O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi “Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bog‘ va tokzorlarni barpo qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-151-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.
  2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Agentlikning hududiy bo‘linmalari ish faoliyatini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rsin.
  3. Quyidagilar:

Bog‘dorchilik, uzumchilik, issiqxona xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish hamda tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2024 — 2027-yillarda anjir, funduk va zaytunzorlarni tashkil etishning maqsadli ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Quyidagilar Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma)ni shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi va Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasining qoldiq mablag‘lari hamda avval ajratilgan resurslarning (ssuda, subsidiyalardan qaytgan, qarzlar) qaytishidan tushadigan mablag‘lar, xizmat ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar, vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitiga joylashtirish hisobidan tushadigan foizlar;

Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga muvofiq yaratiladigan yangi bog‘ va tokzorlardan undiriladigan bir martalik yig‘imlar;

O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan ajratiladigan transfertlar va ssudalar;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining kreditlari (qarz mablag‘lari) va grantlari;

“tayyor holda barpo etish” tamoyiliga asosan tashabbuskorlarga lizing asosida ochiq elektron auksion savdolari orqali bog‘ va tokzorlarni sotishdan tushgan tushumlar;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

  1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida Jamg‘armaga 150 milliard so‘m budjetdan transfert rejalashtirib borilishini ta’minlasin.

Belgilansinki, Davlat budjeti hisobidan, xususan, avvalgi yillarda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga ajratilgan budjet ssudalarining qaytgan qismi hisobidan har yili qo‘shimcha ravishda 300 milliard so‘m budjet transfertlari Jamg‘armaga yo‘naltiriladi va ushbu mablag‘lar, shuningdek, Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasidan Jamg‘armaga o‘tkazilgan mablag‘lar maqsadli ravishda respublika hududida yangi bog‘ va tokzorlar yaratish loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

  1. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ilmiy va ta’lim tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislari hamda ekspertlarini maslahatchi sifatida jalb qilishga ruxsat etilsin.
  2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir oy muddatda Agentlik va Jamg‘arma to‘g‘risidagi nizomlarni o‘rnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Agentlik huzuridagi ko‘chat yetishtirish va namunaviy bog‘larni barpo etishga ixtisoslashgan korxona tomonidan namunaviy sanoatlashgan plantatsiya yaratish hamda uni “tayyor holda barpo etish” tamoyiliga asosan tashabbuskorlarga lizing asosida ochiq elektron auksion savdolari orqali berish ko‘zda tutilsin.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Agentlik tomonidan Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat yo‘nalishidagi subsidiyalar turlarini bir oy muddatda maqbullashtirsin.

Bunda:

  1. a) 2025-yil 1-yanvardan:

intensiv mevali bog‘ va uzumzorlarda tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatgani uchun subsidiya sifat darajasini belgilovchi koeffitsiyentni qo‘llagan holda 1 gektar uchun 16 million so‘mdan oshmagan miqdorda belgilanadi;

suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash uchun subsidiya suv quvurlarining o‘lchamidan (diametri) kelib chiqib, 40 ming so‘mdan 250 ming so‘mgacha belgilanadi;

“in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlari uchun subsidiya ushbu xarajatlarning 50 foizi, biroq har bir mevali payvandtagli ko‘chatga 25 ming so‘mdan, uzumning danaksiz va yangi nav ko‘chatlariga 7,5 ming so‘mdan, mahalliy uzum ko‘chatlariga 2 ming so‘mdan oshmagan miqdorda belgilanadi;

ekish sxemalari hududlarning tuproq va iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, Agentlik tavsiyasi bilan belgilanadi;

  1. b) ko‘chat payvandtaglari uchun beriladigan barcha turdagi subsidiyalar 2024-yil 1-oktabrdan bekor qilinadi;
  2. v) Agentlik tomonidan beriladigan barcha turdagi subsidiya mablag‘lari talabgorlarning asosiy hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
  3. Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi Agentlik bilan hamkorlikda respublikaning turli tuproq va iqlim sharoitlariga mos mevali bog‘ va tok ko‘chatlari navlarini xorijiy davlatlardan olib kelgan holda introduksiya qilsin hamda ilmiy asosda intensiv bog‘ va tokzorlar turlari bo‘yicha ko‘rgazmali maydonlar tashkil etsin.

