O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni

Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilik

Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Ushbu Qonunning qo‘llanilish sohasi

Ushbu Qonunning amal qilishi aholining oziqlik qimmatiga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan xavfsiz ovqatlanishini ta’minlashga, samarali bozor mexanizmlarini shakllantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishga nisbatan tatbiq etiladi.

4-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

davlat zaxirasi — davlat moddiy zaxirasining davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan, saqlanadigan hamda kamayishiga yo‘l qo‘yilmaydigan ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat bo‘lgan qismi;

ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari — tarkibi va miqdori bo‘yicha aholining xavfsiz ovqatlanish ratsionining asosini tashkil etadigan hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan oziq-ovqat mahsulotlari;

oziq-ovqat balansi — mamlakatning ichki iste’mol talabini qoplash manbalarini ko‘rsatgan holda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash istiqbollarini baholash va hisoblash tizimi;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasi — oziq-ovqat mahsulotlari bozorini barqaror saqlash maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining o‘zgaruvchan hajmlarda saqlanishi;

oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi — mamlakatning butun hududida yoki muayyan mintaqasida oziq-ovqat mahsulotlari ayrim turlarining yetishmasligi holati;

oziq-ovqat xavfsizligi — aholining sog‘lom hamda faol hayot kechirishi uchun ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq va uzluksiz ta’minlanishi;

xavfsiz ovqatlanish — tananing ichki muhiti barqarorligini ta’minlaydigan va turli sharoitlarda atrof-muhitning noqulay omillari ta’siriga qarshilik ko‘rsata oladigan, inson organizmining funksional faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan, organizmning energetik va biokimyoviy ehtiyojlariga muvofiq insonning fiziologik jihatdan oziqlik qimmatiga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘laqonli ta’minlanishi;

xomashyo — oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan qishloq va o‘rmon xo‘jaligi mahsulotlari hamda oziq-ovqat ingrediyentlari.

5-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi asosiy prinsiplar

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:

aholining ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi barqarorligi;

oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi axborotning shaffofligi va ochiqligi (oshkoraligi);

oziq-ovqat mahsulotlaridan oqilona foydalanish;

aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi.

6-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning minimal normalariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini shakllantirish;

aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan yetarli miqdorda va uzluksiz ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirish;

oziq-ovqat mahsulotlarining qonunchilik hujjatlarida belgilangan sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalariga muvofiq ishlab chiqarilishini rag‘batlantirish;

tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish, shuningdek ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining eksporti va importi o‘rtasidagi maqbul muvozanatni saqlash;

oziq-ovqat xavfsizligi va aholining xavfsiz ovqatlanishi sohasidagi faoliyatning samaradorligini ta’minlash;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi bozorining ehtiyojlarini doimiy monitoring qilish.

2-bob. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasini tartibga solish

7-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi organlar

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatni amalga oshiruvchi organlar quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi;

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi;

mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilmagan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatda qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etadi.

8-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasida oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelganda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni belgilaydi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini tashkil etadi, shuningdek ularning bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi;

oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishdan to ularni iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonni takomillashtirishning ustuvor innovatsion usullarini belgilaydi;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish tarmoqlarini, shuningdek oziq-ovqat xavfsizligi sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlarni kompleks qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini belgilaydi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi xavflarning oldini olish jarayonlari ustidan boshqaruv va nazoratni amalga oshiradi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasida xo‘jalik yurituvchi subyektlarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;

kelgusi yil uchun oziq-ovqat balanslarini tasdiqlaydi;

oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Vakolatli davlat organi:

oziq-ovqat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

O‘zbekiston Respublikasida oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelgan taqdirda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish bilan bog‘liq faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;

oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni o‘rganish asosida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish va rivojlantirishga doir qisqa, o‘rta hamda uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqadi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi ishlarning holati to‘g‘risidagi axborotni to‘plash va tahlil qilishni amalga oshiradi;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi bozorini barqarorlashtirishga, oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi narxlarining o‘zgaruvchanligini, shuningdek ularning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;

oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va xomashyo yetishtirishni rivojlantirish, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi narxlari o‘sishining oldini olish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

kelgusi yil uchun ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosiga bo‘lgan ehtiyojning prognoz hajmlarini ishlab chiqadi, ularning bajarilishi yuzasidan chora-tadbirlar ko‘radi;

davlat zaxirasini hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini tashkil etish mexanizmlarini takomillashtiradi;

bozorda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi assortimentini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

kelgusi yil uchun oziq-ovqat balansini ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasida ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshiradi;

qishloq xo‘jaligi maydonlarini kengaytirishga va qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi yo‘qotishlarni kamaytirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni amalga oshiradi;

oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantiradi.

Vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

10-modda. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;

ichki iste’mol bozorini rivojlantirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi narxlarining barqarorligini saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

davlat zaxirasini boshqarishni amalga oshiradi, uning saqlanishi, foydalanishi va yangilanishi tizimini takomillashtiradi;

davlat zaxirasida hamda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasida saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari normalarini belgilash bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

aholining ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish hamda ta’minlanganlik darajasini baholashni amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

11-modda. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi:

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini, iste’mol, import va eksport ko‘rsatkichlarini tahlil qiladi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasiga investitsiyalarni jalb etadi;

vakolatli davlat organi bilan birgalikda ichki bozordagi talabni muntazam o‘rganish asosida, zarur bo‘lganda, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan bojxona bojlari stavkalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

12-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi:

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasida sanitariya qoidalari, normalari hamda gigiyena normativlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etadi, shu jumladan genetik modifikatsiya qilingan organizmlardan foydalangan holda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari ustidan nazoratni amalga oshiradi;

xomashyo, kimyoviy hamda biologik sintez qo‘shimchalarini ishlab chiqarish chog‘ida xavfsizlik ko‘rsatkichlariga rioya etilishi bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning ilmiy asoslangan normalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi o‘zgarishlarning xavfsiz ovqatlanish hamda aholi salomatligi ko‘rsatkichlariga ta’siri monitoringi va tahlilini amalga oshiradi;

aholining ovqatlanishi bilan bog‘liq yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasiga, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini oshirishga qaratilgan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

13-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vakolatlari

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi maqsadli hududiy dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasi tasdiqlangan normalar asosida shakllantirilishini tashkil etadi;

oziq-ovqat balansini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

14-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlarining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga doir tadbirlardagi ishtiroki

Nodavlat notijorat tashkilotlari:

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga doir boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.

3-bob. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

15-modda. Oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan ko‘riladigan choralar

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘z vakolatlari doirasida oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘radi.

Oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha davlat tomonidan ko‘riladigan choralar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

davlat zaxirasini yaratish;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxirasini yaratish;

ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki undan olib chiqishni tartibga solish;

ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini aholi yillik ehtiyojlarining kamida sakson foizi miqdorida bo‘lishini ta’minlash.

16-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning maqsadi va asosiy yo‘nalishlari

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning maqsadi mamlakat aholisining ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini mahalliy oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish hisobiga qanoatlantirishdan iborat.

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalarini qo‘llash, melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish hamda irrigatsiya tizimlarini boshqarish samaradorligini hisobga olgan holda oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqaruvchilarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish;

oziq-ovqat sanoatini innovatsion texnologiyalar va ishlanmalar bilan ta’minlash dasturlarini moliyalashtirish, uning tashkiliy hamda iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish, qayta ishlash hamda saqlash jarayonlariga resurs tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini saqlash hamda tashish infratuzilmasini rivojlantirish;

oziq-ovqat xavfsizligi monitoringini va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi boshqa tadbirlarni qonunchilikka muvofiq o‘tkazish.

