O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
Sholi yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sholi yetishtiruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 15-avgustdagi PQ-290-son qaroriga muvofiq, shuningdek, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash ko‘lamini kengaytirish, sug‘oriladigan yerlarning unumdorligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
- Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2025-2026-yillarda Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom 1-ilovaga muvofiq:
sholi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi subyektlariga (keyingi o‘rinlarda — sholi yetishtiruvchilar) lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish bo‘yicha talab etiladigan hujjatlar, ularni ko‘rib chiqish hamda subsidiya ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
sholi yetishtiruvchilarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi;
2025-2026-yillarda xarid qilingan zamonaviy sholi urug‘ini ekish seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Belgilansinki:
Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiruvchilarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarining 100 foizini, biroq 1 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan qismini qoplab berish uchun;
2025-2026-yillarda ishlab chiqaruvchidan xarid qilingan va xarid qilinganligiga bir yildan oshmagan, mahalliy ishlab chiqarilgan yoki import qilingan zamonaviy sholi urug‘ini ekish seyalkalari hamda ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizini qoplab berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligining hisob-kitoblariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiruvchilarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan yer tekislash xarajatlari hamda 2025-2026-yillarda xarid qilingan zamonaviy sholi urug‘ini ekish seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish uchun subsidiyalarga talab etiladigan mablag‘larning nazarda tutilishini ta’minlasin.
- Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 23-fevraldagi 95-son qaroriga3-ilovagamuvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
- Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-fevral,
97-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-fevraldagi 97-son qaroriga
1-ILOVA
2025-2026-yillarda Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi subyektlariga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida
VAQTINCHALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
- Mazkur Vaqtinchalik nizom 2025-2026-yillarda Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, dehqon xo‘jaliklari, agroklasterlar hamda kooperatsiyalarning (keyingi o‘rinlarda — sholi yetishtiruvchilar) lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan ekin maydonlariga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
Ushbu Vaqtinchalik nizom Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiruvchilarning lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan sug‘oriladigan ekin maydonlariga tatbiq etiladi.
- Mazkur Vaqtinchalik nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“Agrosubsidiya” AT — Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsiya platformasi tarkibiga kiruvchi hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun imtiyozli kredit va subsidiyalarni ajratish, mahsulot yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini ta’minlab beradigan axborot tizimi;
subsidiya — lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarining O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan qoplab beriladigan qismi.
- Sholi yetishtiruvchilarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarining 100 foizini, biroq 1 mln so‘mdan ortiq bo‘lmagan qismini qoplash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiya ajratiladi. Bunda ushbu subsidiya uchun talab etiladigan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida Qishloq xo‘jaligi vazirligi uchun ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida yuritiladi.
- Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiruvchilarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan yer tekislash xarajatlari uchun subsidiya ushbu Vaqtinchalik nizomga 1-ilovagamuvofiq sxema bo‘yicha ajratiladi.
2-bob. Subsidiya ajratish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilish
- Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiruvchilarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlari uchun subsidiya ajratishga ko‘maklashuvchi tuman ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda — tuman ishchi guruhi) mazkur Vaqtinchalik nizomga 2-ilovagamuvofiq namunaviy tarkibda har bir tumanda tashkil etiladi.
- Sholi yetishtiruvchilar ekin maydonini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislab bo‘lgandan so‘ng 5 ish kuni ichida tuman ishchi guruhiga tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha “Agrosubsidiya” AT orqali ariza bilan murojaat qiladi hamda quyidagilarni ilova qiladi:
- a) ekin maydonini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislash bo‘yicha tuzilgan pudrat shartnomasining nusxasi (agar lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat sholi yetishtiruvchilarning o‘ziga tegishli bo‘lsa, shartnoma talab etilmaydi);
- b) lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallarini xarid qilish bo‘yicha hisob-faktura nusxasi.
Sholi yetishtiruvchilar arizadagi ma’lumotlar va ilova qilingan hujjatlarning to‘g‘riligi uchun javobgar hisoblanadi.
Sholi yetishtiruvchilardan ushbu bandda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
3-bob. Sholi yetishtiruvchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va subsidiya ajratish
- Sholi yetishtiruvchilarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni to‘plash, tuman ishchi guruhi xulosasini tayyorlash hamda zarur ma’lumotlarni “Agrosubsidiya” AT ga kiritish bilan bog‘liq barcha tadbirlar tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.
