Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJ vakillari Navoiy viloyatining Xatirchi va Navbahor tumanlarida joylashgan “Baxt textile” hamda “Navbahor textile” MChJlarda “AgroTarozi” va “Hosil qabuli” axborot tizimlarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha o‘quv seminar o‘tkazishdi.

Seminarda hududlardagi paxta qabul qilish punktlari mas’ullari, laboratoriya xodimlari, tarozibonlar, shuningdek, agrar sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar faol ishtirok etishdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga tizimning ishlash mexanizmi, ma’lumotlarni to‘g‘ri kiritish qoidalari, xatolarning oldini olish va sun’iy intellekt asosida hosil og‘irligini adolatli qayd etish imkoniyatlari haqida batafsil tushuntirish berildi.

Qayd etish lozim, “AgroTarozi” platformasi paxta qabul qilish jarayonida shaffoflik va adolatni ta’minlash bilan birga, ma’lumotlarni real vaqt rejimida qayd etish imkonini beradi. Bu esa fermerlar uchun hosilni topshirish jarayonida inson omiliga bog‘liq xatoliklarni kamaytirib, aniq va ishonchli natijalarga erishish imkoniyatini yaratadi.

Platformaning amaliyotga joriy etilishi nafaqat paxta qabul qilish jarayonida adolat, aniqlik va samaradorlikni oshiradi, balki kelgusida boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilish va qayd etishda ham keng qo‘llanilishi mumkin. Seminar chog‘ida ayni shu jihatlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.