O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida

Ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanuvchi dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kirishiga erishish, shuningdek, “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

  1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) 1-ilovagamuvofiq tasdiqlansin:
  2. a) Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish bo‘yicha erishish lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar, shu jumladan:

sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 1,5 milliard AQSh dollariga yetkazish;

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida sun’iy intellekt asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish;

sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yurituvchi ilmiy laboratoriyalar sonini 10 taga yetkazish hamda yuqori quvvatli hisoblash serverlarini ishga tushirish;

Hukumatning sun’iy intellektga tayyorlik indeksida (Government AI Readiness Index) O‘zbekiston Respublikasining birinchi 50 ta o‘rindagi davlatlar qatoriga kirishiga erishish;

  1. b) Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor maqsad va vazifalar:

sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani shakllantirish, sohada standartlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash;

ma’lumotlarni qayta ishlash hamda sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni ishga tushirish uchun texnik infratuzilma yaratish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida mazkur yo‘nalishdagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish;

sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish.

  1. Strategiyani amalga oshirish doirasida quyidagilar:

Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasini 2024 — 2026-yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;

Ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida shakllantiriladigan “katta ma’lumotlar” ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Quyidagilar sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar etib belgilansin:

bank-moliya sohasida — firibgarliklarning oldini olish, foydalanuvchilarning to‘lov qobiliyatini baholash, bozor tendensiyalarini prognoz qilish;

soliq va bojxona sohalarida — yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish, shubhali bojxona operatsiyalarini prognozlash va xavflarni boshqarish;

sog‘liqni saqlash sohasida — kasalliklarni tashxislash, davolash usullarini belgilash, tibbiy tasvirlarni tahlil qilish va bemorga oid ma’lumotlarni boshqarish;

qishloq xo‘jaligi sohasida — hosildorlikni prognoz qilish, qishloq xo‘jaligi resurslarini boshqarish, ekinlar, parranda, baliq va chorva mollarini yetishtirish jarayonlarini monitoring qilish;

energetika sohasida — energiya resurslarini boshqarish, energiya ishlab chiqarish va taqsimlashni optimallashtirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish va ularga bo‘lgan talabni prognozlash.

  1. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun 2025-yil 1-yanvardan boshlab Raqamli texnologiyalar vazirligiga 5 yil muddatga 50 million AQSh dollari miqdorida foizsiz kredit ajratilishini ta’minlasin.

Bunda ushbu kredit Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qaytarilishi belgilab qo‘yilsin.

  1. “Katta ma’lumotlar” bazasini yaratish uchun vazirlik va idoralar shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilgan holda (shu jumladan, ma’lumotlar egasizlantirilgan holda) 2025-yil 1-mayga qadar mazkur qarorning 3-ilovasigamuvofiq ma’lumotlarning Raqamli texnologiyalar vazirligiga taqdim etilishini ta’minlasin.

Raqamli texnologiyalar vazirligi:

2024-yil 1-dekabrga qadar vazirlik va idoralarning takliflari asosida tayyorlangan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxatini muhokamadan o‘tkazish va tasdiqlash uchun “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasiga kiritsin;

2025-yil 1-sentabrga qadar loyihalar va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash maqsadida qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq barcha axborot xavfsizligi choralarini ko‘rgan holda “katta ma’lumotlar” bazasini yaratsin;

2026-yil 1-mayga qadar sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish loyihalari doirasida ma’lumotlarni qayta ishlash uchun mo‘ljallangan hisoblash quvvatlarini ishga tushirsin.

  1. “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasi (A. Aripov):

mazkur qarorning 4-bandida ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarning ijtimoiy va iqtisodiy samaradorligini baholash hamda ushbu loyihalarni shaffof va raqobat tamoyillariga asoslangan holda amalga oshirish tartibi ishlab chiqilishini ta’minlasin;

Komissiya yig‘ilishlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ustuvor loyihalarning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini muhokama qilib borsin;

zaruratga ko‘ra, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxatiga (muhokamalar asosida), shuningdek, “katta ma’lumotlar” bazasida shakllantiriladigan ma’lumotlar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib borsin.