- Tuman ishchi guruhi ariza tushgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida:
ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni ushbu Vaqtinchalik nizomning 7-bandida nazarda tutilgan talablarga muvofiq sholi yetishtiruvchilar tomonidan taqdim etilganligini o‘rganib chiqadi;
joyiga chiqqan holda sholi yetishtiruvchilar tomonidan ekin maydonini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan belgilangan talablar darajasida tekislanganligini va sifatini konturlar kesimida o‘rganadi;
sholi yetishtiruvchilar tomonidan ekin maydoni lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan talab darajasida tekislanganligi aniqlanganda, Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiruvchilarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratishga ko‘maklashuvchi tuman ishchi guruhi mazkur Vaqtinchalik nizomga 3-ilovaga muvofiq tayyorlangan xulosani “Agrosubsidiya” AT orqali elektron imzo bilan tasdiqlaydi.
- Sholi yetishtiruvchilarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarini qoplashni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
sholi yetishtiruvchilarning o‘z arizasiga asosan;
ushbu Vaqtinchalik nizomning 7-bandida nazarda tutilgan hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda;
sholi yetishtiruvchilar tomonidan soxta hujjatlar, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganda;
sholi yetishtiruvchilar bo‘lgan qishloq xo‘jaligi subyekti tugatilganda.
Ushbu bandda ko‘rsatilmagan boshqa asoslar bilan sholi yetishtiruvchilarga subsidiya ajratishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tuman ishchi guruhi subsidiya ajratishni rad etgan taqdirda, sholi yetishtiruvchilarga bir kun muddatda “Agrosubsidiya” AT orqali rad etishning aniq sabablarini ko‘rsatgan holda xabarnoma yuboradi.
Subsidiya ajratish rad etilgan sholi yetishtiruvchilar tuman ishchi guruhining qarorida ko‘rsatilgan rad etish sabablarini xabarnomani olgan kundan boshlab besh ish kuni ichida bartaraf etgan holda qayta murojaat qilishi mumkin.
Sholi yetishtiruvchilar tuman ishchi guruhining subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, belgilangan tartibda yuqori turuvchi tashkilotga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
- Tuman ishchi guruhi sholi yetishtiruvchilarga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosani rasmiylashtirishda quyidagilarga shaxsan mas’ul hisoblanadi:
tuman hokimi — ishchi guruh faoliyatini tashkil qilishga va ishchi guruh tomonidan sholi yetishtiruvchilarning subsidiya ajratish to‘g‘risidagi arizasini joyiga chiqqan holda muddatida va to‘liq o‘rganilishiga hamda rasmiylashtirilgan hujjatlarning haqqoniyligiga;
tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i — subsidiya ajratish to‘g‘risidagi hujjatlar o‘z vaqtida rasmiylashtirilishi va muvofiqlashtirilishiga;
tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i — sholi yetishtiruvchilarga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari va hisobvaraqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning haqqoniyligiga;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda — “O‘zagroinspeksiya”) tuman bo‘limi rahbari — tekislangan maydonning o‘lchami, kontur raqamini aniqlash, ekin maydonini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislash ishlarining konturlar kesimida to‘liq va sifatli bajarilganligi hamda yonilg‘i-moylash mahsulotlarining sarflangan miqdoriga;
tuman prokurori va tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i — lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislangan ekin maydoniga sarflangan yonilg‘i-moylash materiallari xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratilishi bo‘yicha umumiy nazoratni amalga oshirilishiga.
- Tuman ishchi guruhi sholi yetishtiruvchilarga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosani rasmiylashtirgandan so‘ng bir ish kuni ichida xulosani ko‘rib chiqish uchun “Agrosubsidiya” AT orqali Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yuboradi.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
“O‘zagroinspeksiya” hamda Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ekin maydonini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislagan sholi yetishtiruvchilarga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosani va unga ilova qilingan hujjatlarni ular kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida ko‘rib chiqadi;
ekin maydonini lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan tekislagan sholi yetishtiruvchilarga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosani va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra sholi yetishtiruvchilarga subsidiya ajratish yoki ajratishni rad etish haqidagi xulosani “Agrosubsidiya” AT orqali elektron imzo bilan tasdiqlaydi;
tasdiqlangan xulosaga muvofiq uch ish kuni ichida sholi yetishtiruvchilarning tijorat bankidagi hisobvarag‘iga subsidiya mablag‘larini o‘tkazib beradi.
Agar sholi yetishtiruvchilarga subsidiya ajratish rad etilganda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuman ishchi guruhi rahbari nomiga aniqlangan kamchiliklarni besh ish kuni ichida bartaraf etgan holda, xulosani qayta taqdim etishi to‘g‘risida xabarnomani yuboradi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
- Xorazm viloyatidagi sholi yetishtiruvchilarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregat bilan yer tekislash xarajatlarini qoplab berish maqsadida ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanish Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi.
- Ushbu Vaqtinchalik nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.