O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida

Ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanuvchi dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishiga erishish, shuningdek, “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

  1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) 1-ilovagamuvofiq tasdiqlansin:
  2. a) Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish bo‘yicha erishish lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar, shu jumladan:

sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 1,5 milliard AQSh dollariga yetkazish;

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida sun’iy intellekt asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish;

sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yurituvchi ilmiy laboratoriyalar sonini 10 taga yetkazish hamda yuqori quvvatli hisoblash serverlarini ishga tushirish;

Hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida (Government AI Readiness Index) O‘zbekiston Respublikasining birinchi 50 ta o‘rindagi davlatlar qatoriga kirishiga erishish;

  1. b) Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor maqsad va vazifalar:

sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani shakllantirish, sohada standartlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash;

ma’lumotlarni qayta ishlash hamda sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni ishga tushirish uchun texnik infratuzilma yaratish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida mazkur yo‘nalishdagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish;

sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish.

  1. Strategiyani amalga oshirish doirasida quyidagilar:

Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasini 2024 — 2026-yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;

Ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida shakllantiriladigan “katta ma’lumotlar” ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Quyidagilar sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar etib belgilansin:

bank-moliya sohasida — firibgarliklarning oldini olish, foydalanuvchilarning to‘lov qobiliyatini baholash, bozor tendensiyalarini prognoz qilish;

soliq va bojxona sohalarida — yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish, shubhali bojxona operatsiyalarini prognozlash va xavflarni boshqarish;

sog‘liqni saqlash sohasida — kasalliklarni tashxislash, davolash usullarini belgilash, tibbiy tasvirlarni tahlil qilish va bemorga oid ma’lumotlarni boshqarish;

qishloq xo‘jaligi sohasida — hosildorlikni prognoz qilish, qishloq xo‘jaligi resurslarini boshqarish, ekinlar, parranda, baliq va chorva mollarini yetishtirish jarayonlarini monitoring qilish;

energetika sohasida — energiya resurslarini boshqarish, energiya ishlab chiqarish va taqsimlashni optimallashtirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish va ularga bo‘lgan talabni prognozlash.

  1. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun 2025-yil 1-yanvardan boshlab Raqamli texnologiyalar vazirligiga 5 yil muddatga 50 million AQSh dollari miqdorida foizsiz kredit ajratilishini ta’minlasin.

Bunda ushbu kredit Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qaytarilishi belgilab qo‘yilsin.

  1. “Katta ma’lumotlar” bazasini yaratish uchun vazirlik va idoralar shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilgan holda (shu jumladan, ma’lumotlar egasizlantirilgan holda) 2025-yil 1-mayga qadar mazkur qarorning 3-ilovasigamuvofiq ma’lumotlarning Raqamli texnologiyalar vazirligiga taqdim etilishini ta’minlasin.

Raqamli texnologiyalar vazirligi:

2024-yil 1-dekabrga qadar vazirlik va idoralarning takliflari asosida tayyorlangan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxatini muhokamadan o‘tkazish va tasdiqlash uchun “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasiga kiritsin;

2025-yil 1-sentabrga qadar loyihalar va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq barcha axborot xavfsizligi choralarini ko‘rgan holda “katta ma’lumotlar” bazasini yaratsin;

2026-yil 1-mayga qadar sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish loyihalari doirasida ma’lumotlarni qayta ishlash uchun mo‘ljallangan hisoblash quvvatlarini ishga tushirsin.

  1. “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasi (A. Aripov):

mazkur qarorning 4-bandida ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarning ijtimoiy va iqtisodiy samaradorligini baholash hamda ushbu loyihalarni shaffof va raqobat tamoyillariga asoslangan holda amalga oshirish tartibi ishlab chiqilishini ta’minlasin;

Komissiya yig‘ilishlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ustuvor loyihalarning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini muhokama qilib borsin;

zaruratga ko‘ra, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxatiga (muhokamalar asosida), shuningdek, “katta ma’lumotlar” bazasida shakllantiriladigan ma’lumotlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib borsin.

  1. Raqamli texnologiyalar vazirligi tuzilmasidagi “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi negizida “Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi” davlat muassasasi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tashkil etilsin.

Bunda:

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat ishtirokidagi korxonalar Markaz so‘roviga asosan (qonunchilik hujjatlari bilan qo‘riqlanadigan ma’lumotlardan tashqari) sun’iy intellektni rivojlantirish yo‘nalishida zarur bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanish uchun axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalariga ulanish va to‘siqsiz foydalanish imkoniyatini yaratsin;

axborot tizimlari va dasturiy ta’minotlarning sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yaratilganligi va bunday texnologiya qo‘llanganligi Markaz tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi.

  1. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalari etib belgilansin:

Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

xo‘jalik shartnomalari doirasida ko‘rsatilgan xizmatlar hamda loyihalarni amalga oshirishdan tushgan mablag‘lar;

zarur texnik infratuzilmani taqdim etish evaziga shartnomaviy asosda startap-loyihalardagi o‘z ulushlarini sotishdan tushgan mablag‘lar.

Bunda Markaz kelgusida o‘zi ko‘rsatgan xizmatlar doirasidagi tushumlari hisobidan mustaqil moliyalashtirishga o‘tishi belgilansin.

  1. Markaz Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 114A-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
  2. Bank tizimini sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha ilg‘or sohaga aylantirish va sohada xalqaro tajribani keng qo‘llash maqsadida:
  3. a) Markaziy bankning Loyihalar va jarayonlarni boshqarish xizmati hamda Kiberxavfsizlik markazi tomonidan firibgarliklarning oldini olish, to‘lov tizimlari va xavflarni boshqarish yo‘nalishida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinsin;
  4. b) davlat ulushiga ega tijorat banklari quyidagi yo‘nalishlarda sun’iy intellekt sohasidagi loyihalarni amalga oshirishi ko‘zda tutilsin:

aholi va tadbirkorlik subyektlariga bank xizmatlarining qulayligi va sifatini oshirish;

“katta ma’lumotlar”ni qayta ishlash texnologiyalari va sun’iy intellektni qo‘llash orqali moliyaviy xavflarni boshqarish va mijozlarning to‘lov qobiliyatini baholash;

bank xizmatlarini avtomatlashtirish, shuningdek, axborot xavfsizligi va firibgarlikka qarshi kurashish bo‘yicha zamonaviy mexanizmlarni joriy etish.

  1. Raqamli texnologiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  2. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

 

 

2024-yil 14-oktabr,

PQ-358-son

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.