Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholashda shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibni joriy etish, sohaga xalqaro tajribalarni keng tatbiq etish orqali eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligi va narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida qaror qilaman:

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining quyidagi takliflari ma’qullansin:

(a) qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholashda raqamli QR kodli yorliqlash, shuningdek, urug‘liklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining reyestrini yuritishga asoslangan yangi tizimni (keyingi o‘rinlarda — yangi tizim) joriy etish;

(b) Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshidagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasini (keyingi o‘rinlarda — Markaz) qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholovchi yagona vakolatli tashkilot sifatida belgilash.

  1. Belgilab qo‘yilsinki, yangi tizim doirasida:

(a) qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholash ikki bosqichda amalga oshiriladi:

(i) birinchi bosqichda — Markaz xodimlari tuman aprobatsiya komissiyalari tarkibida urug‘lik ekin maydonlarida o‘tkaziladigan aprobatsiya jarayonida qatnashadi va o‘simlikning morfologik belgilariga asosan urug‘liklarning navdorligini baholashdan (nizoli hollarda laboratoriya genetik (nav) sinovi) o‘tkazadi, navdorlik guvohnomasini rasmiylashtiradi va axborot tizimiga joylashtiradi;

(ii) ikkinchi bosqichda — Markaz tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklari akkreditatsiyalangan laboratoriyalarda sinovdan o‘tkaziladi va natijalari bo‘yicha urug‘liklarning ekish uchun yaroqliligini tavsiflovchi ko‘rsatkichlar majmui asosida ekinboplik xulosasi beriladi;

(b) qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklariga raqamli QR kodli yorliq urug‘liklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining arizalari asosida Markaz tomonidan uch ish kuni davomida beriladi. Bunda Markaz tomonidan quyidagilar o‘rganiladi:

(i) mahalliy yetishtirilgan urug‘liklarga raqamli QR kodli yorliqni berishda navdorlik guvohnomasi va urug‘lik qabul qilinganligi bo‘yicha yuk xati;

(ii) import qilinadigan urug‘liklarga raqamli QR kodli yorliqni berishda fitosanitar sertifikat, karantin ruxsatnomasi, sifati bo‘yicha xorijiy sertifikat, nav tavsifnomasi va uchinchi (xolis) tomonning xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarining sinov natijalari (mavjud bo‘lganda);

(v) qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining navdorlik guvohnomasi, nav tavsifnomasi va ekinboplik xulosasi raqamli QR kodli yorliqqa Markaz tomonidan joylashtirib boriladi;

(g) tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini tezkor hal etish maqsadida Markaz tomonidan tunu kun ishlaydigan “Call markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

  1. 2026-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilar taqiqlansin:

(a) mulkchilik shaklidan qat’i nazar urug‘liklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi barcha tadbirkorlik subyektlari tomonidan raqamli QR kodli yorliqlanmagan hamda ijobiy ekinboplik xulosasi olinmagan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklarini realizatsiya qilish;

(b) Bojxona qo‘mitasi tomonidan raqamli QR kodli yorliqlanmagan va ijobiy ekinboplik xulosasi olinmagan import qilinayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklarini “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga rasmiylashtirish.

  1. Qishloq xo‘jaligi yerlarida sifatli urug‘liklar ekilishini ta’minlash va hosildorlikni monitoring qilish maqsadida belgilansinki, 2026-yildan boshlab:

(a) qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer va dehqon xo‘jaliklari, shuningdek, boshqa barcha yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda — qishloq xo‘jaligi korxonalari) o‘zlariga tegishli qishloq xo‘jaligi yerlariga ekilgan urug‘liklar hamda yetishtirilgan hosil bo‘yicha ma’lumotlarni konturlar bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi vazirligining axborot tizimiga kiritib boradi;

(b) Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan ekilgan urug‘liklar va yetishtirilgan hosil bo‘yicha ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritish holatini monitoring qilib boradi;

(v) ekilgan urug‘lik va yetishtirilgan hosil bo‘yicha ma’lumotlarning ular ekilganidan hamda yig‘ib olinganidan keyin bir oygacha muddatda axborot tizimiga kiritilmaganligi yoki noto‘g‘ri kiritilganligi qishloq xo‘jaligi mahsulotini va urug‘liklarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash va ulardan foydalanish tartibini buzish deb baholanadi.