  1. Raqamli texnologiyalar vazirligi tuzilmasidagi “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi negizida “Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi” davlat muassasasi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) tashkil etilsin.

Bunda:

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat ishtirokidagi korxonalar Markaz so‘roviga asosan (qonunchilik hujjatlari bilan qo‘riqlanadigan ma’lumotlardan tashqari) sun’iy intellektni rivojlantirish yo‘nalishida zarur bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanish uchun axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalariga ulanish va to‘siqsiz foydalanish imkoniyatini yaratsin;

axborot tizimlari va dasturiy ta’minotlarning sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yaratilganligi va bunday texnologiya qo‘llanganligi Markaz tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi.

  1. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalari etib belgilansin:

Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

xo‘jalik shartnomalari doirasida ko‘rsatilgan xizmatlar hamda loyihalarni amalga oshirishdan tushgan mablag‘lar;

zarur texnik infratuzilmani taqdim etish evaziga shartnomaviy asosda startap-loyihalardagi o‘z ulushlarini sotishdan tushgan mablag‘lar.

Bunda Markaz kelgusida o‘zi ko‘rsatgan xizmatlar doirasidagi tushumlari hisobidan mustaqil moliyalashtirishga o‘tishi belgilansin.

  1. Markaz Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 114A-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
  2. Bank tizimini sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha ilg‘or sohaga aylantirish va sohada xalqaro tajribani keng qo‘llash maqsadida:
  3. a) Markaziy bankning Loyihalar va jarayonlarni boshqarish xizmati hamda Kiberxavfsizlik markazi tomonidan firibgarliklarning oldini olish, to‘lov tizimlari va xavflarni boshqarish yo‘nalishida sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinsin;
  4. b) davlat ulushiga ega tijorat banklari quyidagi yo‘nalishlarda sun’iy intellekt sohasidagi loyihalarni amalga oshirishi ko‘zda tutilsin:

aholi va tadbirkorlik subyektlariga bank xizmatlarining qulayligi va sifatini oshirish;

“katta ma’lumotlar”ni qayta ishlash texnologiyalari va sun’iy intellektni qo‘llash orqali moliyaviy xavflarni boshqarish va mijozlarning to‘lov qobiliyatini baholash;

bank xizmatlarini avtomatlashtirish, shuningdek, axborot xavfsizligi va firibgarlikka qarshi kurashish bo‘yicha zamonaviy mexanizmlarni joriy etish.

  1. Raqamli texnologiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  2. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 14-oktabr,

PQ-358-son

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PQ-358-son qaroriga
1-ILOVA

Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish

STRATEGIYASI

1-bob. Umumiy ma’lumot

Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi (keyingi o‘rinlarda — Strategiya) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan to‘rtinchi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-132-son Farmoniga muvofiq, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shu jumladan, huquqiy, texnologik va iqtisodiy asoslarni belgilash maqsadida ishlab chiqilgan.

Strategiya sun’iy intellekt texnologiyalari rivojlanishining joriy holati va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini hisobga olgan holda mamlakatimizda sun’iy intellektni keng qo‘llash, jadal rivojlantirish maqsadlari, vazifalari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi.

Shuningdek, Strategiyada sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida milliy manfaatlarni inobatga olgan holda strategik ustuvor yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirish, o‘rta va uzoq muddatli, shu jumladan, ilmiy-texnikaviy rivojlanish sohasidagi vazifalar belgilab beriladi.

