Buxoroda “AgroTarozi” platformasi bo‘yicha seminar o‘tkazildi
Kecha Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJ vakillari Buxoro viloyatiga tashrif buyurib, “AgroTarozi” platformasini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli o‘quv seminar o‘tkazishdi.
Tadbirda paxta qabul qilish punktlari mas’ullari, laboratoriya xodimlari, tarozibonlar hamda agrar soha vakillari faol ishtirok etdi.
Ular suhbat chog’ida tizimning ishlash tamoyillari, ma’lumotlarni to‘g‘ri kiritish qoidalari va xatoliklarning oldini olish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlar olishdi. Shuningdek, malakali mutaxassislar tomonidan sun’iy intellekt asosida hosil og‘irligini adolatli qayd etish imkoniyatlari amaliy misollar orqali tushuntirildi.
Ma’lumki, “AgroTarozi” platformasi paxta topshirish jarayonida shaffoflikni ta’minlash, inson omili natijasida yuzaga keladigan xatoliklarni kamaytirish va real vaqt rejimida aniq natijalarni qayd etishga xizmat qiladi. Bu esa fermerlar uchun hosilni qabul qilish jarayonida ishonch va adolatni ta’minlaydi.
Seminarda ta’kidlanganidek, ushbu tizim kelgusida nafaqat paxta, balki boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilish va nazorat qilishda ham keng qo‘llanishi mumkin. Shu jihatdan, “AgroTarozi” agrar sohada raqamlashtirish jarayonining muhim bosqichi sifatida ko‘rilmoqda.