O‘zbekiston Respublikasining Qonuni Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida

2025 yil 12 fevraldan kuchga kiradi

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi qishloq xo‘jaligi kooperativining tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risidagi qonunchilik

Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

vakolatli yoki saylangan vakil — ikki yuz nafardan ortiq a’zoga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zolarining bir guruhi nomidan qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zolarining umumiy yig‘ilishida harakat qilish huquqiga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zosi;

dividend — qishloq xo‘jaligi kooperativining soliqlar va yig‘imlar to‘langanidan keyin o‘z tasarrufida qoladigan, qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zolari o‘rtasida kiritilgan majburiy va qo‘shimcha pay badallariga mutanosib ravishda taqsimlanishi lozim bo‘lgan yillik sof foydaning bir qismi;

zaxira jamg‘armasi — qishloq xo‘jaligi kooperativi pay fondining o‘n besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda yillik sof foyda va boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladigan jamg‘arma;

investitsiyalar kirituvchi kooperativ a’zosi — ushbu Qonunning 14-moddasida belgilangan talablarga asosan mablag‘larni qishloq xo‘jaligi kooperativining ustaviga muvofiq investitsiya qiluvchi kooperativ a’zosi sifatida qishloq xo‘jaligi kooperativiga qabul qilingan jismoniy yoki yuridik shaxs. Kooperativning bunday a’zosi qishloq xo‘jaligi kooperativi tomonidan xizmatlar ko‘rsatilishida bevosita ishtirok etmaydi, uning pay badallariga, dividendlar olish huquqiga, subsidiar majburiyatlariga va ovoz berish huquqiga doir talablar esa kooperativ ustavida belgilanadi;

ishonchli shaxs — qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zolarining umumiy yig‘ilishida boshqa a’zoning huquqlarini amalga oshiradigan, kooperativning boshqa a’zosi tomonidan yozma shaklda tayinlangan va ikki nafardan ortiq kooperativ a’zosining vakili bo‘lishi taqiqlangan qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zosi;

majburiy pay badali — qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zosining majburiy tartibda kiritiladigan va ovoz berish huquqini hamda qishloq xo‘jaligi kooperativi faoliyatida ishtirok etish, qishloq xo‘jaligi kooperativining ustavida nazarda tutilgan xizmatlar va imtiyozlardan foydalanish hamda dividendlar olish huquqini beradigan pay badali;

pay — qishloq xo‘jaligi kooperativi mol-mulkining pul mablag‘larida yoki boshqa mol-mulkda yoxud mulkiy huquqlarda ifodalanadigan qishloq xo‘jaligi kooperativining mol-mulkini shakllantirishda qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zosining ishtirok etishi miqdorini aks ettiradigan, muayyan nominal qiymatga ega bo‘lgan hamda qishloq xo‘jaligi kooperativining pay fondini shakllantirishda qiymat ifodasida hisobga olinadigan qismi;

pay fondi — qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zolari paylarining pulda ifodalangan, pay badallari asosida shakllantiriladigan umumiy summasi;

qishloq xo‘jaligi kooperativi — qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshirish uchun pay usuliga, jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning ixtiyoriy ravishda birlashishiga asoslangan mustaqil tijorat tashkiloti;

qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zosi — pay badali kiritgan, qishloq xo‘jaligi kooperativiga ovoz berish huquqi bilan qabul qilingan va qishloq xo‘jaligi kooperativining majburiyatlari bo‘yicha subsidiar javobgar bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs;

qo‘shimcha pay badali — qishloq xo‘jaligi kooperativi a’zosining majburiy pay badaliga qo‘shimcha ravishda ixtiyoriy asosda kiritiladigan va unga dividendlar olish huquqini beradigan pay badali;

qo‘shma qishloq xo‘jaligi kooperativi — kamida uchta qishloq xo‘jaligi kooperativi tomonidan qo‘shma markazlashtirilgan faoliyatni yuritish uchun tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi kooperativi.

4-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativi faoliyatining asosiy prinsiplari

Qishloq xo‘jaligi kooperativining (bundan buyon matnda kooperativ deb yuritiladi) faoliyati quyidagi prinsiplarga asoslanadi:

kooperativ a’zoligiga kirish va undan chiqishning ixtiyoriyligi, ushbu Qonun talablariga muvofiq bo‘lgan har qanday shaxslar uchun kooperativ a’zoligiga kirish imkoniyati;

kooperativ faoliyatidagi o‘zini o‘zi boshqarish va mustaqillik;

kooperativ ustavida nazarda tutilgan tartibda uning ishi ustidan kooperativ a’zolarining nazorat qilishi;

uning faoliyatida kooperativ a’zolarining iqtisodiy jihatdan ishtirok etishi;

kooperativ a’zolari o‘rtasida daromadni (foydani) ularning paylariga muvofiq mutanosib ravishda taqsimlash;

kooperativlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish;

kooperativni ijtimoiy jihatdan rivojlantirish.

5-modda. Kooperativning faoliyat turlari

Kooperativ faoliyatining asosiy turi qishloq xo‘jaligi sohasida xizmatlar ko‘rsatishdan iborat.

Kooperativ qishloq xo‘jaligi sohasida xizmatlar ko‘rsatish bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

2-bob. Kooperativni tashkil etish

6-modda. Kooperativning firma nomi va joylashgan yeri

Kooperativ o‘zining tashkiliy-huquqiy shakli ko‘rsatilgan to‘liq firma nomiga va qisqartirilgan firma nomiga ega bo‘lishi kerak.

Kooperativning to‘liq firma nomida uning to‘liq nomi va “Qishloq xo‘jaligi kooperativi” degan so‘zlar bo‘lishi kerak. Kooperativning qisqartirilgan firma nomida uning qisqartirilgan nomi va “Qishloq xo‘jaligi kooperativi” degan so‘zlar yoki “QXK” abbreviaturasi bo‘lishi kerak.

Kooperativning joylashgan yeri uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan joyi bo‘yicha belgilanadi. Kooperativning ta’sis hujjatlarida kooperativ boshqaruv organlarining doimiy joylashgan yeri yoki u o‘zining asosiy faoliyatini amalga oshiradigan joy kooperativning joylashgan yeri sifatida belgilanishi mumkin.

Kooperativ u bilan aloqalarni saqlab turish uchun pochta manziliga va elektron pochta manziliga ega bo‘lishi kerak.

Kooperativ joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganligi va elektron pochta manzili almashganligi to‘g‘risida kooperativ a’zolarini xabardor qilishi kerak. Kooperativning joylashgan yerini (pochta manzilini) o‘zgartirish qonunchilikda nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda xabardor qilish tartibida, davlat xizmatlari markazini xabardor qilish orqali amalga oshiriladi.

7-modda. Kooperativni tashkil etish tartibi

Kooperativ kamida yetti nafar jismoniy va (yoki) yuridik shaxslardan iborat tarkibda tashkil etilishi mumkin.

Qo‘shma kooperativ kamida uchta kooperativdan iborat tarkibda tashkil etilishi mumkin.

Ushbu Qonunda nazarda tutilgan, kooperativga taalluqli bo‘lgan barcha qoidalar qo‘shma kooperativga nisbatan ham qo‘llaniladi, bundan kooperativ a’zolarining eng kam soniga taalluqli qoidalar mustasno.

Kooperativ tashkil etish istagini bildirgan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar ta’sis qo‘mitasini tuzadi.

Ta’sis qo‘mitasining vazifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:

kooperativ ustavining loyihasini tayyorlash;

tashkil etiladigan kooperativ muassislarining ta’sis yig‘ilishini tayyorlash va o‘tkazish.

Kooperativ muassislarining ta’sis yig‘ilishi:

kooperativni tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

kooperativ ustavini tasdiqlaydi;

kooperativ ustavi tasdiqlangan hujjatga o‘z ismi, familiyasi va manzillarini ko‘rsatgan holda, yuridik shaxslarga nisbatan esa o‘z vakillarining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni ko‘rsatgan holda imzo qo‘ygan ta’sis yig‘ilishi ishtirokchilarini kooperativ a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

kooperativning boshqaruv organlarini, shu jumladan kooperativ boshqaruvini, kooperativ boshqaruvi raisini va kooperativning kuzatuv kengashi a’zolarini saylaydi.

8-modda. Kooperativni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Kooperativ yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

Kooperativni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qonunchilikda belgilangan tartibda davlat xizmatlari markazi tomonidan kooperativ boshqaruvi beradigan arizaga asosan amalga oshiriladi. Mazkur arizaga kooperativning tasdiqlangan ustavi, kooperativ boshqaruvini, kooperativ boshqaruvi raisini va kooperativning kuzatuv kengashini saylash to‘g‘risidagi hujjatlar, shuningdek kooperativ muassislari ta’sis yig‘ilishining bayonnomasi ilova qilinadi.

Kooperativ qonunchilikda belgilangan tartibda davlat xizmatlari markazida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan e’tiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi va yuridik shaxs huquqlariga ega bo‘ladi.

Kooperativni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish faqat, agar kooperativni tashkil etishda ushbu Qonunda va boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartib buzilgan bo‘lsa yoki ta’sis hujjatlari qonunga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, rad etilishi mumkin.

9-modda. Kooperativ ustavi

Kooperativ ustavi kooperativning ta’sis hujjatidir.

Kooperativ ustavi yozma shaklda bayon etilishi va kooperativ muassislarining ta’sis yig‘ilishida tasdiqlanishi kerak.

Kooperativ ustavida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:

kooperativning firma nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);

kooperativning faoliyat muddati yoki kooperativ faoliyatining muddatsiz xususiyatga ega ekanligiga ko‘rsatma;

kooperativ faoliyatining maqsadi, ixtisoslashuvi va kamida bitta yo‘nalishi;

kooperativga a’zo bo‘lib kirish tartibi va shartlari;

kooperativga a’zolikni tugatish asoslari va tartibi, shu jumladan kooperativ a’zoligidan chiqish yoki kooperativ a’zoligidan chiqarish tartibi;

kooperativning xo‘jalik faoliyatiga uning a’zolari bo‘lmagan shaxslarni jalb etish shartlari va tartibi;

kooperativ a’zolarining kooperativ xizmatlaridan foydalanish majburiyatlari to‘g‘risidagi yoki bunday majburiyatlar mavjud emasligi haqidagi qoidalar;

kooperativ a’zosining majburiy pay badali miqdori, uning kooperativning barcha a’zolari uchun tengligi;

kooperativ a’zolari tomonidan kooperativ xizmatlaridan foydalanish darajasi yoki ulardan kooperativ a’zosiga aloqasi bo‘lgan iqtisodiy omillarga asosan foydalanish;

qo‘shimcha pay badalini kiritish shartlari va uning eng ko‘p miqdori;

kooperativ a’zolari tomonidan pay badallarini kiritish tartibi, shu jumladan pay badallarining kamida o‘n foizini kiritish muddati;

kooperativ a’zolari tomonidan pay badali hisobiga kiritiladigan mol-mulk qiymatini baholash tartibi;

zaxira jamg‘armasini shakllantirish shartlari, shu jumladan zaxira jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan yillik sof foydaning va boshqa manbalarning ulushini belgilash hamda zaxira jamg‘armasining miqdorini belgilash;

kooperativning bo‘linmas va boshqa jamg‘armalarini shakllantirish miqdorlari va tartibi hamda ulardan foydalanish tartibi;

kooperativning foyda va zararlarini hisoblash hamda taqsimlash tartibi;

kooperativ a’zolarining kooperativ majburiyatlariga doir subsidiar javobgarligi shartlari, mazkur javobgarlikning muayyan miqdorlar bilan cheklanmaganligi yoki cheklanganligi;

kooperativ boshqaruvi organlarining tarkibi, vakolatlari va majburiyatlari, ular tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi, shu jumladan bir ovozdan qabul qilishni yoki ko‘pchilik ovozni talab etadigan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish tartibi;

kooperativ a’zolarining huquq va majburiyatlari;

kooperativ a’zolarining kooperativ faoliyatida ishtirok etishining o‘ziga xos xususiyatlari, tartibi va shartlari;

kooperativning qo‘shma kooperativlarga, kooperativlar uyushmalariga va boshqa tashkilotlarga a’zo bo‘lish tartibi hamda shartlari;

kooperativni qayta tashkil etish va tugatish, kooperativning qarzlarini qoplash hamda qolgan aktivlarni kooperativ a’zolari o‘rtasida taqsimlash tartibi va shartlari;

kooperativ boshqaruvining yirik bitimlarni yoki manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lgan bitimlarni tuzish huquqi, bitim sababli yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash va uning oqibatlarini bartaraf etish tartibi;

majburiy pay badalining nominal qiymati, paylar soni, a’zolar tomonidan majburiy pay badali qiymatining kamida o‘n foizini kiritish muddati;

kooperativ a’zolari o‘rtasida paylar bo‘yicha taqsimlanadigan dividendlar miqdorini belgilash tartibi;

kooperativ boshqaruvi raisining vakolatlari;

auditorga yoki auditorlik tashkilotiga doir talablar.

Kooperativ ustavida quyidagilar ham nazarda tutilishi mumkin:

kooperativ a’zolarining uchdan ikki qismi tomonidan qarorlar qabul qilinishi kerak bo‘lgan masalalar ro‘yxatini kengaytirish va ushbu masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish uchun zarur bo‘lgan yuqori kvorumning boshlanishini belgilash;

kooperativ a’zolarining soni ikki yuz nafardan ortiq bo‘lgan kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi kooperativ a’zolari tomonidan saylangan vakillardan (vakillar yig‘ilishidan) iborat bo‘lishi;

qo‘shimcha pay badali miqdorining cheklanishi va qo‘shimcha shartlar belgilanishi;

kooperativ boshqaruvi raisida va kooperativ boshqaruvi a’zolarida iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, boshqaruv sohasida yoki boshqa sohalarda yuqori malaka hamda ko‘p yillik tajribaning mavjud bo‘lishi zarurligi.

Kooperativ ustavida qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa qoidalar ham bo‘lishi mumkin.

10-modda. Kooperativ ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish

Kooperativ ustaviga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishi ishtirokchilarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadigan kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishi qaroriga ko‘ra kiritiladi. Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida xabarnoma yuborilganda unda kooperativ ustaviga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmuni aks ettirilishi kerak.