Strategiyada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

sun’iy intellekt — insonning bilim va ko‘nikmalariga taqlid qilish imkonini beruvchi (shu jumladan, mustaqil ravishda o‘rganish va yechimlarni izlash) hamda aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beradigan texnologik yechimlar majmui;

neyron tarmoq — mashinaviy o‘qitish usullaridan biri bo‘lib, biologik organizmning neyron bog‘lamalarini tashkil etish va ularning ishlash tamoyiliga asoslangan matematik model, apparat-dasturiy ta’minot;

mashinaviy o‘qitish — namunalarni o‘rganish va tahlil qilish yordamida xulosa chiqaruvchi algoritmlarni o‘rganuvchi soha bo‘lib, ma’lumotlardagi o‘zaro bog‘liqliklarni aniqlash hamda o‘rganishda jarayonlarni tadqiq qilish (neyron tarmoqlar va statistika) va boshqa usullardan foydalanish;

chuqur o‘rganish platformasi — sun’iy neyron tarmoqlarini chuqur o‘rganish uchun mo‘ljallangan dasturiy va apparat vositalari majmui;

sun’iy intellekt texnologiyasi — sun’iy intellektdan foydalanishga asoslangan texnologiyalar, shu jumladan, intellektual videotahlil, nutqni tanib olish va sintezlash, qabul qilingan qarorlarni intellektual qo‘llab-quvvatlashning istiqbolli usullari;

“katta ma’lumotlar” — hajmi, xilma-xilligi, tezligi va (yoki) o‘zgaruvchanligi bilan ajralib turadigan, samarali saqlash, boshqarish va tahlil qilish uchun talab etiladigan keng ma’lumotlar to‘plami.

2-bob. Mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalari rivojlanishining joriy holati

Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4996-son qarori qabul qilingan. Mazkur qarorga muvofiq:

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab 15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt texnologiyalarining iqtisodiyot tarmoqlari hamda davlat boshqaruvi tizimida amaliy qo‘llanishi bo‘yicha kurslar va fanlar joriy etildi;

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab “Sun’iy intellekt” yo‘nalishida kadrlar tayyorlash uchun 12 ta oliy ta’lim muassasasiga 572 nafar talaba (510 nafar bakalavr, 62 nafar magistratura) o‘qishga qabul qilindi;

“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan “Sun’iy intellekt” yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olish istagini bildirgan yoshlar yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga yuborildi;

Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida ixtisoslashgan laboratoriyalarga ega Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi;

O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portali faoliyati doirasida sun’iy intellekt asosidagi dasturiy ta’minotdan foydalanish uchun davlat organlari ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlar to‘plamlarini olish imkoniyatini taqdim etuvchi raqamli ma’lumotlar platformasi (data.egov.uz) ishga tushirildi.

Qaror doirasida qishloq xo‘jaligi, bank, moliya, transport, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, energetika, soliq va boshqa ustuvor tarmoq va sohalarda sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihalari amalga oshirildi.

3-bob. Strategiyaning maqsad va vazifalari

Strategiyaning ilovasiga muvofiq sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi nazarda tutilmoqda.

Strategiyani mamlakatimizda muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida quyidagilar asosiy maqsad va vazifalar etib belgilanadi:

1) sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani shakllantirish yo‘nalishida:

milliy qonunchilik hujjatlarini xalqaro tajriba asosida ishlab chiqish va takomillashtirish;

sohadagi ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qulay muhit yaratish;

xavfsizlik va etika talablarini joriy etish;

2) ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda ustuvor loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishida — sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish hamda rivojlantirish orqali yangi va yuqori qiymat qo‘shilgan mahsulotlar ishlab chiqarilishini, xizmatlar ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish;

3) sohada standartlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yo‘nalishida:

milliy standartlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;

xalqaro tashkilotlar va sohadagi ilg‘or xorijiy kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash;

4) sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ma’lumotlarni qayta ishlash uchun texnik infratuzilmani shakllantirish yo‘nalishida:

sun’iy intellekt modellarini o‘qitish, ularni sinovdan o‘tkazish va rivojlantirish uchun zarur infratuzilma yaratish;

ochiq ma’lumotlar va “katta ma’lumotlar” to‘plamlarini shakllantirish;

5) aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish yo‘nalishida:

sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish;

malakali kadrlar tayyorlash, xodimlar malakasini oshirish, ushbu jarayonga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda o‘qituvchi va professorlarning bilim va malakalarini oshirish.

