O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida
Yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini yanada takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish orqali paxta va g‘alladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega va eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida:
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklarining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ajratishda, tajriba-sinov tariqasida, ijaraga oluvchilarning mustaqilligi va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ekinlar yetishtirishga asoslangan yangi tizim (keyingi o‘rinlarda — yangi tizim) yaratish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, yangi tizim doirasida:
- a) yer uchastkalari konturlar yaxlitligi va sug‘orish tizimini buzmagan holda 3 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda “E-auksion” savdo platformasida elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi;
- b) har bir lot hujjatida, keyinchalik esa yer uchastkasining ijara shartnomasida quyidagilar majburiy ravishda ko‘rsatiladi:
yer uchastkasining normativ qiymati va tuproq bonitet bali;
tuproq tarkibi va sifati tahlili natijalari, o‘rganilgan vaqti;
almashlab ekish tavsiya etiladigan asosiy va takroriy ekin turlari;
suv bilan ta’minlash usullari, davlat tomonidan kafolatlanadigan yillik suv yetkazib berish limitlarining eng past va eng yuqori darajasi;
dala chetida (muhofaza zonasidan tashqari) 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan, lekin ijaraga berilgan kontur maydonining bir foizidan oshmagan qismida qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlarni (yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar, saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi, texnika parki) joylashtirishni nazarda tutgan holda ishlab chiqilgan yer tuzish loyihasi;
- v) elektron onlayn auksion savdolarida yashash joyidan (yuridik manzilidan), tashkiliy-huquqiy shaklidan, boshqa yer uchastkasi bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslar (rezidentlar), shu jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ishtirok etishi mumkin. Bunda auksion g‘olibi keyinchalik yer uchastkasi joylashgan viloyatda (Qoraqalpog‘iston Respublikasida) yuridik shaxs tashkil etishi yoki o‘zining yuridik manzilini shu hududga ko‘chirishi lozim;
- g) elektron onlayn auksion savdolari orqali aniqlanadigan yer uchastkasiga ijara huquqini olish uchun to‘lovlar 15 ish kuni ichida to‘liq to‘lanishi shart, bunda:
boshlang‘ich narx yer uchastkasi normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi;
sotilmagan lotlar har besh kun ichida lotning narxini 10 foizdan boshlang‘ich narxning 20 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytirgan holda takroriy auksionga chiqariladi;
- d) quyidagilar:
“O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutining hududiy bo‘linmalari — yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish materiallarini tayyorlash ishlari bo‘yicha ijrochi hisoblanadi;
Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti — tuproq tarkibi va sifati tahlili natijalarini aniqlash bo‘yicha ijrochi hisoblanadi;
- e) elektron onlayn auksion savdolaridan tushgan mablag‘lar 1-ilovagamuvofiq taqsimlanadi.