Kooperativ ustaviga kiritiladigan quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ishtirok etayotgan kooperativ a’zolarining kamida to‘rtdan uch qismi tomonidan ma’qullanishi kerak:

kooperativ faoliyatining maqsadini o‘zgartirish;

kooperativ a’zolarining kooperativ xizmatlaridan foydalanish majburiyatlarini belgilash;

kooperativ a’zolarining kooperativ faoliyatida ishtirok etishga doir majburiyatlarini belgilash;

payning yoki majburiy pay badalining miqdorini oshirish;

kooperativning investitsiya kirituvchi a’zolari to‘g‘risidagi qoidalarni o‘zgartirish;

kooperativni qayta tashkil etish yoki tugatish haqidagi qoidalarni o‘zgartirish.

Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida kooperativ ustaviga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kooperativ boshqaruvining arizasiga asosan tegishli davlat xizmatlari markazida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

11-modda. Kooperativning huquq va majburiyatlari

Kooperativ quyidagi huquqlarga ega:

faoliyatni qonunchilikka muvofiq hamda kooperativ ustavida belgilangan kooperativ faoliyatining maqsadlari doirasida amalga oshirish;

vakolatxonalar va filiallarni ochish, unitar korxonalarni tashkil etish, ularning huquqlarini O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida himoya qilish;

qonunchilikda belgilangan tartibda mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish, mol-mulkni, shu jumladan kooperativning pay fondiga kooperativ a’zosi tomonidan pay badali sifatida kiritilgan mol-mulkni sotib olish yoki hadya qilish, lizingga yoki ijaraga olish, sotish, garovga qo‘yish;

kooperativning zaxira, bo‘linmas va boshqa jamg‘armalarini shakllantirish hamda ularning mablag‘laridan foydalanish, shuningdek zaxira jamg‘armasining mablag‘larini banklarda va kredit tashkilotlarida joylashtirish (depozit), ularni qimmatli qog‘ozlarga va boshqa mol-mulkka kiritish;

shartnomalar (bitimlar) tuzish;

qonunchilikka va kooperativ ustaviga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslardan qarzlar jalb etish, kreditlar olish hamda homiylik xayriya mablag‘laridan foydalanish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish;

boshqa kooperativlar va qo‘shma kooperativlar, klasterlar hamda boshqa yuridik shaxslar bilan hamkorlik uchun zarur bo‘lgan xizmatlar ko‘rsatish;

qonunchilikda belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining ushbu Qonunga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, shuningdek kooperativning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan arizalar bilan sudga murojaat qilish;

kooperativning moliyaviy salohiyatini oshirish, kooperativning aktivlarini samarali boshqarish va boshqa yuridik shaxslar bilan manfaatli hamkorlikni amalga oshirish;

kooperativni qayta tashkil etish yoki tugatish bilan bog‘liq jarayonlarni amalga oshirish.

Kooperativ qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Kooperativ:

kooperativ tomonidan tuzilgan shartnomalarga (bitimlarga) doir majburiyatlarni bajarishi;

qonunchilikda nazarda tutilgan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi;

mehnat shartnomasi bo‘yicha kooperativda ishlaydigan shaxslarga mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda ish haqi tayinlashi, xodimlarga ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlashi, ish beruvchi sifatida o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilishi;

mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi, ekologiya, sanitariya va gigiyena sohasidagi qonunchilik hamda normativ hujjatlar talablariga rioya etishi;

raqobat va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;

texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;

kooperativning joylashgan yeri (pochta manzili) va boshqa rekvizitlari o‘zgarganligi to‘g‘risida tegishli davlat organlarini o‘z vaqtida xabardor qilishi;

buxgalteriyaga oid, moliyaviy va statistik hisobotlarni qonunchilik talablariga muvofiq yuritishi;

kooperativ faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni belgilangan tartibda va belgilangan muddatlarda tegishli davlat organlariga taqdim etishi shart.

Kooperativning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

3-bob. Kooperativga a’zolik

12-modda. Kooperativ a’zolari

O‘n olti yoshga to‘lgan jismoniy shaxslar, shuningdek kooperativ ustavi talablariga javob beradigan yuridik shaxslar kooperativ a’zolari bo‘lishi mumkin.

Qo‘shma kooperativ ustavining talablariga javob beradigan va ularni tan oladigan kooperativlar qo‘shma kooperativ a’zolari bo‘lishi mumkin.

Agar kooperativ ustavida bir vaqtning o‘zida boshqa kooperativlarga a’zo bo‘lish taqiqlanmagan bo‘lsa, kooperativ a’zosi bir yoki bir necha kooperativga a’zo bo‘lishi mumkin.

Kooperativ ustavida kooperativ a’zoligiga kirish shartlariga qo‘yiladigan quyidagi qo‘shimcha talablar nazarda tutilishi mumkin:

kooperativ a’zoligiga qabul qilinayotgan jismoniy shaxsning malaka darajasi;

kooperativ a’zoligiga qabul qilinayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsning kooperativ joylashgan yerdan uzoqligi.

Kooperativ ustavida kooperativ a’zolariga nisbatan ushbu Qonunga zid bo‘lmagan boshqa talablar ham nazarda tutilishi mumkin.

13-modda. Investitsiyalar kirituvchi kooperativ a’zolari

Kooperativ faoliyatiga aloqador bo‘lmagan jismoniy yoki yuridik shaxslar kooperativ ustavining investitsiyalar kirituvchi kooperativ a’zolari to‘g‘risidagi qoidalariga binoan investitsiyalar kirituvchi kooperativ a’zolari sifatida kooperativga kirishi mumkin.

Investitsiyalar kirituvchi kooperativ a’zosining pay badali investitsiyalar kirituvchi kooperativ a’zolari to‘g‘risidagi kooperativ ustavining dividendlar olishga doir huquq haqidagi, ovoz berish huquqi to‘g‘risidagi, kooperativning boshqaruv organlariga saylanish huquqi haqidagi qoidalariga hamda kooperativ ustavining boshqa qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Shaxsning investitsiyalar kirituvchi kooperativ a’zosi sifatida kooperativga kirishi ushbu Qonunning 14-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi, kooperativdagi a’zolikni tugatish esa ushbu Qonunning 17-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda kooperativ boshqaruvining kooperativ a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi qarori va kooperativ boshqaruvining kooperativdagi a’zolikni tugatish haqidagi taklifi kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Kooperativ a’zoligiga qabul qilinayotgan investitsiyalar kirituvchi shaxs kooperativ ustavining investitsiyalar kirituvchi kooperativ a’zolari to‘g‘risidagi qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.

Investitsiyalar kirituvchi kooperativ a’zolari boshqa kooperativ a’zolariga nisbatan ustunlikka ega bo‘lishi mumkin emas.

Investitsiyalar kirituvchi kooperativ a’zolari kooperativning kuzatuv kengashiga kooperativ kuzatuv kengashi a’zolarining ko‘pi bilan to‘rtdan birini tashkil etuvchi miqdorda saylanishi mumkin.

14-modda. Kooperativga a’zo bo‘lib kirish

Kooperativga a’zo bo‘lib kirish istagini bildirgan jismoniy va yuridik shaxslar kooperativ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin kooperativ a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risida kooperativ boshqaruviga ariza beradi. Kooperativ boshqaruvining kooperativ a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi qarori kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Kooperativ a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi arizada kooperativ ustavi bilan tanishib chiqilganlik to‘g‘risidagi tasdiq, shuningdek kooperativ ustavining kooperativ a’zolariga doir talablariga rioya etish bo‘yicha majburiyat, shu jumladan majburiy va qo‘shimcha pay badallarini kiritish haqidagi majburiyat hamda boshqalar ko‘rsatilishi kerak.

Kooperativ ustavida kooperativ a’zoligiga qabul qilishga taalluqli bo‘lgan boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.

Kooperativ boshqaruvining kooperativ a’zoligiga qabul qilish haqidagi yoki kooperativ a’zoligiga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi qarori kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.

Kooperativ boshqaruvining qarorini kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra kooperativ boshqaruvining kooperativ a’zoligiga qabul qilish yoki kooperativ a’zoligiga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi qarorini tasdiqlash yoki tasdiqlamaslik haqida qaror qabul qilinadi.

Kooperativ a’zoligiga qabul qilishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun asoslar kooperativ ustavida nazarda tutiladi.

Kooperativ a’zoligiga qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi asoslantirilgan qaror va rad etish sabablari arizachi e’tiboriga yozma shaklda yetkaziladi. Arizachi ushbu qaror ustidan kooperativ a’zolarining navbatdagi umumiy yig‘ilishida shikoyat qilish huquqiga ega.

Kooperativ a’zoligiga qabul qilishni rad etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, arizachi kooperativ a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risida takroran ariza berishga haqli.

Kooperativ a’zoligiga qabul qilishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish asoslari va shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi kooperativ ustavida belgilanadi.

Arizachi kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan kooperativ boshqaruvining kooperativ a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi qarorini tasdiqlash haqidagi qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kooperativ a’zoligiga qabul qilingan hisoblanadi.

15-modda. Kooperativ a’zolarining reyestrini yuritish

Kooperativ a’zolarining reyestri kooperativ boshqaruvi tomonidan yuritiladi va unda kooperativning har bir a’zosi to‘g‘risida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:

jismoniy shaxslar uchun — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, elektron pochta manzili;

yuridik shaxslar uchun — soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, yuridik shaxsning to‘liq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili;

yuridik shaxslar bo‘lgan kooperativ a’zolarining vakolatli vakillari bo‘lgan shaxslar uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, yuridik shaxsda egallagan lavozimi va ishonchnoma;

kooperativ a’zoligiga kirish asosi, a’zo bo‘lib kirishning maqsadi va sanasi;

majburiy pay badalining miqdori va kiritilgan sanasi;

pay badalining turi (pul mablag‘lari, mol-mulk, shu jumladan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq, boshqa mulkiy huquqlar);

qo‘shimcha pay badalining miqdori va uning kiritilgan sanasi;

qaytarilgan payning miqdori (mavjud bo‘lgan taqdirda) va uning to‘langan sanasi;

kooperativga a’zolikni tugatish sanasi to‘g‘risidagi axborot.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ma’lumotlarga qo‘shimcha ravishda kooperativ a’zolarining reyestrida boshqa ma’lumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin.

Kooperativ a’zosi kooperativ a’zolarining reyestrida ko‘rsatilgan faqat o‘zining ma’lumotlari bilan tanishishga haqli.

Boshqa shaxslar kooperativ a’zolarining reyestrida mavjud bo‘lgan kooperativ a’zosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan faqat ushbu kooperativ a’zosining roziligi bilan tanishishi mumkin.

Kooperativ a’zolarining reyestridan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan shaxslar undagi ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emas, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.

16-modda. Kooperativ a’zosining huquq va majburiyatlari

Kooperativ a’zosi quyidagi huquqlarga ega:

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ishtirok etish, savollar berish va takliflar kiritish;

kiritilgan pay badalining miqdoridan qat’i nazar, kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida bir ovoz berish huquqidan foydalanish;

kooperativ faoliyatida ishtirok etish, kooperativ boshqaruvi a’zolarini, kooperativ boshqaruvi raisini yoki kooperativ kuzatuv kengashi a’zolarini saylash va kooperativ a’zoligiga saylanish, kooperativ boshqaruvi raisi yoki kooperativ kuzatuv kengashining a’zosi etib saylanish, ijrochi direktor lavozimiga nomzodni ilgari surish;

kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish to‘g‘risida taklif kiritish;

kooperativ boshqaruvining bir yil davomidagi faoliyati to‘g‘risidagi xulosa bilan, shuningdek yillik moliyaviy hisoboti hamda kooperativ kuzatuv kengashining faoliyati haqidagi xulosa va moliyaviy hisobot bilan ular kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida muhokama qilinguniga qadar tanishib chiqish;

kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining bayonnomasi bilan tanishib chiqish;

kooperativ boshqaruvidan ushbu Qonunda va kooperativ ustavida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishini talab qilish;

kooperativning moliyaviy holati, faoliyati va uning boshqaruvi to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni olish;

kooperativ xizmatlaridan foydalanish;

kooperativ yillik sof foydasining kooperativ a’zolari o‘rtasida taqsimlangan qismidan dividendlar olish;

agar kooperativ ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, boshqa kooperativga a’zo bo‘lib kirish yoki yuridik shaxsning paychisi bo‘lish;

o‘z xohishiga ko‘ra kooperativ a’zoligidan chiqish va kiritilgan payni olish;

kooperativ tugatilganidan keyin kooperativning mol-mulkini sotishdan olingan ulushni olish.

Kooperativ a’zosi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Kooperativ a’zosi:

kooperativ ustaviga rioya etishi, kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi qarorlarini bajarishi;

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ishtirok etishi;

kooperativning tadbirkorlik faoliyatida faol ishtirok etishi;

kooperativ ustavida belgilangan miqdorda va tartibda pay badalini kiritishi;

kooperativ va kooperativning boshqa a’zolari bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra o‘z majburiyatlarini bajarishi;

boshqa kooperativ a’zoligiga kirgan taqdirda, bu haqda o‘zi a’zo bo‘lgan kooperativ boshqaruvini xabardor qilishi shart.

Kooperativ a’zosining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

17-modda. Kooperativga a’zolikni tugatish

Kooperativga a’zolik quyidagi hollarda joriy moliya yili tamomlanganidan keyin tugatiladi:

kooperativ a’zosi kooperativ a’zoligidan chiqish to‘g‘risidagi arizaga asosan kooperativ a’zoligidan chiqqanda;

kooperativ a’zosi bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etganda;

sudning jismoniy shaxs bo‘lgan kooperativ a’zosini bedarak yo‘qolgan deb topish yoki vafot etgan yoxud muomalaga layoqatsiz deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qarori kuchga kirganda;

kooperativ a’zosi bo‘lgan yuridik shaxs tugatilganda;

kooperativ a’zosi davlat fuqarolik xizmatiga kirganda;

kooperativ a’zosi o‘z payini mazkur kooperativning boshqa a’zosiga to‘liq hajmda o‘tkazganda — kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran;

kooperativ a’zoligidan chiqarilganda.

Kooperativning har bir a’zosi ushbu Qonunda va kooperativ ustavida belgilangan tartibda kooperativ a’zoligidan ixtiyoriy ravishda chiqish huquqiga ega.