1-§. Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani shakllantirish

Milliy qonunchilik hujjatlarini xalqaro tajriba asosida ishlab chiqish va takomillashtirish maqsadida quyidagi choralar ko‘riladi:

tadqiqotlar natijalari hamda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda sun’iy intellekt texnologiyalari rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash sohasida mustahkam huquqiy asos yaratish;

sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq subyektlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning yaxlit tizimini yaratish;

sohadagi davlat standartlari va normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish;

sun’iy intellekt texnologiyalari sohasidagi institutsional asoslarni shakllantirish;

ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash markazlaridagi “bulutli texnologiyalar” xizmatlari bo‘yicha ma’lumotlarning yaxlitligi va xavfsizligini ta’minlash asoslarini kuchaytirish.

Sohadagi ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qulay muhit yaratish maqsadida quyidagi choralar ko‘riladi:

sohadagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda yetakchi tashkilotlar ishtirokida patent tadqiqotlarini o‘tkazish va ularni muntazam yangilab borish uchun zarur sharoitlar yaratish;

iqtisodiyotning turli sohalarida sun’iy intellekt yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan bog‘liq jarayonlarni soddalashtirish;

ilmiy-amaliy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha huquqiy asoslarni takomillashtirish.

Xavfsizlik va etika talablarini joriy etish maqsadida quyidagi choralar ko‘riladi:

sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha etika qoidalarini ishlab chiqish;

ma’lumotlarni yig‘ish, saqlash va qayta ishlash hamda ularni muhofaza qilish va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish.

2-§. Ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish va ustuvor loyihalarni amalga oshirish

Ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish hamda rivojlantirish orqali yangi va yuqori qiymat qo‘shilgan mahsulotlar ishlab chiqarilishini, xizmatlar ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida quyidagilar amalga oshiriladi:

  1. a) qishloq xo‘jaligi sohasida:

yerni masofadan zondlash asosida tuproq va qishloq xo‘jaligi ekinlari holati, shuningdek, global pozitsiyalash tizimlari asosida qishloq xo‘jaligi texnikasi, shu jumladan, kombaynlar ishini monitoring qilish texnologiyalarini rivojlantirish;

qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini oshirish, sohada sun’iy intellektga asoslangan holda qarorlar qabul qilishga ko‘maklashish;

qishloq xo‘jaligi ekinlari hamda chorva mollari, parranda, baliq va boshqa o‘simlik va hayvon turlari o‘sishi, (ko‘payishi) yetishtirilishi va hajmini onlayn monitoring qilish imkoniyatini yaratish;

yerdagi suv miqdori, hosil hajmini aniqlash hamda suv resurslari va mineral o‘g‘itlarni tejash bo‘yicha tavsiyalar berishda sun’iy intellektni qo‘llash;

  1. b) bank sohasida:

bank xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida mijozlarning to‘lov qobiliyati hamda boshqa xususiyatlarini baholash va tahlil qilish;

bank sohasida monitoring va tahlil qilish, rejalashtirish, prognozlashtirish uchun intellektual texnologiyalarni rivojlantirish;

  1. v) transport, logistika, sanoat va xizmat ko‘rsatish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohalarida:

transport sohasidagi zamonaviy uslublarni qo‘llagan holda vagonlar soni, sof og‘irligi va ulardagi mahsulotlarni tahlil qilish;

zamonaviy kameralar yordamida do‘konlarda xaridorlarni aniqlash, ularning xatti-harakatlari va sotib olgan mahsulotlarini tahlil qilish;

avtonom intellektual uskunalar va robototexnika majmualaridan intellektual logistika boshqaruv tizimlarida foydalanish;

sun’iy intellekt algoritmlari, mashinaviy o‘qitish va prognozlash usullari yordamida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarini monitoring qilish hamda optimallashtirish;

