O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida
Tomorqa yerlari va dehqon xo‘jaliklari yer maydonlaridan samarali foydalanish, sohaga zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlar yetishtirishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining:
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashini O‘zbekiston fermerlari kengashi etib qayta nomlash;
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarini rivojlantirish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalarni yuklash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga aholi tomorqasi va dehqon xo‘jaliklari yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklaridagi yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish va ularda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hisobini yuritish hamda “Online mahalla” platformasida aniq va batafsil ma’lumotlar bazasini shakllantirish;
tuman va mahallalarning ixtisoslashuv bo‘yicha salohiyat va imkoniyatlaridan kelib chiqib, tomorqalarda yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirishni yashil va innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish orqali aholining yuqori daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash va ularni kambag‘allikdan chiqarish;
mahallalarda har bir aholi tomorqasidan maqsadli va samarali foydalanish, jumladan, yerni tayyorlash, urug‘, ko‘chat va daraxtlar ekish, issiqxonalar qurish bo‘yicha ishlarni tashkil etish va yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar va chora-tadbirlarning ijrosi ustidan qat’iy nazorat qilish tizimini yo‘lga qo‘yish;
suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan mahallalarda sug‘orish tizimini yaxshilash hamda yetakchi eksportchi tadbirkorlarni jalb qilish orqali aholi tomorqalarida bir xil tur va standartdagi eksportbop mahsulotlar yetishtirishni ta’minlash;
tomorqalar va uzoq muddatga ijaraga berilgan ekin yer maydonlaridan foydalanishda aholi va yetakchi tadbirkorlarning ko‘p yillik tajribasi va ko‘nikmalari hamda hududning tabiiy va iqlim sharoitidan kelib chiqib, tashqi va ichki bozorlarda xaridorgir mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashuvni chuqurlashtirish;
yetakchi eksportchi tadbirkorlar salohiyatidan tomorqalarda yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlarni yetishtirish bilan birga aholining tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish va bank mijoziga aylanishiga ko‘maklashish maqsadlarida ham foydalanish amaliyotini kengaytirish;
aholi tomorqalarida energotejamkor, yashil yondashuvlar asosidagi issiqxonalar qurish, kichik intensiv bog‘lar barpo etish va innovatsion sug‘orish texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish.
- Aholi tomorqalari va uzoq muddatli ijaraga berilgan yer maydonlarida yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashuvni chuqurlashtirish orqali hududlarning yangi “o‘sish nuqtalari”ni yaratish hamda tomorqani aholining barqaror daromad manbaiga aylantirish maqsadida Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha kengash (keyingi o‘rinlarda — Kengash) tuzilsin va uning tarkibi 1-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.
- Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
eng ko‘p eksport qilinadigan mahsulotlar, xususan, uzum, shaftoli, gilos, xurmo, o‘rik, mayiz va boshqa mahsulotlar bilan birga eksport salohiyati yuqori bo‘lgan rezavorlar, olma, nok, limon va boshqa meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishni va eksportini rivojlantirish;
Yangiyo‘l, Oltiariq, Quva, Asaka, Angor, Denov, Qo‘shrabot va boshqa eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlarda eksport rivojlanishining aholi tomorqalari va ijara yer maydonlaridan chuqur ixtisoslashuv asosida samarali foydalanishga ijobiy ta’sirini inobatga olib, alohida kompaniya tashkil etish orqali ushbu tajribani bosqichma-bosqich respublikaning qolgan tumanlari va mahallalariga tatbiq etish;
tegishli hududda aholi tomorqalari va uzoq muddatli ijaraga berilgan yer maydonlarining bosqichma-bosqich 75 foizida bir xil turdagi va standartdagi mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashuvga erishishni ta’minlash;
har bir tanlab olingan yo‘nalishda dastlabki bosqichda 100 ta mahalladagi aholi tomorqalari va uzoq muddatli ijaraga berilgan yer maydonlarida ixtisoslashuvni chuqurlashtirish, keyinchalik ularning sonini 500 taga olib chiqish;
faoliyati tashqi bozorlarda barqaror talabga ega qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining milliy brendlarini yaratish va sifatini oshirish orqali eksport hajmi va geografiyasini kengaytirishga qaratilgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi ixtisoslashgan kompaniyalarni tashkil etish;
aholi tomorqalarida va ijaraga berilgan yer maydonlarida issiqxonalar tashkil etish, eski bog‘larni yangilash, yashil va innovatsion texnologiyalardan foydalanishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish va yangilarini joriy etish;
tuman va mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, hududlarda kichik va o‘rta hajmdagi logistika markazlarini tashkil etish uchun tadbirkorlarga qulay shartlarda kredit va lizing ajratish va boshqa turdagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish.