Kooperativ a’zosi kooperativ boshqaruviga yozma ariza bergan holda kooperativ a’zoligidan chiqishi mumkin. Kooperativ a’zoligidan chiqish to‘g‘risidagi ariza, agar kooperativ ustavida boshqa muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa, kooperativning joriy moliya yili tugaguniga qadar uch oydan kechiktirmay berilishi kerak.

Kooperativ a’zoligidan chiqish istagini bildirgan yoki kooperativ a’zoligidan chiqarilgan kooperativ a’zosi, agar kooperativ ustavida payning o‘tkazilishi taqiqlanmagan bo‘lsa, o‘zining payini to‘liq hajmda ushbu kooperativning boshqa a’zosiga istalgan vaqtda o‘tkazish huquqiga ega. Bu holda taraflar o‘rtasida yozma kelishuv imzolanib, bu haqda kooperativ boshqaruvi yozma shaklda xabardor qilinadi.

Agar kooperativ ustavida kooperativ a’zosi payining eng ko‘p miqdori belgilangan bo‘lsa, kooperativ a’zosi payining umumiy miqdori ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan tartibda kooperativning boshqa a’zosi tomonidan o‘tkazilgan pay bilan birga kooperativ a’zosi payining belgilangan eng ko‘p miqdoridan oshib ketmasligi kerak.

Kooperativ a’zosi bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda, payga doir huquq uning merosxo‘rlariga o‘tadi.

Agar merosxo‘rlar soni ikki nafar yoki undan ortiq merosxo‘rlarni tashkil etsa, barcha merosxo‘rlar o‘zini kooperativ a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi masala hal etilguniga qadar kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida faqat bitta ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi.

Agar kooperativ ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, merosxo‘rni kooperativ a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi masala ushbu Qonunning 14-moddasiga muvofiq ko‘rib chiqiladi.

Agar vafot etgan a’zoning merosxo‘ri kooperativ a’zoligiga qabul qilinmasa, unga vafot etgan kooperativ a’zosi payining qiymati to‘lanishi kerak.

18-modda. Kooperativ a’zoligidan chiqarish

Kooperativ a’zosi quyidagi hollarda kooperativ a’zoligidan joriy moliya yili tugashi bilan chiqarilishi mumkin:

kooperativ ustavida nazarda tutilgan majburiyatlarni kooperativ boshqaruvining yozma ogohlantirishlariga qaramay, uzrli sabablarsiz muntazam ravishda (ikki va undan ko‘p marotaba) bajarmaganda;

kooperativ ustavida nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilmaganligi sababli kooperativga zarar yetkazilganda;

boshqa kooperativga a’zo bo‘lib kirganda, agar bu kooperativ ustavida taqiqlangan bo‘lsa;

u tomonidan boshqa kooperativ tuzilganda, agar bu kooperativ ustavida taqiqlangan bo‘lsa.

Kooperativ ustavida kooperativ a’zoligidan chiqarishning qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa asoslari nazarda tutilishi mumkin.

Kooperativ a’zoligidan chiqarish to‘g‘risidagi masala kooperativ boshqaruvi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Kooperativ boshqaruvining kooperativ a’zosini kooperativ a’zoligidan chiqarish to‘g‘risidagi taklifi tegishli qaror qabul qiladigan kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.

Kooperativ boshqaruvi kooperativ a’zoligidan chiqarilayotgan kooperativ a’zosini kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi o‘tkazilishi to‘g‘risida kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin xabardor qilishi va xabarnomada uni kooperativ a’zoligidan chiqarish asoslarini ko‘rsatishi kerak.

Kooperativ a’zosini kooperativ a’zoligidan chiqarish to‘g‘risidagi masala kooperativ boshqaruvining taklifiga ko‘ra kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida kooperativ a’zoligidan chiqarilayotgan shaxs ishtirokida ko‘rib chiqiladi va hal qilinadi. Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida kooperativ a’zoligidan chiqarilayotgan kooperativ a’zosiga uning kooperativ a’zoligidan chiqarilishi yuzasidan o‘z fikrini bildirish huquqi beriladi.

Kooperativdan chiqarilayotgan, tegishli tarzda xabardor qilingan shaxs uni kooperativdan chiqarish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishiga ketma-ket ikki martadan ziyod kelmagan taqdirda, mazkur masala kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida kooperativdan chiqarilayotgan shaxsning ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin.

Kooperativ a’zoligidan chiqarilgan shaxs kooperativ a’zoligidan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ishtirok etish huquqini yo‘qotadi, shuningdek kooperativ boshqaruvi yoki kooperativ kuzatuv kengashi a’zosining yoxud kooperativ boshqaruvi raisining majburiyatlaridan ozod etiladi (agar kooperativ a’zoligidan chiqarilgan shaxs bu majburiyatlarni bajargan bo‘lsa).

Kooperativ a’zoligidan chiqarilgan shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.

Kooperativga a’zolikni tugatish kooperativ boshqaruvining kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan kooperativ a’zoligidan chiqarish to‘g‘risidagi taklifi tasdiqlangan paytdan e’tiboran haqiqiy hisoblanadi.

Kooperativ a’zoligidan chiqarilgan kooperativ a’zosi payni olib ketishi mumkin yoki unga payning qiymati ushbu Qonunning 19-moddasiga muvofiq to‘lanishi mumkin.

19-modda. Kooperativga a’zoligi tugatilgan shaxsga payni qaytarish

Kooperativga a’zoligi tugatilgan shaxsga payning qiymati, shuningdek kooperativ ustavida nazarda tutilgan to‘lovlar moliyaviy hisobot yilining yakunlariga ko‘ra kooperativning yillik balansi kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanganidan keyin olti oy ichida to‘lanishi kerak.

Kooperativga a’zoligi tugatilgan shaxsga boshqa to‘lovlar (agar kooperativ ustavida bunday to‘lovlar nazarda tutilgan bo‘lsa) amalga oshirilishi mumkin. Kooperativga a’zoligi tugatilgan shaxs kooperativning zaxira jamg‘armasidan yoki boshqa aktivlari hisobidan to‘lash to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilish huquqiga ega emas.

Kooperativga a’zoligi tugatilgan shaxs o‘z payini to‘liq hajmda kooperativning boshqa a’zosiga o‘tkazgan taqdirda, kooperativga a’zoligi tugatilgan shaxsga kooperativ hech qanday to‘lovlarni amalga oshirmaydi.

Kooperativga a’zoligi tugatilgan shaxsning kooperativdagi qarzlarini kooperativ uning yakuniy to‘lovlaridan ushlab qoladi.

Kooperativga a’zoligi tugatilgan shaxsga payning qiymati uning ixtiyoriga ko‘ra natura shaklida to‘lanishi yoki u pay badali sifatida kiritgan mol-mulk qaytarib berilishi mumkin.

Kooperativ a’zosi vafot etgan taqdirda, uning payi qiymati va kooperativ ustavida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar merosxo‘rga to‘liq hajmda to‘lanadi.

Agar kooperativ kooperativga a’zolikni tugatish to‘g‘risidagi qaror kuchga kirguniga qadar ushbu Qonunning 51-moddasida nazarda tutilgan tartibda tugatilgan yoki kooperativga a’zolik tugatilganidan keyin olti oy ichida tugatilgan bo‘lsa, kooperativga a’zolikni tugatish amalga oshirilmagan deb hisoblanadi.

4-bob. Kooperativni boshqarish

20-modda. Kooperativning boshqaruv organlari

Kooperativning boshqaruv organlari quyidagilardan iborat:

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi — kooperativning yuqori boshqaruv organi;

kooperativning boshqaruvi — kooperativning ijro etuvchi organi;

kooperativning kuzatuv kengashi — kooperativning nazorat qiluvchi organi.

Ikki yuz nafardan ortiq kooperativ a’zolaridan iborat bo‘lgan kooperativda kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi, agar bu kooperativ ustavida nazarda tutilgan bo‘lsa, vakillar yig‘ilishi shaklida o‘tkazilishi mumkin.

Agar kooperativ a’zolarining soni yigirma bir nafardan ko‘p bo‘lmasa, kooperativ ustavida kooperativning kuzatuv kengashi saylanmasligi va uning vakolatlarini kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi amalga oshirishi nazarda tutilishi mumkin. Mazkur qoida qo‘shma kooperativga nisbatan, agar uning a’zolari soni o‘n nafardan oshmasa, qo‘llaniladi.

Agar kooperativ a’zolarining soni yigirma bir nafardan iborat bo‘lsa, kooperativning kuzatuv kengashi majburiy tartibda tashkil etiladi. Mazkur qoida qo‘shma kooperativga nisbatan, agar uning a’zolari soni o‘n nafardan oshsa, qo‘llaniladi.

Qo‘shma kooperativ a’zolarining soni qo‘shma kooperativning uch nafar a’zosidan oshmagan hollarda, qo‘shma kooperativ boshqaruvi tashkil etilmasligi va uning vakolatlarini qo‘shma kooperativ raisi amalga oshirishi mumkin, agar bu qo‘shma kooperativ ustavida nazarda tutilgan bo‘lsa.

Kooperativ boshqaruvi organlarining vakolatlari, tuzilishi va ularning ishini tashkil etish tartibi, shu jumladan kooperativ boshqaruvi a’zolarini, kooperativ boshqaruvi raisini hamda kooperativning kuzatuv kengashi a’zolarini saylash hamda lavozimidan ozod etish tartibi, shuningdek kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini yoki vakillar yig‘ilishini chaqirish va o‘tkazish tartibi ushbu Qonunda hamda kooperativ ustavida belgilanadi.

21-modda. Kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining vakolatlari

Quyidagi masalalarni ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha qarorlar qabul qilish kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining mutlaq vakolatlari jumlasiga kiradi:

kooperativ faoliyatining asosiy maqsadlarini belgilash;

kooperativ ustaviga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish, kooperativ ustavini yangi tahrirda tasdiqlash;

kooperativ boshqaruvi a’zolarini, kooperativ boshqaruvi raisini va kooperativ kuzatuv kengashi a’zolarini saylash hamda lavozimidan ozod etish, shuningdek ularning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish;

kooperativ boshqaruvining, kooperativ boshqaruvi raisining hamda kooperativ kuzatuv kengashining qarorlarini kooperativ ustavida nazarda tutilgan tartibda bekor qilish;

auditorlik tashkilotini belgilash, auditorlik xulosasini muhokama qilish;

kooperativ boshqaruvining va kooperativ kuzatuv kengashining hisobotlarini tasdiqlash, shuningdek tegishli moliya yili uchun yillik balansni qabul qilish, bunda kooperativ boshqaruvi kooperativ a’zolarini tanishtirish uchun hisobotlarni va yillik balansni kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi o‘tkazilishidan kamida bir hafta oldin taqdim etadi;

kooperativning yillik kamomadini qoplash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;

kooperativning rivojlanish dasturlarini, operativ, moliyaviy va boshqa rejalarini, daromadlar va xarajatlarning prognoz ko‘rsatkichlarini tasdiqlash;

ushbu Qonunning 37-moddasiga muvofiq yillik sof foydadan foydalanish, shu jumladan uni kooperativ a’zolari o‘rtasida taqsimlash va kooperativning zaxira, bo‘linmas va boshqa jamg‘armalariga ajratmalar qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;

kooperativ a’zolarining pay badallari va boshqa to‘lovlarining turlari, miqdorlarini hamda ularni kiritish tartibini belgilash, shuningdek kooperativdagi a’zoligi tugatilayotgan shaxslarga ushbu to‘lovlarni to‘lash tartibini belgilash;

kooperativning jamg‘armalari turlarini, kooperativning zaxira, bo‘linmas hamda boshqa jamg‘armalari miqdorlarini, shuningdek ularni shakllantirish va ulardan foydalanish shartlarini belgilash;

kooperativning har yilgi zararlarini kompensatsiya qilish;

kooperativning asosiy vositalarini sotib olish va boshqa shaxslarga berish, shuningdek bitimlar hamda kelishuvlarni bajarish;

boshqa kooperativlarga, jamiyatlarga, uyushmalarga, boshqa tashkilotlarga kooperativning a’zo bo‘lishi hamda ulardan chiqishi;

kooperativning vakolatxonalarini va filiallarini tashkil etish hamda tugatish;

kooperativ a’zoligiga qabul qilish, kooperativdagi a’zolikni tugatish;

kooperativga investitsiya kirituvchi a’zolar to‘g‘risidagi, shuningdek ularni kooperativ a’zoligiga qabul qilish va ularning kooperativga a’zoligini tugatish to‘g‘risidagi qoidalarni tasdiqlash;

kooperativ boshqaruvi a’zolarining va kooperativ boshqaruvi raisining oylik ish haqi miqdorlarini belgilash, kooperativ kuzatuv kengashi a’zolari xarajatlarini kompensatsiya qilish shartlarini belgilash;

kooperativ boshqaruvi a’zolarining, kooperativ boshqaruvi raisining, kooperativ kuzatuv kengashi a’zolarining javobgarligi choralari to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;

kooperativ boshqaruvi a’zolaridan, kooperativ boshqaruvi raisidan, kooperativ kuzatuv kengashi a’zolaridan ularning qonunga xilof faoliyati natijasida yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya undirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;

kooperativ a’zolarining kooperativ faoliyatida ishtirok etishini baholash mezonlarini tasdiqlash;

kooperativda mehnatga haq to‘lashga doir ichki tartib-qoidalarni, boshqa ichki hujjatlarni tasdiqlash hamda ularga o‘zgartirishlar kiritish;

kooperativni qayta tashkil etish va tugatish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish.

Kooperativ ustavida kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmagan o‘zga vakolatlari ham nazarda tutilishi mumkin.

Kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining mutlaq vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish huquqi kooperativ boshqaruvi raisiga, kooperativ boshqaruviga yoki kooperativ kuzatuv kengashiga berilishi mumkin emas.

22-modda. Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini chaqirish

Kooperativ a’zolarining birinchi umumiy yig‘ilishi imkon qadar qisqa muddatda, lekin kooperativ davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin uch oydan kechiktirmay chaqiriladi.

