O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Joriy yilning 20-avgust kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, barqaror startap loyihalar ekotizimini shakllantirish va venchur kapital bozorini kengaytirish orqali mamlakatimizga xorijiy venchur investitsiyalarini jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

  1. Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Raqamli startaplar dasturini amalga oshirish (keyingi o‘rinlarda — Dastur) to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
  2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Dasturda quyidagi O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin:
  3. a) quyidagi talablarga mos keluvchi startap loyihalar:

faoliyat davomiyligi — 6 oydan 7 yilgacha;

kalendar yilida jami daromadi — 10 milliard so‘mdan oshmagan;

inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlaganligini tasdiqlovchi hujjatga ega;

raqamli texnologiyalarga asoslangan, yuqori o‘sish va xorijiy bozorlarga chiqish salohiyati bo‘lgan biznes modelga ega;

startap loyihalar ekotizimi platformasida ro‘yxatdan o‘tgan;

  1. b) startap ekotizimi ishtirokchilari — venchur jamg‘armalar va xususiy investorlar hamda startap loyihalar uchun akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini tashkillashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari.
  2. Belgilansinki, Dastur ishtirokchilariga quyidagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari qo‘llanadi:
  3. a) boshqaruvi ostidagi investitsiya aktivlari qiymati 50 million AQSh dollaridan ko‘p bo‘lgan xorijiy venchur jamg‘armalardan investitsiya jalb qilgan startap loyihalarga mazkur investitsiyaga teng miqdorgacha bo‘lgan, biroq 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda investitsiya mablag‘larini ajratish;
  4. b) quyidagi xarajatlarni qoplab berish:

5 yildan ortiq muddat davomida faoliyat yuritayotgan hamda kamida 100 million AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb qilgan yetakchi xalqaro akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq tadbirkorlik, biznes va korporativ boshqaruv yo‘nalishlaridagi kurslarda o‘qish va sertifikat olish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan, biroq 20 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;

inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga mentorlar va trenerlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan, biroq 50 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;

patentlash hamda intellektual faoliyat natijalari va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari;

  1. v) Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi o‘rinlarda — IT-park) huzuridagi venchur jamg‘arma tomonidan garov ta’minotisiz, Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 300 million so‘mgacha miqdorda startap loyihalarga qarz mablag‘larini ajratish;
  2. g) IT-Visa berish amaliyotini startap loyihalarning ta’sischilari (ishtirokchilari) va mutaxassislariga ham tatbiq etish.
  3. Raqamli texnologiyalar vazirligining Dastur uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan IT-park huzurida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida ustav fondi 10 million AQSh dollari ekvivalentiga teng bo‘lgan raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni moliyalashtiradigan venchur jamg‘arma tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
  4. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir oy muddatda “UzVC” milliy venchur fondi butun moddiy-texnika bazasi bilan birga va uning ustav kapitalidagi davlat ulushi nominal qiymatda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkazilishini ta’minlasin.
  5. “UzVC” milliy venchur fondi faoliyati venchur jamg‘armalarni moliyalashtiruvchi “Fondlar fondi” sifatida qayta tashkil etilsin, uning vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

investitsiya portfellarini shakllantirish va ularga mahalliy hamda xorijiy investorlarni jalb etish;

xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grant mablag‘lari hamda qo‘shma moliyalashtirish mexanizmlarini jalb qilish;

ajratiladigan resurslardan kam bo‘lmagan miqdorda moliyaviy resurs ajratish sharti bilan xorijiy va mahalliy venchur jamg‘armalarga talab qilib olish mexanizmi asosida o‘z moliyaviy resurslarini ishonchli boshqaruvga berish.

  1. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga 5 yil muddatga 50 million AQSh dollari miqdorida foizsiz kredit ajratilishini ta’minlasin.

Bunda mazkur bandda nazarda tutilgan kredit mablag‘lari:

2025-yil 1-yanvardan boshlab Raqamli texnologiyalar vazirligining so‘rovlariga muvofiq ajratiladi;

manzilli ravishda Dasturni amalga oshirish va raqamli texnologiyalar sohasidagi venchur jamg‘arma faoliyatini yo‘lga qo‘yishga yo‘naltiriladi;

Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi, startap loyihalardagi ulushlarni sotishdan tushgan daromadlar, shuningdek, qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

  1. Ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tijorat banklari va xo‘jalik jamiyatlariga quyidagilarga ruxsat berilsin:

venchur jamg‘armalar tashkil etish, venchur investitsiyalarni amalga oshirish hamda ishonchli boshqarish shartnomasi asosida boshqa venchur jamg‘armalarga o‘z mablag‘larini berish;

startap loyihalarga ulush bilan kirganda o‘ziga tegishli bo‘sh turgan ko‘chmas mulk obyektlarini va texnik vositalarni tekin foydalanishga berishni nazarda tutgan holda startap-studiyalar tashkil etish;

startap-studiyalarni boshqarish huquqini IT-park, uning filiallari va startap ekotizimi ishtirokchisi bo‘lgan boshqa tashkilotlarga berish;

o‘ziga tegishli ko‘chmas mulk obyektlarini startap loyihalar ekotizimi platformasida ro‘yxatdan o‘tgan startap loyihalarga davlat mulki obyekti uchun belgilangan ijara stavkasining minimal miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish;

axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish (qo‘llab-quvvatlash) bo‘yicha bir moliya yili davomida umumiy qiymati 500 million so‘mgacha bo‘lgan bitta shartnoma doirasida startap loyiha bilan, ushbu startap loyihaning ustav fondi (kapitali)da 5 foizdan kam bo‘lmagan ulushiga egalik qilish sharti bilan xarid jarayonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish;

2 million so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi, biroq bir moliya yilida 200 million so‘mgacha, bir martalik xizmatlar (ishlar) bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida o‘zini-o‘zi band qilgan shaxslar uchun mo‘ljallangan mahalliy raqamli platformalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyurtmalarni rasmiylashtirish.

  1. 2025-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvarga qadar Dastur doirasida 1-ilovaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-noyabrdagi PF-244-son Farmonidabelgilangan tartib asosida raqamli startaplar sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi (keyingi o‘rinlarda — maxsus huquqiy rejim) joriy etilsin.

Raqamli texnologiyalar vazirligi 2027-yil 1-yanvarga qadar maxsus huquqiy rejim natijalari to‘g‘risida tahliliy ma’lumot, zarurat tug‘ilganda, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

  1. Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan joylashtiriladigan hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xususiyatiga ega, shu jumladan, turli qatlamdagi aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan startap loyihalar to‘g‘risidagi reklama ijtimoiy axborot sifatida e’tirof etilsin.
  2. Startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi o‘rinlarda — Muvofiqlashtiruvchi kengash) 2-ilovagamuvofiq tarkibda tuzilsin va asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

Dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish, chora-tadbirlar ijrosini, jumladan, startap-studiyalar, inkubatsiya va akseleratsiya markazlari tashkil etilishini monitoring qilish, yuzaga kelayotgan masalalarni ko‘rib chiqish va hal qilish, bu borada vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitish;

Dastur ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini qo‘llash tartibini belgilash;

har yili startap ekotizimini takomillashtirish va venchur kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlash.

Bunda, Muvofiqlashtiruvchi kengash startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash choralari samaradorligini tahlil qilib borish maqsadida choraklik yig‘ilishlar o‘tkazib boradi.

  1. 2024 — 2026-yillarda startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  2. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  3. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

2024-yil 14-oktabr, PQ-357-son

Add a Comment

Your email address will not be published.