1992 yil 10 dekabr “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan kun.
Qonunda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir deb belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida ta’kidlangan.
Davlat madhiyasining muallifi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bo‘lib, musiqasini O‘zbekiston xalq artisti, atoqli bastakor Mutal Burhonov yaratgan. Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va etuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.