Kooperativ a’zolarining yillik umumiy yig‘ilishi kooperativning moliya yili tugaganidan keyin uch oydan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak. Kooperativ a’zolarining yillik umumiy yig‘ilishidan tashqari, kooperativ ustavida nazarda tutilgan hollarda kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishlari o‘tkazilishi mumkin.

Kooperativ a’zolarining yillik va navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishlari kooperativ boshqaruvi tomonidan chaqiriladi. Kooperativ boshqaruvi a’zolari lavozimlaridan ozod qilingan taqdirda, kooperativ a’zolarining yillik va navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishlarini chaqirish ushbu Qonunning 23-moddasida belgilangan tartibda kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Kooperativ a’zolari umumiy sonining kamida o‘ndan bir qismi talabiga ko‘ra chaqiriladigan kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining kun tartibiga aniq masalalarni kiritish haqidagi, shuningdek kooperativning har qanday a’zosi tashabbusi bilan qo‘shimcha masalalarni kiritish to‘g‘risidagi takliflar kooperativ boshqaruviga kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladigan sanadan o‘n besh kun oldin taqdim etilishi kerak.

Kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishlari kooperativ boshqaruvining tashabbusi bilan yoki kooperativ kuzatuv kengashining talabiga ko‘ra yoxud kooperativ a’zolari umumiy sonining kamida o‘ndan bir qismining talabiga ko‘ra chaqirilishi mumkin.

Agar navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish kooperativ a’zolari umumiy sonining kamida o‘ndan bir qismining talabiga ko‘ra vakillar yig‘ilishi shaklida o‘tkazilsa, kooperativning ushbu a’zolari yoki ularning vakillari yig‘ilishda so‘zga chiqish va takliflar kiritish huquqiga ega bo‘ladi.

Kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirishni talab qilgan kooperativning kuzatuv kengashi yoki kooperativ a’zolari navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishning taklif qilingan kun tartibini va uni o‘tkazish zarurligi asoslarini kooperativ boshqaruviga yozma shaklda taqdim etishi kerak. Bu holda kun tartibi tegishincha faqat kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirishni talab qilgan kooperativ kuzatuv kengashining yoki kooperativ a’zolarining roziligi bilan o‘zgartirilishi mumkin.

Kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish tashabbuskori bo‘lmagan kooperativning boshqaruv organi yoki kooperativ a’zolari navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish kun tartibiga kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish tashabbuskori bo‘lgan kooperativ boshqaruvi organining yoki kooperativ a’zolarining roziligisiz o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritish huquqiga ega emas.

Kooperativ boshqaruvining raisi va kooperativ boshqaruvining a’zolari lavozimidan ozod etilgan taqdirda, kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risidagi talabnoma qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida kooperativning kuzatuv kengashi ushbu yig‘ilishni o‘tkazish yoki uni o‘tkazishni rad etish haqida qaror qabul qilishi kerak.

Agar kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi kun tartibiga taklif etilayotgan masalalarni ko‘rib chiqish kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi vakolatlariga taalluqli bo‘lmasa yoxud qonunchilik hujjatlari talablariga yoki ushbu moddada ko‘rsatilgan talablarga javob bermasa, kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin.

Agar kooperativ boshqaruvi kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risidagi talabnoma olingan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida ushbu yig‘ilishni o‘tkazish haqida qaror qabul qilmasa yoki uni o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilsa yoxud ushbu yig‘ilishni o‘tkazish haqidagi qarorni ko‘rsatilgan muddatda bajarmasa yoxud kooperativ boshqaruvi a’zolari lavozimidan ozod etilsa, kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish huquqiga ega bo‘lgan kuzatuv kengashi yoki kooperativ a’zolari tomonidan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish chaqirilishi mumkin.

Kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirish huquqiga ega bo‘lgan kooperativ a’zolari tomonidan kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi chaqirilgan taqdirda kooperativ boshqaruvi kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish tashabbuskorlariga kooperativ a’zolarining ro‘yxatini va ularning manzillarini (pochta manzillarini) taqdim etishi kerak.

Agar yillik yoki oraliq moliya hisobotlarini tuzish chog‘ida yoki kooperativ faoliyatini o‘rganish davrida kooperativ zararining miqdori pay fondi yoki zaxira jamg‘armasi umumiy qiymatining ellik foizidan ortiqni tashkil etishi ma’lum bo‘lib qolsa, kooperativ boshqaruvi darhol kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqiradi va bu haqda kooperativ a’zolarini xabardor qiladi.

23-modda. Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini chaqirish tartibi

Kooperativ a’zolari turgan yeri (pochta manzili) haqida, shuningdek o‘z pochta manzili o‘zgarganligi to‘g‘risida kooperativ boshqaruviga yozma shaklda xabar qilishi shart.

Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini chaqirish, yig‘ilishning kun tartibi, u o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt to‘g‘risida kooperativ a’zolari kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilish o‘tkaziladigan sanadan kamida o‘ttiz kun oldin kooperativ boshqaruvi tomonidan yozma shaklda xabardor qilinishi kerak.

Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma kooperativ a’zosiga tilxat olib topshiriladi yoki xabarnoma olinganligini tasdiqlaydigan aloqa vositalaridan foydalangan holda yuboriladi.

Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi kun tartibiga kiritilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha masalalar moliya yili tugaganidan keyin o‘ttiz kundan kechiktirmay kooperativ boshqaruviga kiritilishi kerak.

Kooperativ boshqaruvi kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi kun tartibiga kiritilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha masalalarning ta’rifini o‘zgartirishga haqli emas.

24-modda. Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini o‘tkazish tartibi

Agar kooperativ ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi quyidagi hollarda vakolatli hisoblanadi:

agar kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan kooperativ a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan bo‘lsa;

agar kooperativ a’zolarining vakillar yig‘ilishi shaklida o‘tkaziladigan umumiy yig‘ilishida kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida saylangan vakillar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan bo‘lsa.

Kooperativ a’zolarining vakillar yig‘ilishi shaklida o‘tkaziladigan umumiy yig‘ilishida har bir vakil, o‘zini vakil qilgan kooperativ a’zolarining sonidan qat’i nazar, bitta ovozga ega bo‘ladi.

Qo‘shma kooperativ ustavida uning a’zolari bir nechta ovoz huquqiga ega bo‘lishi mumkinligi nazarda tutilishi, ularning soni kiritilgan pay badali miqdoridan yoki boshqa mezonlardan kelib chiqqan holda belgilanishi mumkin. Bunda qo‘shma kooperativ a’zosi huquqqa ega bo‘lgan ovozlarning eng ko‘p miqdori qo‘shma kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida taqdim etilgan ovozlarning o‘n foiziga teng bo‘lishi kerak.

Kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining qarorlari, agar ushbu Qonunda yoki kooperativ ustavida boshqa talablar nazarda tutilmagan bo‘lsa, ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.

Ushbu Qonun 21-moddasi birinchi qismining ikkinchi — sakkizinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan masalalar bo‘yicha qarorlar, agar kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ishtirok etayotgan kooperativ a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ularni yoqlab ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi.

Kooperativ ustavida qarorlar ovozlarning ko‘pchiligi bilan qabul qilinishi kerak bo‘lgan masalalarning kengaytirilgan ro‘yxati nazarda tutilishi va ushbu masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish uchun oshirilgan kvorum belgilanishi mumkin.

Agar kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ushbu moddaning beshinchi qismida ko‘rsatilgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish uchun zarur bo‘lgan ovozlar soni to‘planmagan bo‘lsa, qaror qabul qilish uchun kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini qaytadan chaqirish talab qilinadi. Bu holda, agar umumiy yig‘ilishda ishtirok etgan kooperativ a’zolarining kamida ellik bir foizi qarorlarni yoqlab ovoz bersa, ushbu masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilingan deb hisoblanadi.

Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini chaqirish uchun ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartib va muddatlar buzilgan taqdirda, kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi kun tartibiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishga haqli emas.

Kooperativ a’zosi kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida uni kooperativdagi lavozimidan ozod qilish haqida yoki kooperativ oldidagi majburiyatlaridan ozod qilish hamda unga nisbatan da’vo taqdim etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish chog‘ida ovoz berish huquqiga ega emas.

Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida yuridik shaxs bo‘lgan kooperativ a’zosi nomidan ushbu yuridik shaxsning vakolatli vakili ishonchnomasiz yoki uning boshqa xodimi ishonchnoma asosida ishtirok etishi mumkin.

Kooperativ a’zosi kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida kooperativning ishonchli vakil sifatida ish yurituvchi boshqa a’zosi orqali o‘z huquqlarini amalga oshirishi mumkin. Ishonchli vakil yozma shaklda tayinlanadi. Bir nafar ishonchli vakil kooperativning ikki nafardan ortiq a’zosi uchun vakil bo‘lishi mumkin emas. Kooperativ ustavida ishonchli vakilning vakilligiga doir boshqa shartlar ham nazarda tutilishi mumkin. Vakillar yig‘ilishida ishtirok etuvchi vakolatli vakil o‘z huquqlarini ishonchli vakilga topshirish huquqiga ega emas.

Kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining raisi va kotibi kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining a’zolari orasidan saylanadi. Kooperativ boshqaruvi raisi yoki kooperativ boshqaruvining yoki kooperativ kuzatuv kengashining a’zolari kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining raisi va kotibi etib saylanishi mumkin emas.

25-modda. Kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining bayonnomasi

Kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining bayonnomasida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi kerak:

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi o‘tkazilgan joy, sana va vaqt;

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabardor qilingan kooperativ a’zolarining, ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan a’zolarning va yig‘ilishda ishtirok etgan a’zolarning soni;

umumiy yig‘ilish vakillar yig‘ilishi shaklida o‘tkazilganda –saylangan vakillar soni va ushbu yig‘ilishda ishtirok etgan vakolatli vakillar soni;

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida kvorum mavjudligi yoki mavjud emasligi;

kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining kun tartibi;

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida so‘zga chiqqan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi hamda nutqining asosiy mazmuni;

kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining kun tartibidagi masalalar yuzasidan ovoz berish natijalari, qabul qilingan qarorlar.

Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi bayonnomasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

kooperativ boshqaruvning yoki kooperativ kuzatuv kengashining yoki kooperativ a’zolarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirish huquqiga ega bo‘lgan kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini chaqirish to‘g‘risidagi qarori;

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ishtirok etgan kooperativ a’zolarining ro‘yxati;

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi vakillar yig‘ilishi shaklida o‘tkazilgan taqdirda, saylangan va ishtirok etgan vakillar ro‘yxati;

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishiga taqdim etilgan vakolatli vakillik huquqiga doir ishonchnomalar;

umumiy yig‘ilishda taqdim etilgan kooperativ a’zolarining vakolatli vakillari saylanganligi to‘g‘risidagi bayonnomalar;

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi kun tartibiga doir taqdim etilgan hujjatlar;

ovoz berish chog‘ida tarqatilgan va ovoz berish uchun haqiqiy deb e’tirof etilgan byulletenlar;

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi bayonnomasiga qo‘shib qo‘yilishi to‘g‘risida talab bildirilgan bayonotlar, takliflar va alohida fikr-mulohazalar.

Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilish bayonnomasiga kooperativ ustavida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.

Bayonnoma kamida ikki nusxada tuziladi, yig‘ilishning kotibi, kuzatuv kengashining a’zolari tomonidan uch kunlik muddatda imzolanadi va yig‘ilish raisi tomonidan tasdiqlanadi.

Agar kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi bayonnomasini imzolashi lozim bo‘lgan shaxslardan biri uni imzolashni rad etsa, bayonnomada bu shaxsning rad etishi sabablari ko‘rsatilishi kerak.

Kooperativ boshqaruvida va kooperativning kuzatuv kengashida kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishi bayonnomasining bittadan nusxasi saqlanishi kerak.

Kooperativ boshqaruvi kooperativ a’zosining talabiga ko‘ra uni kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining bayonnomasi bilan tanishtirishi yoki unga yig‘ilish bayonnomasining tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini yoxud bayonnomadan ko‘chirma berishi shart, bundan kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan tijorat siri jumlasiga kiritilgan ma’lumotlar mustasno.

Agar kooperativ a’zolari kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi bayonnomasining ishonchsizligi yoki to‘liq emasligi to‘g‘risida arz qilgan bo‘lsa, ushbu arzlar kooperativ a’zolarining navbatdagi umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqilishi kerak.

26-modda. Kooperativ a’zolarining vakolatli vakillari yig‘ilishi

Kooperativ a’zolarining soni ikki yuz nafardan ortiq bo‘lgan kooperativning ustavida kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi saylanadigan vakillardan iborat bo‘lishi mumkinligi (bundan buyon matnda vakillar yig‘ilishi deb yuritiladi) nazarda tutilishi mumkin.

Kooperativ a’zosi yoki kooperativning a’zosi bo‘lgan yuridik shaxsning vakili hisoblangan jismoniy shaxs vakolatli vakil bo‘lishi mumkin.

Kooperativ boshqaruvi raisi va kooperativ boshqaruvi a’zolari, kooperativ kuzatuv kengashi a’zolari vakolatli vakil sifatida saylanishga haqli emas.

Vakillar yig‘ilishida kooperativ boshqaruvi raisi va kooperativ boshqaruvi a’zolari, kuzatuv kengashi a’zolari ovoz berish huquqisiz ishtirok etishi mumkin, biroq ular so‘zga chiqish va takliflar kiritish huquqiga ega bo‘ladi.

Ushbu Qonunda va kooperativ ustavida kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi to‘g‘risida belgilangan qoidalar vakillar yig‘ilishiga nisbatan ham tatbiq qilinadi.

Vakolatli vakillar kooperativ a’zolarining ish joyi yoki yashash joyi yoxud boshqa joylarda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri, teng huquqli va yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Vakolatli vakillarning vakolatlari muddati kooperativ ustavida belgilanadi. Kooperativ a’zolari ushbu Qonunning 23-moddasida belgilangan tartibda vakillar yig‘ilishining kun tartibi, u o‘tkaziladigan sana, joy va vaqt, vakolatli vakillarni saylash tartibi ko‘rsatilgan holda, vakolatli vakillar saylanishidan bir oy oldin yozma shaklda xabardor qilinishi kerak.