- O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi negizida O‘zbekiston fermerlari kengashi huzurida Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmasdan Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilsin.
- Belgilansinki:
- a) O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining:
qoldiq mablag‘laridan 300 milliard so‘m qismi, tijorat banklariga maqsadli dasturlarni moliyalashtirish uchun joylashtirilgan resurslardan qaytadigan resurslar hisobidan 1 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘ va ularga hisoblanadigan foiz to‘lovlari, shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi oldidagi qarzdorliklarni qoplash majburiyatlari Jamg‘armaga o‘tkaziladi;
boshqa aktiv va majburiyatlari to‘liq hajmda Fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga o‘tkaziladi;
- b) 2025-yil Davlat budjeti parametrlarida Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘larning 50 milliard so‘m qismi Jamg‘armaga o‘tkaziladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi O‘zbekiston fermerlari kengashi bilan birgalikda ikki hafta muddatda mazkur bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan moliyaviy resurslar taqsimotini amalga oshirsin.
- Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tartiblari joriy etilsin:
har yili 500 ta mahallada bittadan aholi tomorqasida amalga oshirilgan eng namunali va innovatsion loyiha uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan oshmagan miqdorda grantlar ajratiladi;
usta dehqonlar tomonidan qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun har bir kurs uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratiladi;
muayyan mahalladagi 50 foiz xonadonlarning tomorqasida eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yib bergan usta dehqonlarga 100 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi;
tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari hamda ularga xizmat ko‘rsatuvchi subyektlarga tijorat banklari orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni qayta ishlash, quritish, saqlash va qadoqlash loyihalari uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada (shundan 5 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi;
aholi tomorqalari va ijara yerlarida ixcham muzlatkichli omborxonalar, qadoqlash, quritish va qayta ishlash uskunalari, tayyor holdagi issiqxonalar 24 oylik imtiyozli davr bilan 5 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi.
Belgilansinki, Kengashga Jamg‘arma va boshqa jalb qilingan mablag‘lardan foydalanishda soddalashtirilgan tartibda hamda tezkor qaror qabul qilinishini ta’minlash maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri bilan kelishgan holda mazkur bandda nazarda tutilgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va instrumentlarining shartlarini qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartirishga ruxsat beriladi.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi nizomni tasdiqlasin:
Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish tartibi;
Jamg‘arma mablag‘lari va boshqa manbalar hisobidan beriladigan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash turlari va ularni berish tartibi.
- Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan o‘tkazib beriladigan mablag‘lar;
Davlat budjetidan transfertlar;
Jamg‘armaga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari) va grantlari;
Jamg‘armaning daromadlari, shu jumladan, vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini depozit hisob raqamlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
- Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra aholi tomorqasi va dehqon xo‘jaliklariga ijaraga berilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish holati bo‘yicha hokim yordamchisi tomonidan hududning iqlim sharoitini inobatga olgan holda har chorakda o‘tkaziladigan monitoring natijasida ekin to‘liq ekilmagan yoki qarovsiz qoldirganlik holati aniqlanganda tajriba tariqasida (fors-major holatlari bundan mustasno):
- a) tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklariga davlat dasturlari doirasidagi imtiyozli kreditlar berilmaydi;
- b) Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan fuqarolar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar to‘xtatiladi;
- v) “Online mahalla” elektron platformasi ma’lumotlari asosida ekin ekilmaganligi aniqlangan yil uchun yer solig‘i stavkasi uch karra miqdorida hisoblanadi. Bunda:
berilayotgan imtiyozlarni vaqtinchalik to‘xtatish, qayta tiklash va oshirilgan soliq stavkalarini qo‘llash “mahalla yettiligi” xulosasiga asosan amalga oshiriladi va tegishli ma’lumotlar “Online mahalla” elektron platformasiga kiritib boriladi;
tomorqa va ijaraga berilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilgan, ya’ni ekin ekiladigan maydonlariga ekin ekilgan taqdirda, “mahalla yettiligi” kafilligi bilan barcha imtiyozlar va amaldagi soliq stavkalari tiklab beriladi.
- Belgilansinki:
aholi tomorqalaridan yuqori daromad olishni rag‘batlantirish maqsadida 2026-yildan boshlab tajriba tariqasida Namangan viloyatida dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarida yetishtirilgan mahsulotlardan olingan daromad miqdori 1 sotix uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan yuqori bo‘lganda fuqarolar va (yoki) dehqon xo‘jaliklarining ekin bilan band bo‘lgan yer uchastkalari uchun to‘langan yer solig‘ining 90 foizi tegishli yil yakuni bilan qaytarib beriladi;
mazkur tartib yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda:
uch oy muddatda yetishtirilgan mahsulot hajmi va “Uzex Agro” platformasidagi o‘rtacha narxdan kelib chiqib, fuqarolar va (yoki) dehqon xo‘jaliklarining 1 sotix yer maydonidan olgan daromadini aniqlash imkonini beruvchi mexanizmni ishlab chiqsin;
mazkur bandning ikkinchi xatboshisidagi tajribaning natijalarini hisobga olgan holda ushbu tartibni respublikaning boshqa hududlariga joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
- Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-martdan boshlab eksport qilish maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jismoniy shaxslardan xarid qilgan korxonalar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron shaklda soliq organlari ma’lumotlar bazasida aks ettirilishi soliq solish maqsadlarida kirim hujjatlariga tenglashtiriladi.
Soliq qo‘mitasi 2025-yil 1-martga qadar eksport qilish maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jismoniy shaxslardan xarid qilgan korxonalar tomonidan kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish imkoniyatini yaratsin.
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining:
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ixtisoslashuvni chuqurlashtirish, respublikaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti rivojlangan tumanlarida tomorqa va ijara yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ijobiy tajribani bosqichma-bosqich boshqa tumanlarga tatbiq etish orqali hududlarda yangi “o‘sish nuqtalari”ni yaratish maqsadida “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati ta’sischiligida “Uzagrostar xolding” kompaniyasini tashkil etish;
“Uzagrostar xolding” kompaniyasining kuzatuv kengashi tarkibiga Kengash a’zolarini kiritish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddatda “Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatida Iqtisodiyot va moliya vazirligining ulushini oshirish hisobiga “Uzagrostar xolding” kompaniyasi ustav kapitalini shakllantirish uchun 2025-yil 25-fevralga qadar 300 milliard so‘m mablag‘ni “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatiga ajratsin.
- Kengash (S. Annaklichev) 2025-yil 1-maydan boshlab alohida mahsulot turlarini yetishtirishga ixtisoslashgan tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklarining nufuzini oshirish, mahsulot brendini yaratish va qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga ko‘maklashishga qaratilgan namunali aholi tomorqasi, namunali mahalla, namunali issiqxonalar reytingini tuzish hamda har yili ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi namunali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning ijobiy tajribasini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2-ilovagamuvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 3-ilovagamuvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
- Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-fevral,
PF-22-son