  1. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar:

(a) qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholash tizimini Xalqaro urug‘chilik federatsiyasi (ISF)ning qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining savdosi bo‘yicha talablari hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning urug‘liklarning sifatini baholash hamda markirovkalash bo‘yicha qoidalariga muvofiqlashtirish;

(b) Markazning urug‘chilik laboratoriyalari faoliyatini urug‘lik sinovining xalqaro qoidalariga muvofiqlashtirish va ularni Xalqaro urug‘larni sinash assotsiatsiyasi (ISTA) talablariga asosan akkreditatsiyadan o‘tkazish choralarini ko‘rsin.

  1. Belgilansinki, yangi tizim doirasida javobgarlik choralarini nazarda tutish maqsadida 2026-yildan boshlab raqamli QR kodli yorliqlanmagan va ijobiy ekinboplik xulosasi olinmagan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklarini realizatsiya qilgan tadbirkorlik subyektlariga Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravarigacha miqdorda ma’muriy jarima qo‘llanadi.
  2. Belgilab qo‘yilsinki:

(a) respublikadagi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va tajriba-sinov tadqiqotlarini o‘tkazish uchun import qilgan hamda ilmiy tajriba uchastkasida tayyorlagan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarini raqamli QR kodli yorliqlash va ekinboplik xulosasini berish Markaz tomonidan bepul amalga oshiriladi;

(b) qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklarini import qilishda ular bo‘yicha uchinchi (xolis) tomonning xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarining sinov natijalari amaldagi milliy qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga mos kelgan hollarda Markaz tomonidan beriladigan ijobiy ekinboplik xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi hududida tan olinadi;

(v) qishloq xo‘jaligi yerlariga 1-ilovada belgilangan genetik (nav) va ekinboplik sifat ko‘rsatkichlaridan past bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘liklarini ekish taqiqlanadi.

  1. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 2025-yil yakuniga qadar qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining navdorligi va ekinbopligi bo‘yicha reytingni hamda urug‘liklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining reyestrini shakllantirsin.
  2. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda raqamli QR kodli yorliq shakllarining belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasin.
  3. Quyidagilar:

(a) Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining axborot tizimlarini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlariga integratsiya qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

(b) yangi tizim doirasida “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi amalga oshiradigan faoliyat turlari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

  1. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

(a) raqamli QR kodli yorliqlanmagan urug‘liklardan ekish uchun foydalanganlik va ularni realizatsiya qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasini;

(b) “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonunga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish bo‘yicha takliflarni;

(v) qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholashda raqamli QR kodli yorliqlash, shuningdek, urug‘liklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining reyestrini yuritishga asoslangan yangi tizimni joriy qilish tartibini tasdiqlash bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini;

(g) qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining navdorligi va ekinbopligi bo‘yicha reytingni hamda urug‘liklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining reyestrini yuritish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagi hujjatlarning namunaviy shaklini tasdiqlasin:

(a) genetik (nav) va ekinboplik sifat ko‘rsatkichlariga mos bo‘lgan urug‘lik yetkazib berish bo‘yicha shartnoma;

(b) sifatsiz urug‘ yetkazilishi natijasida yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha urug‘ni realizatsiya qiluvchi tadbirkorlik subyektining majburiyati.

  1. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermerlari kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda yangi tizim doirasida qishloq xo‘jaligi korxonalari vakillari hamda urug‘liklarni yetishtirish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun o‘quv seminar treninglar tashkil qilsin.
  2. Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
  3. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Xodjayev, Qishloq xo‘jaligi vaziri I.Yu. Abduraxmonov hamda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i A.D. Vaxabov belgilansin.
  4. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

 

Toshkent sh.,

2025-yil 7-iyul,

PF-109-son