Vakolatli vakillarning soni tegishli moliya yilining oxiridagi kooperativ a’zolari sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bunda kooperativ ustavida bir vakolatli vakil bir necha kooperativ a’zosi nomidan vakillik qilishi mumkinligi, shuningdek har bir vakil ko‘pi bilan o‘n nafar kooperativ a’zosi nomidan vakillik qilishi mumkinligi nazarda tutilishi mumkin.

Vakolatli vakil saylanganligi uni saylagan yig‘ilish raisi va kotibi tomonidan imzolangan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Saylangan vakolatli vakillarning ro‘yxati ular saylanganidan keyin ikki haftadan kechiktirmay kooperativ idorasida kooperativning a’zolari tanishib chiqishi uchun e’lon qilinadi. Kooperativning har bir a’zosiga uning talabiga ko‘ra ro‘yxatning ko‘chirma nusxasi taqdim etiladi.

Vakolatli vakillarni saylash tartibi to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar kooperativ boshqaruvi va kuzatuv kengashi bir vaqtda qabul qilgan qarorlarga asosan vakillarni saylash qoidalarida ko‘rsatiladi. Vakolatli vakillarni saylash qoidalari kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Vakolatli vakillar o‘z vakolatlarini kooperativning boshqa a’zolariga ishonchli vakil yoki vakolatli vakil sifatida berishi mumkin emas.

27-modda. Kooperativ boshqaruvi

Kooperativ boshqaruvi kooperativning ijro etuvchi organidir.

Kooperativ boshqaruvining raisi kooperativ boshqaruvi a’zolari orasidan saylanadi va kooperativ boshqaruvining majlislarida raislik qiladi.

Kooperativ boshqaruvi kooperativ boshqaruvining raisidan va kooperativ boshqaruvining juft sonli a’zolaridan iborat bo‘ladi.

Kooperativ boshqaruvi raisi va uning a’zolari uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga saylanadi. Kooperativ ustavida kooperativ boshqaruvi raisi va uning a’zolari iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, boshqaruv sohasida va boshqa sohalarda yuqori malakaga, shuningdek ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lishi kerakligi haqidagi qoida belgilab qo‘yilishi mumkin.

Kooperativ boshqaruvi raisi yoki kooperativ boshqaruvi a’zolari kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi qaroriga asosan istalgan vaqtda lavozimidan ozod etilishi mumkin.

Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini chaqirish huquqiga ega bo‘lgan, kooperativ boshqaruvi raisini yoki kooperativ boshqaruvi a’zosini muddatidan ilgari vazifasidan ozod etish to‘g‘risidagi masalani kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining kun tartibiga kiritishni taklif qilgan kooperativ a’zolari o‘z takliflarini va asoslarini yozma shaklda taqdim etishi kerak.

Kooperativ boshqaruvi raisini yoki kooperativ boshqaruvi a’zosini muddatidan ilgari lavozimidan ozod etish uchun asos bo‘lgan auditorlik xulosasi kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida e’lon qilinishi kerak.

Kooperativ boshqaruvi kooperativ ustavi hamda kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlangan kooperativ boshqaruvi to‘g‘risidagi nizom asosida tashkil etiladi va faoliyatini amalga oshiradi. Kooperativ boshqaruvi to‘g‘risidagi nizomda kooperativ boshqaruvi a’zolarining funksional vazifalari, kooperativ boshqaruvi majlislarini chaqirish va o‘tkazish, qarorlar qabul qilish va kooperativ boshqaruvi majlisining bayonnomasini tuzish tartibi belgilanishi kerak.

Kooperativ boshqaruvining qarorlari har ikki oyda kamida bir marta o‘tkaziladigan boshqaruv majlislarida qabul qilinadi.

Kooperativ boshqaruvining majlisida har bir masala ko‘pchilik ovoz bilan hal qilinadi, bunda boshqaruvning har bir a’zosi bir ovozga ega bo‘ladi.

Kooperativ ustavida kooperativ boshqaruvining a’zolari o‘z vazifalarini bajarishi chog‘ida haq va (yoki) xarajatlari uchun kompensatsiya olishi yoki olmasligi ko‘rsatilishi kerak. Agar ushbu a’zolar haq va (yoki) kompensatsiya olsa, ularni moliyalashtirish manbalari kooperativning ustavida ko‘rsatilishi kerak.

Kooperativ boshqaruvi a’zolari o‘z vakolatlarini boshqa shaxslarga berishi mumkin emas.

28-modda. Kooperativ boshqaruvining vakolatlari

Kooperativ boshqaruvining vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

kooperativning faoliyati samaradorligini oshirish va kooperativ ustavida nazarda tutilgan qoidalar asosida, kooperativ manfaatlarini inobatga olgan holda kooperativni boshqarish;

kooperativ nomidan harakatlarni bajarish va uning nomidan shartnomalar tuzish;

kooperativning buxgalteriya hisobi holatini kuzatib turish, inventarizatsiya o‘tkazish, yillik hisobotni va yillik balansni tuzish, ularni kooperativ kuzatuv kengashiga taqdim etish hamda ularni kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi muhokamasiga qo‘yish;

yillik hisobotni yoki yillik balansni tayyorlash chog‘ida kooperativda zararlar aniqlanganligi yoki ularning o‘rnini zaxira manbalar hisobidan qoplash zarurati yuzaga kelganligi to‘g‘risidagi axborotni kooperativ a’zolariga ma’lum qilish;

kooperativda aniqlangan zararlarning o‘rnini qoplash uchun zaxira jamg‘arma mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda, kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini chaqirish va ushbu masalani muhokama qilish;

kooperativga a’zo bo‘lish va kooperativga a’zolikni tugatish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish, ko‘rib chiqish va ushbu masalalar yuzasidan kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi ko‘rib chiqishi uchun takliflar kiritish;

kooperativ a’zolarini kooperativ a’zoligidan chiqarish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish va kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishiga ushbu masala bo‘yicha takliflar kiritish;

kooperativga a’zolik tugatilganda qaytarilishi lozim bo‘lgan payning miqdorini va shaklini belgilash;

kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining kun tartibini shakllantirish va uni chaqirish;

kooperativning kuzatuv kengashi bilan birgalikda yillik sof foydaning miqdorini tasdiqlash, kooperativning yillik sof foydasini taqsimlash va zararlarining o‘rnini qoplash to‘g‘risida takliflar kiritish;

kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining vakolatlari jumlasiga kiritilmagan bitimlarni bajarish;

kooperativning kuzatuv kengashi bilan birgalikda moliya-xo‘jalik faoliyati auditi natijalari to‘g‘risidagi auditorlik xulosasini ko‘rib chiqish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralar belgilash;

kooperativ a’zolarining pul shaklida bo‘lmagan pay badallarining, shu jumladan mulkiy paylarning, mol-mulkning yoki mulkiy huquqlarning pulda ifodalangan qiymatini tasdiqlash;

ushbu Qonunga, kooperativ ustaviga va tegishli qonunchilik hujjatlariga muvofiq kooperativda ishlarni tashkil etish, rejalashtirish va hujjatlarni hamda hisobotlarni, shuningdek kooperativ a’zolarining reyestrini yuritish tartibi va qoidalariga rioya etilishini ta’minlash.

Kooperativ boshqaruvining vakolatlari jumlasiga ushbu Qonunda, kooperativ ustavida, kooperativ boshqaruvi to‘g‘risidagi nizomda yoki kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi qarorlarida nazarda tutilgan boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.

29-modda. Kooperativ boshqaruvi raisining vakolatlari

Kooperativ boshqaruvi raisining vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

kooperativ boshqaruvining majlislarida raislik qilish;

kooperativ boshqaruvi nomidan qabul qilingan qarorlarni va kooperativ boshqaruvi majlislarining bayonnomalarini imzolash, agar kooperativ ustavida yoki kooperativ boshqaruvi to‘g‘risidagi nizomda qarorlar va bayonnomalar kooperativ boshqaruvining boshqa a’zolari tomonidan imzolanishi nazarda tutilmagan bo‘lsa;

vakolatli vakillar uchun kooperativ nomidan ishonchnomalarni imzolash;

kooperativ boshqaruvining taklifiga asosan ijrochi direktorni tayinlash va u bilan mehnat shartnomasini tuzish;

ushbu organlarning vakolatlariga kiruvchi masalalarga doir ishlarni kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining, kooperativ kuzatuv kengashining va kooperativ boshqaruvining qarorlari asosida ishonchnomasiz yuritish.

Kooperativ boshqaruvning raisi qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

30-modda. Kooperativning kuzatuv kengashi

Kooperativning kuzatuv kengashi ushbu Qonunning 20-moddasiga muvofiq tashkil etiladi hamda toq sondan va kooperativning kamida uch nafar a’zosidan iborat bo‘ladi.

Kooperativ kuzatuv kengashi a’zolari kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan kooperativ a’zolari orasidan kamida uch yil muddatga saylanadi.

Kooperativ kuzatuv kengashining a’zosi bir vaqtning o‘zida kooperativ boshqaruvining a’zosi, kooperativ raisi yoki ijrochi direktori bo‘lishi mumkin emas.

O‘z lavozimidan ozod bo‘lish xohishini bildirgan kooperativ boshqaruvining a’zolari yoki boshqaruv raisi kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining qaroriga ko‘ra o‘z lavozimidan ozod etilmaguniga qadar kooperativning kuzatuv kengashiga saylanishi mumkin emas.

Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida kuzatuv kengashiga saylov yoki qo‘shimcha saylov o‘tkazilganda kooperativ boshqaruvi a’zolari va kooperativ boshqaruvi raisi o‘z nomzodlarini taklif etishi mumkin emas.

Kooperativ kuzatuv kengashining a’zosi o‘z vakolatlari muddati tugashidan oldin kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining qaroriga ko‘ra lavozimidan ozod etilishi mumkin. Ushbu qaror kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ishtirok etgan kooperativ a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Kooperativ kuzatuv kengashining a’zolari o‘z tarkibidan kuzatuv kengashi raisini saylaydi va rasmiylashtirilgan bayonnomani kooperativ boshqaruviga rasmiy tarzda taqdim etadi.

Kooperativ kuzatuv kengashi raisining vazifalari jumlasiga kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan tasdiqlangan kooperativning kuzatuv kengashi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq kuzatuv kengashining majlislarini tayyorlash, chaqirish, ularda raislik qilish hamda kuzatuv kengashining faoliyatini tashkil etish kiradi.

Kooperativ kuzatuv kengashining qarorlari kuzatuv kengashining har uch oyda kamida bir marta o‘tkaziladigan majlislarida qabul qilinadi.

Kooperativ kuzatuv kengashining majlisi, agar unda a’zolarning uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi. Kuzatuv kengashining majlisida har bir qaror majlisda ishtirok etayotgan a’zolarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Bunda kuzatuv kengashining har bir a’zosi bir ovozga ega bo‘ladi. Kuzatuv kengashi majlisining bayonnomasi majlisda ishtirok etgan kuzatuv kengashi a’zolari tomonidan imzolanadi.

Kooperativ a’zosining kooperativ kuzatuv kengashi a’zosi sifatidagi faoliyati oylik ish haqi to‘lanmagan holda jamoatchilik asosida amalga oshiriladi. Kooperativ kuzatuv kengashi a’zosining o‘z vakolatlarini amalga oshirish chog‘ida qilgan xarajatlari kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining qaroriga muvofiq kompensatsiya qilinadi.

31-modda. Kooperativ kuzatuv kengashining vakolatlari

Kooperativ kuzatuv kengashining vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

kooperativ boshqaruvining va uning raisining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;

kooperativ boshqaruvidan kooperativ faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar, hisobotlar va hujjatlarni olish, shuningdek hisob-kitob varaqlari va yozuvlar bilan tanishish;

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishiga kooperativ boshqaruvi tomonidan taqdim etilgan yillik hisobotni, yillik sof foydani taqsimlash va yillik kamomadning o‘rnini qoplash bo‘yicha takliflarni o‘rganish, yillik buxgalteriya balansini va hisobotlarni tasdiqlashdan oldin kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishiga tekshirish natijalarini taqdim etish;

kuzatuv kengashining ayrim a’zolariga aniq va vaqtinchalik vazifalarni bajarishni o‘z vakolatlari doirasida topshirish;

yillik balans tasdiqlanguniga qadar, auditorlik tekshiruvi natijalari to‘g‘risida hisobot va kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi oldidan kooperativ faoliyati haqida hisobot tayyorlash;

agar kooperativning manfaatlari uchun zarur bo‘lsa, kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini chaqirish;

kooperativ boshqaruvi a’zolarining yoki raisining vakolatlarini o‘z tashabbusi bilan to‘xtatib turish, kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan ushbu masala bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar kooperativ faoliyatini davom ettirish uchun zarur choralarni ko‘rish;

kooperativ boshqaruvining a’zolari yoki kooperativ boshqaruvi raisi bilan shartnomalar tuzish chog‘ida, shuningdek kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan kooperativ boshqaruvi a’zolariga yoki kooperativ boshqaruvi raisiga nisbatan choralar ko‘rish chog‘ida kooperativ nomidan ish yuritish;

kooperativ boshqaruvi a’zolariga yoki kooperativ boshqaruvi raisiga beriladigan kreditlarni kooperativ ustavida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq tasdiqlash.

Kooperativning kuzatuv kengashi qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Kooperativ kuzatuv kengashining a’zolari o‘z vakolatlarini boshqa shaxslarga berishga haqli emas.

32-modda. Kooperativ boshqaruvi raisining, kooperativ boshqaruvi hamda kooperativ kuzatuv kengashi a’zolarining majburiyatlari va javobgarligi

Kooperativ boshqaruvi raisi, kooperativ boshqaruvining va kooperativ kuzatuv kengashining a’zolari o‘z faoliyatini ushbu Qonunda va kooperativ ustavida belgilangan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshirishi shart.

Kooperativ boshqaruvi raisi, kooperativ boshqaruvining va kuzatuv kengashining a’zolari o‘z vakolatlarini amalga oshirish jarayonida o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan xizmat va (yoki) tijorat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarning maxfiyligini saqlashi shart.

Kooperativ boshqaruvi raisi, kooperativ boshqaruvining va kooperativ kuzatuv kengashining a’zolari ushbu Qonun hamda kooperativ ustavi talablarini buzganligi, shuningdek o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida kooperativga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun tegishli sud qarori asosida solidar hamda yakka tartibda javobgar bo‘ladi.