  1. g) geologiya va energetika sohasida:

ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va texnologik uskunalar ishini takomillashtirish;

energiya resurslarini ishlab chiqarish va ularning iste’molini prognoz qilish;

energetika obyektlarini samarali boshqarish va monitoringini yuritishda “buyumlar interneti” texnologiyalarini joriy qilish;

  1. d) sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida:

kasalliklarni prognozlashtirish, diagnostika qilish va davolash uslublarini belgilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish;

dori vositalarini ishlab chiqarish va yetkazib berish jarayonini optimallashtirish;

inson o‘pkasining kompyuter tomografiyasi tahlili asosida pnevmoniyani aniqlash;

mammografiya tahlili asosida ko‘krak bezi saratoniga ilk bosqichda tashxis qo‘yish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash;

dori-darmonlarga bo‘lgan ehtiyoj, ularni minimal va maksimal ishlab chiqarish soni va boshqa moliyaviy axborotlarni tahlil qilish;

kompyuter tomografiyasi, uch o‘lchamli tasvirlarni tahlil qilish orqali kasalliklarni erta aniqlash tizimini yo‘lga qo‘yish;

segmentatsiya usuli yordamida bemorlar kasalliklarini aniqlash;

jarrohlik aralashuvlarini avtomatlashtirish va aniqligini oshirish;

  1. e) ta’lim, madaniyat va turizm sohasida:

ta’lim muassasalarida shaxsni identifikatsiya qilish orqali o‘quvchi va talabalar davomatini monitoring qilish hamda xavfsizligini ta’minlash;

fanlar, mavzular, sinflar bo‘yicha ta’lim jarayonidagi kamchiliklarni aniqlash, shuningdek, o‘quvchilarning aqliy va jismoniy rivojlanishini tahlil qilib borish hamda maktab boshqaruvi samaradorligini oshirish;

bilim sifatini baholashni avtomatlashtirish va o‘quv natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilish;

dasturlash tillari va sun’iy intellektni o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish;

erta yoshdan sun’iy intellektni tushunish va qiziqishni rivojlantirish uchun o‘yin (tajriba)ga yo‘naltirilgan dasturlar va sun’iy intellekt o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;

yuqori sinf, o‘rta maxsus hamda professional ta’lim jarayonida kelajakda zarur bo‘ladigan asosiy dasturlash tillari va sun’iy intellekt bo‘yicha bilimlar olish imkoniyatini kengaytirish;

turizm obyektlariga, jumladan, muzeylar va boshqa madaniy obyektlarga kelgan turistlarga yuqori sifatli va interaktiv xizmat ko‘rsatish;

  1. j) raqamli hukumat sohasida:

raqamli davlat xizmatlarini ko‘rsatishda foydalanuvchilarni masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) bo‘yicha sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash;

sohada nutqni aniqlash va sintezlash texnologiyalari, “tabiiy tilga ishlov berish” (LLM hamda NLP) kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish;

yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida chat-botlar yaratish;

ko‘rsatiladigan xizmatlarni to‘liq avtomatlashtirish va qisqa vaqt davomida sifatli xizmat ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish;

rejalashtirish, prognozlash va boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayonlarining samaradorligini oshirish;

davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash, shuningdek, ularni taqdim etishda fuqarolar uchun qulayliklar yaratish;

sun’iy intellekt va “katta ma’lumotlar” bilan ishlash uchun superkompyuter va “bulutli platformalar”ni rivojlantirish.

