Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “Agrosanoatni raqamlash­tirish markazi” MChJ vakillari tomonidan Surxondaryo viloyatidagi mavjud paxta qabul qilish maskanlarida “AgroTarozi” axborot tizimini o‘rnatish va undan foydalanish bo‘yicha manzilli o‘quv-amaliy seminarlar tashkil etildi.

Dastlabki bosqichda Angor tumanidagi “Zamin Angor” MChJga qarashli paxta qabul qilish maskanida Qishloq xo‘jaligi bo‘limlari, Agroinspeksiya, klaster xo‘jaliklari va boshqa soha vakillariga “AgroTarozi” tizimining maqsadi, qulaylik va imkoniyatlari, shuningdek, undan foydalanish tartibi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlash joizki, “AgroTarozi” axborot tizimi – paxta yuklarining kirib kelishi va chiqib ketishi, tortilishi va qayd etilishi kabi barcha jarayonlarni inson omilini minimal darajaga tushirgan holda avtomatlashtirib boshqarish imkonini beradi. Bu tizim korrupsion xatarlarning oldini olish, ishonchli va shaffof hisob-kitob yuritish, fermer va ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng viloyatdagi mavjud 31 ta paxta qabul qilish maskanidagi tarozilarga yangi joriy qilingan dasturiy ta’minotni o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi. Shuningdek, ushbu maskanlarning joriy yilgi paxta qabul qilish mavsumiga tayyorgarligi, o‘rnatilgan kamera, internet va kompyuter qurilmalarining texnik holati ham atroflicha o‘rganilmoqda.