Kooperativ boshqaruvi raisi va kooperativ boshqaruvining a’zolari kooperativ a’zosiga pay, dividendlar yoki foydadan ulush to‘lashni amalga oshirishning, aktivlarni boshqa shaxsga berishning yoki taqsimlashning, to‘lovga qobiliyatsizlik holati boshlanganidan keyin to‘lovlarni amalga oshirishning, ruxsatsiz kredit berishning ushbu Qonunga yoki kooperativ ustaviga zid bo‘lgan usullarini qo‘llash chog‘ida yoxud boshqacha tarzda yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi.

Kooperativ boshqaruvi raisi, kooperativ boshqaruvining va kuzatuv kengashining a’zolari kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining qarori asosida amalga oshirilgan faoliyat natijasida kooperativga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lmaydi.

Kooperativ boshqaruvi raisining va a’zolarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

33-modda. Kooperativ boshqaruvi organlarining qarorlari va kooperativ mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish

Kooperativ a’zolari kooperativ boshqaruvi organlarining, shu jumladan mansabdor shaxslarining ushbu Qonun va kooperativ ustavi talablarini, shuningdek kooperativ a’zolarining huquqlari va (yoki) qonuniy manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.

5-bob. Kooperativning kapitali, pay badallari, zaxira jamg‘armasi

34-modda. Kooperativning o‘z kapitalini shakllantirish manbalari

Kooperativning o‘z kapitali quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

kooperativ a’zolarining ushbu Qonunda va kooperativ ustavida nazarda tutilgan majburiy pay badallari va qo‘shimcha pay badallari;

investitsiya kirituvchi kooperativ a’zolarining majburiy pay badallari va qo‘shimcha pay badallari;

kooperativ faoliyati natijasida olingan yillik sof foydaning kooperativning zaxira, bo‘linmas va boshqa jamg‘armalariga ajratilishi kerak bo‘lgan qismi;

kooperativ ustaviga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq kooperativ o‘z kapitalining boshqa manbalari.

Kooperativ kooperativning a’zolari tomonidan o‘ziga pay badallari sifatida berilgan, shuningdek o‘z faoliyati jarayonida ishlab chiqarilgan va sotib olingan mol-mulkning mulkdoridir.

35-modda. Kooperativ a’zolarining pay badallari va paylari

Kooperativ a’zolarining pay badallari majburiy va qo‘shimcha pay badallari tarzida kiritiladi.

Kooperativning majburiy pay badali kooperativning har bir a’zosi uchun teng miqdorlarda belgilanadi.

Kooperativ a’zolarining qo‘shimcha pay badallarini kiritish majburiyatining mavjudligi yoki mavjud emasligi kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining qarori bilan belgilanadi. Bunda majburiy pay badalini to‘liq hajmda to‘lagan hamda kooperativ a’zoligiga kirgan davri olti oydan kam bo‘lmagan kooperativ a’zolariga qo‘shimcha pay badalini kiritishga ruxsat beriladi.

Kooperativ ustavida qo‘shimcha pay badalining miqdoriga nisbatan cheklovlar va qo‘shimcha shartlar belgilanishi mumkin.

Kooperativ har bir a’zosi umumiy pay qiymatining miqdori majburiy va qo‘shimcha pay badallarining umumiy qiymatiga tengdir.

Umumiy pay qiymatining miqdori yillik sof foydadan kooperativning zaxira jamg‘armasiga chegirma qilingan mablag‘lar hisobiga ko‘payib borishi yoki yil yakunlariga ko‘ra yuzaga kelgan zarar hisobiga kamayib borishi mumkin.

Kooperativ bir a’zosi umumiy pay qiymatining miqdori kooperativ pay fondi miqdorining yigirma foizidan oshmasligi kerak.

Qo‘shma kooperativ bir a’zosi umumiy pay qiymatining miqdori qo‘shma kooperativ pay fondining qirq foizidan oshmasligi kerak.

Kooperativ a’zolari tomonidan kiritiladigan majburiy va qo‘shimcha pay badallarining hisobi ularning puldagi ifodasida yuritiladi. Kooperativ tomonidan kooperativ a’zosiga majburiy va qo‘shimcha badallarni kiritishi uchun kreditlar berilishi mumkin emas.

Kooperativga a’zo bo‘lib kirgan shaxs pay badali hisobiga mulkiy ulushlarni va boshqa mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni kiritgan taqdirda pay badalining puldagi qiymati kooperativ boshqaruvi tomonidan baholanadi hamda kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida tasdiqlanadi. Kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining qaroriga ko‘ra pay badalining puldagi qiymati mustaqil baholovchi (baholovchi tashkilot) tomonidan baholanishi mumkin.

Baholangan pay badali qiymatining majburiy pay badalidan oshgan qismi kooperativ a’zosining roziligi bilan uning qo‘shimcha pay badali hisobiga o‘tkazilishi mumkin.

Bittadan ortiq qo‘shimcha pay badali kiritgan kooperativ a’zosi o‘zining bir yoki bir nechta qo‘shimcha pay badalini qaytarib olishi mumkin. Bunda pay badallarini qaytarib olish moliya yilining oxirida amalga oshiriladi, bu kooperativ a’zosining zimmasiga o‘zining pay badalini qaytarib olish niyati to‘g‘risida moliya yili tugashidan kamida uch oy oldin yozma shaklda kooperativ boshqaruvini xabardor qilish majburiyatini yuklaydi.

Kooperativ o‘z a’zosiga pay badalini qaytarmaydi, bundan kooperativga a’zolikni tugatish hollari mustasno. Bunda kooperativ payni qaytarishni rad etishga yoki uni kooperativ a’zosiga to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar hisobiga o‘tkazib yuborishga, shuningdek pay badalini kiritish uchun kooperativ a’zosiga kredit berishga haqli emas.

36-modda. Kooperativning zaxira jamg‘armasi, bo‘linmas jamg‘armasi va boshqa jamg‘armalari

Zaxira jamg‘armasining, bo‘linmas jamg‘armasining va boshqa jamg‘armalarning miqdori, shuningdek ularni shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi kooperativ ustavida belgilanadi.

Zaxira jamg‘armasi kooperativ ustavida belgilangan kooperativ zaxira jamg‘armasining miqdoriga yetguniga qadar yillik sof foydadan majburiy ajratmalar, shuningdek boshqa manbalardan, agar kooperativ ustavida nazarda tutilgan bo‘lsa, ajratmalar hisobidan shakllantiriladi. Bunda sof foydadan har yilgi majburiy ajratmalar miqdori kooperativ ustavida nazarda tutiladi, biroq ushbu miqdor kooperativ ustavida belgilangan miqdorni kooperativ olguniga qadar sof foydaning kamida besh foizini tashkil etishi kerak.

Boshqa mablag‘lar mavjud bo‘lmagan taqdirda, kooperativning zaxira jamg‘armasi kooperativning zararlari o‘rnini qoplash uchun mo‘ljallanadi. Kooperativning zaxira jamg‘armasi mablag‘laridan boshqa maqsadlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

37-modda. Kooperativning yillik sof foydasini taqsimlash va zararlarining o‘rnini qoplash

Kooperativ tomonidan soliqlar va yig‘imlar to‘liq to‘langanidan keyin qolgan yillik sof foydani taqsimlash to‘g‘risidagi qaror kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida qabul qilinadi, bunda yillik sof foyda quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlanadi:

kooperativning muddati o‘tgan qarzlarini to‘lash;

kooperativning zaxira jamg‘armasiga, bo‘linmas jamg‘armasiga yoki kooperativ ustavida nazarda tutilgan boshqa jamg‘armalarga ajratmalar qilish;

kooperativ a’zolariga ularning majburiy va qo‘shimcha pay badallari bo‘yicha tegishli bo‘lgan dividendlarni to‘lash;

kooperativ a’zolarining kooperativning iqtisodiy faoliyatidagi ishtirokiga mutanosib ravishda ularga hisob-kitob tartibiga va kooperativ ustavida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq amalga oshiriladigan to‘lovlar.

Agar kooperativning yillik sof foydasi dividendlarni to‘lash uchun foydalanilsa, dividendlar, agar kooperativ ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, kooperativ a’zosi tomonidan majburiy va qo‘shimcha pay badallari to‘liq kiritilguniga qadar kooperativ a’zosining pay tarkibiga kiritiladi.

Kooperativ a’zosi tomonidan kooperativga zarar yetkazilgan taqdirda, uning kooperativga yetkazilgan zarar hisobiga kamaygan payi miqdori qayta to‘ldirilguniga qadar ushbu a’zoga dividend to‘lanmaydi.

Kooperativ a’zolari o‘rtasida paylar bo‘yicha taqsimlanadigan dividendlarning miqdori kooperativ ustavida belgilanadi.

Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilingan yillik balans va shaxsiy hisobvaraqlarning ma’lumotlari asosida aniqlangan kooperativ zararlarining o‘rni ustuvorlik tartibida quyidagi tarzda qoplanadi:

kooperativning zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan;

oldingi moliya yili oxiridagi kooperativ a’zolari payining miqdoriga mutanosib ravishda zararlarni kooperativ a’zolari o‘rtasida taqsimlash orqali. Bu holda kooperativ a’zolari payining miqdorlari mos ravishda kamayadi.

Kooperativ a’zolari o‘rtasida joriy moliya yilining sof foydasi yoki zararlari ularning oldingi moliya yili oxiridagi payining miqdoriga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Birinchi moliya yilida taqsimlash birinchi moliya yili yakunlariga ko‘ra ular kiritgan pay badallarining miqdoriga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.

Kooperativning yillik sof foydasini taqsimlash yoki yillik zararlarining o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi qaror moliya yili tugaganidan keyin uch oy ichida kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi.

Yillik moliyaviy hisobotlarni yoki oraliq moliyaviy hisobotlarni tuzish chog‘ida yoki kooperativ faoliyatini o‘rganish davrida kooperativning zararlari miqdori kooperativ a’zolari paylari va kooperativ zaxira jamg‘armasi umumiy miqdorining ellik foizidan ortiqni tashkil etishi aniqlangan taqdirda, kooperativ boshqaruvi darhol kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishini chaqiradi va bu haqda ularni xabardor qiladi.

38-modda. Kooperativ va uning a’zolarining mulkiy javobgarligi

Kooperativ o‘z faoliyati bilan bog‘liq majburiyatlari bo‘yicha o‘zining butun mol-mulki doirasida javobgar bo‘ladi. Kooperativ o‘z a’zolarining uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.

Kooperativ a’zosi kooperativning majburiyatlari bo‘yicha o‘z mol-mulki bilan javobgar bo‘lmaydi. Kooperativ a’zosi ushbu Qonunga va kooperativ ustaviga muvofiq kooperativ faoliyatini amalga oshirishda yuzaga keladigan zararlar uchun o‘zining majburiy pay badali miqdori doirasida, shu jumladan majburiy pay badalining kiritilmagan qismi doirasida ham javobgar bo‘ladi.

Agar kooperativning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni yuritish jarayonida kooperativning mol-mulki va zaxira jamg‘armasi mablag‘lari kreditorlik qarzini to‘lash uchun yetarli bo‘lmasa, agar kooperativ ustavida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida kooperativ a’zolaridan qo‘shimcha pay badallarini yig‘ish to‘g‘risida ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qilinadi. Bu holda, agar kooperativ ustavida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, qo‘shimcha pay badallarining miqdori kooperativning barcha a’zolari uchun bir xil bo‘ladi.

Kooperativ a’zosining aybi bilan yetkazilgan zararlarning o‘rni ushbu Qonunda, kooperativ ustavida va boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qoplanadi.

6-bob. Kooperativning faoliyati

39-modda. Kooperativning bitimlari

Kooperativ va kooperativ a’zolari o‘rtasidagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlarni tartibga solish maqsadida kooperativ yetishtiriladigan mahsulotlarni xarid qilish, xizmatlardan foydalanish, mahsulotni realizatsiya qilish to‘g‘risida kooperativ a’zolari bilan bitimlar tuzadi, shuningdek kooperativ faoliyatining maqsadlari doirasidagi shartnomaviy majburiyatlarni bajarish uchun taraflarning javobgarligini nazarda tutuvchi bitimlar va qonunchilikka muvofiq boshqa bitimlar tuzadi.

Agar kooperativning ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, kooperativning mol-mulkini, shu jumladan asosiy vositalarini sotib olish yoki sotish yoxud kooperativning qarzlari, shu jumladan qarz, kredit, garov, kafillik bo‘yicha bitimlar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

foizlardagi qiymati kooperativ aktivlari umumiy qiymatining o‘n foizigacha bo‘lgan bitim kooperativ boshqaruvining qaroriga ko‘ra tuziladi;

foizlardagi qiymati kooperativ aktivlari umumiy qiymatining o‘n foizidan yigirma foizigacha bo‘lgan bitim kooperativ boshqaruvining va kooperativ kuzatuv kengashining qo‘shma qaroriga ko‘ra tuziladi;

foizlardagi qiymati kooperativ aktivlari umumiy qiymatining yigirma foizidan ortiq bo‘lgan bitim kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining qaroriga ko‘ra tuziladi.

Yuridik jihatdan alohida bo‘lgan, ammo iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘liq bitimlarning qiymati birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan belgilanadi.

Kooperativning kooperativ boshqaruvi raisi, kooperativ boshqaruvining yoki kooperativ kuzatuv kengashining a’zolari, ularning yaqin qarindoshlari yoxud pay miqdori pay fondidan o‘n foizdan ko‘proqni tashkil etadigan pay egalari ikkinchi taraf sifatida ish yuritgan bitimi manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lgan bitim deb hisoblanadi.

Manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lgan bitimlarni tuzish to‘g‘risidagi qarorlar kooperativ boshqaruvining va kooperativ kuzatuv kengashining qo‘shma yig‘ilishida bir ovozdan qabul qilinishi hamda kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishida ovozlarning kamida uchdan ikki qismi bilan tasdiqlanishi kerak.

