Konstitutsiya – kelajagimizning ishonchli kafolati
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazida 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi munosabati bilan markaz ishchi-xodimlarining huquqiy bilimlarini mustahkamlashga qaratilgan tadbir o‘tkazildi.
Unda markaz yuristi Zebo Masharipova o‘tgan yili 30-aprelda O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida juda katta tarixiy jarayonlarni boshdan kechirgani, bunda mamlakatimizning Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi ilk bor referendum orqali qabul qilingani, bu konstitutsiyaviy islohotlarning o‘ziga xos ahamiyati va bu borada amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda, shuningdek, yangi Konstitutsiyada ijtimoiy adolat, erkinlik va tenglik, har bir insonning sha’ni va qadr-qimmati, farovonligi va manfaatlari haqida qayg‘uradigan insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat barpo etish kabi tushunchalarga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlab o‘tildi.
Darhaqiqat, Konstitutsiya fuqarolarning qonun oldida tengligi, qonuniy huquq va erkinliklarning daxlsizligi, davlat va fuqarolarning bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquqlari va burchlari o‘zaro bog‘liqligi, jamiyatning iqtisodiy negizlari, mamlakatimizning ma’muriy-hududiy tuzilishi hamda davlat hokimiyatining tuzilishi kabi muhim masalalarni o‘zida aks ettirgan yagona Bosh Qomusimizdir.