“Raqamlashtirish sohasida eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Farmon qabul qilindi
Mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda masofaviy hamda IT-xizmatlar ko‘rsatish sohasini jadal rivojlantirish, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning eksport salohiyatini oshirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamlashtirish sohasida eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi(PF–157-son, 14.10.2024 y.) Farmoni qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlariga quyidagi qo‘shimcha faoliyat turlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi:
– axborot texnologiyalari sohasida tashkil etiladigan ta’lim xizmati doirasida, ushbu xizmatdan yillik umumiy daromadining 40 foizidan oshmagan holda ingliz tilidan tashqari boshqa xorijiy tillarni ham o‘qitish;
– Internet jahon axborot tarmog‘i orqali axborot xizmatlarini (biznes-jarayonlari autsorsingi) eksport qilish faoliyati doirasida, ushbu xizmatdan yillik umumiy daromadining 40 foizidan oshmagan holda, biznes-jarayonlar autsorsingi yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim faoliyatini amalga oshirish;
– Internet jahon axborot tarmog‘i orqali bilim jarayonlari autsorsingi (Knowledge Process Outsourcing) xizmatlarini xorijiy davlatlarga eksport qilish.
Shuningdek, Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-fevraldan boshlab 2030-yil 1-yanvarga qadar eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 million AQSh dollaridan oshgan IT Park rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarini (shu jumladan, royalti to‘lanadigan) ko‘rsatgan O‘zbekiston Respublikasi bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida Bitim tuzilmagan davlatlarning yuridik shaxslari ushbu kalendar yil yakuniga qadar foyda solig‘idan ozod etiladi.
2025-yil 1-fevraldan boshlab 2040-yil 1-yanvarga qadar jami daromadi tarkibida eksporti hajmi 50 foizdan ortiq bo‘lgan IT Park rezidentlarining ta’sischilari (ishtirokchilari) – O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari singari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda foyda solig‘ining 5 foiz stavkasi tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, 2028-yil 1-yanvardan boshlab 2040-yil 1-yanvarga qadar quyidagi mezonlardan biriga to‘g‘ri keladigan IT Park rezidentlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi “Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5099-son Farmonida nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlari uzaytiriladi (qo‘shilgan qiymat solig‘i bundan mustasno):
– kalendar yil davomida jami daromadi tarkibida IT Park rezidentlari tomonidan amalga oshirishga ruxsat etilgan faoliyat turlari bo‘yicha eksporti hajmi 50 foizdan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar;
– kalendar yil davomida o‘n sakkiz yoshdan oshgan bitiruvchilarining 50 foizdan ortiq qismi IT-park rezidenti bo‘lgan eksportchi korxonalarga ishga joylashgan IT-ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar.
Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar tajriba-sinov tariqasida IT Park rezidentlariga quyidagi barcha shartlar bajarilgan hollarda korporativ bank kartalari orqali reklama xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishga ruxsat etiladi:
– 100 milliondan ortiq auditoriyaga ega Internet jahon axborot tarmoqlari (shu jumladan, veb-saytlar, platformalararo resurlar, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar) reklama xizmatlaridan foydalanilganda;
– kalendar yil davomida eksport tushumlarining 10 foizi doirasida, biroq 100 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
– reklama xizmatlari bo‘yicha to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritilgan taqdirda.
Shu bilan birga, 2025-yil 1-apreldan boshlab oliy ta’lim muassasalarining axborot texnologiyalari sohasidagi fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor-o‘qituvchilari, shuningdek, IT Park rezidenti maqomini olgan yuridik shaxsning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifasini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs yoki kollegial ijro etuvchi organining raisi hamda ularning o‘rinbosarlariga ham “IT-viza” beriladi.
Raqamlashtirish sohasidagi eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar faoliyatini rivojlantirishning yaxlit tizimini yaratish maqsadida 2028-yil 1-yanvarga qadar raqamli texnologiyalar sohasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Bunda, Dastur ishtirokchilariga IT Park rezidenti maqomi beriladi va ular tomonidan ko‘rsatilgan tegishli xizmatlar hajmidan kelib chiqib:
– zamonaviy ofislar, kovorking markazlari, sport majmualari, tibbiyot va ta’lim xizmatlaridan foydalanish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi yoxud ular bo‘yicha hamkorlik dasturlari asosida chegirmalar taqdim etiladi;
– hududlarda tashkil etilayotgan “ IT-shaharcha”lar kovorking maydonlaridan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi hamda huquqiy maslahat xizmatlari ko‘rsatiladi;
– professional ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun xalqaro nufuzli platformalarda imtiyozli shartlarda ta’lim olish uchun sharoitlar yaratiladi;
– tajriba almashish, ijtimoiy va biznes aloqalarni rivojlantirish maqsadida uchrashuv, forum va boshqa tadbirlar o‘tkazib boriladi.