Ushbu moddada nazarda tutilgan talablar buzilgan holda tuzilgan bitim kooperativning yoki kooperativ a’zosining talabiga ko‘ra haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

40-modda. Kooperativda hujjatlar va hisobotlarni yuritish

Kooperativ buxgalteriya hisobini va moliyaviy hisobotlarni to‘g‘ri yuritishi, kooperativning holati to‘g‘risidagi hisobotlarni tayyorlashi, kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishlarining, kooperativ boshqaruvi majlislarining hamda kooperativ kuzatuv kengashi majlislarining bayonnomalarini, kooperativ a’zolarining reyestrini, shuningdek ushbu Qonunda, kooperativ ustavida hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan o‘zga hisobotlar va hujjatlarni yuritishi shart.

Kooperativ boshqaruvi kooperativning buxgalteriya, moliyaviy va statistika hisobotlarini, shuningdek kooperativning yil davomidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni hamda auditorlik xulosasini davlat organlariga qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda taqdim etadi.

Kooperativ boshqaruvi kooperativning buxgalteriya, moliyaviy va statistika hisobotlaridagi, kooperativning yil davomidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotdagi ma’lumotlarning, shuningdek ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ma’lumotlarning ishonchliligi uchun qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda javobgar bo‘ladi.

41-modda. Kooperativning ijrochi direktori va xodimlari

Kooperativ boshqaruvi ijrochi direktorni yollashga haqli. Bunda kooperativning ijrochi direktori bilan mehnat shartnomasi kooperativ boshqaruvi nomidan kooperativ boshqaruvining raisi tomonidan tuziladi va bekor qilinadi.

Ijrochi direktor kooperativning boshqaruvi to‘g‘risidagi nizomga, kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining qarorlariga va kooperativ boshqaruvining qarorlariga asosan kooperativ va uning xodimlari faoliyatini kundalik boshqarishni hamda unga rahbarlikni amalga oshiradi. Ijrochi direktor o‘z faoliyatida kooperativ boshqaruvi raisi oldida hisobdor bo‘ladi, zarur bo‘lgan taqdirda esa kooperativning boshqaruvi, kooperativning kuzatuv kengashi va kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi oldida hisob beradi.

Kooperativ o‘z faoliyatini samarali tashkil etish uchun xodimlarni ishga qabul qilish huquqiga ega. Bunda xodimlar bilan mehnat shartnomasi ijrochi direktor tomonidan kooperativ boshqaruvi nomidan tuziladi va bekor qilinadi. Agar kooperativda ijrochi direktor bo‘lmasa, xodimlar bilan mehnat shartnomalari kooperativ boshqaruvi raisi tomonidan kooperativ boshqaruvi nomidan tuziladi va bekor qilinadi.

Kooperativ, ijrochi direktor va uning xodimlari o‘rtasidagi mehnatga oid munosabatlar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.

7-bob. Kooperativ faoliyatining auditorlik tekshiruvi

42-modda. Kooperativ faoliyatining auditi

Kooperativ o‘zining moliya-xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish maqsadida majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazadi, buning jarayonida moliyaviy hisobotning va boshqa moliyaviy axborotning, shu jumladan kooperativning aktivlari, kooperativning balansidagi obyektlar to‘g‘risidagi axborotning hamda boshqa axborotning auditorlik tekshiruvi amalga oshiriladi.

Kooperativning majburiy auditorlik tekshiruvi kooperativning moliya yili tugaganidan keyin “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazish uchun nazarda tutilgan muddatlarda o‘tkaziladi, auditorlik xulosasi esa kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi o‘tkazilguniga qadar o‘n kun oldin kooperativ boshqaruviga taqdim etilishi kerak.

Kooperativning majburiy auditorlik tekshiruvi auditor yoki auditorlik tashkiloti tomonidan shartnomaga asosan o‘tkaziladi.

Kooperativ boshqaruvi yoki kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan tanlangan auditordan yoki auditorlik tashkilotidan navbatdan tashqari auditorlik tekshiruvini o‘tkazishni istalgan vaqtda talab etishga haqli.

Kooperativning auditorlik tekshiruvini amalga oshiruvchi auditorlik tashkiloti Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritilgan bo‘lishi kerak.

Kooperativning auditorlik tekshiruvini o‘tkazishda auditorlik tashkilotining rahbari va auditor “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etishi, shu jumladan auditorlik tekshiruvi o‘tkazilishidan oldingi oxirgi ikki moliya yili ichida kooperativ a’zolari yoki kooperativ xodimlari, kooperativ boshqaruvining raisi, kooperativ boshqaruvining yoki kooperativ kuzatuv kengashining a’zolari bilan mulkiy munosabatlarga ega bo‘lmasligi kerak.

Auditor yoki auditorlik tashkiloti kooperativ boshqaruvi bilan shartnoma tuzadi.

Auditor yoki auditorlik tashkiloti kooperativning auditorlik tekshiruvini qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan auditorlik faoliyati standartlariga muvofiq o‘tkazadi.

Auditor yoki auditorlik tashkiloti auditorlik tekshiruvi davomida ma’lum bo‘lib qolgan kooperativning tijorat sirini oshkor etishga haqli emas. Auditor yoki auditorlik tashkiloti kooperativning tijorat sirini qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli oshkor etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Kooperativ boshqaruvi raisi va kooperativ boshqaruvi a’zolari, kooperativning kuzatuv kengashi, kooperativning ijrochi direktori va xodimlari kooperativning auditorlik tekshiruvini o‘tkazishda auditor yoki auditorlik tashkiloti tomonidan so‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etishi shart.

43-modda. Kooperativlarga ko‘rsatiladigan auditorlik xizmatlarining turlari

Auditor yoki auditorlik tashkiloti kooperativga quyidagi auditorlik xizmatlarini ko‘rsatadi:

1) kooperativning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni, yillik moliyaviy hisobotini va balansini, aktivlarini, obyektlarini va kooperativ faoliyatining boshqa yo‘nalishlarini tekshirishni ular kooperativ boshqaruvi tomonidan kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishiga tasdiqlash uchun taqdim etilguniga qadar amalga oshiradi;

2) kooperativning ustavida nazarda tutilgan maqsadlarga muvofiq kooperativning moliya-xo‘jalik faoliyatini, pul mablag‘laridan maqsadli foydalanilishini va kooperativning mol-mulkidan foydalanilishini tahlil qiladi;

3) kooperativ kuzatuv kengashining raisini moliyaviy hisobotdagi auditorlik tekshiruvi davomida aniqlangan kamchiliklar va u bilan bog‘liq moliyaviy axborot to‘g‘risida xabardor qiladi;

4) quyidagilarni o‘z ichiga olgan auditorlik xulosasini taqdim etadi:

kooperativning faoliyati to‘g‘risidagi yillik hisobotda, yillik moliyaviy hisobotda, balansda va kooperativning boshqa hujjatlarida taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligini baholashni;

buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlari yoki korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida yaqqol guvohlik beruvchi faktlar to‘g‘risidagi axborotni;

qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni;

5) kooperativning faoliyati samaradorligini oshirish va uning moliya-xo‘jalik faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdim etish.

44-modda. Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi tomonidan auditorlik xulosasini ko‘rib chiqish

Kooperativ a’zolarining navbatdagi umumiy yig‘ilishida kooperativ boshqaruvi auditorlik xulosasini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan yig‘ilishning kun tartibini e’lon qiladi.

Kooperativning kuzatuv kengashi auditorlik xulosasi bo‘yicha asosiy xulosalar va e’tirozlarni taqdim etadi. Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ishtirok etayotgan kooperativ a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingan qaror mavjud bo‘lganda auditorlik xulosasi qisman yoki to‘liq o‘qib beriladi.

Kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida auditorlik xulosasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qaror kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ishtirok etayotgan kooperativ a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Auditor kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida ovoz berish huquqisiz ishtirok etadi.

8-bob. Kooperativlar faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

45-modda. Davlatning kooperativlarga nisbatan asosiy vazifalari

Davlat respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari uchun mas’ul bo‘lgan jamoat birlashmalari orqali kooperativlarga taalluqli bo‘lgan quyidagi vazifalarni bajaradi:

agrar-iqtisodiy siyosat yordamida kooperativlar faoliyati uchun qulay muhitni ta’minlash;

kooperativlarning samarali faoliyati va rivojlanishi uchun amaliy choralar ko‘rish va qulay shart-sharoitlar yaratish;

kooperativlar faoliyatini rag‘batlantiruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi maqsadli dasturlarni ishlab chiqish;

davlat tomonidan qishloq xo‘jaligi korxonalariga berilayotgan imtiyozlardan to‘liq foydalanish imkoniyatini yaratish;

bank kreditlaridan va boshqa moliyaviy resurslardan foydalanishda kooperativlarga ko‘maklashish;

kooperativlarni iqtisodiy, sotsial, hududiy va ijtimoiy jihatdan rivojlantirish uchun ularning nisbiy afzalliklarini hisobga oladigan hamda kooperativ a’zosining kooperativning yillik sof foydasidan ushlab qolingan daromadlariga qayta soliq solishning oldini oladigan soliq to‘g‘risidagi qonunchilik normalarini amalga oshirish;

kooperativlarning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun tegishli milliy va xalqaro davlat tashkilotlari hamda xususiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;

kooperativlarni kooperativlar assotsiatsiyasiga birlashtirishga ko‘maklashish;

kooperativlar faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq boshqa vazifalarni ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq bajarish.

46-modda. Kooperativlar faoliyatining kafolatlari

Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar kooperativning qonunchilikka muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.

Kooperativga yetkazilgan haqiqiy zararlarning o‘rni, shu jumladan boy berilgan foyda ushbu zararlarni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq qoplanishi kerak.

Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hujjat qabul qilinganligi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida kooperativga yetkazilgan zararlarning o‘rni davlat yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan qoplanishi lozim. Bunday zararlarning o‘rni davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Sudning qarori bilan zararlarning o‘rnini qoplash zarar yetkazgan davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mansabdor shaxslari zimmasiga yuklatilishi mumkin.

9-bob. Kooperativni qayta tashkil etish va tugatish

47-modda. Kooperativni qayta tashkil etish

Kooperativni qayta tashkil etish qonunchilikda va kooperativ ustavida belgilangan tartibda qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish va o‘zgartirish shaklida amalga oshiriladi.

Kooperativ kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi qaroriga ko‘ra qayta tashkil etilishi mumkin.

Kooperativni qayta tashkil etish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

kooperativni bir yoki bir nechta boshqa kooperativlar bilan yangi kooperativga qo‘shib yuborish, bunda kooperativlarning huquq va majburiyatlari topshirish dalolatnomasida ko‘rsatilgani yoki ko‘rsatilmaganidan qat’i nazar, yangidan vujudga kelgan kooperativga o‘tadi;

kooperativni boshqa kooperativga qo‘shib olish, bunda topshirish dalolatnomasida ko‘rsatilgani yoki ko‘rsatilmaganidan qat’i nazar, qo‘shib olingan kooperativning huquq va majburiyatlari uni o‘ziga qo‘shib olayotgan kooperativga o‘tadi;

kooperativni ikki yoki undan ortiq yangi kooperativlarga bo‘lish, bunda taqsimlash balansiga muvofiq kooperativning huquq va majburiyatlari yangidan vujudga kelgan kooperativlarga o‘tadi;

kooperativ tarkibidan uning bir qismini yoki bir nechta kooperativlarning bir qismini ajratib chiqarish, bunda qayta tashkil etilgan kooperativning huquq va majburiyatlari taqsimlash balansiga muvofiq ularning har biriga o‘tadi;

bir turdagi kooperativni boshqa turdagi yuridik shaxs etib o‘zgartirish (tashkiliy-huquqiy shaklini o‘zgartirish), bunda qayta tashkil etilgan kooperativning huquq va majburiyatlari topshirish dalolatnomasida ko‘rsatilgani yoki ko‘rsatilmaganidan qat’i nazar, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsga o‘tadi.

Kooperativni qayta tashkil etish, kooperativning qarzlarini to‘lash hamda kooperativning qolgan aktivlarini kooperativ a’zolari o‘rtasida taqsimlash tartibi va shartlari kooperativning ustavida belgilanadi.

Kooperativni qayta tashkil etish to‘g‘risidagi qaror kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishida kooperativ a’zolari umumiy sonining to‘rtdan uch qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Kooperativni qayta tashkil etishda uning ustaviga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi, ular davlat xizmatlari markazida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

48-modda. Kooperativni tugatish turlari

Kooperativni tugatish uning huquq va majburiyatlarini huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga o‘tkazmasdan tugatishga olib keladi.

Kooperativni tugatish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi qaroriga ko‘ra ixtiyoriy ravishda tugatish;

uni sud tartibida bankrot deb topish hamda O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan hollarda sudning qaroriga asosan tugatish;

uni Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmaydigan tadbirkorlik subyektlari reyestridan chiqarish.

49-modda. Kooperativni tugatish uchun asoslar

Kooperativ quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:

kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining qaroriga muvofiq, shu jumladan kooperativning amal qilish muddati tugaganligi, uni tashkil etish maqsadiga erishilganligi munosabati bilan yoxud kooperativni tashkil etish chog‘ida qonun buzilganligi munosabati bilan, agar bunda qoidabuzarliklarni bartaraf etish mumkin bo‘lmasa, kooperativni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sud tomonidan haqiqiy emas deb topilganda;

faoliyat litsenziyasiz, ruxsat etish xususiyatiga ega bo‘lgan hujjatsiz va vakolatli organni xabardor qilmasdan amalga oshirilgan yoxud qonun bilan taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda;

harakatsizlik rejimiga o‘tkazilgan paytdan e’tiboran uch yil ichida moliya-xo‘jalik faoliyati amalga oshirilmagan taqdirda;

kooperativ bankrot deb topilgan taqdirda;

agar kooperativ a’zolarining soni yettita kooperativ a’zosidan kam bo‘lsa yoki qo‘shma kooperativ a’zolarining soni uchta qo‘shma kooperativ a’zolaridan kam bo‘lsa;

agar kooperativ a’zolarining yillik umumiy yig‘ilishi ketma-ket uch moliya yili ichida chaqirilmagan bo‘lsa;

kooperativning to‘lovga qobiliyatsizligi tufayli;

qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Kooperativ tugatilishi munosabati bilan uning faoliyatini tugatish ushbu Qonunning 51-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

50-modda. Kooperativning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini haqiqiy emas deb topish

Kooperativni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uni tashkil etish chog‘ida yo‘l qo‘yilgan qonunchilik buzilishlari munosabati bilan, agar ushbu qoidabuzarliklar bartaraf etib bo‘lmaydigan xususiyatga ega bo‘lsa, sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Kooperativning har qanday a’zosi, kooperativ boshqaruvining yoki kooperativ kuzatuv kengashining a’zosi kooperativni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.