17-modda. Oziq-ovqat balansini shakllantirish

Oziq-ovqat mahsulotlarining iste’mol normalari mamlakatning demografik, ijtimoiy va iqtisodiy ko‘rsatkichlariga asosan har uch yilda qayta ko‘rib chiqiladi.

Vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlarining iste’moli normalari asosida, talab etiladigan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish prognoz ko‘rsatkichlari va holatini tahlil qilish orqali oziq-ovqat balansini ishlab chiqadi.

Oziq-ovqat balansi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

aholining ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanganlik darajasini;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi bozorining oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxiralari bilan eng ko‘p hamda maqbul ta’minlanganlik darajasini.

18-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi

Aholi soni, jinsi, yoshi va hududiy sharoitlarni hisobga olgan holda oziq-ovqat xavfsizligini real vaqt rejimida baholash hamda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xavflarni prognoz qilish maqsadida oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi vakolatli davlat organi tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.

Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasida quyidagilar aks ettiriladi:

oziq-ovqat balansi to‘g‘risidagi axborot;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosini ishlab chiqarish holati;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining eksporti hamda importi haqidagi ma’lumotlar;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining iste’mol dinamikasi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi maqsadli dasturlarning bajarilishi;

oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar va standartlar.

Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasidagi axborot barcha uchun ochiq bo‘lishi kerak, bundan oshkor etilishi qonun bilan cheklangan axborot mustasno.

4-bob. Iste’molchilarning, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari

19-modda. Iste’molchilarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari

Iste’molchilar quyidagi huquqlarga ega:

sotib olinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari to‘g‘risida zaruriy, ishonchli va ochiq axborotni olish;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi narxlarining asossiz oshirilishi, sun’iy taqchillikning yuzaga kelishi xususida tegishli organlarga murojaat qilish;

o‘zining ovqatlanishga bo‘lgan fiziologik ehtiyojini qondirish uchun o‘z hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmaydigan sifatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini erkin tanlash;

hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari to‘g‘risida tegishli davlat nazorati organlarini xabardor qilish;

hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchining (sotuvchining) g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) oqibatida yetkazilgan moddiy ziyonning o‘rni qoplanishi, ma’naviy zarar kompensatsiya qilinishi;

buzilgan huquqlarini yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini himoya qilish uchun sudga va boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish.

Iste’molchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Iste’molchilar:

oziq-ovqat mahsulotlaridan oqilona foydalanishi;

oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etishi shart.

Iste’molchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

20-modda. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi huquq va majburiyatlari

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar quyidagi huquqlarga ega:

o‘zi ishlab chiqaradigan mahsulotlar assortimentini erkin tanlash;

oziq-ovqat balansi to‘g‘risida ishonchli axborot olish;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining aylanma zaxiralari haqida ma’lumot olish;

oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosining iste’mol dinamikasi to‘g‘risida ma’lumot olish;

ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarini erkin realizatsiya qilish.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar:

oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda xomashyoni qayta ishlashda resurs tejaydigan va xavfsiz texnologiyalardan foydalanishi;

oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda muomalaga kiritish chog‘ida ularning qonunchilik hujjatlari va texnik reglamentlar talablariga muvofiq bo‘lishini ta’minlashi;

iste’molchilarga yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish yoki bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni davlat organlari bilan hamkorlikda amalga oshirishi;

o‘zi ishlab chiqarayotgan (realizatsiya qilayotgan) oziq-ovqat mahsulotlari to‘g‘risidagi zaruriy, ishonchli va ochiq axborotni iste’molchiga o‘z vaqtida taqdim etishi shart.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

21-modda. Nizolarni hal etish

Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

22-modda. Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

23-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyatini tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

24-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

ushbu Qonun 8-moddasi birinchi qismining o‘ninchi xatboshisida nazarda tutilgan Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibini ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy ichida ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

25-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 3-fevral,

O‘RQ-1023-son

 

Izoh qo'shish

Sizning elektron pochta manzilingiz nashr etilmaydi.