“E-IJARA” Axborot tizimi

“E-IJARA” Axborot tizimi

O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va vakolatli tashkilotlar hamda idoralar bilan kelishishni amalga oshirishga mo‘ljallangan avtomatlashtirilgan axborot tizimi

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishishni amalga oshirishga mo‘ljallangan “E-IJARA” avtomatlashtirilgan axborot tizimi 2021-yil 23-dekabrdan ishga tushirilgan. Mazkur tizim ochiq elektron tanlovlarni o‘tkazish maqsadida lotlarni “E-AUKSION” elektron savdo platformasiga chiqarish, shuningdek g‘oliblarning huquq va hujjatlarini tegishli idoralarda rasmiylashlashtirishga ko‘maklashish uchun foydalanilmoqda.

Yaratilgan qulayliklar tizimda foydalanuvchining qimmatli vaqtini tejash bilan birga, kutilgan natijaga erishishni oson tarzda  amalga oshirish imkonini beradi, jumladan:

  • tanlovdagi yer maydonlari to‘g‘risida batafsil maʼlumot olish mumkin. Bular qatoriga lot raqami, kadastr raqami, maydoni, hududi, yer uchastkasi holati, ijara turi va muddati, ixtisosligi, ball boniteti, yerning sho‘rlanish darajasi, suv bilan taʼminlanganligi hamda normativ qiymati va boshqa parametrlarni kiritgan holda izlash imkoniyati kiradi. Bunda yerning ixtisosligi muhim ahamiyat kasb etib, avval tanlovlarga qo‘yilgan yer uchastkalarini ixtisoslik bo‘yicha ajratishni lotlarga biriktirilgan hujjatlarni ochmagan holda amalga oshirish mumkin;
  • yer maydoni foydalanuvchiga maʼqul kelgan taqdirda “bayroqcha” tugmasi orqali shaxsiy kabinetga tanlangan yerlar ro‘yxatida saqlash mumkin. Keyinchalik kabinetga kirib, tanlangan yerni ijaraga olish bo‘yicha tanlovda ishtirok etish faoliyatini davom ettira oladi;
  • kengaytirilgan qidiruv instrumenti yer maydonini yuqorida sanab o‘tilgan mezonlar kesimida filtrlash imkonini beradi. Bu afzallik foydalanuvchiga zarur bo‘lgan yerni tanlashda qidiruv menyusiga istalgan maʼlumotni kiritish orqali izlash qulayligi bilan izohlanadi.