Kooperativ ustavini ishlab chiqish bilan bog‘liq har qanday kamchiliklar kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining qarori bilan mazkur ustavga ushbu Qonunda belgilangan tartibda tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali bartaraf etilishi mumkin.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi haqiqiy emas deb topilgan kooperativ faoliyatini tugatish ushbu Qonunning 51-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

51-modda. Kooperativni tugatish tartibi

Kooperativni ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risidagi qaror qonunchilikda belgilangan tartibda kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi yoki boshqa vakolatli organ tomonidan qabul qilinadi.

Kooperativni ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida davlat xizmatlari markaziga yuboriladi.

Kooperativ boshqaruvi kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining yoki vakolatli organning topshirig‘iga ko‘ra tugatuvchini — tugatish komissiyasini tayinlaydi hamda tugatish tartibi va muddatini O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga muvofiq belgilaydi.

Kooperativ a’zolari umumiy yig‘ilishining arizasiga ko‘ra sudning kooperativni tugatish to‘g‘risidagi qarori bilan kooperativ boshqaruvining yoki kooperativ ustavida kooperativni tugatishga vakolat berilgan boshqa organning zimmasiga kooperativni tugatish vazifasi yuklatilishi mumkin.

Kooperativni ixtiyoriy ravishda tugatish jarayoni tugatish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Tugatish komissiyasi a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kooperativni ixtiyoriy tugatish haqida davlat xizmatlari markaziga yuborilgan qarorda ko‘rsatiladi.

Tugatish komissiyasi kreditorlarni aniqlash va ularni kooperativni tugatish to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qilish choralarini ko‘radi.

Tugatish komissiyasi tayinlangan paytdan e’tiboran kooperativ ishlarini boshqarish vakolatlari ushbu komissiyaga o‘tadi. Tugatish komissiyasi sudda tugatilayotgan kooperativ nomidan da’vogar yoki javobgar sifatida ish yuritadi.

Tugatish komissiyasi tadbirkorlik faoliyatini yakunlash bo‘yicha tegishli choralarni ko‘radi, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni bajaradi.

Tugatish komissiyasi kooperativning rasmiy hujjatlaridagi kooperativ nomiga “tugatilayotgan” degan so‘zni qo‘shadi va uning nomidan imzo qo‘yadi.

Kooperativni tugatish, shuningdek uning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq boshqa vakolatlar, vazifalar, huquqlar, majburiyatlar va o‘zga shartlar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

52-modda. Kooperativning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish

Agar kooperativ a’zolari cheklangan miqdorda qo‘shimcha pay badallarini kiritish majburiyatiga ega bo‘lsa va ushbu to‘lovlarni kiritish imkoniyati mavjud bo‘lmasa yoxud agar kooperativ tugatilayotgan bo‘lsa, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish jarayonida undiruv kooperativning mol-mulkiga qaratilishi mumkin.

To‘lovga qobiliyatsizlik belgilari mavjud bo‘lgan taqdirda, kooperativning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza kooperativ boshqaruvi tomonidan sudga beriladi, kooperativ tugatilayotganda kreditorlarning talablarini to‘liq hajmda qanoatlantirish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa kooperativga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan tugatish komissiyasi sudga murojaat qiladi.

Kooperativ sud tomonidan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilgan paytdan e’tiboran kooperativ boshqaruvi kooperativning mol-mulkini tasarruf etishga haqli emas.

Kooperativning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish chog‘ida to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomillarini qo‘llash tartibi “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.

53-modda. Kooperativni tugatish va kooperativning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni sud tomonidan ko‘rib chiqish davrida kooperativ a’zolarining huquq va majburiyatlari

Kooperativ tugatilayotgan va sud tomonidan kooperativning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotgan davrda kooperativ a’zolarining majburiy pay badallari miqdorini oshirishga yoki kooperativ a’zolarining qo‘shimcha badallar bo‘yicha majburiyatlari chegaralarini oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kooperativ kreditorlarining talablari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qanoatlantiriladi.

Kooperativ tugatilayotgan va sud tomonidan uning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotgan davrda kooperativning mol-mulki kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi ovozlarning to‘rtdan uch qismidan iborat bo‘lgan ko‘pchilik ovoz bilan majburiy pay badalini to‘liq hajmda kiritmagan kooperativ a’zolarining zimmasiga pay badalining kamomadni qoplash uchun zarur bo‘lgan qolgan qismini belgilangan muddat ichida kiritish majburiyatini yuklashi mumkin. Tugatish balansini tuzishda majburiy pay badallari to‘liq to‘langan deb hisobga olinadi.

Kooperativning mol-mulki kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, kooperativ a’zolarining umumiy yig‘ilishi ovozlarning to‘rtdan uch qismidan iborat bo‘lgan ko‘pchilik ovoz bilan kooperativ a’zolarining zimmasiga kamomadni qoplash uchun zarur bo‘lgan miqdordagi qo‘shimcha pay badallarini o‘z qo‘shimcha pay badallarining umumiy summasiga mutanosib ravishda kiritish majburiyatini yuklashi mumkin, bunda qo‘shimcha pay badallari pay badallari miqdoridan oshmasligi kerak. Mazkur qoida, agar kooperativ ustavida kooperativning mol-mulki kreditorlar talablarini qanoatlantirish uchun yetarli bo‘lmagan hollarda, kooperativ a’zolari kooperativ tugatilayotgan davrda qo‘shimcha pay badallarini kiritmasligi kerakligi belgilangan bo‘lsa, qo‘llanilmaydi.

Agar tugatilayotgan kooperativning pul mablag‘lari kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun yetarli bo‘lmasa, tugatish komissiyasi kreditorlarning talablarini qanoatlantirish maqsadida kooperativning mol-mulkini qonunchilikda belgilangan tartibda ochiq savdolarda sotishni amalga oshiradi.

Kooperativning mol-mulki kreditorlarning barcha talablari qanoatlantirilguniga yoki qoplanguniga qadar, shuningdek kreditorlar kooperativ tugatilganligi to‘g‘risida xabardor qilingan kundan e’tiboran bir yil o‘tguniga qadar uning a’zolari o‘rtasida taqsimlanishi mumkin emas.

Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish jarayoni tugaganidan keyin kooperativning qolgan mol-mulki kooperativ a’zolari o‘rtasida ularning pay badallarining eng ko‘p soni miqdorida taqsimlanadi. Birinchi navbatda qo‘shimcha pay badallarini qo‘shgan kooperativ a’zolariga ular qo‘shgan qo‘shimcha pay badallari miqdoriga mutanosib ravishdagi mablag‘lar qaytariladi. Kooperativ mol-mulkining qolgan qismi kooperativ a’zolari o‘rtasida teng taqsimlanadi. Kooperativ ustavida kooperativning mol-mulkini kooperativ a’zolari o‘rtasida taqsimlashga doir taqiq yoki boshqa shartlar nazarda tutilishi mumkin.

Kooperativni tugatish va kooperativning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishni sud ko‘rib chiqish davrida kooperativ a’zolarining huquq va majburiyatlariga taalluqli boshqa masalalar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

10-bob. Yakunlovchi qoidalar

54-modda. Kooperativlarning birlashishi

Kooperativlar umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida kooperativlar uyushmalariga birlashishi mumkin.

Kooperativlar uyushmalarining tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi tartibi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.

55-modda. Nizolarni hal etish

Kooperativning tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi, tugatilishi, shuningdek kooperativning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini haqiqiy emas deb topish chog‘ida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

56-modda. Kooperativ to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Kooperativ to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

57-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish

O‘zbekiston Respublikasining quyidagi qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin:

  1. O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 14-iyunda qabul qilingan “Kooperatsiya to‘g‘risida”gi 295-XII-sonli Qonuniga(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-yil, № 8, 193-modda; 1994-yil, № 2, 52-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 9, 181-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 6, 300-modda; 2019-yil, № 5, 267-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 2, 76-modda) quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 5-modda 1-bandining birinchi xatboshisi “matlubot kooperativida (jamiyatida)” degan so‘zlardan keyin “hamda qishloq xo‘jaligi kooperativida” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;

2) 13-moddaning:

nomidagi “(shirkatlari)” degan so‘z chiqarib tashlansin;

matnidagi “(shirkati)” degan so‘z chiqarib tashlansin;

3) 14-moddaning:

nomidagi “(shirkatlarining)” degan so‘z chiqarib tashlansin;

matnidagi “(shirkatlari)” degan so‘z chiqarib tashlansin.

  1. O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 6-mayda qabul qilingan “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi 837-XII-sonli Qonuniga(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 5, 221-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 4-5, 126-modda; 1998-yil, № 9, 181-modda; 2000-yil, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 604-modda; 2009-yil, № 12, 472-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 9, 247-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2016-yil, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda, № 7, 431-modda; 2019-yil, № 5, 261-modda, № 11, 791-modda; 2020-yil, № 9, 539-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda, № 11, 1065-modda; 2022-yil, № 11, 1061-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 1, 7-modda) quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 102-moddaning birinchi qismidagi “(shirkatlari)” degan so‘z chiqarib tashlansin;

2) 117-moddaning matnidagi “(shirkatlari)” degan so‘z chiqarib tashlansin.

  1. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda, № 9, 494, 498-moddalar; 2007-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 4, 156, 164-moddalar, № 8, 367-modda, № 9, 416-modda, № 12, 598, 608-moddalar; 2008-yil, № 4, 192-modda, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011-yil, № 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106, 109-moddalar, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda, № 12, 773-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 3, 161, 166-moddalar, № 5, 267-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880, 886-moddalar; 2020-yil, № 1, 3, 4-moddalar, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 801-modda, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 217, 218-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 464-modda, № 6, 570, 577-moddalar, № 11, 1061, 1062-moddalar; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 921-modda; 2024-yil, № 2, 111, 114-moddalar, № 6, 530-modda) 69-moddasiquyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan to‘ldirilsin:

“Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladigan va ishlab chiqarish kooperativining shakli bo‘lgan qishloq xo‘jaligi kooperativi qo‘shma qishloq xo‘jaligi kooperativi shaklida ham tashkil etilishi mumkin”.

  1. O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan 598-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 82-modda; 2003-yil, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 608-modda; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 12, 472-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 4, 224-modda, № 7, 432-modda, № 12, 781-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 3, 161-modda, № 4, 199-modda, № 8, 469-modda, № 11, 792-modda; 2020-yil, № 9, 540-modda; 2021-yil, № 1, 3-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda; 2022-yil, № 6, 570, 577-moddalar; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 919-modda; 2024-yil, № 7, 629-modda) quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:

1) 49-moddaning:

nomidagi “(shirkat xo‘jaliklariga)” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Qishloq xo‘jaligi kooperativi — qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshirish uchun pay usuliga, jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning ixtiyoriy ravishda birlashishiga asoslangan mustaqil tijorat tashkiloti”;

ikkinchi qismi chiqarib tashlansin;

uchinchi — yettinchi qismlari tegishincha ikkinchi — oltinchi qismlar deb hisoblansin;

uchinchi qismidagi “(shirkat xo‘jaliklariga)” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

to‘rtinchi qismidagi “(shirkat xo‘jaliklariga)” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

beshinchi qismining birinchi va ikkinchi jumlalari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar qishloq xo‘jaligi kooperativlariga, qishloq xo‘jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga elektron onlayn-auksion orqali beriladi. Yer uchastkasining ijara shartnomasi qishloq xo‘jaligi kooperativi raisi, boshqa qishloq xo‘jaligi korxonasi, muassasasi, tashkiloti rahbari bilan tuman hokimi o‘rtasida tuziladi”;

oltinchi qismidagi “(shirkat xo‘jaliklari)” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

2) 51-modda:

birinchi qismidagi “(shirkat xo‘jaliklari)” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

ikkinchi qismidagi “(shirkat xo‘jaliklari)” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

uchinchi qismidagi “(shirkat xo‘jaligi)” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

to‘rtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oila (jamoa) pudrati shartnomasi har yili qishloq xo‘jaligi kooperativi, boshqa jamoa qishloq xo‘jaligi korxonasi boshqaruv organlari orqali shu kooperativ, jamoa korxonasi bilan yoki boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlarining ish beruvchisi (ma’muriyati) bilan oila boshlig‘i (jamoaning vakolat berilgan vakili) o‘rtasida tuziladi”;

to‘qqizinchi qismidagi “(shirkat xo‘jaligi)” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;

3) 52-moddaning matnidagi “(shirkat xo‘jaligi)” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.

  1. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 25-fevralda qabul qilingan “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘RQ-677-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 2, 146-modda; 2022-yil, № 3, 216, 217-moddalar, № 4, 340-modda; 2023-yil, № 1, 2-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 105-modda) 35-moddasining birinchi qismigaquyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilsin:

quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:

“qishloq xo‘jaligi kooperativlari”;

beshinchi — to‘qqizinchi xatboshilar tegishincha oltinchi — o‘ninchi xatboshilar deb hisoblansin.

Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:

1) O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risida”gi 600-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 84-modda);

2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida”gi 601-I-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 85-modda);

3) O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 535-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9-10, 149-modda) XX bo‘limi;

4) O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 568-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 1-2, 18-modda) XIX bo‘limi;

5) O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrda qabul qilingan “Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-197-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 12, 640-modda) 20-moddasi;

6) O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Qishloq va suv xo‘jaligida iqtisodiy islohotlar chuqurlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-240-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 12, 472-modda) 7-moddasi;

7) O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 29-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-345-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 12, 336-modda) 8-moddasi;

8) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martda qabul qilingan “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-531-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 3, 166-modda) 6-moddasi;

9) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-683-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 89-moddasi;

10) O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyunda qabul qilingan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-782-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 6, 577-modda) 6-moddasi;

11) O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-896-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 1, 5-modda) 5-moddasi;

12) O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevralda qabul qilingan “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-911-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 2, 111-modda) 9-moddasi.

58-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

59-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

60-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 8-noyabr,

O‘RQ-995-son

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.