- Yangi tizim doirasida elektron onlayn auksion g‘olibi — ijaraga oluvchi Yer kodeksidabelgilangan huquqlar va majburiyatlar bilan birga:
- a) quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
yer uchastkasidan qirq to‘qqiz yil ijara huquqi asosida foydalanish, keyinchalik ijara muddatini qonunchilikka muvofiq uzaytirish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlarini, shuningdek, ularni yetishtirish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish usullarini mustaqil ravishda belgilash, shu jumladan, paxta va g‘alla ekinlarini faqat o‘zi ma’qul deb hisoblagan taqdirdagina yetishtirish;
Yer kodeksiga muvofiq ijara shartnomasi bo‘yicha o‘z huquqlari va majburiyatlarini tekinga yoki haq evaziga ijara muddati davomida boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish), yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish;
ijaraga beruvchining roziligisiz yer uchastkasiga ijara huquqini garovga qo‘yish, garov shartiga muvofiq mazkur huquqni boshqa shaxslarga erkin sotishi uchun garovga oluvchiga vakolat berish, bunda ijara huquqi garovga qo‘yilgani haqidagi axborot ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan ijaraga beruvchiga elektron tarzda yuboriladi, garov huquqi realizatsiya qilinishi natijasida yer uchastkasiga ijara huquqini olgan shaxsga ham mazkur Farmonda nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar to‘liq o‘tadi;
yillik suv yetkazib berish limitlarining eng past va eng yuqori darajasi doirasida kafolatlangan hajmda suv olish, ushbu majburiyat bajarilmagan hollarda yetkazilgan zararlarni talab qilib olish;
yer tuzish loyihasiga muvofiq dala chetida 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan, lekin ijaraga berilgan kontur maydonining bir foizidan oshmagan qismida qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlarni (yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar, saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi, texnika parki) joylashtirish;
- b) quyidagi majburiyatlarni zimmasiga oladi:
qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashlab ekish;
yer uchastkasidan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirish;
o‘z tanloviga ko‘ra har yili yer uchastkasida yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlari, shuningdek, to‘lov hujjatlariga asosan realizatsiya qilingan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarni Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritib borish;
yer uchastkasining normativ qiymati va bonitet bali, tuproq tarkibi va sifatini qonunchilikda belgilangan tartibda va davriylikda tekshirtirib borish.
- Belgilansinki, yangi tizim birinchi bosqichda 2025-yil bahorgi ekish mavsumiga qadar 2-ilovagamuvofiq quyidagi hududlarda tuman hokimliklari tasarrufida turgan, 2025-yil va undan keyingi yillar hosili uchun paxta va g‘alla ekinlarini yetishtirish nazarda tutilmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarida joriy etiladi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy, Nukus va Qo‘ng‘irot tumanlarida jami 1 207,8 gektar yer maydonida;
Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Baliqchi, Buloqboshi, Bo‘ston, Jalaquduq, Izboskan, Marhamat, Oltinko‘l, Paxtaobod, Xo‘jaobod, Shahrixon va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida jami 629,7 gektar yer maydonida;
Jizzax viloyatining Arnasoy, Paxtakor, Zarbdor, Sharof Rashidov, Mirzacho‘l va Zafarobod tumanlarida jami 511,7 gektar yer maydonida;
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va O‘rta Chirchiq tumanlarida jami 953,8 gektar yer maydonida;
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida 13,6 gektar yer maydonida.
- Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari hamda Pop, O‘rta Chirchiq, Yozyovon, Qo‘shtepa, Quva va Farg‘ona tumanlaridagi ayrim fermer xo‘jaliklarining yangi tizimni 3-ilovadagiijaraga berilgan yer uchastkalariga ham quyidagi qo‘shimcha shartlar asosida tatbiq etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin, unga muvofiq:
- a) fermer xo‘jaligi:
hozirda foydalanayotgan jami yer maydonining o‘rtacha 80 foiz qismiga nisbatan ijara huquqidan ixtiyoriy ravishda voz kechib, ushbu yer uchastkalarini yangi tizim asosida elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish uchun tegishli tuman hokimligi tasarrufiga qaytaradi;
qolgan o‘rtacha 20 foiz yer maydonlari uchun mazkur Farmonning 2-bandida nazarda tutilgan huquqlar va majburiyatlarga, xususan, yer uchastkasi uchun yangidan 49 yilga ijara huquqiga ega bo‘ladi;
yer maydonining o‘ziga qoladigan qismi uchun ushbu yer uchastkasi normativ qiymatining 50 foizi miqdoridagi mablag‘ni 15 ish kuni ichida to‘liq to‘lash majburiyatini oladi;
o‘zi lozim deb hisoblagan taqdirda, tashkiliy-huquqiy shaklini o‘zgartirishga, yer uchastkasiga ijara huquqining qiymatini yangi yuridik shaxsning ustav fondiga kiritishga haqli bo‘ladi;
- b) fermer xo‘jaligi yer uchastkalarini o‘rtacha 80/20 foiz nisbatida taqsimlash o‘zaro muzokaralar asosida, konturlar yaxlitligi va sug‘orish tizimini imkon qadar buzmagan holda fermer xo‘jaligi ixtiyorida qoladigan yer maydoni hajmini 3 gektardan 50 gektargacha belgilash asosida amalga oshiriladi;
- v) yer maydonini taqsimlashda uning fermer xo‘jaligi ixtiyorida qoladigan qismi uchun ham mazkur Farmonning 1-bandidanazarda tutilgan yer uchastkasi haqidagi barcha materiallar tayyorlanadi;
- g) mazkur bandda nazarda tutilgan kelishuvlar faqatgina 3-ilovadanazarda tutilgan yer uchastkalari ijarachilari bilan ular tomonidan qiziqish bildirilgan taqdirdagina amalga oshiriladi hamda tuman hokimi va fermer xo‘jaligi rahbari o‘rtasida tuziladigan yer uchastkasining bir qismiga bo‘lgan huquqlardan ixtiyoriy voz kechish va yer uchastkasining ijara shartnomasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi notarial tartibda tasdiqlanadigan shartnoma bilan rasmiylashtiriladi.
- Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi yangi tizim samaradorligini muntazam ravishda tahlil qilgan holda, zaruratga ko‘ra, uni 2025-yilgi kuzgi ekish mavsumi va undan keyingi davrlarda boshqa hududlarga ham tatbiq etish bo‘yicha taklif kiritib borsin.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
bir hafta muddatda Adliya vazirligi va Kadastr agentligi bilan birgalikda yangi tizim doirasida elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalari uchun ijara shartnomasining tavsiyaviy shaklini, shuningdek, yer uchastkasining bir qismiga bo‘lgan huquqlardan ixtiyoriy voz kechish va yer uchastkasining ijara shartnomasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi notarial shartnomaning tavsiyaviy shaklini ishlab chiqib, barcha manfaatdor shaxslarga yetkazsin;
“O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti hamda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan yangi ajratiladigan va ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlarining sifat ko‘rsatkichlari tekshirib borilishini ta’minlasin;
malakali mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda barcha yerlarda, shu jumladan, paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarda ham qishloq xo‘jaligi ekinlarini ilmiy asoslangan holda muayyan muddat davomida almashlab ekish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etsin.
- Markaziy bank:
uch oy muddatda xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda yer uchastkasiga ijara huquqini garovga qo‘yish tartibini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin;
2026-yil oxiriga qadar har yarim yil yakunida yer uchastkasiga ijara huquqini garovga qo‘yish hisobiga ajratilgan kreditlar, bu jarayonda aniqlangan tizimli muammolar va ularni bartaraf qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga batafsil axborot kiritib borsin.
- Soliq qo‘mitasi bir oy muddatda o‘z axborot tizimlarida yer uchastkasida yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turlari va hajmlari, shuningdek, realizatsiya qilingan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarni kiritib borish uchun texnik imkoniyatni ta’minlasin.
- Quyidagilar:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida “Qishloq xo‘jaligida yer islohotlarini amalga oshirish loyiha ofisi” (keyingi o‘rinlarda — Loyiha ofisi);
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari huzurida “Ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatish direksiyasi” davlat korxonalari (keyingi o‘rinlarda — Direksiyalar) tashkil etilsin.
- Belgilansinki:
Loyiha ofisi Direksiyalar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Direksiya ijaraga oluvchilarning yer uchastkasining ijara shartnomasida belgilangan huquqlaridan amalda foydalanishlarini kafolatlaydi, xususan, suv yetkazib berish limitlariga rioya qilinmasligi natijasida yetkazilgan zararlarni darhol qoplab berib, keyinchalik regress tartibida undirib oladi;
Direksiya, o‘z tanloviga ko‘ra, ijaraga berilgan yerlarning sug‘orish tizimlarini yaxshilash, elektr energiyasi ta’minoti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish, texnikalar harakati uchun ichki xo‘jalik yo‘llarining holatini yaxshilash kabi ishlarga mablag‘ ajratadi, mazkur ishlarda buyurtmachi vazifasini bajaradi;
Direksiya direktori tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyat hokimi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki hafta muddatda Loyiha ofisi va Direksiyalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
- Suv xo‘jaligi vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi “E-ijara” va “Suv hisobi” axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash institutiga yangi tizim doirasida ijaraga beriladigan yer uchastkalari bo‘yicha suv bilan ta’minlash usullari, yillik suv yetkazib berish limitlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etsin.
