O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
2024 — 2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Kosmik tadqiqotlar sohasini yanada rivojlantirish va aerokosmik texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish maqsadida:
- 2024 — 2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha samaradorlikni oshirish uchun quyidagilar davlat kosmik monitoringining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi va bunday yer uchastkalarida bino va inshootlar qurilishi holatlarini aniqlash;
o‘rmon bilan qoplangan maydonlarning chegaralarini belgilash va ularning holatini monitoring qilish;
geologiya sohasida yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz ravishda va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash;
mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish holatlarini, yangi paydo bo‘lgan noqonuniy chiqindi zonalarini aniqlash;
suv omborlarining loyqa oqiziqlar bilan to‘lib borishini, suv sathi rejimini monitoring qilish;
qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanilishini o‘rganish, ekinlarning turlari hamda suv iste’moli hajmlarini aniqlash.
- Quyidagilar:
2024 — 2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida davlat kosmik monitoringini amalga oshirish dasturi (keyingi o‘rinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq;
2024 — 2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining kosmik sohasini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Belgilansinki, Dastur doirasida quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi nazarda tutiladi:
suv sathi rejimi monitoringi amalga oshiriladigan suv omborlarining sonini 50 taga yetkazish;
qishloq xo‘jaligi ekin yerlari kesimida ekin yerlaridan foydalanishning joriy holatini, ekinlarning turlarini hamda haqiqatda ekin ekilgan maydonlarini to‘liq qamrab olish;
yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash ishlari bilan respublikaning barcha hududlarini qamrab olish;
o‘rmon bilan qoplangan barcha maydonlarning chegaralarini belgilash.
- Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (keyingi o‘rinda — “O‘zbekkosmos” agentligi) hamda Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) 2025-yil 1-mayga qadar davlat kosmik monitoringi doirasida aniqlangan barcha ma’lumotlar “Space Gov Monitoring” markazlashgan yagona platformasida (keyingi o‘rinlarda — SGM platformasi) yuritilishi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar uchun sohaviy tegishliligi bo‘yicha sub-platformalar yaratilishini ta’minlasin.
- Belgilansinki:
2025-yil 1-martdan boshlab yer qa’ridan foydalanish bo‘yicha masofaviy monitoring va risk-tahlil “Geomonitoring” axborot tizimi hamda SGM platformasi orqali amalga oshiriladi;
“Geomonitoring” axborot tizimini ishlab chiqish, texnik qo‘llab-quvvatlash va kelgusida rivojlantirish bilan bog‘liq xarajatlar Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hisobidan moliyalashtiriladi.
“O‘zbekkosmos” agentligi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil yakuniga qadar respublikadagi barcha 2 573 ta noruda foydali qazilma konlarida haqiqatda qazilgan hajmni aniqlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida konlarning raqamli topoxaritasini yaratsin.
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining budjetdan tashqari Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamg‘armasi negizida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining budjetdan tashqari Kosmik tarmoqni rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilsin va quyidagilar uni moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalari etib belgilansin:
kosmik faoliyat turi bo‘yicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotishdan tushadigan mablag‘lar;
iqtisodiyot tarmoqlarida aniqlangan huquqbuzarliklar uchun undiriladigan jarimalar va zararlarni undirishdan tushadigan mablag‘lar;
Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasidan ajratiladigan mablag‘lar;
“O‘zbekkosmos” agentligi ustav fondida ulushi bo‘lgan korxonalardan olinadigan dividendlar.
- 2024-yil 1-noyabrdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq, vazirlik va idoralar davlat kosmik monitoringi doirasida aniqlagan huquqbuzarliklar bo‘yicha undirilgan jarimalarning 10 foizi Jamg‘armaga yo‘naltiriladi.
- Raqamli texnologiyalar vazirligi va “O‘zbekkosmos” agentligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
- a) “O‘zbekkosmos” agentligi markaziy apparati tuzilmasida:
“O‘zbekkosmos” agentligi direktorining ikki nafar o‘rinbosarlari lavozimlarini kiritish;
“O‘zbekkosmos” agentligi direktoriga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish vakolatini berish;
- b) Markazga 2027-yilga qadar tur sertifikatga ega bo‘lishidan qat’i nazar maksimal uchish vazni 200 kilogrammdan oshmagan uchuvchisiz uchish apparatlarini hamda ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini xarid qilish, respublika hududiga olib kirish, saqlash hamda ulardan foydalangan holda xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish.
- Belgilansinki, 2024-yil 1-noyabrdan boshlab aero va kosmik suratlar hamda ularning hosilalaridan foydalanish va tarqatish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
fazoviy o‘lcham aniqligi 0,5 — 1 metr/pikselgacha bo‘lgan suratlar va ularning hosilalari suratga olingan vaqtdan boshlab 5 kun ichida “Xizmat doirasida foydalanish uchun” grifi asosida, 5 kun o‘tgandan keyin esa ochiq;
fazoviy o‘lcham aniqligi 1 metr/piksel va undan ortiq bo‘lgan suratlar va ularning hosilalari o‘ta muhim, rejimli va harbiy obyektlarni aks ettirishidan qat’i nazar nazorat ko‘rigidan o‘tkazilmaydi va ochiq foydalaniladi.
- Tashqi ishlar vazirligi “O‘zbekkosmos” agentligining buyurtmalariga binoan jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yig‘imlari yoki haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlarni undirmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
- Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq “O‘zbekkosmos” agentligiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati hamda Vazirlar Mahkamasining moliyalashtirish manbai aniq belgilanmagan buyurtmalarini bajarishda, buyurtmalar bilan bog‘liq xarajatlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Davlat kosmik monitoringini amalga oshirish dasturi doirasida ajratilgan mablag‘larning iqtisod qilingan qismidan qayta taqsimlash orqali moliyalashtirishga ruxsat beriladi.
Bunda, Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar yetarli bo‘lmagan taqdirda, ushbu buyurtmalar bilan bog‘liq xarajatlar buyurtma beruvchi organning yoki kosmik monitoring amalga oshirilayotgan sohaga mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi hokimiyat organining budjetdan tashqari mablag‘lari va (yoki) tarmoq korxonalar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 3-ilovagamuvofiq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin.
- Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
2024-yil 14-oktabr,
PF-155-son