O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Qishloq xo‘jaligida zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish, ekinlarni ekish, yetishtirish va hosilni yig‘ib olishni bosqichma-bosqich to‘liq mexanizatsiyalash, agrar sohada qishloq xo‘jaligi texnikalariga servis (texnik holatini ko‘rikdan o‘tkazish va ta’mirlash) xizmatlari ko‘rsatish darajasini oshirish va servis ustaxonalari texnologik bazasini rivojlantirish maqsadida:
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining paxta yetishtiruvchilar bilan kelishgan holda 2025-yildan boshlab barcha paxta ekiladigan maydonlarda bosqichma-bosqich paxta chigitini qator orasi 76 sm kenglikda qo‘shqator qilib, aniq donalab ekuvchi ko‘p funksiyali chigit ekish seyalkalari orqali (plyonka ostiga shlang bilan) ekishga va paxta xomashyosi hosilini mashinalar yordamida terib olishga o‘tish to‘g‘risidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
- Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2025-2026-yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalari, qishloq xo‘jaligi korxonalari va mahallalarga agrotexnik xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga mazkur qarorga 1-ilovadakeltirilgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini kredit yoki lizing shartlarida yetkazib berishni tashkil etish uchun Jahon bankining:
“Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan 34 million AQSh dollari hamda “Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan 19,5 million AQSh dollarini lizing tashkilotlariga yo‘naltirish bo‘yicha Jahon bankining roziligi olinganligini inobatga olib, bir oy muddatda mazkur mablag‘larning belgilangan tartibda lizing tashkilotlariga ajratilishini;
“Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida tayyor bog‘ va kichik agrologistika loyihalari uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lardan 65 million AQSh dollarini zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari sotib olish uchun yo‘naltirish masalasini uch oy muddatda Jahon banki bilan kelishib, qarz bitimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minlasin.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari 2025-yilda xarid qilinadigan paxta terish mashinalari, lazerli yer tekislagichlar, aniq donalab ekuvchi ko‘p funksiyali chigit ekish seyalkalarini xarid qiladigan talabgorlar ro‘yxatini shakllantirish, yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzish va bo‘nak mablag‘larini yo‘naltirish ishlarining 2025-yil 1-fevralga qadar yakunlanishini ta’minlasin.
- Belgilansinki:
- a) 2025-yil 1-yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib berishda amaldagi qonunchilikka muvofiq qo‘llaniladigan imtiyozlar (subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar) faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlar orqali muomalaga chiqariladigan qishloq xo‘jaligi texnikalariga nisbatan tatbiq etiladi;
- b) 2027-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar bojxona bojidan va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi:
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalari va qishloq xo‘jaligiga agrotexnik xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan hamda ishlab chiqarilganiga 10 yildan va foydalanish darajasi ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan motoresursning 50 foizidan oshmagan paxta terish kombaynlari, o‘ziyurar ozuqa yig‘uvchi va bog‘dorchilik kombaynlari, ko‘chat ko‘mish va ochish texnikalari;
mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlik xizmati tomonidan xorijdan olib kelinadigan yangi paxta terish kombaynlari, o‘ziyurar ozuqa yig‘uvchi va bog‘dorchilik kombaynlari, ko‘chat ko‘mish va ochish texnikalari;
- v) 2025-yil 1-martdan boshlab amaldagi qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan (subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar) foydalangan holda xarid qilingan, shu jumladan, respublikada ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi traktorlar va kombaynlarni ularga GPS qurilmasini o‘rnatmagan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ulardan foydalanish taqiqlanadi;
- g) 2028-yil 1-yanvardan boshlab asosiy paxta va g‘alla hosili uchun paxta chigiti va bug‘doyni ekishda aniq donalab ekmaydigan seyalkalardan foydalanish taqiqlanadi;
- d) amaldagi qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan (subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar) foydalangan holda xarid qilingan mazkur qarorga 1-ilovadakeltirilgan yangi traktor va kombaynlar (1 — 6-pozitsiyalar) 3 yil davomida boshqa shaxslarga sotilganda, berilgan barcha imtiyozlar bekor qilinadi va imtiyoz summalari 25 foiz jarima qo‘llangan holda Davlat budjeti daromadiga undiriladi;
- e) qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlarining buyurtmasi (talabi) bo‘yicha aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasiga asosan ishsiz yoshlarni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassis sifatida va ushbu texnikalarni boshqaruvchi operatorlikka (traktorchi-mashinist) o‘qitish va qayta tayyorlash xarajatlari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi;
- j) 2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash, agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan, ekin maydonlarini lazerli yer tekislagich yordamida tekislash, g‘o‘zani chilpish (chekanka) va defoliatsiyalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga (bundan klasterlar mustasno) yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda:
import qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotuvchi dilerlarning davlat reyestri yuritilishini;
bir oy muddatda dilerlik xizmatlari uchun talablarning (faoliyatni ro‘yxatdan o‘tkazish, ekologik va texnik standartlarga rioya etish, sertifikatsiyalash, traktorchi-mashinistlarning kasb mahoratini oshirish, biznesni sug‘urtalash, sotuvdan keyin kafolat va kafolatdan keyingi texnik xizmat) Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilishini ta’minlasin.
- Qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar tomonidan o‘z ehtiyoji uchun o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan qishloq xo‘jaligi texnikalarining butlovchi va ehtiyot qismlari 2028-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinsin.
Bunda ushbu imtiyoz hisobiga tejalgan mablag‘larning hisobi alohida yuritilib, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish va modernizatsiyalashga yo‘naltirilishi va mazkur talab bajarilmaganda ushbu mablag‘lar Davlat budjeti daromadiga undirilishi belgilab qo‘yilsin.
- “O‘zavtosanoat” AJ Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda:
xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda 2025-yil 1-aprelga qadar 100 dona aniq donalab ekuvchi ko‘p funksiyali chigit ekish seyalkalarini, 2025-yil 1-sentabrga qadar 50 dona zamonaviy paxta terish kombaynlari, 10 donadan ozuqa yig‘uvchi, bog‘dorchilik kombaynlari, ko‘chat ko‘mish va ochish texnikalarini mahalliylashtirgan holda ishlab chiqarilishini va ushbu texnikalarning samaradorligini 2025-yil hosilida tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb etgan holda agrotexnik tadbirlarni bajarish rejimlarida o‘rganishni ta’minlasin;
bir oy muddatda Bosh vazir huzurida qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliylashtirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazilishini ta’minlasin.
- Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-noyabrdagi “Chirchiq shahrida qishloq xo‘jaligi mashinasozlik klasterini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-7-son qaroridanazarda tutilgan subsidiyalar mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan hamda xorijdan tayyor holda olib kelinadigan aniq donalab ekuvchi ko‘p funksiyali chigit ekish seyalkalari, bog‘dorchilik kombaynlari hamda paxta terish kombaynlari uchun, istisno tariqasida, 2026-yil 1-yanvarga qadar tatbiq etiladi. Bunda mazkur tartib 2024-yilda tayyor holda import qilingan paxta terish kombaynlariga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda qishloq xo‘jaligi texnikalari xaridi qiymatining hamda foiz xarajatlarining bir qismini subsidiyalash uchun tegishli mablag‘lar ko‘zda tutib borilishini ta’minlasin.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zavtosanoat” AJ bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi korxonalar dilerlari hamkorligida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining o‘quv bazasida va respublikaning barcha hududlarida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini boshqaruvchi traktorchi-mashinistlarni hamda ushbu texnikalarga xizmat ko‘rsatish markazlari uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash kurslarini tashkil etsin.
- “O‘zavtosanoat” AJ, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, lizing kompaniyalari hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2025-yil 1-martga qadar paxta terish kombaynlarini xarid qilish, xaridni moliyalashtirish, subsidiyalardan foydalanish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, servis xizmatlaridan foydalanish hamda ehtiyot qismlarni xarid qilish imkoniyatini beruvchi raqamlashtirilgan yagona axborot portalining to‘liq ishga tushirilishini ta’minlasin.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyatlar hokimlari qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib beruvchi dilerlarga servis xizmatlari ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda zarur bino-inshootlar olishga amaliy yordam ko‘rsatsin.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovagamuvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
- Bosh prokuratura (J. Xatamov) mazkur qaror bilan qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish bo‘yicha belgilangan imtiyozlar va ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va manzilli foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
- Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul etib Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va J.A. Xodjayev hamda qishloq xo‘jaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-dekabr,
PQ-431-son