Agentlik O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, ko‘chatchilik xo‘jaliklari bilan birgalikda rivojlangan davlatlardan “in-vitro” laboratoriyasi uchun mevali daraxtlarning kasalliklarga immuniteti yuqori bo‘lgan yangi nav va klonlari olib kelinishini hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda 2025-yilning 1-iyuniga qadar zamonaviy “in-vitro” laboratoriyasini tashkil etsin.

Bunda Vazirlar Mahkamasi (J. Xodjayev) Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda Bektemir tumanidan 50 gektar yer maydonini, shundan, istisno tariqasida, 5 gektar maydonning yer toifasini o‘zgartirgan holda “in-vitro” laboratoriyasi uchun hamda 45 gektarda onalik ko‘chatzorlarini tashkil etish uchun yer maydoni ajratilishini ta’minlasin.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Agentlik uch oy muddatda Italiya, Fransiya, AQSh, Ispaniya, Portugaliya va boshqa davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rgangan holda respublikada meva va tok ko‘chatlarini sertifikatlashtirish tartibini ishlab chiqib, 2025-yil sentabrdan boshlab ko‘chatlarni sertifikatlashtirish tizimini joriy qilsin.

Bunda ko‘chatlarni sertifikatlashtirish Agentlik tuzilmasidagi “Qishloq xo‘jaligini standartlashtirish va sertifikatlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Agentlik, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-dekabrga qadar sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yangiliklar, bilim va ko‘nikmalarni doimiy foydalanuvchilarga yetkazib berish uchun elektron platforma ishlab chiqsin.

Bunda mazkur platformada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, ularning yer uchastkasi, bog‘larning holati, barpo qilingan vaqti va boshqa ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olgan bog‘ va tok plantatsiyalarining yagona elektron xaritasini, shuningdek, hududlar va mahsulot ishlab chiqaruvchilar kesimida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining navlari, turlari va prognozi, pishish vaqti to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni berib borish tizimi yaratilsin.

  1. Vazirlar Mahkamasi (J. Qo‘chqorov, J. Xodjayev), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (I. Abduraxmonov) 2024-yil 1-noyabrga qadar Jahon banki bilan muzokaralar o‘tkazgan holda Jahon bankining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida tayyor bog‘ va kichik agrologistika loyihalari uchun ajratilgan 130 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lardan maqsadli foydalanish va bog‘dorchilik sohasiga yo‘naltirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni joriy qilsin.
  2. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston milliy axborot agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida respublikada sanoatlashgan intensiv bog‘ va tokzorlar, namunali bog‘ va tok plantatsiyalari, issiqxonalar, “in-vitro” laboratoriyalari va dehqonlarning ilg‘or tajribasini keng targ‘ib qilsin, xalqaro yetakchi nashrlar, radiolar, telekanallar va boshqa ommaviy axborot vositalari vakillari uchun mamlakat bo‘ylab press-turlarni doimiy tashkil etib borsin.
  3. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, “Oqibat” MFY, Markaz-1 Buyuk Ipak yo‘li mavzesi, 42-uy manzilida joylashgan binoning noturar bo‘lgan 1-qavati va yerto‘lasi Agentlikka operativ boshqaruv huquqi asosida berilishini ta’minlasin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Agentlikning asoslantirilgan hisob-kitoblariga binoan Davlat budjetidan uning ma’muriy binosini ta’mirlash hamda moddiy-texnik bazasini shakllantirish uchun zarur uskunalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sotib olishga mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4246-son qarorining 24va 6-bandlario‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
  2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  3. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qo‘chqorov belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV=

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.