3-§. Sohada standartlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash

Milliy standartlarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida quyidagilar amalga oshiriladi:

amaldagi milliy standartlarni xatlovdan o‘tkazish, ularni tahlil qilish va xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish;

xalqaro standartlar asosida yangi milliy standartlar ishlab chiqish;

standartlashtirish jarayonida ishtirok etuvchi shaxslar uchun treninglar va seminarlar tashkil etish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan yangi milliy standartlarni ishlab chiqish uchun ekspert guruhlarini tashkil etish;

xalqaro aloqalarni mustahkamlash doirasida xalqaro forumlar va konferensiyalar tashkil etish;

xorijiy hamkorlar bilan innovatsion texnologiyalarni almashish va ularni mahalliy sharoitlarga moslashtirish uchun ilmiy va texnologik hamkorlik o‘rnatish;

milliy mahsulotlar va xizmatlarning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun maxsus platforma va dasturlar ishlab chiqarish;

xalqaro talablarga mos keladigan mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish.

Xalqaro tashkilotlar va sohadagi ilg‘or xorijiy kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida quyidagilar amalga oshiriladi:

xorijiy davlatlar bilan ilmiy va texnologik hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;

xorijiy davlatlar bilan qo‘shma ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish;

qo‘shma seminar va konferensiyalar o‘tkazish orqali tajriba almashish;

xorijiy davlatlardagi ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyalarni mahalliylashtirish;

mahalliy kompaniyalar va tashkilotlarning yechimlarini xalqaro maydonda taqdim qilib borish hamda ularning xorijiy hamkorlar bilan aloqalarini mustahkamlash;

xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish.

4-§. Sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ma’lumotlarni qayta ishlash uchun texnik infratuzilmani shakllantirish

Sun’iy intellekt modellarini o‘qitish, ularni sinovdan o‘tkazish va rivojlantirish uchun zarur infratuzilma yaratish maqsadida quyidagilar amalga oshiriladi:

sohada “bulutli xizmatlar”ni joriy etish, shuningdek, ma’lumotlar markazlari imkoniyatlarini kengaytirish va yangi markazlar yaratish;

ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarida sun’iy intellekt uchun ajratilgan quvvatlar ulushini oshirish;

sun’iy intellektni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan raqamli ma’lumotlarning soni va sifatini oshirish;

geografik joylashuvidan qat’iy nazar, fuqarolarning axborotga o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qanoatlantirish va inson omilisiz xizmat ko‘rsatishni yanada rivojlantirish;

“bulutli hisoblash” texnologiyalari asosida ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlarini rivojlantirish;

sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, ularni yaratish va rivojlantirishga qiziqish bildirgan fuqarolar uchun onlayn o‘qitish platformasini ishlab chiqish;

davlat organlari va xo‘jalik birlashmalari, oliy ta’lim muassasalarini sun’iy intellektni amaliyotda qo‘llash uchun zarur texnik uskunalar bilan ta’minlash orqali tegishli infratuzilma yaratish.

Ochiq ma’lumotlar va “katta ma’lumotlar” to‘plamlarini shakllantirish maqsadida quyidagilar amalga oshiriladi:

“katta ma’lumotlar”ni sun’iy intellekt asosida qayta ishlash va tahlil qilish;

“katta ma’lumotlar” bilan ishlashning samarali usullari va ilg‘or biznes-tahlil texnologiyalarini joriy etish;

ma’lumotlarni joylashtirish, to‘plash va tahlil qilishga mo‘ljallangan raqamli ma’lumotlar platformasining doimiy faoliyatini ta’minlash va takomillashtirib borish;

ochiq raqamli ma’lumot to‘plamlari sonini oshirish, ularning sifatliligi va doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlash;

davlat muassasalaridagi mavjud raqamli ma’lumotlarning ochiqlik darajasini oshirish hamda Ochiq ma’lumotlar portaliga integratsiyasini ta’minlash;

o‘zbek tili, ovoz, video, muloqot va boshqa umumiy maqsadli ma’lumotlarni tahlil qilish kabi maxsus sohalarda ma’lumot to‘plamlarini shakllantirish.