Belgilansinki, yer uchastkasining ijara shartnomasida nazarda tutilgan suv yetkazib berish limitlariga rioya qilinmagan hollarda “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, tuman hokimliklari va Direksiya ijarachi oldida solidar javobgar bo‘ladilar.
- Energetika vazirligi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda ijaraga oluvchilarga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va boshqa maqsadlar uchun kafolatlangan elektr energiyasi yetkazib berilishini ta’minlasin.
- Soliq kodeksining 428-moddasigaasosan:
yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yer uchastkalari (daraxtlarning qator oralaridan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun foydalanilishidan qat’i nazar) uchun besh yil muddatga 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkasi bo‘yicha soliq to‘lanishi;
qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yangi o‘zlashtirilayotgan yerlar ularni o‘zlashtirish ishlari bajariladigan davrda va ular o‘zlashtirilgan vaqtdan e’tiboran besh yil mobaynida yer solig‘i to‘lashdan ozod qilingani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Soliq qo‘mitasi mazkur Farmonga asosan yangidan ijaraga berilgan yer uchastkalarida tashkil etilgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar uchun ham mazkur imtiyoz to‘liq tatbiq etilishini ta’minlasin.
Belgilansinki, organik mahsulotlar yetishtirish uchun Global G.A.P, GMP, FSCC, HACCP, Halal, Organic va boshqa xalqaro darajada tan olinadigan sertifikatlarni olgan dehqon, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga ijaraga berilgan yer uchastkalari uchun 2028-yil 1-yanvarga qadar yer solig‘i 50 foiz miqdorida to‘lanadi.
- Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-52-son qaroriga asosan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish va saqlash uchun aylanma mablag‘larni to‘ldirishga 12 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada (shundan 2 foizi bank marjasi) kreditlar ajratilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-fevraldagi “Respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-36-son Farmoniga asosan xalqaro moliya institutlarining 220 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lari hisobidan tijorat banklari tomonidan yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada milliy valyutada oziq-ovqat yo‘nalishidagi, sohada mahsulot yetishtirishdan tortib uni iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun 10 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan, aylanma mablag‘lar uchun 18 oy muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratilishi;
“Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida yuqori qiymatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qishloq xo‘jaligi texnikalari va asbob-uskunalarini xarid qilish, kichik hajmdagi sovitkichli omborxonalarni qurish uchun 300 mln so‘mgacha, shundan 100 mln so‘mgacha garov ta’minotisiz kreditlar ajratilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Loyiha ofisi va Direksiyalar mazkur mablag‘lardan foydalanishda ijarachilarga har tomonlama ko‘maklashsin.
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2025-yil 1-iyulga qadar xalqaro moliya institutlari ekspertlarini jalb qilgan holda 2026-yil uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqishda quyidagilarni nazarda tutsin:
xalq deputatlari Kengashlari qarorlari bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari uchun yer solig‘i stavkalariga nisbatan oshiruvchi va pasaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llash;
ijaraga berilgan yer uchastkasining normativ qiymati va tuproq bonitet bali oshganda — yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i miqdorini oshirmaslik, ya’ni ijaraga berilgan paytdagi normativ qiymatga asosan soliq hisoblash;
ijaraga berilgan yer uchastkasining normativ qiymati va tuproq bonitet bali tushib ketganda — yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i miqdorini mutanosib ravishda uch karragacha oshirish;
Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritgan holda realizatsiya qilinganligi tasdiqlangan mahsulot hajmi yer uchastkasining normativ hosildorligiga mos bo‘lgan taqdirda — yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini belgilangan bazaviy stavkada hisoblash;
Soliq qo‘mitasining axborot tizimiga kiritgan holda realizatsiya qilinganligi tasdiqlangan mahsulot hajmi yer uchastkasining normativ hosildorligiga nisbatan ko‘p yoki kam bo‘lgan taqdirda — yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘iga bazaviy stavkaga nisbatan mutanosib ravishda uch karragacha kamaytiruvchi va uch karragacha oshiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llash.
- Adliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Oliy sud bilan birgalikda bir oy muddatda iqtisodiy holati og‘ir bo‘lgan xo‘jaliklar tomonidan yerdan va kreditlardan foydalanishdagi muammolarni o‘rganib, ushbu holatda yer uchastkasida mahsulot yetishtirilishini ta’minlash imkoniyatlari yuzasidan taklif kiritsin.
- Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ikki oy muddatda barcha turdagi yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolari orqali sotishda narxlarning asossiz oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari, bo‘lib-bo‘lib to‘lash mexanizmlarining amalda samaradorlik holati, boshlang‘ich narxni shakllantirish va tushgan to‘lovlarni taqsimlash bo‘yicha qoidalarning asosliligini o‘rganib, natijalari bo‘yicha taklif kiritsin.
- Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov, qishloq xo‘jaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.U. Ermanov, Andijon, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimlari Sh.K. Abduraxmanov, Sh.Sh. Abdurazakov, Z.T. Mirzayev, X.X. Bozarov, Jizzax viloyati hokimi v.b. U.M. Mustafoyev yer uchastkalarini ajratish ishlarini 2025-yil 1-martga qadar to‘liq yakunlasin. Bunda:
2025-yil 6-fevralga qadar — Kadastr agentligi (F. Pulatov) bo‘sh turgan yer uchastkalari haqidagi ma’lumotlarni “E-ijara” axborot tizimiga taqdim etsin;
2025-yil 10-fevralga qadar — Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Q. Yuldashev), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortikov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari lotlarni elektron onlayn auksion savdolariga chiqarsin;
2025-yil 20-fevralga qadar — Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari yangi tizimga o‘tish istagini bildirgan fermer xo‘jaliklari bilan notarial shartnomalar imzolanishini va ular tomonidan tuman hokimliklari tasarrufiga qaytarilgan yer uchastkalarining elektron onlayn auksion savdolariga chiqarilishini ta’minlasin;
2025-yil 1-martga qadar — Kadastr agentligi (F. Pulatov) yer uchastkalarining ijara shartnomalari asosida yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazsin, Qishloq xo‘jaligi vazirligi (Q. Yuldashev) yer uchastkalari chegaralarini naturada (joyning o‘zida) belgilab bersin;
2025-yil 10-martga qadar — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Namangan, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari hokimliklari mazkur Farmon asosida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil axborot kiritsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-yanvardagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-15-son Farmoni 2-bandining “a” kichik bandi“, sotilmagan lotlarning narxi har takroriy savdoda 10 foizdan bosqichma-bosqich boshlang‘ich narxning 20 foizigacha kamaytiriladi” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
mazkur Farmonning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin;
Adliya vazirligi bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari haqida joylarda uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminarlar, aholi va ijrochilar o‘rtasida tushuntirish va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazsin;
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda mazkur Farmon haqida aholi va tadbirkorlarni internet tarmog‘i va mobil aloqa vositalari orqali tezkor ravishda xabardor qilish choralarini ko‘rsin.
- Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul etib qishloq xo‘jaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.U. Ermanov, Andijon, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari hokimlari Sh.K. Abduraxmanov, Sh.Sh. Abdurazakov, Z.T. Mirzayev, X.X. Bozarov, Jizzax viloyati hokimi v.b. U.M. Mustafoyev belgilansin.
Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-fevral,
PF-18-son