‘mitasiga tegishli axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali taqdim etib borilishini ta’minlaydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda mazkur Farmondan kelib chiqib, Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Qishloq xo‘jaligi vazirligining Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan ko‘chat yetishtirishga va namunaviy bog‘larni barpo etishga ixtisoslashgan korxonani tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

9. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A. Shukurov) Agentlik huzurida Toshkent viloyatida sertifikatlangan ko‘chatlarni yetishtiradigan “in-vitro” laboratoriya va ixtisoslashgan ko‘chatchilik majmuasini barpo etish uchun xalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan 8 million AQSh dollari miqdorida mablag‘larni yo‘naltirish choralarini ko‘rsin.

10. Belgilansinki, 2025-yil 1-yanvardan boshlab:

O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilingan xorijiy kreditlar hisobidan zamonaviy issiqxonalarni tashkil etish hamda maydoni 1 gektar va undan yuqori bo‘lgan yangi bog‘lar barpo etish loyihalarini, texnik-iqtisodiy asoslari mavjud bo‘lganda hamda Agentlik tomonidan ijobiy xulosa berilganda amalga oshirishga ruxsat etiladi;

tashabbuskorlar yangi bog‘larni barpo etishda o‘z ehtiyojlari uchun xorijiy davlatlardan (qo‘shni davlatlardan tashqari) 3-ilova nazarda tutilgan ro‘yxatdagi payvandtagli mevali ko‘chatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari va texnikalarni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona bojlaridan ozod etiladi.

11. Agentlik 2024-yil 1-dekabrdan boshlab fermer va dehqon xo‘jaliklarining nufuzini oshirish, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga ko‘maklashishga qaratilgan “meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash” tizimi joriy etilsin hamda har yili o‘zining rasmiy veb-saytida meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilar reytingini e’lon qilib borsin.

12. Agentlik meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi subyektlar, issiqxona xo‘jaliklari hamda Agentlik manfaatlarini ko‘zlab sudga kiritilgan da’volar va shikoyatlar yuzasidan davlat boji to‘lashdan ozod qilinsin.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ushbu imtiyozni belgilashga oid qo‘shimcha kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.

13. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

15. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

2024-yil 30-sentabr,

PF-151-son

1-ILOVA

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari

1. Intensiv mevachilik, uzumchilik, vinochilik va issiqxona xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishni ta’minlashga hamda eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashishga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish.

2. Zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarni, shu jumladan tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qo‘llagan holda intensiv bog‘ plantatsiyalari, issiqxona xo‘jaliklari maydonlarini kengaytirish choralarini ko‘rish.

3. Hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, bog‘dorchilik, uzumchilik va issiqxona xo‘jaligida ilmiy yutuqlar, ilg‘or ilmiy ishlanmalar va innovatsion agrotexnologiyalardan keng foydalanishni tashkil etish.

4. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni sanoatlashtirish, shuningdek, mevali bog‘ va uzumzorlarni tayyor holda barpo etish hamda ularni tashabbuskorlarga sotish choralarini ko‘rish, shuningdek, yangi bog‘ va tokzorlar oralariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekilishini va ulardan samarali foydalanilishini tashkil etish.

5. Sohada “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida qo‘shilgan qiymat zanjirini joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportiga ko‘maklashish, shuningdek, meva va uzum mahsulotlarini yetishtiruvchi subyektlarni rivojlantirish hamda xalqaro standart talablarini joriy etishga ko‘maklashish.

6. “In-vitro” laboratoriyalarda kafolatlangan, virusdan holi bo‘lgan ko‘chatlar yetishtirishni rag‘batlantirish mexanizmini hamda ko‘chatlarni sertifikatlashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish.

7. Meva va uzum navlarining milliy brendlarini yaratish choralarini ko‘rish hamda meva va uzum mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, milliy brendlarni targ‘ib qilish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, tashqi bozorlarga chiqish, eksport geografiyasi va mahsulot turlarini kengaytirish bo‘yicha marketing tadqiqotlarini o‘tkazish.

8. Intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik va himoyalangan joylarda sabzavotchilik bo‘yicha zamonaviy bilim va tajribalarni tatbiq qilish ishlarini tashkil etish.

9. Fermer va dehqon xo‘jaliklariga hamda tadbirkorlik subyektlariga ko‘maklashish maqsadida Agentlik rasmiy veb saytida yangi bog‘larni barpo etish maqsadidagi ochiq elektron tanlovlarni, ko‘chatchilikka ixtisoslashgan xo‘jalik yoki “In-vitro” laboratoriyalar hamda yangi tashkil etilgan bog‘ va tokzorlarning reyestrini, malakali agronomlar va import qilishda bojxona bojlaridan ozod etiladigan mevali ko‘chatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari ro‘yxatini, balli baholash tizimi bo‘yicha mevachilik va uzumchilik mahsulotlari yetishtiruvchilar reytingini e’lon qilib borish.

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.