5-§. Aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish

Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish maqsadida quyidagilar amalga oshiriladi:

yoshlar orasida sun’iy intellekt texnologiyalarini ommalashtirish, shuningdek, aholining barcha qatlamlari orasida raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish;

masofaviy hamda onlayn o‘qitish texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish uchun onlayn kurslar ishlab chiqish;

iqtisodiyotning real sektorida sun’iy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish, yangi yutuqlar muhokamasi bo‘yicha tadbirlar (forumlar, seminarlar, konferensiyalar va boshqalar) hamda tanlovlar (xakaton, musobaqalar va boshqalar) o‘tkazish;

sohada faoliyat yurituvchi tashkilotlarni umumiy va kasbiy ta’limni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarda ishtirok etish uchun jalb qilish;

o‘quvchilar va talabalar o‘rtasida ularning intellektual va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar sonini ko‘paytirish;

aholining sun’iy intellekt va undan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga qaratilgan choralar ko‘rish maqsadida ish beruvchilarning manfaatdorligini oshirish;

davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarida raqamlashtirish uchun mas’ul xodimlarning sun’iy intellekt bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borish;

aholi va tashkilotlarga sun’iy intellekt asosida ishlab chiqilgan texnologik yechimlardan foydalanishning afzalliklari va xavfsizligi, shuningdek, o‘qitish va qayta tayyorlash dasturlari to‘g‘risida ma’lumot berish;

raqamli texnologiyalarga ixtisoslashtirilgan xususiy tashkilotlar, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari hamda mahalliy hokimiyat organlari xodimlari uchun ixtisoslashtirilgan sun’iy intellektni o‘qitish dasturlarini ishlab chiqish va o‘quv jarayonlarini yo‘lga qo‘yish.

Malakali kadrlar tayyorlash, xodimlar malakasini oshirish, ushbu jarayonga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda o‘qituvchi va professorlarning bilim va malakalarini oshirish maqsadida quyidagilar amalga oshiriladi:

sohada kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida “buyumlar interneti”, robototexnika, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash va o‘rganish bo‘yicha laboratoriyalar tashkil etish hamda ularni zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlash uchun grantlar ajratish;

sohada yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish uchun umumta’lim maktablari o‘quvchilariga dasturlashni o‘rgatish bo‘yicha zarur sharoitlar yaratish;

oliy ta’lim muassasalarida xorijiy professor-o‘qituvchilar va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha bepul onlayn kurslar tashkil etish;

sun’iy intellekt yo‘nalishida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari sonini oshirish;

matematika, mantiq, mental arifmetika kabi fanlarni chuqurlashtirib o‘rgatish, shuningdek, dasturlash tillarini o‘qitish orqali o‘quvchi va talabalarning sun’iy intellekt sohasidagi bilimlarini o‘rta darajaga yetkazish;

iqtidorli mutaxassislarni tayyorlash, qo‘llab-quvvatlash va ular erishgan yutuqlarni targ‘ib qilish, ularning rivojlanishiga imkoniyat yaratish;

xalqaro yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda sun’iy intellekt yo‘nalishidagi kadrlar malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish;

kadrlar almashinuvi va o‘zaro tajriba almashish jarayonlarini tashkil qilish, ilmiy tashkilotlar va xususiy sektor hamkorligida qo‘shma tadqiqotlar va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish;

olib borilayotgan qo‘shma tadqiqotlar va loyihalarning jamiyatning real ehtiyojlari bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash.

4-bob. Strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar

Strategiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish orqali quyidagi natijalarga erishish rejalashtirilgan:

  1. a) birinchi maqsadga erishish doirasida:

sun’iy intellektga doir munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari, xalqaro va mahalliy standartlar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini o‘z ichiga olgan normativ-huquqiy baza shakllantiriladi;

ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash markazlarida “bulutli texnologiyalar” xizmatlarida ma’lumotlarning yaxlitligi va xavfsizligini ta’minlash asoslari yaratiladi;

sun’iy intellekt texnologiyalari sohasida institutsional boshqaruv shakllantiriladi;

sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha etika qoidalari ishlab chiqiladi;

  1. b) ikkinchi maqsadga erishish doirasida:

ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalari keng joriy etiladi;

korxona va tashkilotlarda ish jarayonlarini avtomatlashtirish orqali vaqt va resurslardan samarali foydalaniladi;

real vaqtda ma’lumotlarni tahlil qilish orqali ishlab chiqarish jarayonlarini doimiy ravishda kuzatish hamda tezkor qarorlar qabul qilish imkoniyati yaratiladi;

sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish orqali xarajatlar kamaytiriladi;

sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida ishlab chiqarish uskunalarini monitoring qilish va ularning texnik holatini prognoz qilish orqali ularning xizmat muddati uzaytiriladi;

ma’lumotlar tahlili yordamida mahsulot va xizmatlar sifati nazorat qilinadi va doimiy ravishda yaxshilanadi;

yangi texnologiyalar yordamida mahsulotlarning sifati, ularning qo‘shilgan qiymati oshadi va raqobatbardoshligi ta’minlanadi;

  1. v) uchinchi maqsadga erishish doirasida:

mahalliy standartlarni xalqaro standartlarga moslashtirish orqali sohada mamlakatimizning jahon miqyosidagi integratsiyasi kuchaytiriladi;

mahalliy standartlarni xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish orqali xorijiy investorlar va kompaniyalarning mahalliy iqtisodiyotga investitsiya kiritishga qiziqishi ortadi;

xalqaro standartlarni tatbiq etish orqali mahalliy mahsulot va xizmatlarning sifati hamda raqobatbardoshligi oshiriladi va eksport bozorlariga kirish jarayoni soddalashtiriladi;

innovatsion loyihalar va startaplar uchun qo‘shimcha moliyaviy manbalarni jalb qilish imkoniyati yaratiladi;

  1. g) to‘rtinchi maqsadga erishish doirasida:

sun’iy intellekt infratuzilmasi yuqori tezlikdagi hisoblash quvvatlari bilan ta’minlanadi;

ma’lumotlarni qayta ishlash tezligi va samaradorligi sezilarli darajada ortadi;

sohaga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot muassasalari zarur zamonaviy moddiy-texnik baza bilan ta’minlanadi;

sun’iy intellekt algoritmlaridan foydalanish uchun zarur raqamli ma’lumotlar to‘plami shakllantiriladi hamda ularning soni va sifati doimiy ravishda yangilab boriladi;

“katta ma’lumotlar”ning saqlanishi, ishlov berilishi va doimiy himoyalanishi ta’minlanadi;

sodda va doimiy vazifalarni avtomatlashtirish orqali ish yuklamasi kamaytiriladi;

sun’iy intellekt infratuzilmasi asosida “katta ma’lumotlar” yordamida modellar va algoritmlarni yaratish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi;

prognoz qilish va qaror qabul qilish jarayonlarida algoritmlar aniqligi oshadi;

mashinaviy o‘qitish modellari va chuqur o‘rganish platformalarini samarali ishga tushirish imkoniyati yaratiladi;

  1. d) beshinchi maqsadga erishish doirasida:

oliy ta’lim muassasalarida sun’iy intellekt bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi va ushbu yo‘nalishdagi bitiruvchilar soni oshadi;

sun’iy intellekt, robototexnika va boshqa ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim beruvchi o‘quv markazlari soni ortadi;

sun’iy intellekt yo‘nalishida faoliyat yurituvchi IT-kompaniyalar soni ortadi hamda sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar va ko‘rsatilgan xizmatlarning hajmi oshadi;

sohadagi ilmiy darajaga ega mutaxassislar soni ortadi;

ilmiy xodimlar (tadqiqotchilar) faoliyatiga (ilmiy nashrlardan tashqari) yangi mezonlarni qo‘llash orqali ularni baholash samaradorligi oshiriladi;

aholi keng qatlami sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi;

sun’iy intellektni qo‘llagan holda ko‘rsatiladigan raqamli davlat xizmatlari ulushi va ularning shaffofligi oshiriladi.

 

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.