“AgroTarozi” va “Hosil qabuli” platformalarini joriy etish bo‘yicha o‘quv seminarini o‘tkazildi
Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJ vakillari Toshkent viloyatiga tashrif buyurib, “AgroTarozi” va “Hosil qabuli” platformalarini joriy etish bo‘yicha o‘quv seminarini o‘tkazdi. Mazkur tadbirda hududlardagi paxta qabul qilish punktlarining mas’ul tarozibonlari, laboratoriya xodimlari, shuningdek, viloyat va tuman hokimlari o‘rinbosarlari hamda joylardagi agrar sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdi. Unda ishtirokchilar tizimning ishlash mexanizmi, ma’lumotlarni to‘g‘ri kiritish qoidalari, xatolarning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar, sun’iy intellekt yordamida hosil og‘irligini adolatli qayd etish imkoniyatlari haqida batafsil tushunchaga ega bo‘lishdi.
Suhbat chog‘ida Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni yanada jadallashtirish orqali samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonning mazmun-mohiyati ham tinglovchilarga batafsil tushuntirildi.
Shuningdek, loyiha asosida agrodronlar yordamida xizmatlarni yo‘lga qo‘yish masalalariga oid ma’lumotlar taqdim etildi. Ta’kidlash joizki, joriy etilayotgan raqamli texnologiyalar paxta qabul qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash imkonini bermoqda.