O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
Agrosanoat majmuida davlat nazorati tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida
Agrosanoat majmuida g‘alla yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish hamda iste’molchilarni sifatli don mahsulotlari bilan ta’minlash, g‘alla bozorida davlat ishtirokini yanada kamaytirgan holda ichki bozorni sifatli don mahsulotlari bilan ta’minlash, shuningdek, ushbu sohada davlat nazoratini kuchaytirish va yanada takomillashtirish maqsadida:
- Vazirlar Mahkamasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining bo‘ysunuvini Qishloq xo‘jaligi vazirligidan uning faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlab qolgan holda Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga (keyingi o‘rinlarda — O‘zagroinspeksiya) quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklansin:
bug‘doyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga yuklab jo‘natish jarayonida yuzaga keladigan tabiiy kamayish miqdorini hisobdan chiqarishni nazorat qilish;
Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tijorat vakili tomonidan bug‘doy yetishtiruvchilardan xarid qilinadigan bug‘doyni qabul qilish va sotish jarayonlarida standart talablariga ko‘ra sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha (muvofiqlik sertifikati) hamda bug‘doy sinflari (sifat sertifikati) bo‘yicha sertifikatlashni nazorat qilish;
import qilinayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘lik va ko‘chat materiallarida geni modifikatsiyalangan organizmlarning (GMO) mavjudligini aniqlash;
idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar barcha korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarda qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarining texnik holati, ularning ekspluatatsiya qilinishi samaradorligi, shuningdek, servis va ta’mirlash xizmatlarining sifati, qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini majburiy va davriy sinovdan o‘tkazish ustidan nazoratni amalga oshirish;
sohada davlat nazoratini amalga oshirish va hisobotlarni yuritish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish.
- Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining asosiy vazifalari 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Belgilansinki:
O‘zagroinspeksiya agrosanoat majmuida davlat nazorati va tekshiruvni amalga oshiruvchi mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
O‘zagroinspeksiya Vazirlar Mahkamasiga bevosita hisobdordir;
O‘zagroinspeksiya boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, uning o‘rinbosari Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod qilinadi.
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zagroinspeksiya bilan birgalikda uch oy muddatda davlat zaxirasidagi bug‘doyni tadbirkorlik subyektlarining don korxonalarida saqlash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Bunda davlat zaxirasidagi donni yangilash, saqlash jarayonida don sifatining yuqori darajada bo‘lishini ta’minlash, miqdoriy yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda tabiiy yo‘qotishning eng past darajada bo‘lishini ta’minlash choralari nazarda tutilsin.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zagroinspeksiya bilan birgalikda ikki oy muddatda yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari hamda yerlarning qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo‘lgan hollarda yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash tartibini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovagamuvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
- O‘zagroinspeksiya manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazirning o‘rinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qo‘chqorov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
2024-yil 22-oktabr, PF-164-son